Orqaga
Dunyodagi birinchi sun'iy yo'ldosh. Apollon raketasining uchirilishi. Apollon soyuz ekipaji.

202 marta koʻrilgan

XX asr

Kosmik poyga

Koinot poygasi — Sovet ittifoqi va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasida kosmik tadqiqotlarni birinchi boʻlib boshlashdagi raqobat davri boʻlib, bir qator raqobatbardosh texnologiyalar namoyishlari boʻlib oʻtgan.

Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan soʻng AQSH va Sovet ittifoqi oʻrtasida Sovuq urush deb nomlanuvchi kuchli mafkuraviy toʻqnashuv boshlandi. Mazkur urush davrida AQSHning Vyetnamga aralashuvidan tortib yadroviy qurollanish poygasigacha boʻlgan koʻplab jang maydonlari boʻlgan. Toʻqnashuvning yana bir sohasi birinchi navbatda koinotni oʻrganishni “zabt etish” uchun kurash edi. Ushbu “kosmik poyga” ning birinchi maqsadi Yer orbitasida muvaffaqiyatli aylana oladigan uchuvchisiz obyekt — sunʼiy yoʻldoshni uchirish edi. Shuningdek, ushbu raqobat XX asr oʻrtalaridagi kapitalizm va kommunizm mafkurasini bir-biriga qarama-qarshi qoʻygan keskin global mojaro ham edi.

NASA maqolasiga koʻra, Qoʻshma Shtatlar birinchi marta 1954-yilda kosmosni zabt etish uchun yangi rejani boshlagan. Biroq 1957-yil 4-oktyabrda Sovet ittifoqi “Sputnik” sunʼiy yoʻldoshini muvaffaqiyatli uchirgani haqida eʼlon qildi. Bir oy oʻtgach esa, SSSR “Sputnik 2” sunʼiy yoʻldoshida Layka ismli itni kosmosga uchirdi va bu davlat birinchi boʻlib koinotga tirik mavjudotni yuborgan davlat boʻldi.

 Dunyodagi birinchi sun'iy yo'ldosh. Apollon raketasining uchirilishi. Apollon soyuz ekipaji.

Dunyodagi birinchi sunʼiy yoʻldosh — “Sputnik”, Kosmonavtika va raketa texnologiyalari muzeyi,Vashington. / wikipedia.org

NASA maʼlumotlariga koʻra, sunʼiy yoʻldosh ishga tushirilgandan soʻng jadal rivojlanayotgan Amerika kosmik dasturi yaxshilanishiga yordam berish uchun xususiy tashkilot tashkil etilishi maqsadga muvofiq deb topildi. Smitson havo va kosmik muzeyi maʼlumotlariga koʻra, 1957-yil oxirida Amerika oʻzining sunʼiy yoʻldoshi “Vanguard TV-3” ni uchirish paytida uchish maydonida qulab tushdi.

1958-yil 31-yanvarda “Eksplorer 1” ning muvaffaqiyatli ishga tushirilishi bu zarbani yumshatishga yordam bergan boʻlsa-da, baribir xususiy organ tashkil etish kerak, degan qarorga kelindi. NASA oʻz faoliyatini 1958-yil 1-oktyabrda rasman boshladi. Biroq NASAning dastlabki yillari ayni paytdagi tashkilot holatidan ancha uzoq edi. Sababi yangi muassasa oyoqqa turish va odam va obyektlarni kosmosga uchirish bilan bogʻliq turli muammolarga qanday yondashishini aniqlash jarayonida edi.

1961-yil 12-aprelda sovet kosmonavti Yuriy Gagarin Yer atrofida bir marta 108 daqiqalik parvozni muvaffaqiyatli bajarib, koinotga uchgan birinchi odam boʻldi. Gagarinning tarixiy parvozidan bir oy oʻtib, 1961-yilning 5-mayida harbiy-dengiz kuchlarining sinov uchuvchisi Alan Shepard koinotga parvoz qilgan ikkinchi odamga aylandi. Oʻsha oyda AQSH prezidenti Jon Kennedi Kongressda qonunchilar oldida chiqish qildi va kelayotgan 10 yil ichida NASA Oyga odamlarni qoʻndirishni vaʼda qilganini eʼlon qildi. Bu eʼlon ikki davlat oʻrtasidagi kosmik poygada katta burilish yasadi.

Gʻalabalar bilan bir qatorda koʻplab yoʻqotishlar ham boʻldi, bu kosmik parvoz qanchalik xavfli ekanini yana bir bor tasdiqladi. 1967-yil 27-yanvarda birinchi Oy moduli — “Apollon 1” ning tajriba qilib ishga tushirilishi paytida toʻsatdan yongʻin sodir boʻlganda, AQSH dasturi birinchi yirik falokatga uchradi. Missiya davomida vafot etgan birinchi kosmonavt sovet fazogiri Vladimir Komarov edi. BBC maʼlumotlariga koʻra, 1967-yil 24-aprelda Komarovning “Soyuz 1” kosmik kemasi chigallashgan parashyut tufayli halokatga uchradi.

1962-yil 12-sentyabrda Prezident Jon Kennedi Rays universiteti stadionida nutq soʻzlab, rivojlanayotgan kosmik poygada amerikaliklar oldiga aniq maqsad qoʻydi — “Apollon” dasturi orqali Oyga odamni joʻnatish. “Biz keyingi oʻn yillikda Oyga qoʻnishga qaror qildik. Bu maqsad bizning kuch va qobiliyatimizni tartibga solish va baholashga xizmat qiladi”, deb taʼkidladi Kennedi.

