Orqaga

816 marta koʻrilgan

1672–1725

Buyuk Pyotr I

Rus podshosi Pyotr 1672-yil 30-mayda tug‘ilgan. Ushbu kun butun Moskva bo‘ylab minnatdorchilik marosimlar bo‘lib o‘tgan, to‘plardan o‘q uzilgan, podshoh Aleksey Mixaylovich Romanov baxtiyorligidan davlat qarzlaridan kechib yuborgan, yaqinlariga sovg‘a ulashgan va jinoyatchilarning og‘ir hukmlarini bekor qilgan kun edi. Uzoq-yaqindan odamlar sovg‘alar bilan qirol saroyiga tashrif buyura boshlagan. Xalq orasida “Eng jim” laqabini olgan podshoh Aleksey Mixaylovichning kenja o‘g‘lidan umidi katta bo‘ldi. Pyotrning onasi shohning ikkinchi rafiqasi Natalya Kirillovna Narishkina edi. Birinchi rafiqasi Mariya Miloslavskayadan esa bu vaqtda ikki o‘g‘il – Fyodor va Ivan hamda qizi Sofya bor edi. O‘g‘illaridan biri kasal, ikkinchisi esa aqli zaif bo‘lgani tufayli shohning barcha umidi Pyotrdan edi. Uning munosib merosxo‘r bo‘lishini kutayotgan edi.

Podshoh yosh bo‘lgani uchun uzoq umr ko‘rishni niyat qilardi. Biroq 1676-yilda to‘satdan vafot etishi hamma uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi. Pyotr hali juda yosh bo‘lgani uchun taxtga akasi Fyodor o‘tiradi, lekin 1782-yilda u ham vafot etadi. Mamlakatni boshqara boshlagan Malika Sofya talabi bilan Pyotr 10 yoshida aqli zaif akasi Ivan bilan taxtni bo‘lishib, shohlik mavqeyini egallaydi. Shuning uchun qirolicha Natalya o‘g‘li bilan Moskva yaqinidagi Preobrajenskoye qishlog‘iga jo‘nab ketishga majbur bo‘ladi. Pyotr bolaligidan jangari o‘yinlarga qiziqib o‘sadi. Preobrajenskoye qishlog‘ida o‘z tengdoshlaridan ikkita “ajoyib” batalyon tuzadi. Bu kelajakda haqiqatan ham Pyotr gvardiyasining asosi – Semenovskiy va Preobrajenskiy harbiy qismlariga aylanadi. Ularga chet ellik ofitserlar mashg‘ulot o‘tadi va Pyotr barabanchilikdan tortib askarlikning barcha darajalarini bosib o‘tadi.

Shoh katta qiziqish bilan gollandiyalik ustozi Timmerman (1644–1702) taʼlim bergan arifmetika, geometriya va harbiy ilmni o‘zlashtiradi. O‘sha paytlar Izmaylovo qishlog‘idagi omborlardan birida Pyotr ingliz kichik yelkanli kemasini topib oladi. Bu kema keyinchalik rus flotining boshi bo‘lib, yosh podshohda dengizda suzish ishtiyoqini uyg‘otadi. Gollandiyalik kemasoz usta Brant rahbarligida Pyotr o‘z qayig‘ida avval Yauza daryosi bo‘ylab, so‘ngra Pereyaslavl ko‘li bo‘ylab suzadi. U yerda kema qurish uchun birinchi kemasozlik verfi (kema qurish va taʼmirlash joyi)ga asos soladi. Bir necha yil o‘tgach, Arxangelskda yana bir kemasozlik verfi quriladi.

