56
Ulashish
785 marta koʻrilgan
1441–1501
Alisher Navoiy
Oʻzbek va boshqa turkiy xalqlarning shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hijriy 844-yil ramazon oyining 17-kuni (1441-yil 9-fevral)da Hirotda tugʻilgan. Gʻarbda chigʻatoy (eski oʻzbek tili) adabiyotining buyuk vakili, sharqda esa „nizomi millati va din“ (din va millatning nizomi) unvoni bilan ulugʻlanadi. Alisher Navoiy oʻzbek adabiyoti va madaniyati tarixidagi ulugʻ siymolardan biri sanalib, zamondoshlari uni “Nizomiddin Mir Alisher” deb ulugʻlagan. “Nizomiddin” – din nizomi degani. Koʻpincha, mansab egalariga nisbatan aytilgan: “mir” amir demakdir.
Yoshligi
Alisher tugʻilgan xonadon Temuriylar saroyiga azaldan yaqin va yurtda muayyan nufuz sohibi boʻlgan. Alisher saroy muhitida yashagani uchun alohida tarbiya va nazoratda oʻsgan. Boʻlgʻusi shoirning otasi Gʻiyosiddin Muhammad (Gʻiyosiddin Kichkina Bahodir) oʻgʻlining tarbiyasiga jiddiy eʼtibor berdi. Alisherning sheʼriyatdagi ilk ustozi togʻasi Mir Sayyid Kobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylardir. Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Kobuliy haqida: “Yaxshi tabʼi bor erdi, turkchada mayli koʻproq erdi…” — desa, Gʻaribiy haqida: “Xush muxovara (xushsuhbat) va xushxulq va dardmand yigit erdi. Koʻproq sozlarni yaxshi chalar erdi. Uni va usuli xoʻb erdi. Musiqiy ilmidin ham xabardor erdi…”deya qisqacha toʻxtalib oʻtgan. Alisher kichiklik chogʻidanoq sheʼr va musiqaga ishqi tushgan. Olim-u fozillar davrasida boʻlgan. Uch-toʻrt yoshlarida davrining mashhur shoiri Qosim Anvorning bir sheʼrini yod aytib, mehmonlarni hayratga solgan. Bir yildan soʻng uni maktabga berishgan. U boʻlajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga oʻqigan. Uning zehni va iqtidori haqidagi gaplar esa el orasida tarqalib borgan.
1447-yilda Shohruh Mirzo vafot etib, temuriy shahzodalar oʻrtasida taxt uchun kurash boshlanadi va Hirot notinch boʻlib qoladi. Alisherlar oilasi Iroqqa yoʻl oladi. Yoʻlda, Taft shahrida, Alisher zamonasining mashhur tarixchisi, „Zafarnoma“ning muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Alisher xonadoni 1451-yilda Hirotga qaytadi. 1452-yilda Abulqosim Bobur Mirzo Xuroson taxtiga oʻtiradi, notinchliklar bosiladi. Gʻiyosiddin Muhammad Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. Alisher esa oʻqishini davom ettiradi. Maktab yosh Alisherni sheʼriyat, adabiyot olamiga olib kirgan. Boʻlajak shoir Saʼdiy Sheroziyning „Guliston”, „Boʻston”, asarlarini, Farididdin Attorning „Mantiq ut-tayr”(„Qush mantigʻi”)ni katta qiziqish bilan oʻqigan.
Ijodi
Alisher Navoiy ikki tilda mukammal ijod qilgan. Turkiy tilda “Navoiy”, forsiy tilda esa “Foniy” taxalluslarini qoʻllagan.
Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini 4 faslga boʻlish mumkin: 1. Devonlari. 2. Dostonlari. 3. Forsiy tildagi sheʼriy merosi. 4. Ilmiy-filologik, nasriy va tarixiy asarlari. Alisher Navoiyning oʻzbek tilida yaratgan sheʼriy merosi asosan “Xazoyin ul-maoniy” devoniga jamlangan. Asar 4 qismdan iborat boʻlib, devonning birinchi qismiga “Gʻaroyib us-sigʻar” (“Bolalik gʻaroyibotlari”), ikkinchi qismiga “Navodir ush-shabob” (“Yigitlik nodirotlari”), uchinchi qismiga “Badoyeʼ ul-vasat” (“Oʻrta yosh badialari”) vanihoyat, toʻrtinchi qismiga “Favoyid ul-kibar” (“Keksalik foydalari”) degan nomlar berildi. “Xazoyin ul-maoniy” inson bolasining murakkab va yuksak tafakkuri hamda behisob his-tuygʻulari bilan bogʻliq minglarcha sheʼr va oʻnlarcha sheʼr turlarini oʻz ichiga olgan majmua boʻlib, Sharq adabiyoti tarixida noyob hodisadir. Bu xil majmua Alisher Navoiyga qadar Amir Xisrav Dehlaviy tomonidangina tuzilgan. Ushbu devonga kirgan minglarcha sheʼrlarni Alisher Navoiy butun umri davomida turli sharoitlarda, har xil sabablar bilan yozgan boʻlib, ular shoir hayoti va u yashagan davr bilan son-sanoqsiz iplar orqali bogʻlangan.
Alisher Navoiy “Xazoyin ul-maoniy”ga qadar “Ilk devon”, “Badoyeʼ ul-bidoya”, “Navodir un-nihoya” devonlarini tuzgan. “Xazoyin ul-maoniy” ana shu 3 devonga kirgan hamda “Navodir ul-nihoya” tuzilgandan keyin yozilgan sheʼrlar asosida yuzaga kelgan. “Xazoyin ul-maoniy”dagi 4 devonning har birida 650 tadan 2600 gʻazal, umuman 4 devonda 210 qitʼa, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo, 13 tuyuq, 10 muxammas, 10 chiston, 5 musaddas, 4 tarjeʼband, 4 mustazod, 1 musamman, 1 tarkibband, 1 qasida, 1 masnaviy, 1 soqiynoma mavjud boʻlib, Sharq sheʼriyatining 16 turi namoyondir.
1472–1476-yillarda birinchi devoni “Badoyeʼ ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”) devonini shoh amri va istagi bilan oʻzi kitob qiladi. Mazkur devon 777 gʻazal, 85 ruboiy, 52 muammo, 46 qitʼa, 53 fard, 10 tuyuq, 10 lugʻz, 3 mustazod, 5 muxammas, 3 tarjeʼband, 2 musaddasdan tarkib topgan.
Alisher Navoiy butun ijodi davomida turli janr va yoʻnalishlarda salmoqli ijod qilgan. Nasrda ham, nazmda ham yetuk asarlar yaratgan. Nasrda Navoiy asosan ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-taʼlimiy va ilmiy-falsafiy, iqtisodiy yoʻnalishlarda qalam tebratgan.“
Xamsa haqida qisqacha
“Shubhasiz, Navoiy ijodining yuksak choʻqqisi “Xamsa” asaridir. Uning yaratilishi turkiy xalqlar adabiyotida muhim voqelik boʻlgan. Shoir birinchilardan boʻlib, turkiy tilda toʻliq “Xamsa” yaratdi va shu bilan turkiy tilda koʻlamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. “Xamsa” yaʼni “Besh doston” asarini yaratish – mumtoz sharq adabiyotining eng mukammal anʼanalaridan biri boʻlgan. Shu sabab ham tarixda “Xamsa” asarini yaratgan shoirlar barmoq bilan sanarli. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining muqaddima qismida bu masalaga maxsus toʻxtalib, “Xamsa”ning har bir dostoni yozilishini kunning maʼlum vaqtlarida oʻqiladigan sahar, peshin, asr, shom va xufton namozlariga oʻxshatadi.
Navoiy yoshligidanoq turkiy tilda besh doston yaratishni maqsad qilgan. Va u boshqa “Hamsa” yaratgan shoirlarga nisbatan juda qisqa muddatda, yaʼni 1483–1485-yillarda yozib tugatgan. Bu davr mobaynida shoir boshqa traktatlarni ham yaratadi.