1969-yil 16-iyulda Kennedi kosmik markazidan “Apollon 11” uchirildi. 4 kundan soʻng, yaʼni 20- iyul kuni Sharqiy vaqt bilan soat 22:56 da Nil Armstrong Oyga qadam qoʻygan birinchi odam boʻldi. Garchi fitnachilar Oyga qoʻnishni yolgʻon deb daʼvo qilsa-da, televideniye orqali namoyish etilgan ushbu tarixiy voqeani yarim milliarddan ortiq odam tomosha qildi.

 Dunyodagi birinchi sun'iy yo'ldosh. Apollon raketasining uchirilishi. Apollon soyuz ekipaji.

“Apollon 11” ekipaji. Chapdan oʻngga: Nil Armstrong, Maykl Kollinz va Edvin Aldrin / wikipedia.org

Bu Qoʻshma Shtatlar uchun Sovet ittifoqi ustidan gʻalaba edi. Ammo bu gʻalabaga erishish, shuningdek, bir qator muvaffaqiyatsiz natijalarga ham olib kelgan. Popular Mechanics maʼlumotlariga koʻra, 1963-yildan 1965-yilgacha boʻlgan vaqtda 11 ta raketa uchirilgan, ammo ularning barchasi muvaffaqiyatsiz boʻlgan. 1966-yilda bu maqsadga erishgandan soʻng keyingi maqsad Oyga birinchi odamni qoʻndirish edi. Biroq raketa uchirilishi bilan bogʻliq turli muammolar sovet olimlarini robotlar yordamida raketa uchirib koʻrishga majbur qildi.

“Apollon” raketasi uchirilishidan bir necha kun oldin Sovet ittifoqi “Luna 15” raketasini uchirdi. Ushbu avtomatlashtirilgan modul Oyga yumshoq qoʻnishga erishish va Oy yuzasidan namunalarni yerga olib tushish uchun moʻljallangan edi. Ammo raketa bilan aloqa uzilib qolgan va u Oy yuzasiga qulagan deb taxmin qilinmoqda, deb yozadi The New York Times. Keyingi bir necha yil ichida kosmik poyganing har bir yoʻnalishi rivojlandi.

Amerikaliklarning Mariner 2 kosmik kemasi birinchi sayyoralararo parvoz edi va u Venera sayyorasi yonidan 1962-yilda uchib oʻtdi. 1965-yilda esa Mariner 4 kosmik kemasi Marsga birinchi parvozni amalga oshirgan. 1963-yilda Sovet ittifoqi birinchi ayol Valentina Tereshkovani koinotga joʻnatdi. Bu yutuq AQSHga erishish uchun yana 20 yil kerak boʻlgan jasorat edi. Shuningdek, boshqa davlatlar oʻzining raketa va sunʼiy yoʻldoshlarini uchirdi. Jumladan, 1962-yilda Kanada, 1965-yilda Fransiya, 1970-yilda Yaponiya va Xitoy bunga erishdi.

Amerika va Sovet davlatlarining qoʻshimcha missiyalarida boʻlgan boʻlsa-da, “Apollon” dasturining muvaffaqiyatidan soʻng kosmik poygada AQSH gʻalaba qozongan deb ishonilgan. Oxir-oqibat, Sovuq urush tugashi bilan har ikki tomon 1998-yildan boshlab koinotda hamkorlik qilish va Xalqaro kosmik stansiyani qurishga kelishdi. Tarixchilar boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, 1970-yillar boshlanganda ikki qudratli davlat oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilangan va qurol-yarogʻ nazorati kabi mavzularda muhokama boshlangan. Oyga qoʻnganidan soʻng Sovet kosmik dasturi oʻz eʼtiborini orbitaga birinchi kosmik stansiyani joylashtirishga qaratdi, deb xabar beradi Astronomy.com sayti. Biroq “Soyuz 11” kemasidagi kosmonavtlarning barchasi kema ichidagi nosozlik tufayli kelib chiqqan kislorod tanqisligidan vafot etadi. Milliy kosmik markaz maʼlumotlariga koʻra, “Soyuz 11” ekipaji kosmosda halok boʻlgan yagona odamlardir.

 Dunyodagi birinchi sun'iy yo'ldosh. Apollon raketasining uchirilishi. Apollon soyuz ekipaji.

“Soyuz 11” ekipaji uchuvchilari / wikipedia.org

1975-yilda ikki qudratli davlat — AQSH va SSSR oʻrtasidagi hamkorlik ramzi sifatida qoʻshma missiya (“Apollon-Soyuz” missiyasi deb ataladi) ishga tushirildi. NASA maʼlumotlariga koʻra, 17-iyul kuni “Apollon” kemasi “Soyuz” missiyasiga qoʻshildi va ekipajlar bir-birini qarshi oldi. Qoʻmondonlar Tom Stafford va Aleksey Leonov oʻrtasidagi ramziy qoʻl siqish, butun dunyo boʻylab efirga uzatildi. Buni koʻp jihatdan kosmik poyganing ramziy yakuni sifatida koʻrish mumkin.

 Dunyodagi birinchi sun'iy yo'ldosh. Apollon raketasining uchirilishi. Apollon soyuz ekipaji.

“Apollon-Soyuz” ekipaji: chapdan oʻngga: Donald Sleyton, Tomas Stafford, Vens Brand, Aleksey Leonov va Valeriy Kubasov. / wikipedia.org



Manba: space.com
Muqova surat: wikipedia.org