0
Ulashish
564 marta koʻrilgan
1473/76–1534
Xondamir
XVI asr boshlarida fan taraqqiyotiga oʻz asarlari bilan kirib kelgan shoir Xondamirning toʻliq ismi Gʻiyosiddin Muhammad ibn Xoja Humomuddin ibn Xoja Jaloliddin Muhammad ibn Burhoniddin Muhammad Sheroziydir. Mashhur tarixchi 1473–1476-yillar orasida Hirot shahrida tugʻilgan. Xondamir ona tomonidan “Ravzat us-safo” (“Musaffolik bogʻi”) asari muallifi, mashhur tarixchi Mirxondning nabirasi hisoblanadi. Bolalik va oʻsmirlik chogʻlarini oʻsha davrda keng tarqalgan bilimlar: tafsir, adabiyot, til va tarixni oʻqib-oʻrganish bilan oʻtkazadi.
Otasi Xoja Xumomuddin Muhammad ibn Xoja Jaloliddin Muhammad ibn Xoja Burhonuddin Muhammad Sheroziy zamonasining ziyoli vakillaridan biri boʻlib, temuriylardan Sulton Mahmud Mirzoning vaziri boʻlgan. 15–16 yosh paytlarida Xondamir ulugʻ shoir Navoiyning eʼtiboriga tushadi. Navoiy uning harakatini yuqori baholab, оʼsha zamonda Xurosondagi eng boy kitob xazinalaridan boʻlgan oʻzining katta kutubxonasida ishlashga ruxsat beradi. Tarixchining olim boʻlib shakllanishida Alisher Navoiyning oʻrni kattadir. Xondamir 1501-yil 3-yanvargacha, to Navoiyning vafotiga qadar, shoirning xizmatida boʻladi va kutubxonasiga boshchilik qiladi. Xondamirning Hirotga kelgan temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur bilan koʻrishuvida ham Navoiyning hissasi mavjud desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Xondamir keng va chuqur maʼlumoti, ziyrakligi va fikrlarining teranligi bilan, ilm-fanga chanqoqligi va salohiyati bilan koʻplarning tahsiniga sazovor boʻldi. U haqida Navoiyning “Majolis un-nafois” (1490-yili yozilgan) asarida quyidagi fikrni oʻqishimiz mumkin: “Mavlono Xondamir Mirxondning farzandidir va salohiyatli yigitdir. Tarix ilmida mahorati bordir…”.
Navoiy vafotidan soʻng Xondamir mamlakatda kuchayib ketgan oʻzaro kurash, ayniqsa, saroyda avjiga mingan fisq-u fujurlar oqibatida Balxga ketib qoladi va Badiuzzamon Mirzo (1496–1506-yillari Balx hokimi)ga shaxsiy kotib sifatida xizmatiga kirdi. Badiuzzamon donishmand vazirini hurmat qilgan, hatto oʻz sirdoshi kabi munosabatda boʻlgan. Jumladan, shahzoda oʻzining janglari, yurishlari, baʼzida esa magʻlubiyatlari toʻgʻrisida unga soʻzlab bergan.
Badiuzzamon Mirzo eng qiyin topshiriqlarni unga topshirardi. Mirzo shayboniylar xavf solib turgan vaziyatda otasidan yordam soʻraydi. Biroq oʻrtalariga tushgan sovuqchilik tufayli otasi uning bu soʻroviga eʼtiborsiz qaragach, shahzodaning oʻzi himoya choralarini izlashga kirishadi. Badiuzzamonning Qunduz hokimi Xisravshohdan Shayboniyxonga (1500–1510-yillar) qarshi urushda ishtirok etishni soʻrab elchilar yuboradi. Elchilar tarkibida tarixchi Xondamir ham bor edi. Shoh unga “sadr” unvonini beradi. Xondamir biroz fursatdan soʻng yana Badiuzzamon topshirigʻiga binoan Shayboniyxonga qarshi tuzilgan ittifoqqa Qandahor hokimini jalb etish maqsadida joʻnatildi. Ammo Badiuzzamon qizining vafoti tufayli Xondamir safarni toʻxtatib, Hirotga qaytadi. Tarixchi 1507-yilda Shayboniyxonning Hirotni zabt etishiga guvoh boʻlgan hamda Xuroson markazi Hirotni topshirishdagi shartlarni ishlab chiqishda ishtirok etgan.