Navoiyning “Xamsa” asari “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabaiʼ sayyor” va “Saddi Iskandariy” kabi yirik dostonlardan iborat.
52 ming misradan iborat bu beshlik 15-asr islom tafakkurining borliq va tabiat, inson va jamiyat, axloq va kamolot haqidagi oʻziga xos qomusi edi. Shoir voqealarni qadim Sharq tarixining Xusrav, Bahrom, Iskandar kabi nomlari afsonalar bilan chulgʻangan shaxslar, Layli va Majnun kabi oshiqlar hayotidan olgan. Davrning dardli masalalarini, avlodlarning orzu va armonlarini koʻtarib chiqdi. ““Xamsa”“ zamondoshlariga nihoyatda zoʻr taʼsir koʻrsatgan. Uning ustozi Abdurahmon Jomiy asarni hayajon bilan olqishladi. Sulton Husayn esa shoirni oʻzining oq otiga mindirib, jilovdorlik qildi.“
Davlat va jamoat arbobi
Navoiy 1469–1472-yillarda muhrdor, 1472–1476-yillarda vazir boʻlib ishlaydi. 1487–1488-yillarda Astrobod shahriga hokimlik qiladi. Alisher Navoiy Husayn Boyqaro saroyida yuksak vakolatli kishilardan boʻlgan. Boyqaro bolalikdagi doʻstini oʻziga bosh vazir etib tayinlaydi. Podshoh Boyqaro doimo Navoiyning maslahatlariga amal qilgan, shu sababli u boshqargan yillar nisbatan tinchlikda, shaharsozlik, sanʼat rivoj topgan davrlar boʻlgan. Navoiy vazir boʻlgan yillarida Hirotda obodonlik avj olgan, madaniyat rivojlangan. Shoir oʻzi bosh boʻlib, suvsiz yerlarga suv chiqargan, eski ariqlarni tozalattirib, yangi kanallar qazdirgan. Eski binolarni taʼmirlatib, yangilarini qurdirgan. Qanchadan qancha madrasalar, xonaqohlar soldirgan.
Jumladan “Vaqfiya” asarida Navoiy vaqf yerlari, mulklari, miqdori, foydalanish, vaqf mulki va mablagʻi evaziga quriladigan bino va inshootlar, bu yoʻnalishda madrasa va xonaqohlarda oʻrnatilgan tartiblar haqida fikr yuritgan va oʻz mablagʻlari evaziga qurdirgan xayriya muassalari, ilmiy-madaniy binolar va bogʻlarni sanab oʻtgan. Asar Navoiyning davlat arbobi sifatida va Husayn Boyqaro bilan munosabatlarini oʻrganish uchun muhim manba hisoblanadi.
Xondamirning qayd qilishicha, 80-yillar davomida Alisher Navoiy oʻz mablagʻlari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 koʻprik, 20 ga yaqin hovuz qurgan yoki taʼmirlattirgan. Ular orasida Hirotdagi “Ixlosiya”, “Nizomiya” madrasalari, “Xalosiya” xonaqohi, “Shifoiya” tibgohi, Qurʼon tilovat qiluvchilarga moʻljallangan “Dorul-huffoz” binosi, Marvdagi “Xusraviya” madrasasi, Mashhaddagi “Dorul-huffoz” xayriya binosi va boshqa noyob meʼmorlik yodgorliklari bor.“
Oilasi
Alisher Navoiy oʻz oilasi borasida deyarli maʼlumot qoldirmagan. Faqat togʻalari Mir Said Kobiliy va Muhammad Ali Gʻaribiy, ukasi Darvishali haqida “Majolis”da biroz toʻxtaladi, u ham boʻlsa, tazkira talabi nuqtai nazardan juda qisqa. Otasi toʻgʻrisida mavzu talab qilganda gapirishga majbur boʻlgan joylari bor. Masalan, “Majolis”da Mir Shohiy nomli shoir jasadi Astroboddan vatani Sabzavorga olib kelingan paytda otasi bu yerda hukumat ishlarini boshqarib turganini aytib oʻtadi. Uning qancha hokimlik qilgani va Alisherlar oilasining Sabzavordagi hayotiga doir boshqa maʼlumot keltirilmagan. “Badoeʼ ul-bidoya”da “otam bu oston xokbezi, onam ham bu saroy boʻstoni kanizi”, deb ularning Temuriylar xonadoni xizmatida boʻlganliklarini kamtarona taʼkidlab oʻtgan.
