Orqaga
Fyodor Dostoyevskiy hayoti va ijodi. Dostoyevskiy asarlari mazmuni. Dostoyevskiyning ilk romani qaysi? Qimorboz romanining yaratilish tarixi.

623 marta koʻrilgan

1821–1881

Dostoyevskiy

“Rus adabiyotining ulkan namoyandalaridan biri Fyodor Dostoyevskiy ota tomondan dvoryanlarga mansub boʻlib, oʻz mulki hisoblanmish Dostoyevo (XVI–XVII asrlarda ho­zirgi Belarus Respublikasi hududida joylashgan) yerlarida yashagan. Bu yerlar 1506-yilda buyuk knyaz Fyodor Yaroslavich tomonidan qilgan xizmatlari uchun qadimgi mashhur rus zodagonlaridan biri Danila Rtishevga tortiq qilingan. Shundan keyin Rtishev va uning avlodlari oʻzini Dostoyevskiy deb atay boshlagan. Yozuvchining otasi Mixail Dostoyevskiy shifokor boʻlib, ruhoniy oilasidan, onasi Mariya Nerchayeva esa badavlat savdogarning qizi edi. Dostoyevskiylar oilasida 1821-yilning oktabr oyida sakkizinchi farzandning ikkinchisi boʻlib Fyodor tugʻiladi. Baʼzi maʼlumotlarga qaraganda, uning ismi bobosi Fyodor Timofeyevich Nechayev xotirasiga atab qoʻyilgan.

Dostoyevskiylar oilasida patriarxal urf-odatlarga qatʼiyan rioya qilinardi. Xoʻjalik tartibi ham otasining vaqtiga qarab belgilanardi. Mixail Dostoyevskiy har kuni soat oltida uygʻonib, shifoxonada ertalabki koʻrikni oʻtkazar, soʻngra bemorlarni uyiga olib borardi. Soat oʻn ikkida oilasi bilan tushlik qilib, dam olardi va yana ishiga qarab ketardi. Soat kechki toʻqqizda odatiy dasturxon yozilar va kechki ovqatni tanovul qilib boʻlgach, bolalar ibodat qilar va ota-onasiga xayrli tun tilab, uxlagani yotardi. Yozuvchining eslashicha, kundalik hayoti odatda shunday oʻtgan. Onasi Mariya xokisor va bolalariga mehribon ayol boʻlgan. Ammo u 1837-yilda sil kasalligidan vafot etadi. Bu fojia Fyodor uchun ulkan zarba boʻldi. Keyinchalik bu boʻshliqni faqat adabiyotga boʻlgan mu­habbatgina toʻldira oldi. Shuning uchun Dostoyevskiy oʻz asarlaridagi baʼzi qahramon ayollarda onasining siymosini gavdalantirgan. Ularning uyida Karamzin, Derjavin, Jukovskiy, Pushkin asarlari koʻp mutolaa qilinardi.

Dastlab uy sharoitida taʼlim olgan Fyodor 1833-yilda akasi Mixail bilan Drashusov pansionida tahsil oladi. Pansion taʼlimidan soʻng aka-ukalar oʻqish­ni Peterburgda davom ettiradi. Fyodor muhandislar bosh bilim yurtida oʻqiy boshlaydi va u yerni 1843-yilda tamomlaydi. Keyin esa ishga kirishga harakat qiladi va Sankt-Peterburg muhandislar guruhiga dala muhandisi va podporuchik (chorlar armiyasidagi harbiy unvonlardan biri) sifatida qabul qilinadi. Lekin oradan bir yil oʻtib, Dostoyevskiy isteʼfoga chiqadi.

U adabiyot bilan shugʻullanishga va butun umrini ijodga bagʻishlashga qaror qiladi. Shu yillar davomida Fyodor Dostoyevskiy turli davrga mansub Yevropa adabiyoti vakillari ijodi bilan muntazam tanishib borgan. Gomer, Onore de Balzak, Viktor Gyugo, Shekspir kabi jahon klassiklarini mutolaa qilardi. Shuningdek, u Mixail Lermontov, Nikolay Gogol, Nikolay Karamzin kabi shoir va adiblarni ham oʻqirdi. Fyodor Dostoyevskiyning bolaligidan sevib mutolaa qilgan shoirlaridan biri Aleksandr Pushkin edi. Yozuvchi uning qalamiga mansub koʻplab sheʼrlarni yoddan bilgan.

Ijodi

“Yozuvchi adabiyotga 1844-yilda nasriy asarlari bilan kirib keladi. 1845-yil may oyining oxirida Fyodor Dostoyevskiy oʻzining ilk romani — “Kambagʻallar”ni yozib tugatadi. Romanda xoʻrlangan, ijtimoiy adolatsizliklar qurboniga aylangan kishilar taqdiri haqida hikoya qilingan boʻlib, oʻsha yillardagi yirik adabiyot vakillari — Nikolay Nekrasov hamda Vissarion Belinskiylar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinadi. Nekrasov Belinskiyga yozgan maktubida kelajagi porloq yozuvchi haqida “Gogol qayta tugʻildi” deydi va romanni oʻzining “Peterburg toʻplami” antologiyasida nashr ettiradi. Shuningdek, yozuvchining “Qiyofadosh” (1846-yil), “Oydin tunlar” (1848-yil) qissalari ham ijtimoiy mavzuda yaratilgan asarlar sirasiga kiradi.

N.Dobrolyubov, V.Belinskiy kabi demokrat ziyolilarning inqilobiy gʻoyalariga mahliyo boʻlib qolgan Dostoyevskiy 1847-yildan rus inqilobchisi va xayoliy sotsialisti M.V. Petrashevskiy toʻgaragiga faol qatnashib, xayoliy sotsializm gʻoyasini qoʻllab-quvvatlaydi. Mazkur toʻgarakda qatnashib, mavjud davlat tuzumini kuch ishlatib oʻzgartirishga harakat qilgani uchun Dostoyevskiy oʻlim jazosiga hukm qilinadi (1849-yil). Ammo nufuzli davlat va jamoat arboblarining aralashuvidan soʻng podsho Aleksandr II oʻlim jazosini 4 yillik katorga surguni bilan almashtiradi.

Yozuvchi Omsk katorga qamoqxonasida 4 yil (1850—1854-yillar), keyin esa 5 yil Semipalatinskda intizomiy harbiy xizmatda boʻldi (1854—1859-yillar). Xizmatdan qaytgach, u oʻz ijodini boshladi va Omsk qamoqxonasidagi ogʻir hayot haqida fikrlarini oʻzining “Oʻlik uydan maktublar” (1861–1862-yillar) asarida ifodaladi. Bundan tashqari, yozuvchining “Stepanchikov qishlogʻi va uning aholisi” (1859-yil), “Xoʻrlanganlar va haqoratlanganlar” (1861-yil), “Oʻlik uydan maktublar” (1861—1862-yillar) asarlari jaholat botqogʻiga botib, insoniy qiyofasini yoʻqotgan ruslar hayotiga bagʻishlangan.

XIX asrning 60-yillariga kelib, Dostoyevskiy akasi bilan hamkorlikda “Vremya” (1861—1863-yillar), “Epoxa” (1864—1865-yillar) jurnallarini nashr etadi. Ularda Rossiyadagi krepostnoylik tartibi, dvoryanlarning maʼnaviy-axloqiy tubanligi, mehnatkashlar shafqatsiz ekspluatatsiya qilinishini fosh etishdan tashqari, millatchilik, buyuk davlatchilik (shovinizm) gʻoyalari, xususan, chor Rossiyasi tomonidan Turkistonning zabt etilishi targʻib qilinadi.

Fyodor Dostoyevskiy hayoti va ijodi. Dostoyevskiy asarlari mazmuni. Dostoyevskiyning ilk romani qaysi? Qimorboz romanining yaratilish tarixi.

Dostoyevskiy asarlaridan biri / znanierussia.ru

Adibning eng yirik adabiy ishlaridan biri “Xoʻrlanganlar va haqoratlanganlar” romani boʻlib, u 1861-yilda muallif va uning ukasi tahriri ostida nashr qilinadi. Roman yozuvchining davr muammolarini aks ettirgan birinchi jiddiy asari edi. Asar ikki qismdan iborat boʻlib, bir yarim yillik voqealarni oʻz ichiga olgan. Syujet markazida Vanya ismli yosh yigit turadi. Ikkinchi qismda esa Yelena ismli oʻn uch yoshli qiz haqida hikoya qilingan. Romanda zarur yordam va himoyachilarsiz qolgan kambagʻallar hayoti tasvirlangan boʻlib, ular pul va qonun kuchi bilan qurollangan qudratli shaxslar tomonidan kamsitilishi va xoʻrlanishi ochib berilgan.

“Jinlar” (1871—1872-yillar), “Oʻsmir” (1875-yil) romanlarida esa rus oqsuyaklari tabaqasi, amaldorlar orasida maʼnaviy qashshoqlik, amalparastlik, ochkoʻzlik va xudbinlik kabi illatlar chuqur ildiz otgani koʻrsatilgan, ichki milliy muammolarni boshqa bir xalq hisobiga hal etib boʻlmasligi eʼtirof etilgan.

Dostoyevskiy Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romani bilan teng kelishi mumkin boʻlgan roman-epopeya yaratmoqchi edi, biroq moddiy yetishmovchiliklar (u koʻpincha pulga muhtoj yurardi) bu rejani amalga oshirishga xalaqit beradi. Natijada u oʻz gʻoyasini beshta bir-biridan mustaqil romanga aylantiradi. Bular “Jinoyat va jazo”, (1866-yil), “Telba” (1868-yil), “Iblislar” (1871–1872-yillar), “Oʻsmir” (1875-yil) va “Aka-uka Karamazovlar” (1879–1880-yillar) romanlari edi.

Fyodor Dostoyevskiy hayoti va ijodi. Dostoyevskiy asarlari mazmuni. Dostoyevskiyning ilk romani qaysi? Qimorboz romanining yaratilish tarixi.

Jinoyat va jazo asari / vestikavkaza.ru

“Jinoyat va jazo” romani realizm uslubida yozilgan va unda tasvirlangan voqealar oʻzining achchiq haqiqatlari bilan oʻquvchining ong va shuuriga singib ketadi. Asarda Dostoyevskiy tomonidan olgʻa surilgan asosiy gʻoya — tavba qilishning muqarrarligi. Maʼnaviy jazo qonuniy jazodan koʻra dahshatli va ogʻriqliroq ekanini muallif oʻquvchiga koʻrsatib bera olgan. Yozuvchining ushbu romani 1886-yilda Rossiyada chop etilgach, uning nomi tez orada butun Yevropaga ham tarqaladi. “Jinoyat va jazo”ni mutolaa qilishni istaganlar shu qadar koʻpayib ketadiki, baʼzilar asarning tarjima qilinishini ham kutmay, rus tilini oʻrganishga kirishadi. Bugunga kelib, “Jinoyat va jazo” 100 dan ortiq tilga tarjima qilingan va qayta-qayta nashr etilgan. Hisob-kitoblarga koʻra, bu asarni 3 milliarddan koʻproq odam sevib mutolaa qilgan. Qizigʻi, koʻpgina qamoqxonalarda mahbuslar yonida “Jinoyat va jazo”ni olib yurishi aniqlangan.

“Telba” romani ham yozuvchining eng koʻzga koʻringan asarlaridan biri hisoblanadi. Roman har doimgidek yozuvchi hayotining juda ogʻir damlarida yaratilgan. Dostoyevskiy asar ustida ishlayotgan vaqtida qarz beruvchilar va nashriyot tomonidan bosimga uchrab, u qoʻlidagi soʻnggi puli bilan Rossiyani tark etishga majbur boʻladi va ishni Shvetsariyada davom ettiradi.

Tushkun kayfiyati, sogʻliqning yomonligi, noqulay ob-havo sharoitini yengib oʻtgan Dostoyevskiy asarini bir amallab oxiriga yetkazadi. Adib romanda oʻzi yashayotgan jamiyatni bor chirkinliklari bilan tasvirlab beradi. “Telba”da odamlar eʼtiqodi sustlashib, boʻsh urf-odatlarga aylangani va odamlar ichidagi yovuz kuch bilan kurashishda ortiq tayanch boʻla olmasligi koʻrsatib berilgan. Shuningdek, yozuvchi odamlarda hali ham umid borligiga ishora qiladi.

Dostoyevskiy asarlardagi qahramonlarining barchasini maromiga yetkazib yaratgan: yomon boʻlsa, eng yomon, jinni boʻlsa, uchiga chiqqan jinni, sevsa, oʻlgudek, oʻldirgudek boʻlib sevadi, yaxshi boʻlsa, mukammal yaxshi — jamiyat qabul qilmaydigan darajada yaxshi. Uning asarlari salmogʻi ogʻir, tushunish uchun qayta-qayta oʻqiladigan gaplarga boy. Shuning uchun ham, uning oxirgi “Aka-uka Karamazovlar” asarini tushinish osonroq kechishi uchun, oʻquvchi uning yozilish tarixidan xabardor boʻlishi kerak.

Dostoyevskiy pul topish uchun tinmay asarlar yozadi, gazeta va jurnallar bilan hamkorlik qilishiga qaramasdan umri davomida qashshoqlikdan qiynalib oʻtadi. Bir tomondan, uning bu holga tushishiga pulni iqtisod qila olmasligi, qoʻliga tushgan zahotiyoq kerak-nokerak narsalarga sarflab yuborgani sabab boʻlishi ham mumkin.

Oilasi

“Dostoyevskiyning hayotida 3 ayol muhim rol oʻynaydi. Dastavval yosh yozuvchi yigit bojxona mansabdori Aleksandr Isayevning ayoli Mariyaga muhabbat qoʻyadi. Farzandi va oilasi bor ayolga koʻngil qoʻyish, unga yetisha olmaslik yozuvchining qalbida tushkunlik uygʻotadi. Biroq Mariyaning eri 1 yildan soʻng vafot etadi. Biroz vaqt oʻtganidan soʻng Dostoyevskiy Mariya bilan turmush quradi. Biroq koʻp oʻtmay Mariyaning qiliqlari va injiqliklari namoyon boʻlib, oradagi munosabatlar soviy boshlaydi. Ular birgalikda Semipalatinskdan qaytib kelayotgan vaqtda yozuvchida tutqanoq kasali sodir boʻladi. Shundan soʻng yozuvchi umr boʻyi tutqanoq kasali bilan kurashib oʻtadi. 1864-yilda Mariya sil kasalidan vafot etadi.

Ruhiyatini sindirgan ayriliq damlarida uning hayotiga Appolona Suslova kirib keladi. Appolona bilan Yevropaga yoʻl olgan yozuvchi Baden-Baden qimorxonalarining doimiy mijoziga aylanadi. Bunday aysh-ishratli hayot “Qimorboz” romanining yaratilishiga turtki boʻladi. Apollona sayohatlardan birida boshqa yigitni yoqtirib qoladi va u bilan birga ketadi. Yozuvchi esa yana ruhiy qiynoqlar ostida yolgʻiz qoladi. Yozuvchiga asarlarini tezroq yozib tugatish uchun yordamchi zarur boʻlib qoladi. Eng yaxshi talabalaridan biri boʻlgan 20 yashar Anna Snitkinani unga yordamchi qilib yuboriladi. Shu tariqa adib hayotiga uchinchi ayol kirib keladi. 1867-yilning fevralida ular nikohdan oʻtadi.

Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, Annaning ham hayoti yaxshi boʻlmagan. Yozuvchining oʻgay farzandi (Mariyaning oʻgʻli) Annani yoqtirmagan. Shu sababdan oilada turli kelishmovchiliklar kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Biroq Anna yozuvchi hayotida muhim rol oʻynagan, uni chin dildan sevgan va doimo yonida boʻlgan ayol edi. U nafaqat vafodor ayol, balki yozuvchining yordamchisiga ham aylanadi: u Dostoyevskiyning romanlarini nashr ettirish vazifasini oʻz zimmasiga oladi, barcha moliyaviy muammolarni oqilona hal qiladi va turmush oʻrtogʻi haqidagi xotiralarni nashrga tayyorlaydi. Fyodor “Aka-uka Karamazovlar” romanini unga bagʻishlaydi. Anna Grigorevna Dostoyevskiyga toʻrtta farzand tugʻib beradi: Sofiya, Lyubov, Fyodor va Aleksey. Afsuski, birinchi farzandi Sofiya tugʻilganidan bir necha oy oʻtgach vafot etadi. Farzandlaridan faqat Fyodor otasining yozuvchilik ishini davom ettirgan.“

Vafoti

Dostoyevskiy deyarli butun umri davomida tutqanoqdan aziyat chekkan va unda 1870-yillar boshida nafas olish tizimi bilan bogʻliq kasalliklar rivojlana boshlagan: sil, surunkali bronxit. 1881-yil 10-fevralda u Pushkin vafotiga bir yil toʻlgani munosabati bilan uyushtirilgan kechada nutq soʻzlashi kerak edi, lekin bu amalga oshmaydi. Tadbirdan bir necha kun avval yozuvchining ahvoli ogʻirlashadi. Bir necha bor uning tomogʻidan qon ketadi. Doimiy epileptik xurujlar ham uni holdan toydirgandi. Shifokorlar Anna Grigorevnaga yozuvchining oʻpka tomirlari juda yupqa boʻlib qolganini aytib, uni jismoniy va ruhiy zoʻriqishlardan ehtiyot qilish kerakligini tayinlagan. 9-fevral kuni u barcha yaqinlari bilan vidolashgan, kechga borib esa joni uziladi. Oʻsha kuni Dostoyevskiy yashagan xonadon uning vafot etganini eshitib, vidolashmoqchi boʻlgan odamlar bilan toʻlib ketgan. Rassom Ivan Nikolayevich Kramskiy oʻlimidan soʻng uning suratini chizgan.



Manbalar: oshlikjurnali.uz / kh-davron.uz / daryo.uz
Muqova suratlar: histrf.ru / wikipedia.org