Hirot Shayboniyxon tomonidan zabt etilganidan soʻng Zahiriddin Muhammad Bobur huzuriga ketib qolgan olim 1512-yilda Bobur Movarounnahrdan surib chiqarilgach, Garchiston (Afgʻoniston)ga bordi va to 1514-yilgacha Pasht qishlogʻida istiqomat qildi. U asosan ilmiy faoliyat va ijod bilan mashgʻul boʻldi. Xondamir ushbu safarlar, muhojirlik va jang-u jadallar davomida barcha oʻrinlarda “maxdumzoda” (“xojamning oʻgʻli”) deb eslatgan temuriy shahzoda Muhammad Zamon Mirzo bilan 1514–1517-yillari Balx uchun kurash olib bordi va uning shaxsiy kotibi boʻlib xizmat qildi. Muhammad Mirzo qizilboshlardan yengilgach, Xondamir yana Garchistonga qaytib bordi va ilmiy faoliyatini davom ettirdi.
Shundan soʻng Hirot taxtiga Safaviylar vakili shoh Ismoil (1407–1424-yillar) keladi. 1521-yili Xondamir vazir Habibullo Sovajiyning taklifi bilan Hirotga qaytib bordi va uning topshirigʻi bilan oʻzining yirik tarixiy asari “Habib us-siyar”ni yozishga kirishdi. Shoh Ismoil vafotidan soʻng 1527-yilda Hirotni butunlay tark etib, Qandahorga, 1528-yilda esa Boburiylar poytaxtiؘ – Agraga (Hindiston), Zahiriddin Muhammad Bobur huzuriga boradi. Shoh Bobur uni oʻz xizmatiga qabul qiladi.
Agraga kelgach, Boburning yaqin odamlari qatoridan joy oldi va 1529-yili Boburni Bengaliya va Gang daryosi sohili tomon qilgan yurishi paytida kuzatib boradi. Uning vafotidan keyin esa toʻngʻich oʻgʻli va taxt vorisi Humoyun (1530–1540, ikkinchi marta 1555–1556) bilan birga boʻldi. “Humoyunnoma” asarini yozadi va bu xizmati uchun “Amir al-muarrixin” (“Tarixchilar amiri”) unvoniga sazovor boʻladi.
Ijodi
Xondamir sermahsul olim edi. Butun umri davomida, taxminan oʻn uchta asar yozgan boʻlsa, bizgacha shu asarlarning sakkiztasi yetib kelgan. Movarounnahr, Turkiston, Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari tarixi va madaniyatiga oid oʻnga yaqin asar yozib qoldirgan. “Xulosat ul-axbor” (“Tarixlar xulosasi”), “Humoyunnoma”, “Maosir ul-muluk (“Podsholarning asrdoshlari”), “Nomai nomiy” (“Atoqli maktublar”) va “Habib us-siyar” shular jumlasidandir. Xondamirning ilmiy merosida “Habib us-siyar” (toʻliq nomi: “Habib us-siyar fi axbor afrod al-bashar” (“Inson xabarlari va fardlarida doʻstning tarjimayi holi”) alohida oʻrin tutadi va Movarounnahr hamda Xurosonning XѴ asr oxiri va XѴІ asrning birinchi choragidagi ijtimoiy-siyosiy tarixini oʻrganishda muhim va qimmatli manbalardan biri boʻlib xizmat qiladi.
