Orqaga

800 marta koʻrilgan

1802–1885

Viktor Gyugo

Uning ijodi XX asrning toʻrtdan uch qismini egallaydi. Viktor Gyugoning fransuz adabiyotidagi oʻrnini A.S.Pushkinning rus adabiyotidagi oʻrniga qiyoslasa boʻladi.

Viktor Mari Gyugo “Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi” (1831), “Xoʻrlanganlar” (1862), “Kulib turuvchi kishi” (1869), “Dengiz zahmatkashlari» (1866), “Toʻqson uchinchi yil” (1874) kabi romanlarning muallifi. Uning “Ernani” (1829), “Ryui Blaz” (1838), “Qirol oʻzini qiziqtiradi” (1832) pyesalari mashhur. U Fransiya uchun buyuk shoir edi va shunday boʻlib qoladi ham. Gyugo koʻplab poetik toʻplamlar, jumladan, “Sharqona motivlar”, “Intiqom”, “Tafakkur”, “Asrlar afsonasi”, “Tushkun yillar” kabilarni nashr qildirgan.

Viktor Gyugo Bezansonda tugʻilgan. Uning otasi duradgorning oʻgʻli boʻlib, Napoleon armiyasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, brigada generali nomiga sazovor boʻlgan. Onasi kemasozlar oilasidan boʻlib, oʻqimishli va ishtiyoqmand ayol, oʻz hayotini bolalarining tarbiyasiga bagʻishlagan, monarxik qarashlarga ega boʻlgan. Gyugoning oilasi harbiy otasi izidan koʻp sayohatlarda boʻlgan. 1811-yilda ular otasi ispan saroyida muhim lavozimni egallagani uchun Madridga koʻchadi. Ispaniyaning tabiati, shaharlarning qiyofasi, milliy urf-odatlari, diniy kollejdagi taʼlim yosh Viktorning tasavvurida hali oʻrta asrlardan chiqmagan mamalakat qiyofasini qoldiradi. Gyugo Ispaniyada qisqa muddat qolgan.

1812-yil Napoleon sulolasining tanazzuli sabab oila zudlik bilan Parijga qaytadi. Viktor va uning aka-ukalari uy taʼlimini oladi. Ular erta yoshlaridanoq grek va lotin tillarini oʻrganadi, XVII va XVIII asr buyuk yozuvchi, faylasuflarining asarlarini oʻqiydi. Viktor otasi xohlagan politexnika maktabiga kirishdan bosh tortadi va oʻzini butunlay adabiyotga bagʻishlashga qaror qiladi. Uning poemasi nafis sanʼatlar akademiyasida eʼtirof etilganida, u 15 yoshda edi. Kelasi yili uning ikki poemasi Tuluza akademiyasida eʼtirof etiladi. 1822-yilda Gyugo oʻzining ilk sheʼriy toʻplamini eʼlon qiladi. 1825-yil, 23 yoshida u Fransiyaning oliy mukofoti — Faxriy legion kavaleri ordeniga sazovor boʻladi.

Viktor Gyugoning ilk asarlari onasining monarxik qarashlari taʼsirida yozilgan. Lekin tez orada u bu qarashlardan voz kechadi va Fransiyaning boshqa ilgʻor kishilari bilan liberal-demokratik va respublikachilar qatoriga qoʻshiladi. 1826-yilda u “Byug Jargal” romanini eʼlon qiladi. Asarda 1791-yilda qora tanli kishilarning fransuz kolonizatorlariga qarshi qoʻzgʻolonini achinish bilan tasvirlaydi. Gyugo romanidagi qora tanlilar yoʻlboshchisi, Byug Jargal kuchsizlarni adolatsizlikdan himoyalovchi va shavqatsizlikka qarshi kurashuvchi, insofli qoʻzgʻolonchi sifatida tasvirlangan. Gyugo fransuz revolyutsion romantizmining asoschisi hisoblanadi. U oʻz adabiy faoliyatining boshidanoq romantizm yoʻnalishidan ketgan va umrining oxirigacha shu yoʻlda ijod qilgan.

1827-yilda Gyugo oʻz atrofida romantizm yoʻnalishidagi shoir va yozuvchilarni yigʻadi. Ular Alfred de Vinyi, Sharl Sent Byov, Aleksandr Dyumaning otasi, Prosper Merime, rassom Ejen Delakrua va bastakor Gektor Berliozlar edi. Yangi romantizm sanʼatining tamoyillarini Gyugo “Kromvel” (1827) dramasining soʻzboshisi va “Uilyam Shekspir” (1864) risolasida bayon qilgan. Uning fikricha, adabiyot qarama-qarshiliklar va rang-baranglikdan iborat, zamonaviy hayotni tasvirlashi kerak boʻlgan. Unda bir paytning oʻzida ezgulik va yovuzlik, goʻzallik va xunuklik, tragediya va komediya, ilohiylik va tubanlik mavjud. Sanʼat namunasining ishonarli chiqishi uchun yozuvchi tasvirlanayotgan xalqning, davlat va zamonning qiziqish hamda anʼanalarini yaxshi oʻrgangan boʻlishi hamda koʻrsatib bera olishi kerak. Yozuvchi oʻsha davrning oʻziga xosligini koʻrsatish uchun hayotning eng yorqin, betakror obraz va hodisalarini tanlab olishi kerak. Gyugo asarlarining qahramonlari jamiyatning quyi tabaqalaridan chiqqan, koʻpincha ezilgan, lekin kuchli, irodali, mehribon xarakterga ega oddiy kishilar hisoblanadi.

1831-yilda “Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi” romani nashr qilingan boʻlib, unda muallif antiklerikal pozitsiyada turadi. Ibodatxona binosining oʻzi ham Gyugo uchun katolitsizmning boʻgʻiq ramzi boʻlib xizmat qilgan. 1846-yilda yozuvchi “Fransiya qalami” deb eʼlon qilinadi va parlament aʼzosiga aylanadi. U oʻlim jazosining bekor qilinishi, maktab taʼlimining cherkovdan ajratilishi, nashr erkinligi uchun ovoz beradi. 1851-yil 2-dekabrdagi davlat toʻntarishidan keyin, u Fransiyani tark etishga majbur boʻladi. Uning sargardonligi 19 yil davom etadi. Avvaliga u Bryusselda, keyin La Manshdagi Jersi va Gernsi orollarida yashaydi. Sargardonlikda Gyugo bir nechta sheʼriy toʻplamlar, “Xoʻrlanganlar” (1862), “Kulib turuvchi kishi” (1869), “Dengiz zahmatkashlari” (1866) romanlarini va imperator Napoleon III’ga qarshi yozilgan mashhur “Kichik Napoleon” pamfletini yozadi.

Fransuz — Prussiya urushi boshlanganda (1870) u Fransiyaga qaytadi va qamal vaqtida Parijda boʻladi. Fransiyaning urushdagi magʻlubiyatidan soʻng u avval Belgiyaga, keyin Gernsi orolidagi mulkiga ketadi. Gyugo Parij kommunasi (1871) gʻoyalarini qabul qilmaydi, lekin kommunarlarning qutqarilishida faol ishtirok etib, Bryusseldagi uyini magʻlubiyatdan keyin qochqinda yurgan kommunarlarga beradi. Yozuvchining bunday ijtimoiy faolligi uning Belgiyadan haydalishiga sabab boʻladi.

Parijga qaytishi bilan Gyugo “Toʻqson uchinchi yil” (1874) romanini va “Asrlar afsonasi”, “Bobo boʻlish sanʼati” sheʼriy toʻplamlarini nashr qildiradi. U umrining oxirigacha ijod bilan shugʻullangandi. Uning soʻnggi sheʼriy toʻplami oʻlimidan keyin nashr qilinadi. Viktor Gyugo 1885-yil may oyida vafot etgan. Uni Parijdagi Panteonga dafn qilishgan.