“Vaqfiya” asarida “bu xoksorning ota-bobosi Sulton Husayn Boyqaroning obo va ajdodi xizmatidakim, har bir saltanat konining gavhari va shujoat beshasining gʻazanfari erdilar – ulugʻ marotibqa sazovor va biyik manosiq komgor boʻlgʻan erdilar”, – deya oʻzining nasb-nasabiga ishora etgan. Ammo negadir biron-bir asarida ota-onasi haqida aniq maʼlumot qoldirmagan. Hatto ularning nomini hech qayerda tilga olmaydi. Davlatshoh Samarqandiy ham negadir oʻz tazkirasida Navoiyning otasi toʻgʻrisida juda qisqa toʻxtaladi. “Navoiyning otasi Abdulqosim Boburning ishonchli kishisi Chigʻatoy ulusi ulugʻlaridan edi”, – deyish bilan kifoyalanadi.
Ayni paytda u Navoiyning otasi harbiy boʻlganini taʼkidlab oʻtgan. Tadqiqotlar natijasida Alisher Navoiy davrida yaratilgan turli janrlarga mansub asarlarning birortasida ham ulugʻ amirning otasi haqida yetarli maʼlumot keltirilmaganiga ishonch hosil qildik. Shunisi taajjubliki, Navoiy vafotigacha yaratilgan barcha asarlarda Navoiyning otasi borasida yuqoridagi maʼlumotlarga qoʻshimcha boʻladigan manba yoʻq. Hatto “Ravzat us-safo” asarida uchramaydi. Navoiyning oʻz ajdodi borasida qoldirgan mavhum maʼlumotlari va koʻkaldoshlik manbalarini aniq izohlab ketmagani uning nihoyatda kamtarona yoʻl tutgani va kibr-u gʻururga berilmagani bilan izohlanar balki.
Oʻlimi
Alisher Navoiyning ajdodlari uzoq yillar Temuriylar saroyida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. Uning otasi Gʻiyosiddin Kichkina Abulqosim Boburning saroy amaldorlaridan, keyinchalik esa Sabzavor shahri hokimi ham boʻlgan. Bu holat aka-ukalar – Baxlulbek, Alisher va Darveshalilarning shahzodalar bilan birga oʻsishiga sabab boʻldi. Husayn Boyqaroning Xuroson taxtini egallashidan keyin Baxlulbek Xurosonga qarashli boʻlgan Xorazmning, Darveshali Balxning hokimi boʻldi. Alisher Navoiy esa muhrdorlikdan bosh vazirgacha boʻlgan yuqori lavozimlarda faoliyat koʻrsatdi. Biroq barcha davrlarda boʻlganidek, saroydagi siyosiy oʻyinlar, fitna va nizolar tufayli baʼzida hukmdor bilan kelishmovchiliklar, dilxiraliklar ham boʻlib turgan.
Garchi Navoiy butun umrini ijodga bagʻishlab, davlat lavozimlaridan bir necha marta isteʼfo bersa-da, Husayn bilan bolalikdan doʻstligi uni saltanatdan uzoqqa ketishiga yoʻl qoʻymas edi. Vaqt oʻtib, Husayn saltanatida Navoiyning ruhi va qalbini larzaga soluvchi, yuragini oʻrtovchi voqealar avj oldi. Dastlab, 1497-yil Navoiyning sevimli shahzodalaridan biri, sultonning nabirasi Moʻmin Mirzo oʻz bobosining farmoni bilan qatl etildi, shoirning oʻz farzandidek qadrli boʻlgan jiyani Haydarbek 1499-yil davlatdan norozi kayfiyatdagi shaxs sifatida oʻldirildi, ukasi Darveshali davlatga xoinlikda ayblanib, Balx hokimligidan boʻshatildi. Shuningdek, bosh malika Xadichabegimning turli fitna va igʻvolari tufayli saltanatda oʻzaro nizolarning kuchayishi singari voqealar 1500-yilga kelib Alisher Navoiyning yurak, qon-tomir tizimi bilan bogʻliq xastaligining kuchayishiga olib keldi.