Asar 1521–1524-yillar orasida yozilgan. Lekin olim Hindistonda turgan yillari ham asari ustida muntazam ish olib bordi; uni yangi dalillar bilan boyitdi, tahrir qildi. “Habib us-siyar” toʻla ravishda 1529-yili yozib tamomlangan. “Habib us-siyar” umumiy tarix yoʻnalishidagi asar boʻlib, muqaddima (iftitoh), xotima (ixtitom) va uch jild (mujallad)dan iborat. Oʻz navbatida, har bir jild toʻrt qism (juz)ga boʻlinadi. Asarning III jildlari hamda 11-jildning 12-qismlari (juzlari) Turkiston xonlari, Chingizxon va uning Moʻgʻuliston, Dashti qipchoq, Movarounnahr va Eronda hukmronlik qilgan avlodi, Mamluklar, Kirmon Qoraxitoylari, Kartlar va Xuroson sarbadorlari tarixini oʻz ichiga oladi. ІІІ jildning 3- va 4-qismlari (juzlari) esa asl nusxa boʻlib, Xuroson va Movarounnahrning XѴ asrning 90-yillaridan to 1524-yilgacha boʻlgan ijtimoiy-siyosiy ahvolini chuqur va atroflicha bayon etadi.
“Habib us-siyar”da katta yer egaligi, zulm, tinimsiz urushlar tufayli oddiy xalqning yelkasiga tushgan ogʻirliklar xususida ayrim, diqqatga sazovor dalillar va maʼlumotlarni uchratish mumkin. Masalan, asarda oʻz aksini topgan 1498-yilgi Samarqand qamali paytidagi (Dashti qipchoq oʻzbeklari tomonidan) shahar xalqining ayanchli ahvoli, 1512-yili Qarshi xalqining qizilboshlar va Bobur qoʻshini tomonidan qirgʻin (qatli om) qilinishi, 1514–1515-yillari Xurosonda yuz bergan qahatchilik va ochlik haqidagi maʼlumotlar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, “Habib us- siyar”da muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid, masalan, yer egaligi, tarxonlar, suyurgʻol egalari va ularning jamiyatda tutgan mavqeyi, ogʻir zulm, Temuriylar davlatining maʼmuriy tuzilishi haqida qimmatli maʼlumotlar bor. Shuningdek, asar etnografik va geografik maʼlumotlarga ham boydir.
Muarrixning “Maʼosir ul-muluk” (“Hamma asr podshohlarning tarixi”) asari Alisher Navoiy iltimosiga koʻra va unga minnatdorchilik izhori tariqasida 1498–1499-yillarda yozilgan. Bu asar podshoh hamda qadimgi donishmandlarning xayrli ishlari haqida aytilgan hikmatnamo gaplarni oʻz ichiga oladi. Jumladan, Qayumarsdan Anushervongacha, Odam Atodan Buzurgmehrgacha boʻlgan hamda Muhammad paygʻambar (s.a.v) va imomlar haqida bitilgan naqllardan iborat.
Soʻngra muallif Umaviylar, Abbosiylar, Somoniylar, Gʻaznaviylar va boshqa sulolalarga tegishli hukmdorlar tarixi bilan birga Kurt podshohlari va turk xoqonlari tarixini yoritgan. Asarning oxirgi qismida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyga zamondosh boʻlgan hukmdorlar, olimlar va donishmandlar haqida maʼlumotlar ham berilgan. Xondamirning bizgacha yetib kelgan sakkiz asari quyidagilar:
1. “Maʼosir ul-muluk” (“Asrdosh podshohlarning tarixi”) (1498–1499-yillar);
2. “Xulosat ul-axbor fi bayon ul-ahvol ul-axyor” (“Xayrli kishilar ahvolini bayon etish borasida xabarlar xulosasi”) (1498–1500-yillar);
3. “Makorim ul-axloq” (“Oliyjanob xulqlar”) (1501-yil);
4. “Dastur ul-vuzaro” (“Vazirlar uchun qoʻllanma”) (1500–1501-yillar);
5. “Nomai nomiy” (“Atoqli nomalar”) yoki “Inshoi Gʻiyosiddin”, “Inshoi Gʻiyosiy” (1522–1523-yillar);
6. Mirxondning “Ravzat us-safo” asariga Xondamir tomonidan qoʻshilgan ilova 7-jild va “Geografik qoʻshimcha” (1522–1523-yillar);
7. “Habib us-siyar fi axbor afrod al-bashar” (“Inson zoti xabarlari va doʻstning tarjimai holi”) (1520–1524-yillar);
8. “Humoyunnoma”(1534-yil).
