Orqaga
Umaviylar xalifaligi.

754 marta koʻrilgan

661–750

Umaviylar xalifaligi

Umaviylar xalifaligi ilk islom tarixida muhim ahamiyatga ega. Mazkur xalifalik islom sivilizatsiyasining asosini shakllantirgan kengayish, madaniy rivojlanish va maʼmuriy innovatsiyalar davrini belgilab berdi. Umaviylar xalifaligi toʻrtta islomiy xalifalikning ikkinchisi boʻlib, Muhammad paygʻambar vafotidan keyin Arabistonda tashkil etilgan. Umaviylar islom olamida milodiy 661–750-yillarda hukmronlik qilgan. Xalifalik poytaxti Damashq shahrida boʻlib, uning asoschisi uzoq vaqtdan beri Suriya hokimi boʻlgan Muoviya ibn Abu Sufyon edi.

Muoviya ibn Abu Sufyon

Asli Makka shahridan boʻlgan Muoviya oʻz sulolasini Muhammad paygʻambar bilan umumiy boʻlgan ajdodi sharafiga “Umayya oʻgʻillari” deb atagan. Muoviya 661-yilda toʻrtinchi xalifa va Muhammadning kuyovi — Ali ustidan gʻalaba qozonib, Umaviylar xalifaligiga rasman asos soldi. Uning poytaxt shahar Damashqda turib olib borgan 20 yillik hukmronligi — haqiqatan ham ikkinchi xalifa Umar vafotidan keyin arablar koʻrgan eng barqaror hukmronlik edi.

Umaviylar xalifaligi.

Umaviylar xalifaligi. Muoviya ibn Abu Sufyon nomidan zarb qilingan sosoniylar uslubidagi kumush dirham, 674-yil / wikipedia.org

U, shuningdek, ajoyib maʼmuriy islohotlarni ham amalga oshirgan — politsiya tarmogʻidan foydalanish (Shoʻrta), oʻzining xavfsizligi uchun shaxsiy qoʻriqchilar yollash, mahalliy boshqaruvni amalga oshirish uchun devonlarni (xuddi Umar davridagidek) amaliyotga kiritgan. U zamonaviy Pokiston va Afgʻonistonning baʼzi qismlarida, jumladan, gʻarbda Marokashning Atlantika qirgʻoqlarigacha boʻlgan yerlarda ketma-ket istilolarni boshladi. Vizantiyaliklarga boy berilgan hududlarni qaytarib olishga muvaffaq boʻldi, ammo uning oʻlimidan soʻng ichki tartibsizliklar tufayli erishilgan yutuqlarning aksariyati boy berildi.

Umaviylar xalifaligi.

Sufyoniylarning shajarasi. Qizil rangdagi ismlar xalifani bildiradi. / wikipedia.org

Yazid ibn Muoviya

Muoviya I ning oʻgʻli Yazid I otasi vafotidan soʻng milodiy 680–683-yillarda Umaviylar xalifaligi taxtiga oʻtirdi. Uning hukmronligi Muhammad paygʻambarning nabirasi Husayn ibn Ali va uning tarafdorlari oʻldirilgan Karbalo fojiasi bilan bogʻliq voqealar tufayli yuzaga kelgan tortishuv va ichki nizolar urchigan davrga toʻgʻri keldi. Yazid I hukmronligi uzoq davom etmadi, chunki u milodiy 683-yilda vafot etdi. Uning oʻlimidan keyin ham hokimiyatda tinchlik oʻrnatilmadi va Umaviylar xalifaligi ichki nizolarni boshdan kechirishda davom etdi.

Muoviya II ibn Yazid

Yazid I vafotidan keyin uning oʻgʻli Muoviya II (hukmronligi milodiy 683–684-yillar) xalifa deb eʼlon qilindi. Biroq u bir necha oydan soʻng, milodiy 684-yilda vafot etdi va shu bilan Abu Sufyon avlodlari hokimiyati yakuniga yetdi. Soʻng hokimiyat tepasiga Marvoniylar avlodi vakillari keladi.

