Orqaga

685 marta koʻrilgan

1451–1510

Muhammad Shayboniyxon

Shayboniylar sulolasining asoschisi Muhammad Shayboniyxon koʻchmanchi oʻzbek qabilalari hukmdori va Tura (Gʻarbiy Sibir) xoni Abulxayrxonning nabirasi, Shoh Budogʻ sultonning oʻgʻli boʻlib, 1451-yil tugʻilgan. Shayboniyxonning kelib chiqishi chingiziylarga borib taqaladi. Bobosi Abulxayrxon Chingizxonning katta oʻgʻli Joʻjining beshinchi farzandi boʻlmish Shaybon naslidan edi. Shayboniyxon tugʻilgan paytda saroy ahli orasida bolaga turkiy odatlarga koʻra ikki xil ism qoʻyish kerak boʻlgan. Shuning uchun ham unga arabcha Muhammad, turkiycha Ulugʻbek ismi berilgan. Otasidan bolalik chogʻida yetim qolgan Shayboniyxon baʼzi rivoyatlarga koʻra, ukasi bilan birga otasining sodiq xizmatkori Qorachabek oilasida tarbiyalanadi. Buxoroda yashagan yillari Qurʼonni juda yaxshi oʻquvchi qorilardan biri Mavlono Muhammad Xitoyidan dars olgan. Shu tariqa uning dindan juda yaxshi xabardor boʻlganini bilib olishimiz mumkin.

Muhammad Shayboniy nafaqat kuch-qudratli sarkarda boʻlishi bilan birgalikda ilm-u maʼrifat homiysi va benazir ijodkor sifatida ham qudratli shaxs edi. Shayboniyxon Amir Temurdan keyin Samarqandni obod qilgan ikkinchi hukmdor hisoblanadi. Shoir sifatida Shayboniyxon, Shohbaxt, Shoyboq, Shoybek, Sheboni, Shohibek, Shayboniy taxalluslari bilan sheʼrlar yozgan, kamdan-kam ijodkorga nasib etadigan rutba — Devon  yozishga muvaffaq boʻlgan.

Faoliyati

Shayboniyxon katta jismoniy kuch va harbiy tashkilotchilik qobiliyatiga ega boʻlgan shaxs edi. Garchi xonlar avlodidan boʻlishiga qaramay barcha muvaffaqiyatga oʻz kuchi bilan erishgan sanoqli shaxslardan biri hisoblanadi. Uning yollanma qoʻshin boshligʻi darajasidan xon boʻlib koʻtarilgani tarix sahifalaridan maʼlum. Buxoroda taʼlim olganidan soʻng Dashti Qipchoqqa qaytib borgan Shayboniyxon kelgusi rejalarini amalga oshirishda yordam beradigan lashkar toʻplashga muvaffaq boʻlgan. U bobosining tarqab ketgan buyuk davlatini tiklashni orzu qilar edi. Maqsadi yoʻlidagi dastlabki qadam oʻz qoʻshini bilan temuriylarga yollanma qoʻshin lashkarboshisi sifatida xizmat qilish edi.

Shu tariqa Shayboniy oʻz qoʻshini bilan Moʻgʻuliston, Movarounnahr hamda Xorazm hukmdorlariga xizmat qilib, ular uchun janglar olib bordi. Bu jarayon unga tajriba hamda raqiblarining zaif tomonlarini bilib olishga yordam beradi. Shayboniyxon 1497-yilda Movarounnahrga dastlabki yurishni boshlaydi. U katta kuch bilan Samarqandga yurish qildi, lekin bu jang muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Shayboniyxon 1499-yildan Movarounnahrni zabt etishni boshladi. 1499-yilda jangsiz Buxoroni va 1500-yilda temuriylar davlatining poytaxti boʻlmish Samarqandni egallaydi va Sultonali Mirzoni qatl ettiradi.

1501-yilda esa Boburni Koʻhak daryosi boʻyidagi jangda yengib, Samarqandda uzil-kesil oʻrnashib oladi. Butun Movarounnahr hududlarini egallash uchun tayyorgarlik koʻrgan Shayboniyxon katta qoʻshin bilan 1503-yilda Toshkent va Shohruxiya shaharlarini ishgʻol qildi. Bu shaharlar hokimligiga amakilari Koʻchkunchi sulton bilan Suyunchxoʻja (Abulxayrxon va Mirzo Ulugʻbekning qizi Robiya Sultonbegimning oʻgʻillari)ni tayinladi. 1504-yil bahorida Fargʻonani taslim etdi. Shayboniyxon davlatining poytaxti etib Samarqand shahri belgilandi. Shundan soʻng bosib olingan barcha viloyatlarga qarindosh-urugʻlaridan yoki oʻzbek qabilalarining yuqori tabaqa vakillaridan hokimlar tayinladi.