“Xulosat ul-axbor fi bayon ul-ahvol ul-ahyor” (“Xayrli kishilar ahvolini bayon etish borasida xabarlar xulosasi”) 1498–1499-yillar orasida yozilgan boʻlib, bu asar ham Alisher Navoiyga bagʻishlangan. Unda Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy zamonida Hirot va uning atrofida olib borilgan ulkan qurilishlar, qazilgan suv inshootlari, shuningdek, oʻsha zamonda oʻtgan shoirlar, olimlar, matematiklar, astronomlar, musiqashunoslar, shifokorlar, sanʼatkorlar haqida qimmatli maʼlumotlar bor.
Hijriy-qamariy 905 (milodiy 1499)-yilda yozilgan umumiy tarix kitobi boʻlib, bir muqaddima, paygʻambarlar, podshohlar, ilm-fan, adabiyot va siyosat arboblarining hayotlari va faoliyatlari toʻgʻrisidagi oʻn maqolani oʻz ichiga oladi. Muallif kitob muqaddimasida shunday deb yozadi: “Amir Alisher Navoiy hijriy-qamariy 904-yilda (milodiy 1498–1499-yilda) oʻz kutubxonasini mening ixtiyorimga topshirdi. Olti oylik oʻqib-oʻrganish va izlanishlardan soʻng ushbu kitobni (yozib) ul Hazratga taqdim etdim”. Bu asarning qoʻlyozma nusxalari Kalkutta, Kobul, Toshkent va Istanbulda saqlanadi. Bu kitobning bir bobi Sarvar Goʻyo Eʼtimodiy tomonidan nashrga tayyorlanib, Qobulda chop etilgan. Ushbu kitob fransuz va ingliz tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan.
“Makorim ul-axloq” (“Oliyjanob xulqlar”) asari ham Alisher Navoiyga minnatdorchilik ramzi sifatida yozilgan (lekin Navoiy vafot etib Xondamir unga kitobni taqdim etishga ulgurmagan). “Makorim ul-axloq”da Xondamir Navoiyning yuksak insoniy fazilati, oliyjanob axloqi, asarlari, tashabbusi bilan qurilgan binolar, zamondosh shoir, olim va fozil kishilar, shuningdek, Xurosonning oʻsha davrdagi ijtimoiy-siyosiy ahvoli, Navoiy bilan Husayn Boyqaro orasidagi munosabatlar xususida hikoya qiladi. 1981-yilda afgʻonistonlik adabiyotshunos, shoir Abdulgʻaffor Bayoniy “Makorim ul-axloq”ning toʻliq matnini Kobulda Axborot va madaniyat vaziri Majid Sarbalandiyning qisqacha soʻzboshisi bilan nashr qildi.
