
7
Ulashish
70 marta koʻrilgan
1809–1852
Nikolay Gogol
Nikolay Vasilyevich Gogol oddiy dehqon oilasida tugʻilgan. Uning otasi V. A. Gogol Yanovskiy ukrain tilida pyesalar yozib turgan, onasi esa oʻgʻlining adabiyotga qiziqishini – sheʼrlar yozib turishini qoʻllagan.
Nejin gimnaziyasida oʻqish davomida (1821–1828) Gogol adabiyot, tasviriy sanʼat va aktyorlikka qiziqqan. Gimnaziyani tugatgach, Peterburgga joʻnab ketgan. Avvaliga u yerda hukm surayotgan laganbardorlik, maydagaplik va manfaatparastlikdan hafsalasi pir boʻlgan. Bir yildan soʻng u Ichki ishlar vazirligiga ishga kirishga muvaffaq boʻladi. Bu paytda u oʻz qissalarini nashr qildira boshlagandi, ular keyinchalik “Dikanka qishlogʻi oqshomlari” (1831–1832) toʻplamiga kiritilgan.
Peterburgda Gogol Vasiliy Jukovskiy va Pyotr Pletnyev bilan tanishadi. Adabiyot kechalaridan birida Aleksandr Sergeyevich Pushkin bilan tanishish doʻstlikka aylanadi. Gogol oʻzini buyuk shoirning shogirdi va izdoshi deb bilgan. “Dikanka qishlogʻi oqshomlari” ning nashr qilinishi Gogolga Rossiya adabiyotida mashhurlikni olib keladi. Keyinchalik adabiyotshunos olim Vissarion Grigoryevich Belinskiy: “Yevropa yoki rus adabiyotida shu yosh yigitning ijod mahsuliga oʻxshash yoki shunday yozish fikriga undaydigan nimanidir topib ko‘ring. Bu sanʼatning mutlaqo yangi nafasi emasmi?”, — deb yozgan edi. Gogolning kashfiyoti u tabiatga yaqin insonlar hayotidagi poeziyani koʻrsatib berolganida edi. Pushkin “Oqshomlar”dagi koʻp maʼnoli ifodaviylikni “aqlning quvnoq makkorligi” deb eʼtirof etgan edi. Belinskiy b u haqida Pushkinning Gogolga asosiy taʼsiri ayni oʻsha xaqlchillikda, Gogolni oʻzi aytganidek libosini emas, xaqlning ruhiyatini tasvirlashda edi degan fikrlarni keltiradi. “Oqshomlar” ning yozilish va nashr qilinish vaqti, uning kitobxonlar orasida muhokama qilingan paytlari — yozuvchining baxtli onlari boʻlgan. Unda keyinchalik amalga oshirilgan goʻyalar tugʻilgan. 1835-yilda “Arabeskalar” hamda “Mirgorod” qissalar toʻplamlarida “eski madaniyat dehqonlari” kitobxonlarga ukrain xalqining hayotini ochib beradi. Peterburg hayotidan qissalarda esa katta shaharning hayoti va qiziqishlari tasvirlanadi. Xaqlning qahramona tarixi haqida yigʻilgan material “Taras Bulba” qissasida yoritiladi.
1835-yil kuzida Gogol “Revizor” ustida ishlashni boshlaydi. Yilning oxiriga kelib, komediyaning birinchi tahriri yakunlangan edi, “Revizor” ustida ishlash sakkiz yil vaqtni olgandi (soʻnggi, oltinchi tahrir 1842-yilda nashr qilindi). Muallifning oʻzi komediyani shunday izohlaydi: “…komediya oʻz-oʻzidan bitta, katta umumiy tugunga ega boʻlishi kerak. Bu tugun barcha qahramonlarni, eng kamida barcha ishtirokchilarni oʻylantirayotgan masalani qamrab olishi kerak. Bunda turli xil qahramon bor. Pyesaning ‘borishi’, ‘yurishi’ butun mashinani larzaga soladi…” “Revizor” “ruscha xarakter” bilan yoʻgʻrilgan komediya edi. Unda yolgʻonchilar hajv qilinadi, feodal dehqonchilik tuzumining kamchiliklari ochib beriladi. Gogol amaldorlar orasidagi poraxoʻrlik, gʻaznani oʻmarish va tovlamachilikni yorqin, ishonarli qilib ochib beradi. Komediyaning premyerasi ulkan ommaviy rezonansga sabab boʻladi. Salbiy munosabat ijobiysidan ustunlik qilishni boshlaydi va Gogol bu munosabatni ogʻir oʻtkazadi.
1836-yil yozida muallif chet elga ketadi. U Italiya, Fransiyada yashaydi, koʻplab rus kishilari bilan muloqotda boʻladi. Ayni shu vaqtda u “Oʻlik jonlar” poemasi ustida ishlashni boshlaydi. 1839-yilda Moskvaga qaytganida, poemaning birinchi jildidagi boblarni uni ajoyib baholagan doʻstlariga oʻqib beradi. Poemaning asosini “mamlakatning egasi”, “dehqonlar hisobiga yashovchi” yer egalarining obrazlari tashkil qiladi. “Oʻlik jonlar”da butun rus xalqi oʻzining ezguligi va yovuzligi bilan namoyon boʻlgan. 1842-yilda poema alohida kitob shaklida nashr qilinadi va kitobxon hamda tanqidchilarning ijobiy bahosiga sazovor boʻladi. Gogol Italiyaga qaytib, asarning ikkinchi jildi ustida ishlashni boshlaydi. 1845-yilda ruhiy ogʻriqlar xuruji vaqtida muallif ikkinchi jildni yoqib yuboradi, ammo keyin uni qayta tiklaydi.
1847-yilda nashr qilingan “Doʻstlar bilan yozishmalardan tanlangan parchalar” da Gogol nima uchun hanuz poemaning ikkinchi jildi chiqmaganini, oʻzining eʼtiqodiy holatini izohlab oʻtadi. Bu keskin tanqidga sabab boʻladi. Gogol V.G. Belinskiyning tanqididan ogʻir zarba oladi. Bir yildan keyin, 1848-yilda yozuvchi Rossiyaga butunlay qaytadi. Yana bir yildan keyin u doʻstlarini “Oʻlik jonlar”ning ikkinchi jildi bilan tanishtiradi. Yozilganlarning yaxshi kutib olingani asarni tugallashga ilhomlantiradi. 1852-yilda Gogol ikkinchi jildni yakunlaydi, ammo kasallikning navbatdagi xurujida uni yana yoqib yuboradi. Yozuvchi qoʻlyozmani qayta tiklay olmaydi. Kasallik oqibatida, 1852-yil 21-fevralda u vafot etadi. “Mendan keyin qolgan nomim oʻzimdan baxtliroq boʻladi”, — degan edi Gogol. U chindan ham haq boʻlib chiqdi.
Muqova suratlar: kommersant.ru / wikipedia.org
























































































































































































































































































