1500-yilning dekabrida Sulton Husayn isyon koʻtargan oʻgʻli Muhammad Mirzo bilan yarashib, Hirotga qaytayotganida, uni kutib oluvchilarga bosh boʻlib Navoiyning oʻzi yoʻlga chiqadi. Koʻrishish marosimida shoir hushidan ketadi va sulton uni oʻz shohona mahofasi (yotib ketish ham mumkin boʻlgan kajava)da tezlik bilan shaharga eltish hamda zarur muolajalar qilinishini buyuradi. Navoiyning tashqi koʻrinishi va tomir urishida sakta (insult, miyaga qon quyilishi) alomatlari mavjud edi. Buning davosi (yoki birinchi yordam) esa qon olish boʻlgan. Bu voqealarning bevosita ishtirokchisi, Navoiyning sevimli shogirdi, tarixchi Xondamirning maʼlumot berishicha, shoirning xastaligida sakta alomatlari borligini shu yerdagi tabiblar va hatto, Xurosonning bosh tabibi Abdulxay Tuniy ham payqagan.
Tabiblar Alisher Navoiy Husayn Boyqaro huzurida mutasaddilar va bosh tabibga Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobida saktaga chalinganlardan birinchi navbatda qon olish zarurligi haqida maʼlumot keltirilganini uqtirishgan. Lekin bosh tabib bunga amal qilmagan. Bu haqda Xondamir shunday yozadi: “… tabobat ilmidan xabardor bir guruh kishilar “kasallik sogʻayishi uchun shu yerdayoq bemordan qon olish lozim”, deyishdi. Ammo tabobatdan lof-qof urib yuruvchi mavlono Abdulhay Tuniy (Xondamir Navoiyning oʻlimida mazkur bosh tabibni ayblaydi va unga nisbatan “lof uruvchi tabib” iborasini ishlatadi) bularga qarshi turib “davolashda xato roʻy bermasligi uchun Hirotda tabiblar yigʻilgach, keyin muolajani boshlash kerak”, deya turib oldi.
Hazrat sultonning yaqin kishisini (Navoiyni) mahofaga yotqizib, yoʻl sari yuzlanayotgan paytda Amir Alisherning neʼmatlari dengiziga gʻarq boʻlgan bu davlatxoh banda (Xondamir oʻzini aytmoqda) tashvishga tushib, “kasallik zoʻrligi shu darajadaki, agar qon olish ishida kechikish yuz bersa, soʻng bu xatoni tuzatib boʻlmaydi”, dedim. Xoja Abdullo janoblari (Husayn Navoiyni Hirotga olib borishga javobgar etib belgilagan amaldor) ikkilanib qolib, mansur xoqon oldiga bir chopar yubordi. Hazrat esa “bemor tomiridan oʻsha yerdayoq darhol qon olinsin”, deya buyurdi.
Ammo chopar qaytib kelgunicha va qon oluvchini topgunicha uch farsax (18-20 km) masofani bosib oʻtgani boisidan fursat qoʻldan berilib, shu sababli qortiq (qon olishda ishlatiladigan nina) qoʻyib qon olinganida, besh-olti ser (350-400 gr)dan koʻp qon chiqmadi. Uyga eltishgach, tabiblar yana bir marta qon olmoqchi boʻldi. Ammo ish qoʻldan chiqqani uchun biror foyda bermadi”. Mana shu kasallik sabab Alisher Navoiy 1501-yilning 3-yanvar tongida, 60 yoshga toʻlish arafasida vafot etdi. Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Xurosondek ulkan davlatning bosh tabibi boʻlish darajasiga erishgan Abdulhay Tuniy faoliyati davomida yuzlab bemorlarni, shu jumladan, insultga chalinganlarni ham davolagan, Ibn Sinoning “Tib qonunlari”ni ham oʻqigan.