Kitob 241 sahifadan iborat. Unda Xondamir asari toʻliq bosilgan boʻlib, Bayoniy Xondamirning tarjimayi holi, asarlari toʻgʻrisida alohida boblar tarzida maqolalar bergan. “Makorim ul-axloq” asarining yagona qoʻlyozma nusxasi Sulton Muhammad Faxriy Hiraviyning “Latoyifnoma” asari qoʻlyozmasi bilan bir jildda joylashgan boʻlib, Britaniya muzeyida Add.7669 raqami ostida saqlanmoqda. Qoʻlyozmaning oʻlchami boʻyiga 24 sm. va eniga 13,38 sm. boʻlib, uning har sahifasida 7,65 sm. uzunlikdagi 14 satrdan iborat matn yozilgan. Bir jildda joylashgan ushbu ikki asarning umumiy hajmi 185 varaqdan iborat boʻlib, uning 1-varagʻidan 120-varagʻigacha “Latoyifnoma”, 121-varagʻidan 185-varagʻigacha esa “Makorim ul-axloq” asari joylashgan. Har ikkala qoʻlyozma hijriy-qamariy 965-yilning ramazon oyida (milodiy 1558-yilning 17-iyuni bilan 16-iyuli oraligʻida) Muhammad ibn Hamza al-Husayniy nomli xattot tomonidan nastaʼliq yozuvida aniq va chiroyli qilib koʻchirilgan.
Xondamirning “Dastur ul-vuzaro” (“Vazirlar uchun qoʻllanma”) asari Alisher Navoiy iltimosiga muvofiq 1500-yili yozilib, Husayn Boyqaro va uning vaziri Amir Kamoliddin Mahmudga bagʻishlangan. Oradan toʻqqiz yil oʻtgach, 1509-yili asar qayta ishlangan va kengaytirilgan. Undan Sharq mamlakatlarining VII–XVI asrlardagi tarixi, jumladan, Movarounnahr va Xurosonda Temuriylar sulolasi inqiroziga qadar oʻtgan vazirlar, Chingizxonning vaziri, keyinroq moʻgʻullarning Xitoydagi noibi, xorazmlik Mahmud Yalavoch hamda uning oʻgʻli, Chigʻatoyxonning Movarounnahrdagi noibi Masʼudbek toʻgʻrisida maʼlumotlar joy olgan. Islom davrining boshlanishidan to hijriy-qamariy 915 (milodiy 1509–1510)-yilgacha boʻlgan davrda yashab, faoliyat koʻrsatgan mashhur vazirlarning hayotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi bu asar hijriy-qamariy 906 (milodiy 1500–1501)-yilda Sulton Husayn Mirzo Boyqaro va Kamoliddin Mahmudga bagʻishlab yozilgan. Muallif ushbu asarni hijriy-qamariy 914 (milodiy 1508–1509)-yilda qaytadan koʻrib chiqib, takomillashtirgan. Bu kitobning bir necha qoʻlyozma nusxasi Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi kutubxonalarda saqlanmoqda. Ushbu asar 1938-yili Saʼid Nafisiy tomonidan Tehronda nashr etilgan.
Allomaning “Nomai nomiy”sida (“Atoqli nomalar”) 1522-yilda kechgan voqealar bayon qilingan (asarning “Inshoi Gʻiyosiddin” yoki “Inshoi Gʻiyosiy” degan nomi ham bor). Kitob insho ilmiga oid (stilistika, turli maktub va farmonlarni yozish qoidalari) boʻlib, Sharq mamlakatlarida oʻtgan turli tabaqadagi tarixiy shaxslar (shohlar, amirlar, sadrlar, qozilar, shayxlar, shoirlar)ga doir maʼlumotlar, podshoh va xonlarning yorliq hamda farmonlaridan namunalar, ularni bitish tartiblari ham bayon etilgan. Asarning qimmati shundaki, asar baʼzi bir muhim mansablar (parvonachi, munshiy, mustavfiy, ihtisob (muhtasib), qalandar, mubashshir, hofiz)ning kelib chiqishi, bunday mansab egalarining haq-huquqlari va vazifalari xususida soʻz yuritadi. Yozuvchilik sanʼati va uning turli yoʻnalishlari toʻgʻrisida hikoya qiluvchi bu asar katta tarixiy ahamiyatga ham ega boʻlib, “Devoni hind” kutubxonasida saqlanayotgan qoʻlyozma asarlar roʻyxatidan joy olgan. Xondamir ushbu asarini yozishni hijriy-qamariy 926 (milodiy 1519–1520)-yilda boshlab, hijriy-qamariy 929 (milodiy 1522–1523)-yilda tugatgan. Ushbu kitobning turli qoʻlyozma nusxalari Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi respublikalaridagi kutubxonalarda ham mavjud.