Marvon ibn Hakam

Muoviya I ning amakivachchasi, umaviylar sulolasining katta aʼzosi boʻlgan Marvon ibn Hakam (milodiy 684–685) oʻlimidan soʻng taxt Yazidning kenja oʻgʻli Xolidga oʻtadi, degan vaʼda bilan hokimiyatni zimmasiga oladi. U oradan bir yil oʻtmay kasallikdan vafot etdi. Uning qisqa hukmronligi xalifalik uchun turli guruhlar oʻrtasidagi uzluksiz kurash davri boʻldi. Biroq Marvon I xalifalikka daʼvogarlarning barchasini yoʻq qilib, oʻgʻli Abdulmalikning oʻzidan soʻng taxtni egallashiga erisha oldi. U koʻproq hokimiyatni xalifaning qoʻliga toʻplash orqali Umaviylar hukmronligini mustahkamladi.

Milodiy 685–705-yillarda hukmronlik qilgan Abdulmalik ibn Marvon umaviylar sulolasining beshinchi xalifasi edi. U otasi Marvon I ning oʻrniga oʻtirdi va Umaviylar hokimiyatini mustahkamlash hamda markazlashtirishda muhim rol oʻynadi. Abdulmalik hukmronligi davri islom olamiga barqaror taʼsir koʻrsatgan bir qancha yutuq va oʻzgarishlar bilan ajralib turadi. Abdulmalik davrida Umaviylar xalifaligi kengayishda davom etdi. Musulmon qoʻshinlari Hindistonning Mukron va Sind mintaqalarini ishgʻol qilgan bir paytda, Oʻrta Osiyoda Xuroson harbiy qism garnizonlari Buxoro, Samarqand, Xorazm, Fargʻona va Toshkentni bosib oldi.

Aholini arablashtirishning keng dasturida arab tili rasmiy davlat tiliga aylandi, imperiyaning moliyaviy boshqaruv tizimi qayta tashkil etildi, fors va yunon amaldorlari oʻrniga arablar tayinlandi, Vizantiya va sosoniylar tangalarining avvalgi nusxalari yangi arab tangalari bilan almashtirildi. Damashqdan viloyat markazlariga muntazam pochta xizmati yoʻlga qoʻyilishi ortidan viloyatlararo aloqa yaxshilandi va meʼmorchilik rivojlandi.

Umaviylar xalifaligi.

695-yilda Umaviylar tomonidan zarb qilingan oltin dinor, unda Abdulmalik tasvirlangan / wikipedia.org

Al-Valid ibn Abdulmalik

Abdulmalik vafotidan soʻng uning oʻgʻli Al-Valid I (hukmronligi milodiy 705–715-yillar) taxtga chiqdi va imperiya chegaralarini yanada kengaytirdi. Al-Valid hukmronligi davrida Oʻrta Osiyo, Shimoliy Afrika qirgʻoqboʻyi va Ispaniyadagi hududlar egallanib, islom taʼsiri ostiga olindi. Al-Valid bu kengaytirish siyosatini faol boshqarmagan boʻlsa-da, u qoʻl ostidagi zobit va amaldorlarni qoʻllab-quvvatlab, ishlarini yuritishda ularga katta avtonomiya (oʻzini oʻzi boshqarish) bergan.

Sulaymon ibn Abdulmalik

Xalifa Umar II ning ukasi, Umaviylar avlodidan boʻlgan Sulaymon ibn Abdulmalik 715–717-yillarda yettinchi xalifa boʻlib hukmronlik qilgan. Sulaymon ibn Abdulmalik hukmronligi nisbatan qisqa muddatli boʻldi. Uning hukmronligi davrida vujudga kelgan ichki nizolar Umaviylar xalifaligidagi davomiy nizolar uchun zamin yaratdi. Sulaymon vafoti arafasida oʻgʻillari uning oʻrnini egallash uchun juda yosh ekanini tushunib, taqvodor amakivachchasi Umar ibn Abdulazizni taxtga nomzod qilib koʻrsatdi.

Umar ibn Abdulaziz

Umar II (717–720) hukmronligi Umaviylar xalifaligida koʻpincha adolat, moliyaviy masʼuliyat va diniy bagʻrikenglikka eʼtibor qaratilgan oltin davr hisoblanadi. Uning axloqiy boshqaruvga sodiqligi islom hukmronligining tarixiy xotirasiga doimiy taʼsir koʻrsatib keldi. Shuningdek, u islom dini bilan bogʻliq adolat va ezgulik tamoyillarini oʻzida mujassamlashtirishga intilgan hukmdor sifatida esda qoldi.

Yazid ibn Abdulmalik

Yazid II toʻqqizinchi Umaviylar xalifasi boʻlib, 720-yildan 724-yilgacha hukmronlik qilgan. Yazid taqvodor Umar II kabi adolat va ezgulikka eʼtibor qaratmagan. U oʻzidan oldingi xalifalar tomonidan qilingan barcha islohotlarni bekor qildi va xalifalikni avvalgi holiga qaytardi.

Hishom ibn Abdulmalik

Yazid II ning ukasi Hishom taxtni 724-yilda egallaydi. Uning hukmronligi (milodiy 724–743-yillar) ichki urushlar natijasida parchalanib ketgan imperiya davriga toʻgʻri keldi. Hishom xalifalikni bu gʻalayondan olib chiqish uchun barcha kuch va imkoniyatdan foydalandi. Kuchli va oʻzgarmas hukmdor Hishom xalifa Umar II tomonidan kiritilgan, ammo akasi Yazid II tomonidan toʻxtatilgan koʻplab islohotlarni qayta tikladi.

Al-Valid ibn Yazid

Al-Valid II amakisi Hishom vafotidan soʻng milodiy 743-yilda taxtga oʻtiradi. Valid II ning al-Hakam va Usmon ismli ikki oʻgʻli boʻlib, ularni oʻz vorislari sifatida koʻrsatdi. Ammo 744-yilda amakivachchasi Yazid III davlat toʻntarishi bilan urush boshlab, al-Valid II ni taxtdan agʻdaradi va oʻldiradi.

Yazid ibn al-Valid

Yazid III oʻn ikkinchi xalifa boʻlib, taxtni 744-yilda egallaydi. Biroq u taxtga chiqqanidan bor-yoʻgʻi 6 oy oʻtib vafot etadi va uning oʻrniga akasi Ibrohim oʻtiradi. Ammo ikki oydan soʻng Mavron II (4-xalifa Mavron I ning nabirasi) tomonidan taxtdan agʻdariladi.

Marvon ibn Muhammad

Marvon II (hukmronligi milodiy 744–750-yillar) kuchli harbiy sarkarda boʻlsa-da, diplomatik mahoratga ega boʻlmagani sababli qoʻzgʻolonlarni shafqatsiz kuch bilan bostirgan. Ammo bu davrga kelib, Umaviylarning asosiy dushmani Abbosiylar Xuroson (Eronda) aholisining qoʻllab-quvvatlashiga erisha oldi. Milodiy 750-yilda Mavron II boshchiligidagi Umaviylar qoʻshini hamda Abbosiylar xalifaligi oʻrtasida jang boʻlib oʻtadi. Bu jangda Mavron II qoʻshini tor-mor etiladi va u qochishga majbur boʻladi. Mavron II gʻarbiy viloyatlardan qoʻshin toʻplamoqchi boʻlib, Misrga qochib ketadi, biroq abbosiylar uni tutib olib oʻldiradi. Shu bilan Umaviylar hukmronligi tugaydi va birinchi abbosiy hukmdor Abu Abbos (milodiy 750–754-yillar) Kufada yangi xalifa deb eʼlon qilinadi.

Umaviylar xalifaligi.

Umaviylar xalifaligi 740-yilda (yashil rang bilan belgilangan hududlar) / wikipedia.org

 

Madaniy va meʼmoriy yutuqlar

Umaviylar xalifaligi islom sanʼati va meʼmorchiligi rivojlanishida hal qiluvchi rol oʻynadi. Ilk islom meʼmorchiligi durdonasi boʻlgan Damashqdagi Umaviylar masjidining bunyod etilishi bu davrdagi madaniy yutuqlar namunasidir. Xalifalar yunon va rim asarlarining arab tiliga tarjima qilinishiga hissa qoʻshgan. Shuningdek, islomiy ilmiy izlanishlar uchun muhim asosga aylangan fan va taʼlimga homiylik qilgan.

Islom tarixida Umaviylar xalifaligi davri rivojlanish va oʻzgarishlar, shuningdek, gʻarbda Ispaniyadan sharqda Hindistongacha boʻlgan islom imperiyasining sezilarli darajada kengayishi bilan tavsiflanadi. Umaviylar xalifaligi meʼmorchilik yutuqlarining ulugʻvorligi va ular hukmronligini belgilab bergan iqtisodiy farovonligi bilan ajralib turadi. Bu esa islom sivilizatsiyasi asoslarini shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan.



Manba: britannica.com / worldhistory.org / wikipedia.org
Muqova surat: midjourney.com