Lekin bosh tabibning bemordan zudlik bilan qon olmasligiga sabab Sulton Husaynning eng yaqin kishisi, buyuk mutafakkir, ulugʻ shoirning hayoti borasida tavakkal qilishdan qoʻrqqanligi, bundan tashqari, sultondan oʻz vaqtida maxsus koʻrsatma boʻlmaganidan, jurʼatsizlik qilgani boʻldi. Agar bemor Navoiy darajasidagi shaxs boʻlmaganda va unda sakta (insult) alomatlari sezilganda, u saroy tabiblari huzuriga olib borilib tibbiy kengashda muhokama qilinmasdan darhol qon olinib, tegishli muolaja qilinishi mumkin edi. Shuning uchun ham hukmdorlar va ularga yaqin kishilar ogʻir dardga chalinganda biror tabib masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi nihoyatda mushkul vazifa edi. Alisher Navoiy esa, taʼbir joiz boʻlsa, hukmdorlardan ham yuqori mavqedagi shaxs boʻlib, uning sogʻligi borasida hatto, bosh tabib ham tavakkal qila olmas edi.
Xotira
“Navoiy ijodi nafaqat Oʻzbekistonda, balki Yevropa, okeanorti mamlakatlarida ham yuksak qiziqish bilan oʻrganiladi. Shu sabab, adabiyotshunoslik fanidan mustaqil “Navoiyshunoslik” fani vujudga keldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Navoiy ijodi u yashab oʻtgan davrdayoq mukammal oʻrganila boshlagan va hamon oʻrganilmoqda. Uning ijodi va hayotiga bagʻishlab butun dunyoda minglab ilmiy ishlar, maqolalar, traktatlar, asarlar, filmlar, spektakllar, badiiy asarlar yaratilgan. Jumladan, oʻzbek adabiyotida yozuvchi Oybekning “Navoiy” romani, (bu roman bilan Oybek oʻzbek adabiyotida tarixiy shaxslar haqida badiiy asar yaratish anʼanasiga asos soladi) Mirkarim Osimning turkum hikoyalari mashhur. Yevropada Navoiy asarlariga qiziqish katta.
Bu borada koʻplab sharqshunos olimlarning ishlari misol boʻla oladi. Chunki, uning asarlari shunchaki badiiy xayolot mahsuli boʻlib qolmasdan, sharq xalqlari tarixi va falsafasini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. Alisher Navoiy asarlaridagi uslub, yoʻnalishlar keyinchalik adabiyotda koʻplab oqimlar paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Buyuk sharqshunos olim Armeniy Vamberi Navoiy haqida: “hammaga maʼlum va mashhur buyuk oʻzbek shoiri” deya eʼtirof etgan. Yana bir buyuk mutafakkir, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Navoiy haqida “Boburnoma” asarida: “Alisherbek naziri yoʻq kishi edi. Turkiy til bila to sheʼr aytubturlar, hech kim oncha koʻp va xoʻb aytqon emas”deya toʻxtalib oʻtgan. Har yili 9 fevral – Navoiy tavallud topgan kun respublika boʻylab keng miqyosda nishonlanadi.
Oʻzbekistonning har bir burchagida Navoiy nomi bilan nomlangan maskanlar va manzillar bor. Jumladan: bir viloyat (Navoiy viloyati), shahar (Navoiy shahri), oliy oʻquv yurti (Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti instituti), Oʻzbekiston milliy kutubxonasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Adabiyot muzeyi, Toshkentdagi Katta akademik opera va balet teatri, Sanʼat saroyi, Toshkentdagi metro bekati, oʻnlab koʻchalar va jamoa xoʻjaliklariga Alisher Navoiy nomi berilgan. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti hamda talabalar uchun davlat stipendiyasi ham mavjud. Respublika hududlaridan tashqari Alisher Navoiy haykallari dunyoning Moskva, Minsk, Vashington, Tokio, Boku, Dushanbe, Seul kabi shaharlarida oʻrnatilgan.
Manbalar: sputniknews.uz / xs.uz / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi Muqova suratlar: yuz.uz / ziyouz.uz