Mirxondning “Ravzat us-safo fi siyar al-anbiyo va-l-muluk va-l-xulafo” (“Xalifalar, podshohlar, avliyolar hayotiga oid musaffolik bogʻi” asariga Xondamir tomonidan 1522-yilda yozib tugatilgan ilova (7-jiId) va “Jugʻrofiy qoʻshimcha” qismlar mavjud. Yettinchi jild mazmunan Xondamirning “Habib us-siyar” asarining uchinchi jild uchinchi qism ikkinchi yarmi mazmuni bilan mosdir. Asarning “Jugʻrofiy qoʻshimcha” qismi taxminan 1495-yili Mirxond tomonidan yozila boshlangan va 1523-yilda Xondamir uning davomini yozib tugatgan. Asar mazmuni ham “Habib us-siyar”ga kirgan matndan tashkil topgan va bu oʻrinda voqealarni “Habib us-siyar” orqali oʻrgangan maʼqulroq boʻlishi mumkin.
Muarrixning “Humoyunnoma” asari “Qonuni Humoyuniy” nomi bilan ham mashhurdir. “Qonuni Humoyuniy” (“Humoyun qonuni”). Xondamir bu kitobni Hindistonga kоʼchib borganidan keyin hijriy-qamariy 937 (milodiy 1530–1531)-yili Boburning oʻgʻli, Hindistonning temuriylar sulolasidan boʻlgan shohi Humoyunga bagʻishlab yozgan. Ushbu kitob shohlik davlatini idora qilish qonunlari hamda Humoyunning davlatni boshqarish ishlariga kiritgan yangiliklari toʻgʻrisida boʻlib, Xondamir yozgan asarlar orasida eng oxirgisidir. Bu kitobning yagona qoʻlyozma nusxasi Britaniya muzeyida saqlanadi. “Qonuni Humoyuniy” 1940-yili Hidoyat Husayn tomonidan mazkur qoʻlyozma nusxa asosida inglizcha soʻzboshi bilan Hindistonda, 1993-yili esa Mirhoshim Muhaddis tomonidan Tehronda nashr etildi. Bundan tashqari, Xondamir yana bir necha asar yozgan boʻlib, ularning qoʻlyozmalari haligacha topilmagan. Xondamirning qolgan 5 ta asarining nomlari maʼlum, xolos:
1. “Osor ul-muluk val anbiyo” (“Podshoh va paygʻambarlar haqida hikoyalar”) (1524–1525-yillar);
2. “Axbor ul-axyor” (“Yaxshi insonlar haqida xabarlar”);
3. “Muntaxabi tarixi Vassof” (“Vassof tarixidan saylanma”);
4. “Javohir ul-axbor” (“Xabarlar gavharlari”);
5. “Gʻaroyib ul-asror” (“Qiziqarli sirlar”).
Oilasi
Xondamirning ikki farzandi — birining ismi Amir Mahmud, ikkinchisi Sayyid Abdullohxon boʻlgan. Amir Mahmud Shoh Ismoil va Shoh Taxmasp (1524–1576) hukmronlik qilgan davr tarixini yoritgan asar muallifi boʻlib, asar Muhammadxon Sharafiddin Takaliyga bagʻishlangan. Xondamirning oʻgʻillari haqida Britaniya muzeyi qoʻlyozmalari katalogi muallifi sharqshunos Charlz Re yozgan edi: “Xondamirning oʻgʻli Akbarning zamondoshi boʻlib, uning saroyida xizmat qilgan. Akbar unga “Xoniy” taxallusini bergan. U Sayyid Abdullohxon nomi bilan mashhur boʻlgan va 1588-yili Kashmir viloyatida vafot etgan”.