1504-yilda Shayboniyxon Buxorodan Xorazmga yurish boshladi. Oʻn oy davom etgan qamaldan keyin 1505-yilning avgust oyida Urganch shahri egallandi. 1506-yilda esa Balx, 1507-yil may oyining boshlarida Hirot ishgʻol qilindi. Xurosonning boʻysundirilishi bilan amalda Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtira oldi. Shu tariqa Shayboniyxonning temuriylarga qarshi 1500–1509-yillarda olib borgan shiddatli urushlari natijasida Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni oʻz ichiga olgan “Shayboniylar davlati” vujudga keldi. Shayboniylar davlati hozirgi Oʻzbekiston, Tojikiston, janubiy Qozogʻiston, shimoliy Afgʻoniston va janubiy-sharqiy Turkmaniston hududlarida mavjud boʻlgan davlat hisoblanadi.

Ijodi

“Shayboniyxonning 300 dan ortiq gʻazal, ruboiy, tuyuq, chiston, taʼrix va boshqa janrdagi asarlarini oʻz ichiga qamrab olgan “Devon”i mavjud. Devon Istanbulda Toʻpqopi saroyi muzeyida saqlanadi. Muhammad Shayboniydan sheʼriy devon bilan birgalikda diniy mazmundagi “Bahr ul-hoʻdo” nomli doston, oʻgʻli Temur sultonga atab yozgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjud. Shundan bilib olishimiz mumkinki, uning hayoti toʻxtovsiz janglarda oʻtganiga qaramay ilm-maʼrifatdan ham yetarlicha xabardor boʻlgan, meros ham qoldirgan.

Muhammad Shayboniy adabiy merosining asosiy qismini urush tafsilotlari, hayotiy muammolar, darvishlik kechinmalari bilan yoʻgʻrilgan diniy-tasavvufiy qarashlar aks etgan gʻazallar tashkil etadi. Shayboniyxonning sheʼr va gʻazallari xalq orasida keng tarqalgan va mashhur boʻlgan. “Mehmonnomai Buxoro” asarida tasavvufiy gʻazallariga juda koʻp sharhlar yozilgani buning yaqqol dalilidir.

Roviylarning xabar berishiga qaraganda, Shayboniyxonning islom ulamolariga boʻlgan hurmati yuksak darajada boʻlgan. Harbiy safarlarida oʻzi bilan kichkina goʻzal kutubxonasini olib yurgani va Amir Temur kabi Damashq va Halab ulamolari bilan diniy munozaralarga qatnashgani haqida maʼlumotlar mavjud. Mirzo Bobur ham Shayboniyxonning islomiy bilimi yuksak ekanligini tan oladi. Uning Qurʼon tafsiri boʻyicha qorilar bilan suhbat qurgan paytlari ham boʻlgan. Ayni shu yuksak bilimi uchun zamondosh ulamolar, shoir va tarixchilar Shayboniyni “Xalifa ur-Rahmon” va “Imom az-Zamon” yaʼni “Davr imomi” va “Tangrining yerdagi xalifasi” deb ulugʻlagan.

Shayboniyxon tarixni sevgan va tarixiy asarlar yaratilishida ishtirok etgan. Soʻnggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Shayboniyxon oʻzbek (“turk”) tilida bitilgan oʻziga xos manba “Tavorixi guzidayi nusratnoma” asarining yozilishida bevosita ishtirok etgan. Harbiy yurishlar va davlat ishlari orasidagi qisqa tanaffuslarda islomni oʻrganish, tarixiy va sheʼriy asarlar bitish bilan shugʻullangan Muhammad Shayboniy oʻz saroyiga koʻplab tarixchilar, shoirlar, olimlarni jalb etdi. Uning saroyida Kamoliddin Binoiy, Muhammad Solih, Mulla Shodi, Fazlulloh ibn Ruzbehxon kabi ijodkor va tarixchilar panoh topib, oʻz asarlarini yozib tugatdi.

Shayboniyxon fors, arab va turkiy tilni yaxshi egallagan shaxs edi. Xonning baytlari davr tarixchilari asarlarida keltirilgan. Xususan, Muhammad Solihning “Shayboniynoma”, Kamoliddin Binoiyning “Shayboniynoma”, Mulla Shodining “Fathnoma” asarlarini manba sifatida olishimiz mumkin. Hasanxoja Nisoriy oʻzining “Muzakkir ul-ahbob” asarida Shayboniyxonning bayt va gʻazallaridan namunalar keltiradi. Xon haqida yozar ekan “yaxshi sheʼrlari bor edi” deb taʼkidlab, yana shunday qayd qiladi: “…Hazrati shayx Najmiddin Kubroning… vafoti tarixini yaxshi aytgan.

Islohotlari

Muhammad Shayboniyxon davlatni iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustahkamlash yoʻlida qator islohotlar oʻtkazdi. Davlat boshqaruvida suyurgʻol tizimini joriy etdi. Yaʼni zabt etilgan hududlar noibligiga oʻz farzandlari, qarindosh-urugʻlari, birodarlari, qabila boshliqlari boʻlgan sultonlarni tayinladi. Xususan, Balx – Sultonshohga, Hisor – Mahdi va Hamza sultonlarga, Andijon – Mahmud sultonga, Qunduz – Ahmad sultonga, Hirot – Jonvafobiyga, Marv – Qoʻbiz naymanga, Toshkent – Suyunchxoʻjaga, Xorazm – Kepakbiy qushchiga, Samarqand va Kesh Muhammad Temurga, Buxoro va Qorakoʻl – Mahmud sultonga, Turkiston esa Koʻchkunchixonga taqdim etildi. Mamlakatda yer-suv qaytadan taqsim qilindi.

1507-yilda pul islohotini oʻtkazdi. Iqtisodiyotni tartibga solish va savdo-sotiqni jonlantirish maqsadida mamlakatning hamma katta shaharlarida vazni bir xil – 5,2 gramm boʻlgan yangi kumush tangalar hamda mis chaqa pullar muomalaga chiqarildi. Amaldorlar guruhini vujudga keltirish va ularni jamiyatning asosiy tayanchiga aylantirish maqsadida taʼlim sohasida ham islohotlar oʻtkazdi. Islohotga koʻra, koʻp bosqichli oʻqitish tizimi joriy etildi. Taʼlimning quyi bosqichi maktab etib belgilandi va bolalar 6 yoshidan boshlab oʻqishga beriladigan boʻldi. Maktabda ikki yil oʻqigan oʻquvchilar madrasaga oʻtkazilish tartibi joriy etildi. Madrasada 3 bosqichli taʼlim tashkil qilinib, har bir bosqichida 8 yil mobaynida fanlar oʻzlashtirilgan. Shunday qilib, oʻqish 26 yil davom etardi. Shayboniyxon islom dinining sunniy yoʻnalishiga eʼtiqod qilgan va Islomni Shayboniylar davlatining dini deb eʼlon qilgan.

Vafoti

Amir Temur vafotidan soʻng tarqab ketgan ulkan davlatni qayta tiklagan Muhammad Shayboniyxon 1510-yil Marv yaqinida Eron shohi Ismoil Safaviy (Xatoiy taxallusi bilan sheʼr yozgan) bilan boʻlgan jangda halok boʻladi. Jangdan soʻng uning tanasi askarlar jasadlari orasidan topilgan va dushmanlari tomonidan boshi kesib olingan. Xonning vahshiylarcha tanib boʻlmas holga keltirilgan tanasi Samarqandga keltiriladi va Baland Sufa degan yerga dafn etiladi. Keyinchalik bu dahmaga boshqa shayboniylar ham dafn etildi. Yodgorlik Registon majmuasi hududida boʻlib, Tillakori va Sherdor madrasalari oʻrtasidagi burchakda joylashgan. Islom dunyosidagi eng goʻzal qabr lavhlaridan biri sifatida tan olingan Shayboniyxon qabrtoshi rus bosqinidan keyin Imperiya poytaxti — Sankt-Peterburgga olib ketilgan. Mazkur yodgorlik hozirda Ermitaj muzeyida saqlanadi.



Manbalar: kh-davron.uz / ziyouz.com
Muqova surat: rost24.uz