Orqaga

1178 marta koʻrilgan

1162–1227

Chingizxon

Chingizxon ismi Rossiya tarixidagi eng fojiali davrlardan biri boʻlgan tatar-moʻgʻul boʻyinturugʻi nomi ostida ikki yuz qirq yil davom etgan zulm bilan bogʻlanadi. Chingizxon tugʻilganda unga Temuchin deb ism qoʻyiladi. U yelkasida qizgʻish xol bilan tugʻiladi. Moʻgʻul qabilalaridan biri boshligʻi boʻlgan otasi buni oʻgliga inʼom etilgan gʻayrioddiy taqdir belgisi sifatida talqin qiladi.

Qabila odatiga koʻra, Temuchin bor-yoʻgʻi toʻqqiz yoshida uylanadi. Oʻsha yili otasini dushmanlari zaharlab oʻldiradi. Qoida boʻyicha u otasining oʻrnini egallashi kerak edi. Biroq yoshi boshqaruv va urushlarda qatnashish uchun kichikligi sabab uni ota ulusida qoldirib, qabilaning oʻzi boshqa joyga koʻchib ketadi. Temuchin ulgʻaygach, qoʻshni qabiladan 20 000 askar toʻplab, navbat bilan barcha moʻgʻul qabilalarini oʻziga boʻysundirishni boshlaydi. U oʻzining kuchini yuqori baholab, shafqatsizlarcha harakatlanadi va hech narsadan qaytmaydi. Magʻlub qabilalarning toʻlaqonli taslim boʻlganiga erishgach, boʻyi gʻildirak oʻqidan baland boʻlgan hammani qatl qilishni buyuradi.

Shunday qilib, qoʻlga olingan qabilalarning kelajakda unga qarshi birlashishi mumkin boʻlgan barcha askarlari oʻldiriladi. Qolganlar esa qoʻrquvdan oʻzining yangi hukmdoriga cheksiz sodiqligini izhor qiladi. 1206-yilda Temuchin barcha moʻgullarning xoqoni deb eʼlon qilinadi U gʻarbiy va sharqiy Moʻgʻulistonni oʻz boshqaruvi ostida birlashtiradi va toʻla hukmdorga aylanadi. Temuchin oʻziga tobe qabilalarning sardorlarini yigʻib, Chingizxon —moʻgʻul tilidan tarjima qilinganda “barchaga hukmronlik qiluvchi” unvonini oladi.

Uning galdagi maqsadi Osiyodagi eng katta va boy imperiya — Xitoyni egallash edi. Chingizxon barcha moʻgʻul qabilalaridan eng yaxshi askarlarni tanlab olib, katta va yaxshi shakllangan armiya tuzadi. Armiya — piyoda askar va asosiy hujum kuchi hisoblangan otliqlardan iborat kuchli tuzilma edi. Bundan tashqari, uning tarkibida Chingizxon askarlarini texnika bilan taʼminlovchi chet ellik ustalar ham bor edi. Armiya oʻnlik prinsipi boʻyicha tuzilgandi. U oʻn, yuz, ming va oʻn ming askardan iborat guruhlardan tashkil topgandi. Barcha guruhlar oʻta qattiq intizom ostida ushlanardi, kichik qoidabuzarlik uchun shafqatsiz jazo, hatto oʻlim jazosi ham berilishi mumkin edi.

Moʻgʻul armiyasining kuchli tomoni — yaxshi tashkillashtirilgan aygʻoqchilik qismi edi. Har bir yurish oldidan aygʻoqchilar turli davlatlarda tijorat bilan shugʻullanuvchi savdogarlardan dushman haqida toʻliq maʼlumotlarni yigʻib olardi. Chingizxon ilk zarbasini Gʻarbiy Sya hududiga beradi. U mahalliy Xitoy knyazliklari doimo oʻzaro urishib kelganidan foydalanib, birma-bir ularni yengadi. Soʻng Buyuk Xitoy devoridan oʻtib, Shimoliy Xitoyni zabt etishga kirishadi. Moʻgʻul askarlari hech kim va hech nimaga shafqat qilib oʻtirmasdi. Ular oʻtgan joylardagi goʻzal qadimiy shaharlar xarobalarga aylanardi. Qoʻliga qurol olishi mumkin boʻlganlarning hech biri tirik qolmasdi.

1215-yilda Pekin zabt etiladi va Xitoy uzoq vaqt moʻgʻul imperiyasining bir qismi boʻlib qoladi. 1219-yilda moʻgʻul armiyasi Oʻrta Osiyoga kirib keladi va Xorazmshohlar davlatiga hujum qiladi. Moʻgullar Oʻrta Osiyoning yirik shaharlari boʻlgan Buxoro, Urganch, Marvni egallab, yakson qiladi. Bor-yoʻgʻi bir yilning ichida Chingizxon butun mamlakatni boʻysundiradi. Poytaxt Samarqandni egallab oladi.Endi uning yoʻli rus yerlari tomonga borardi. Moʻgʻul askarlari Kaspiy dengiz va Kavkazortidan oʻtadi. Uni vayronaga aylantirib, shimoliy Kavkaz dashtlariga chiqadi. Bu yerda mogʻullar poloves qabilalari bilan toʻqnashib, ularni yengadi.

Qora dengiz dashtlari orqali rus yerlariga qarab yoʻl oladi.Rus knyazlari va poloves xonlarining birlashgan armiyasi Kiyev knyazi Mstislav Romanovich boshchiligida ularga qarshi chiqadi. 1223-yil 31-mayda Kalke daryosi boʻyida rus va mogʻullar jangi boʻlib oʻtadi. Poloveslar jang boshidayoq qochishga tushadi, rus askarlari esa oʻziga butunlay begona dushman qarshisida qoladi. Ular na mogʻul armiyasining tuzilishi, na jang olib borish uslubini bilardi. Bundan tashqari, rus knyazlari orasidagi turli fikrlilik urushda oʻz aksini koʻrsatayotgan edi. Ularning harakatida na birlik, na kelishuv koʻrinardi. Baʼzi knyazlar oʻz harbiy qismlarini jangga boshlasa, baʼzilari kutib turishni maʼqul koʻrardi. Natijada rus armiyasi magʻlubiyatga uchraydi. Kalka daryosidan moʻgʻullar Dneprga qarab yoʻl oladi, lekin shimolga bormay, oʻz gʻalabalaridan Chingizxonni ogohlantirish uchun ortga qaytadi.

1227-yilda Chingizxon vafot etgan vaqtda uning imperiyasi Tinch okeani sohillaridan Qora dengiz boʻyigacha choʻzilgan edi. Chingizxonning muvaffaqiyatiga uning sarkarda sifatidagi noyob iqtidori va armiyasida oʻrnatgan “temir intizom” sabab boʻlgan edi. Uning armiyasi yaxshi oʻqitilgan va marsh jarayonidayoq jang qila olardi. Lekin moʻgʻullarning magʻlub xalqlarga qilgan shafqatsiz munosabati tufayli ularning yoʻlboshchisi boʻlgan qahrli va shafqatsiz Chingizxon haqida yoqimsiz xotiraning saqlanishiga sabab bo’ldi.

 



Muqova suratlar: russian7.ru / wikipeia.org