Marhum Said Nafisiy “Dastur ul-vuzaro” soʻzboshisida Xondamirning ikkinchi oʻgʻli toʻgʻrisida quyidagilarni qayd etgan: “Xondamirning Mir Mahmud degan oʻgʻli boʻlib, yo otasining vafotidan soʻng Hindistondan Hirotga qaytib kelgan, yoki umuman otasi bilan Hindistonga bormagan. Nima boʻlgan taqdirda ham Hirotda yashagan. Xondamirning bu oʻgʻli toʻgʻrisidagi bor-yoʻq maʼlumot shundan iboratki, u Eron hukmdorlari Shoh Ismoil va Shoh Tahmosblarning hayoti va faoliyati tarixi toʻgʻrisidagi kitobning muallifi boʻlib, ushbu asarni yozishni hijriy-qamariy 950 (milodiy 1543–1544)-yilda Eronda hukmron boʻlgan safaviylar saroyi amirlaridan Muhammadxon Sharafiddin oʻgʻli Takluga bagʻishlab boshlagan va hijriy-qamariy 957 (milodiy. 1550–1551)-yilda yozib tugatgan. Bu kitobdan maʼlum boʻlishicha, u otasining vafotidan oʻn besh yil keyin ham hayot boʻlgan”.
Vafoti
Xondamir 1534-yili Humoyun bilan Manduga qaytib kelayotganda vafot etadi va vasiyatiga binoan Dehlida, shayx Nizomiddin Avliyo mozorida, buyuk shoir Xusrav Dehlaviy yoniga dafn etildi.
Xotira
“Makorim ul-axloq” asarining qoʻlyozma nusxasining ilk tadqiqotchilaridan biri hind olimi Sayyid Muhammad Abdullohdir. U Alisher Navoiyning hayoti va ijodi toʻgʻrisida maqola yozib, Haydarobodda chiqadigan “Oriental Collage Magazine” jurnalining 36-sonida chop ettiradi. Bu maqola afgʻon olimi Goʻyo Eʼtimodiy tomonidan tarjima qilinib, “Majallai Kobul” (“Kobul jurnali”)ning hijriy-shamsiy 1331 (milodiy 1952)-yil 11-sonida nashr etiladi. Muhammad Yaʼqub Vohidiy Juzjoniy saʼy-harakatlari bilan Tarix jamiyati tomonidan 1967-yiIi Nizomiddin Amir Alisher Navoiy tavalludining 525-yilligi munosabati bilan ushbu tarjima qaytadan chop ettiriladi.
Sayyid Muhammad Abdulloh ushbu maqolada Gʻiyosiddin Xondamir “Makorim ul-axloq” asari qoʻlyozma nusxasining bir necha jihatiga umumiy tarzda toʻxtalib oʻtgan. Jumladan, u Alisher Navoiy tomonidan qurilgan yoki taʼmirlangan koʻpriklar, rabotlar, hovuzlar, hammomlar va masjidlarning sonini keltirish bilan cheklanib, maqola oxirida uning vafoti toʻgʻrisida ham qisqacha maʼlumot bergan. “Makorim ul-axloq”ning oʻzbek tiliga qilingan tarjimalari ham mavjud. Bu asar oʻzbek navoiyshunoslari M.Faxriddinov va P.Shamsiyevlar tomonidan qisqartirilgan holda oʻzbek tiliga tarjima qilinib, Toshkentda 1941-yilda ilk bora nashr etiladi. “Makorim ul-axloq”ning ushbu oʻzbekcha tarjimasi keyinchalik 1948- va 1967-yillarda ikki marta qayta nashr etiladi. Uning qayta ishlangan va toʻldirilgan uchinchi nashri nisbatan mukammalroq nashr hisoblanadi.
Manbalar: milliycha.uz / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi