9
Ulashish
828 marta koʻrilgan
1799–1837
Aleksandr Pushkin
Aleksandr Sergeyevich Pushkin haqida N.V. Gogol “Pushkin haqida bir necha soʻz” nomli maqolasida shunday soʻzlarni yozadi: “Bu yerda hech qanday notiqlik yoʻq, faqat sheʼriyat — hech qanday tashqi yaltiroqlik, hammasi sodda, hammasi odob ila, hammasi oʻzini birdaniga namoyon qilmaydigan ichki ulugʻvorlikka toʻla, hammasi qisqa va loʻnda, chunki sof sheʼr doim shunday boʻladi. Soʻzlar koʻp emas, lekin ular shunchalik aniqki, hamma narsani anglatadi. Har bir soʻzda makon tubsizligi mavjud…, soʻz kam va qisqa, lekin yorqin hayot, hamma uchun makon tubsizligi bor…”
Pushkin sheʼrlarini diqqat bilan oʻqib, har bir soʻzni mulohaza qilgan insongina, bu antiteza (qarama-qarshilik) ni oson tushunadi. Shoir va uning ijodi haqida hamma narsa maʼlum boʻlsa-da, har safar mutolaa qilganda ilgari ilgʻamagan jihat seziladi, bugungi avlod ham oʻz navbatida Pushkinni yangitdan kashf etayotgani sir emas. Rus adabiy tanqidchisi V.G.Belinskiy buning sababini ancha oldin izohlab bergan edi: “Pushkin ijodining, ayniqsa, lirik sheʼriyatining umumiy koloriti (uygʻunlik) insonning ichki goʻzalligi va qalbni asrab-avaylovchi insoniylikdan darak beradi.
Aleksandr Sergeyevich Pushkin Moskvada qadimgi, ammo qashshoq dvoryanlar oilasida tugʻilgan boʻlib, otasi Sergey Lvovich nafaqadagi mayor edi. U vaqti-vaqti bilan oʻz uyida taniqli yozuvchilardan Nikolay Mixaylovich Karamzin, Ivan Ivanovich Dmitriyev va oʻz akasi Vasiliy Lvovich Pushkinni qabul qilib turardi. Shoirning onasi Nadejda Osipovna Ibragim Gannibal (rus harbiy injeneri) ning nabirasi edi. Oʻsha davrning barcha zodagon bolalari singari Pushkin ham uyda tarbiyachi va fransuz oʻqituvchilari tomonidan tahsil olgan, shu sabab shoirning ilk sheʼrlari fransuz tilida yozilgan edi.
1811-yil 19-oktabrda Sarskoselskiy litseyi ochiladi va Pushkin imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, oʻqishga qabul qilinadi. Shu davr mobaynida uning shoirlik isteʼdodi rivojlanib boradi. Deyarli barcha litsey oʻquvchilari sheʼr yozsa ham, ular doim Pushkinning bu borada ustun ekanini tan olgan. 1815-yilda G.R.Derjavin (rus shoiri, davlat arbobi) ishtirok etgan oʻtish imtihonida Pushkin tomonidan oʻqilgan “Sarskoye Selodagi xotiralar” sheʼri “Rus muzeyi” jurnalida nashr etilgan.
Pushkin nomi nafaqat litsey hududida, balki tashqarida ham mashhur boʻlgani tufayli u katta avlod shoirlari V.A.Jukovskiy, K.N.Batyushkov, N.M.Karamain, P.A.Vyazemskiy eʼtiborini tortadi. Shuning uchun hali litsey oʻquvchisi paytidayoq “Arzamas” adabiy jamiyatiga qabul qilinadi. 1817-yil iyun oyida kollej kotibi unvoni bilan u Tashqi ishlar kollegiyasiga xizmat safariga yuboriladi va shoir hayotining Peterburg davri shu tarzda boshlanadi.
Ammo Pushkin xizmatga qiziqish oʻrniga, kuchli ehtiros bilan poytaxt hayotiga shoʻngʻib ketadi: oʻsha davrning yosh, ilgʻor odamlari bilan yaqinlashadi, doimiy tarzda teatrlarga tashrif buyuradi, “Arzamas” yigʻilishlarida qatnashadi va 1819-yildan “Yashil chiroq” adabiy-teatr jamoasiga aʼzo boʻladi. Pushkinning oʻsha davrdagi fuqarolik lirikasi siyosiy erkinlik, krepostnoylikdan ozodlikka intilish bilan sugʻorilgan edi, “Chaadayevga” (1818), “Erkinlik” (1818), “Qishloq” (1819) asarlari bunga yaqqol dalildir. Pushkinning birinchi dostoni “Ruslan va Lyudmila” (1820) nashr etilgandan soʻng noroziliklar kelib chiqadi, chunki unda ertak afsonasi muallif tomonidan biroz istehzoli shaklda tasvirlangan edi. Avvaliga shoir asarda misli koʻrilmagan narsa ustidan kuladi va unga kulgili uydirma sifatida qaraydi, keyin esa muallifning hazilkash kayfiyati asar qahramonining jiddiy mulohazalari bilan almashinadi.
Mazkur siyosiy sheʼrlari uchun Pushkinga Sibirga surgun qilish bilan tahdid qilinadi. Ammo doʻstlari Karamzin, Chaadayev, F.N.Glinka taʼsiri bilan u Peterburgdan Yekaterinoslavga oʻtkaziladi. Shu tarzada shoirning 1820-yildan 1824-yilgacha davom etgan janubiy surgun davri boshlanadi. Kavkaz, Qrim, Kishinyov va Odessada Pushkin Vatan urushi qahramoni general N.N.Rayevskiy; maxfiy jamiyat aʼzolari M.F.Orlov, V.F.Rayevskiy, K.A.Oxotnikov; turklarga qarshi harakatga tayyorlanayotgan knyaz A.Ipsilanti boshchiligidagi yunon eteristlari (yunon milliy ozodlik tashkiloti aʼzolari) kabi mashhur va qiziqarli odamlar bilan uchrashadi. Bularning barchasi yosh shoir hayotini oʻzgacha maʼno va tuygʻular bilan toʻldiradi. Janubda Pushkin tengsiz erkinlik tuygʻusini his qilar, aynan surgun unga bu erkinlikni berganini ham yaxshi tushunardi. Sheʼrlaridan birida u oʻzini “oʻz ixtiyori bilan surgun qilinuvchi” deb ataydi va sheʼriyatining qahramonlari etib surgun qilingan Ovidiy, Karageorgiy, Napoleonni tanlaydi.
Pushkin “Delvig” sheʼrida “Mening yolgʻiz kumirim ozodlikdir” deb yozadi va oʻzining romantik asarlarini shu mavzuga bagʻishlaydi. Birinchi “janubiy doston” — “Kavkaz asiri” shoirga munosib shuhrat keltiradi. Pushkin V.P.Gorchakovga yozgan maktubida mazkur asarida “XIX asr yoshlarining oʻziga xos belgilariga aylangan hayotga befarqlik va har qanday zavq-u shavq, qalbning erta qarishiga berilishi” haqida yozmoqchi boʻlganini xabar qiladi. Koʻp sonli sheʼr va mazkur dostondan tashqari, u “Boqchasaroy fontani”, “Aka-uka qaroqchilar” romantik dostonini ham yozadi, “Mstislav” va “Vadim” dostonlari uchun esa reja tuzadi, “Gavriliada” satirik dostonini yaratadi.
1823-yil iyul oyida “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romanini yozishni boshlaydi. Endilikda janubga surgun Mixaylovskiy bilan almashadi, chunki shoir xizmatdan chetlatilgan va oʻzining Pskov mulkiga yuborilgan edi. U yerda “Kitob sotuvchi bilan shoir suhbati” sheʼrini tugatadi, ushbu sheʼrda ham u erk mavzusini ilgari suradi, faqat bu safar shoir ozodligi mavzusiga urgʻu beradi. Odessada boshlagan “Dengizga” elegiyasi (gʻam-gʻussaga singib ketgan lirik sheʼr) da shoir inson taqdiri, Napoleon va Bayron kabi erkin shaxs ustidan tarixiy sharoitning shafqatsiz kuchi haqida fikr yuritadi.
Pushkin endi oʻz erkin hayoti, dengiz, romantik umidlari bilan xayrlashib, romantizmdan yangi, realistik uslubga oʻtadi, tarixga yuzlanadi va oʻzining birinchi realistik asari “Boris Godunov” (1825) tragediyasini yaratadi. Tragediyada muallif avtokratiya (yakka hokimiyat) va krepostnoylik huquqi, eng muhimi, xalqning ozodlik uchun kurashdagi ishtiroki masalasini koʻtaradi. Bundan tashqari, xalq sheʼriyati mavzulari “Yevgeniy Onegin” ning baʼzi parchalarida (Tatyananing tushi, qizlar qoʻshigʻi) va lirik sheʼri “Qish oqshomi” va “Kuyov” balladasida davom ettiriladi.
Oʻzining birinchi tanqidiy maqolalaridan birida “Janob Lemontening Kolov ertaklari tarjimasiga soʻzboshi” da u rus adabiyoti tarixi haqida oʻz nuqtayi nazarini ifodalab, rivojlanish istiqbollarini milliy va Yevropa anʼanalari uygʻunligida koʻrishini taʼkidlaydi. Pushkin A.Krilovni “haqiqiy xalq shoiri” deb hisoblab, u “xulqimizdagi oʻziga xos xususiyatini” ifoda etgan, “aqlning quvnoq ayyorligi, masxara va oʻzini ifoda etishning goʻzal usuli” ni qoʻllaganini taʼkidlaydi. Pushkin Mixaylovskiyda boʻlgan chogʻida dekabristlar qoʻzgʻoloni, uning magʻlubiyati, unda qatnashganlarning fojiali taqdiri haqida eshitadi. Ular orasida shoirning koʻpgina doʻst, tanishlari bor edi va Pushkin shu ogʻir pallada “Yevgeniy Onegin” romanining beshinchi va oltinchi boblarini hamda “Paygʻambar” sheʼrini yakunlaydi.
1826-yilda Nikolay podshoh Pushkinni Moskvaga chaqiradi va oʻzini Pushkinning senzori (senzurani amalga oshiruvchi shaxs) etib tayinlab, shoirni oddiy senzuradan ozod qiladi. Pushkin oʻz ijodida “shoirlik missiyasi” mavzusini rivojlantirishda davom etib, “Arion”, “Sibir rudalari qaʼrida”, “Port” sheʼrlarida ideallarga sodiqligini taʼkidlaydi. Uning qirol Pyotr I shaxsiyatiga qiziqishi paydo boʻladi va shu tarzda islohotchi podshoh shoirning “Poltava” dostoni va bobosi Gannibal haqida boshlagan romanining qahramoniga aylanadi. 1830-yilda Pushkin ikkinchi marta Natalya Nikolayevna Goncharovaning qoʻlini soʻraydi va bu safar ijobiy javob olishga muvaffaq boʻladi. Otasi toʻyi uchun sovgʻa qilgan Kistenevo qishlogʻining hujjatlarini rasmiylashtirish maqsadida Boldino qishlogʻiga joʻnab ketadi va u yerda taqdir taqozosi bilan 3 oyga qolib ketadi, chunki bu vaqtda xolera tarqalib, karantin joriy etiladi.
Shoir hayotidagi “Boldin kuzi” deb ataluvchi bu davr Pushkin ijodiy yoʻlining eng yuqori nuqtasiga aylanadi. Bu yerda u “Marhum Ivan Petrovich Belkin qissalari”, “Dramatik tadqiqotlar tajribasi” (“Kichik fojialar”) ni yaratadi, “Yevgeniy Onegin” ning soʻnggi boblari, “Kolomnadagi uy” dostoni, “Goryuxin qishlogʻi tarixi”, “Pop va uning xizmatkori Balda haqidagi ertak” hamda bir necha tanqidiy maqolalar va 30 ga yaqin sheʼrlar toʻplamini yozadi.
Pushkin nasrga bir necha bor murojaat qilgan boʻlsa ham, “Belkin qissalari” uning birinchi tugallangan nasriy asari edi. “Belkin qissalari” dagi qahramonlar Pushkinning boshqa qahramonlaridan farqli oʻlaroq, ajoyib xususiyatlarga ega emasdi. Ular hayotdagi oddiy odamlar boʻlgani uchun bu yerda kundalik turmush tarzi birinchi oʻringa chiqadi. “Kichik fojialar” da hayotning butunlay boshqacha koʻlami tasvirlanadi, u yerda qahramonlar gʻayrioddiy xarakterga ega boʻlib, ehtiroslarga berilish natijasida telbalik yoqasiga kelib qoladi. “Elegiya” da esa Pushkin insonning kundalik va oliy taqdirini oʻzaro bogʻlaydi. Va nihoyat 1831-yilda shoir Moskvada Goncharovaga uylanadi, keyin esa ular Peterburgga koʻchib oʻtadi. U yerda Pushkin “Oneginning maktubi” ni yozadi va shu bilan oʻzining asosiy 8 yillik ishini yakunlaydi. 1830-yilga kelib Pushkin endilikda tobora koʻproq nasrga murojaat qilib, “Dubrovskiy” romani, “Pikovaya dama” qissasi, “Kapitan qizi” tarixiy romanini yozadi.
Bu asarlardan tashqari, “Mis chavandoz” dostoni, “Baliqchi va baliq haqida ertak”, “Oʻlik malika va 7 bahodir haqida ertak”, “Kuz” sheʼrini yozadi. Ammo oilaviy hayot baxti moddiy yetishmovchilik oqibatida darz ketadi. Oila oʻsib borar, saroy hayoti katta xarajat talab qilardi, qirol va saroy ahli bilan munosabatlar ham tahsinga sazovor emas edi va bu sheʼriyatga taʼsir etib, endi boshqa motivlarda kuylanadi: “erkinlik” va “baxt” soʻzlarida yangi maʼno paydo boʻladi.
Bu paytda shoir va yuqori jamiyat oʻrtasidagi ziddiyat allaqachon avj olib ulgurgan edi. “Taxt oldida turgan ochkoʻz olomon” xorijlik Dantesning qoʻli orqali isyonkor shoirdan qutulmoqchi boʻladi va 1837-yil 27-yanvarda duel boʻlib oʻtadi. Oʻzi va rafiqasining shaʼnini himoya qilgan shoir qattiq yaralanadi va 2 kun oʻtgach vafot etadi. Vafot etgan shoirdan qoʻrqib, podshoh uning jasadini yashirincha Pskov viloyatiga olib borishni buyuradi va u yerda Svyatogorsk monastiriga dafn qilinadi.
Muqova suratlar: wikipedia.org / tuttartpitturasculturapoesiamusica.com