Orqaga
Nervaning taxt vorisini tanlashi.

188 marta koʻrilgan

I asr

Antonin imperatorlar — Nerva va Trayan

Qadimgi Rimda “Antonin imperatorlar” yoki anʼanaviy ravishda Beshta Yaxshi Imperator sifatida nom qoldirgan hukmdorlar — Nerva (96–98-yillar hukmronlik qilgan), Trayan (98–117), Adrian (117–138), Antonin Piy (138–161), Mark Avreliy (161–180). Beshta Yaxshi Imperator deb nomlanishiga sabab Nerva va Trayanni oʻz ichiga olgan hukmdorlar beshligi davrida Rimda tinchlik hukm surgan va hayot gullab yashnagan. Nervaning taxtga chiqishi bilan boshlangan Nerva-Antoninlar sulolasi koʻpincha Rim imperiyasining “oltin davri” hisoblanadi.

Hayoti

Toʻliq ismi Nerva Sezar Avgust, asl ismi esa Mark Koksey Nerva boʻlib, u milodiy 30-yilda tugʻilgan va 98-yilning yanvarida vafot etgan. Taniqli senatorlar oilasidan boʻlgan Nerva Yuliy-Klavdiy sulolasi¹ bilan uzoq qarindosh boʻlgan.

Faoliyati

Nerva milodiy 71- va 90-yillarda ikki marta konsullikka saylangan. Amaldagi imperator Domitsian shafqatsiz yakkahukmdor edi. Shu sababdan ham u bilan Senat oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Oqibatda, Domitsian senatning vakolatlarini cheklab qoʻyadi. Bunga javoban milodiy 96-yilda saroy amaldorlari imperatorni oʻldiradi, soʻng taxtga Nerva oʻtiradi. Biroq askarlar buni unchalik xush koʻrmaydi va 69-yilda endi imperatorlar faqat Rim aristokratlaridan saylanishi shart emasligi, Rimdan boshqa joylardan ham imperator chiqishi mumkinligi eʼlon qilingach, ular Nervaga nisbatan munosabatini ijobiy tomonga oʻzgartiradi. Imperator Nerva boshqaruv usulining asosiy yoʻnalishi sobiq imperator Domitsian oʻrnatgan zulmkor tartibdan voz kechishdan iborat boʻlgan. Uning davrida qishloq xoʻjaligi sohasida koʻplab islohotlar amalga oshirilgan va Rim tarixidagi soʻnggi xalq qonunlari (lex populi) ishlab chiqilgan. 96–98-yillarda hukmronlik qilgan Nerva oliyhimmat va liberal siyosat olib bordi.

Nerva taxt vorisi tanladi

Nerva taxtga munosib voris izlar ekan, yaqin atrofidagi qarindoshlariga eʼtibor ham bermadi. Oʻziga voris sifatida yuqori Germaniya gubernatori — taniqli askar Mark Ulpiy Trayanni qabul qildi. Voqeadan bir necha oy oʻtgach, 98-yilda Nerva vafot etdi.

Yangi imperator — Trayan

Trayan — qon-qarindoshlik jihatidan umuman aloqasi boʻlmagan holda, sobiq imperator tomonidan tanlab olingan va taxtga chiqqan yagona imperator edi. U 98–117-yillarda hukmronlik qilgan. Yana bir muhim jihati, ispaniyalik Trayan viloyatlardan chiqqan birinchi knyaz edi.

Siyosiy faoliyati

Trayan butun hukmronlik yillarida konstitutsiyaviy amaliyotlarga rioya qildi. Hukmronligini mustahkamlash uchun Senat aʼzolari bilan yaxshi aloqalar oʻrnatdi, ular bilan muntazam maslahatlashib, hisobot berib turdi.

Rim tarixchisi Tatsitning soʻzlariga koʻra, bu davrga kelib imperiya va erkinlik oʻzaro “murosaga keldi” va Domitsian davrida saroyni oʻrab turgan shubha, fitna hamda dahshat muhiti gʻoyib boʻldi. Trayan dabdabali qurilish dasturi, gladiatorlik oʻyini va xalqqa pul tarqatib berish kabi ishlar bilan butun xalq mehrini qozondi. Eng muhimi, u armiya kuchlari orasida mashhur — eng zoʻr askar-imperator edi. U “Optimus” unvonini rasmiy ravishda 114-yilda olgan. Trayanning yagona maqsadi butun imperiyada xalq farovonligini oshirish edi. U Rimda koʻplab inshootlar qurdirdi va Italiya kommunalari — Ostia, Chivitavekkya hamda Ankona shaharlaridagi portlarni taʼmirlatib, kengaytirdi.

Shuningdek, u Nerva boshlab bergan xayriya ishlarini sezilarli darajada kengaytirdi. Bunda dehqonlarga oson shartlar asosida pul qarz berilar, ular toʻlagan past foiz esa muhtoj bolalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus jamgʻarma hisobiga yigʻilardi. Trayan yoʻllarga ham eʼtibor qaratdi. U Italiyadagi Benevento va Brindizi shaharlari oʻrtasidagi asosiy — Via Appia (lot. Appian yoʻli) oʻrniga yangi Via Traiana yoʻlini (lot. Trayan yoʻli) qurdirdi.

Harbiy faoliyati

Imperator Trayan harbiy sohada juda shijoatli faoliyat olib bordi. U qadimgi Eron koʻchmanchi xalqlari — sarmat qabilalarini parchalash va imperiya atrofidagi dushmanlar xavfini yoʻqotish uchun Dakiyani (Transilvaniyaning tarixiy hududini qamrab olgan qadimiy sivilizatsiya) ham Rim hududiga aylantirib, Dunay chegarasini mustahkamlashga qaror qildi.

Trayan maqsadini amalga oshirish uchun 100 000 kishilik qoʻshin bilan ikki marta (101–102 va 105–106) ogʻir janglar olib bordi. Dakiya qiroli Dekebalusni yengib, yerlarini Rim imperiyasiga qoʻshib oldi. U yerlarga esa imperiyaning qoʻshni qismlaridan kelgan aholini joylashtirdi. Keyinchalik 114-yilda Trayan yana bir katta qoʻshin toʻplab, Armaniston vassal-qirolligini Rimga qoʻshib oladi va Parfiyaga bostirib kiradi. 115–116-yillardagi ajoyib gʻalabalardan soʻng u Shimoliy Mesopotamiya, Ossuriya kabi qoʻshimcha viloyatlarni shakllantirib, Fors koʻrfaziga yetib boradi.

Vafoti

Imperator Trayan 117-yil 11-avgustda vafot etdi. U oʻlimidan oldin vorisini rasman tayinlamagan edi. Ammo u oʻzining eng yaqin qarindoshi — Suriya gubernatori Publiy Eliy Adrianga yuqori unvon va muhim lavozimlar hadya qilgandi. Trayan ayolining soʻzlariga koʻra, oʻlim toʻshagida yotgan Trayan Adrianni voris sifatida qabul qilgan ekan. Shunga koʻra, Senat ham, askarlar ham uni imperator deb tan oldi. Shun tariqa, milodiy 117-yilda imperator Trayan hukmronligi tugab, Rim tarixida yangi davr — Adrian hukmronligi boshlandi.


[1] Yuliy-Klavdiy sulolasi — Rim tarixida miloddan avvalgi 27-yildan eramizning 68-yiligacha hukmronlik qilgan sulola. Bu sulolaga birinchi beshta Rim imperatorlari kirgan: Avgust, Tiberiy, Kaligula, Klavdiy va Neron.


Manba: britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org