Malika Sofya Pyotrning harbiy mashg‘ulotlarini ahmoqona ish deb hisoblardi. Qirollik ishlariga aralashmaganidan esa mamnun edi. Onasi anchagacha o‘g‘lining ermagiga eʼtibor qilmaydi, biroq keyinroq shohga munosib hayot kechirish vaqti keldi deb, kelin izlashga qaror qiladi. Pyotr onasini juda yaxshi ko‘rardi. Eng yaqin kishisi bo‘lgani uchun onasiga qarshilik ko‘rsatmaydi. 1689-yilda Pyotr Moskva boyari (feodal jamiyatning yuqori sinfi) ning qizi Yevdokiya Lopuxinaga uylanadi. Rus odatiga ko‘ra endi u voyaga yetgan hisoblanar va mustaqil boshqaruvga daʼvo qilish huquqiga ega edi. Ammo malika Sofya hokimiyatni topshirishni istamagani uchun Pyotrga qarshi kamonchilarni jo‘natadi.

Pyotr bu haqda kechasi xabar topadi va tungi kiyimda otiga minib yaqin atrofdagi o‘rmonga, u yerdan esa Troitse-Sergiyeva lavrasi (monastiri) tomon yo‘l oladi. Tarixchilarning fikriga ko‘ra, Pyotr bolaligida otasining o‘limidan so‘ng ko‘z o‘ngida kamonchilar amakisini nayzaga sanchib, boshqa qarindoshlarini shafqatsizlarcha o‘ldirganini eslab, ilk marta o‘z hayoti uchun xavotirga tushgan. O‘sha paytdan boshlab uning asablari taranglashib, tutqanog‘i kuchaygan. Ammo Pyotr tez orada o‘zini o‘nglab oladi va qo‘zg‘olonni shafqatsizlarcha bostiradi. Malika Sofyaning tarafdorlari qatl qilinadi, qolganlari esa abadiy og‘ir majburiy mehnatga jo‘natiladi, o‘zi esa Novodevichiy monastiriga surgun qilinadi. Pyotrning hukmronligi ana shu tarzda boshlanadi.

1695-yil Rossiya Qora dengizga kirish uchun Turkiya bilan urush boshlaydi, biroq armiya tarkibida flot yo‘qligi sababli ruslar mag‘lubiyatga uchraydi. Shuning uchun ham Pyotr Voronej shahri yaqinida kema qurishni takomillashtira boshlaydi. Qisqa vaqt ichida 36 qurolli “Apostol Pyotr” kemasi boshchiligida turli xil kemalardan iborat flotiliya quriladi. 1696-yil iyun oyida flot Azov dengiziga chiqariladi va u to‘sib qo‘yiladi. Shu tariqa Rossiya janubiy dengizlarga yo‘l ochadi. Akasi Ivan 1696-yil vafot etgach, Pyotr Rossiyaning yagona podshosiga aylandi va nihoyat Unga G‘arbiy Yevropaga tashrif buyurish nasib qiladi. U o‘zini qiziqtirgan barcha narsalarni yaxshilab o‘rganib chiqishni va Rossiya uchun to‘g‘ri keladiganini yurtida tatbiq etishni xohladi. Ammo Pyotr podshoh bo‘lgani uchun ham unga istalgan narsani ko‘rsatishgani bilan chuqurroq o‘rganishga yo‘l qo‘yishmasligini bilardi. Shuning uchun u elchixona tarkibida Pyotr Mixaylov soxta nomi bilan ketadi.

Dastavval Germaniyaga boradi, keyin esa kemasozlik va sanoat texnologiyasi rivojlangan Gollandiyaga borishga qattiq intiladi. Pyotr oʻzining bir necha hamrohlari bilan elchixonasini tark etib, Reyn boʻylab suzib ketadi va Amsterdamda toʻxtamasdan Saardam (hozirda Zandam – Niderlandiyadagi shahar)ga oʻtib ketadi, u yerda kemasozlik zavodiga oddiy duradgor boʻlib ishga kiradi. Bu yerda u vaqti-vaqti bilan fabrika, zavod, arra tegirmonlarini kuzatib yurib, bo‘sh vaqtida esa ishchilar bilan pivoxo‘rlik qiladi. Saardam aholisi ko‘p o‘tmay ular orasida rus podshosi yashayotganini bilib qoladi va uni ko‘rishga qiziquvchi odamlar soni ko‘payib ketadi. Olomon uning uyi oldida to‘planadi va burgomistr (Yevropada maʼmuriyat rahbari) hatto qo‘riqchi qo‘yishga majbur bo‘ladi, lekin bu ham yordam bermaydi. Bir kuni Pyotr taʼqiblardan charchab hatto tomoshabinlardan biriga tarsaki tushirib yuboradi. Shundan keyin gollandlar tarsaki yeganga hazillashib, uni “ritsar” deb atay boshlaydi.

Pyotr noiloj Saardamni tark etishga majbur bo‘ladi va Amsterdamga joylashib, 4 oy davomida Ost-Indiya verfida oddiy ishchi bo‘lib ishlaydi. U yerda rus hamrohlarini birga ishlashga majbur qilib, o‘z qo‘li bilan fregat (uch ustunli harbiy yelkanli kema) quradi. Gollandiyada kemasozlik bo‘yicha yetarli bilimni egallagach, endilikda uni mustahkamlash uchun Angliyaga jo‘nab ketadi. Angliyada quyma zavodi va arsenal (qurol va harbiy texnika ishlab chiqaruvchi korxona)ga tashrif buyuradi, kasalxona, zarbxonani Rossiyada qo‘llash uchun ko‘zdan kechiradi. Matematika bilan shug‘ullanadi, parlament va Oksford universiteti va boshqa turli ustaxonalarni kezib chiqadi. Pyotr shunchalik qiziquvchan ediki, keyinchalik inglizlarning aytishicha, u tanishib chiqmagan va qanday qilinishini o‘rganmagan sanʼat yoki hunarmandchilik turi qolmagan edi. Vaqtdan unumli foydalangan Pyotr safari davomida Rossiyada ishlash uchun hunarmandlarni ham yollay boshlagan.

Pyotr Yevropada 15 oy davomida ko‘p narsani ko‘rib va o‘rganib chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Sayohat uning uchun haqiqiy hayot maktabi bo‘lib, Rossiyaga qaytgach, qayta qurishni boshlab yuboradi. Ko‘pgina tarixchilarning yozishicha, Pyotr yurtiga kelgach, ertasi kuniyoq o‘z qo‘li bilan yaqin boyarlarining soqollarini qirgan va ularga yevropacha kiyinishni buyurgan. Bu qilig‘i bilan u xalqini tezroq Yevropa madaniyati bilan tanishtirishga harakat qilgan. Shu bilan birga, Pyotr hukumatda ham jiddiy o‘zgarishlarni boshlab yuboradi. Mamlakat maʼrifatsiz qolsa, odamlar uzoq vaqtgacha qoloq bo‘lib qolishini anglab yetgan Pyotr dunyoviy taʼlim beruvchi maktablar ochadi. Ularda fuqarolik alifbosi bo‘yicha bolalarning savodi chiqariladi. O‘z navbatida, Gollandiyada rus bosmaxonasi ochilib, kitob, geografik xarita va chizmalar chop etila boshlaydi. Moskvada sanoat va dengiz ishlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlab beruvchi matematika va navigatsiya maktabi ochiladi.

1703-yilda birinchi rus gazetasi “Vedomosti”ning nashr etilishi rus davriy matbuoti shakllanishiga asos bo‘ladi. Biroq podshoh Angliya va Gollandiya bilan Turkiyaga qarshi harbiy ittifoq tuzish borasida hech kelisha olmaydi. Shuning uchun 1700-yilda Turkiya bilan sulh tuzib, Polsha va Daniya bilan ittifoqlikda Shvetsiyaga qarshi urush boshlaydi. 18 yoshli Shvetsiya qiroli Charlz XII Pyotrning raqibiga aylanadi va ular 1700-yilning noyabr oyida birinchi marta Narva (Estoniya shahri) yaqinida uchrashadi. Bu jangda Rossiyada hali kuchli armiya bo‘lmagani uchun Karl XII qo‘shinlari g‘alaba qozonadi. Pyotr I mag‘lubiyatdan jiddiy saboq oladi va rus qurolli kuchlarini kuchaytirishga astoydil kirishadi. Saʼy-harakatlari tez orada o‘z samarasini berib, 1702-yilda Neva bo‘ylab Finlandiya ko‘rfazigacha bo‘lgan barcha yerlar shved qo‘shinlaridan tozalanadi. Biroq Shimoliy urush deb nom olgan mazkur jarayon hali ham davom etardi va 1709-yilda Poltava (Ukraina) shahri yaqinida hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tadi.

Pyotr I Poltava jangida, 1709-yil / wikipedia.org

Pyotrning o‘zi Shvetsiya qiroli Charlz XII kabi o‘z qo‘shinlarini boshqarib, hamma bilan baravar jangda qatnashadi. Oyog‘idan yaralanganiga qaramay podshoh jang maydoni bo‘ylab tebranadigan stulda olib yurilgan. O‘q doim Pyotrni chetlab o‘tgan: bir safar shlyapasiga tegsa, ikkinchisida egarni teshgan, hatto ko‘kragida osilgan oltin xochga tegib, shohning hayoti omon qolgan. U jang maydonida ot minib, askarlarni rag‘batlantirib, ruhlantirib turgan. Shunda u o‘zining o‘sha mashhur so‘zlarini aytgan: “Siz Pyotr uchun emas, balki Pyotrga ishonib topshirilgan davlat uchun kurashyapsiz va Pyotr haqida bilingki, unga o‘z hayoti aziz emas. Rossiya, uning shon-shuhrati va farovonligi yashasa bas!” Shu tariqa Pyotr I o‘z qo‘shini bilan Poltava jangida g‘alaba qozonadi.

Tarixchilarning taʼkidlashicha, oʻsha kuniyoq qirol jang maydonida katta ziyofat uyushtiradi, unga asirga olingan shved generallarini taklif qiladi va ularga qilichlarini qaytarib: “Men sizlar – urush sanʼatidagi ustozlarim sogʻligʻi uchun ichaman”, – deydi. Poltava jangi Rossiyaning kuchli davlat sifatida tan olinishi uchun katta ahamiyatga ega edi. Gʻalaba tufayli Rossiyaning Boltiq dengiziga chiqish imkoniyati abadiy mustahkamlangan. Shu paytgacha Rossiyani mensimagan Yevropa davlatlari endilikda u bilan hisoblashib, teng huquqli munosabatda boʻlishga majbur boʻlgan.

Pyotr I Boltiq dengizidagi mavqeyini mustahkamlab, 1703-yilda Neva boʻyida shaharga asos soladi va unga Sankt-Peterburg nomini beradi. Aynan shu yerda birinchi boʻlib 6 bastionli (6 qirrali istehkom) Petropavlovsk qalʼasi quriladi va Pyotr oʻzining eng yaqin sherigi A.Menshikovni Peterburg gubernatori etib tayinlaydi. Xuddi shu yili bu yerga birinchi Gollandiya savdo kemasi suzib keladi. Pyotr Iʼning Sankt-Peterburgga asos solishi tom maʼnoda “Yevropaga yoʻl ochgan”, podshohning bu muhim ishi tarixda shunday majoziy taʼrif olgan. Biroq faqatgina 1721-yilga kelib Nishtadt shartnomasi Shimoliy urushni tugatadi. Ushbu gʻalaba uchun Pyotr I “Vatan otasi, Butun Rossiya imperatori, Buyuk Pyotr” unvonini oladi.

1725-yilda Pyotr I kemani ishga tushirish paytida shamollab, kasal boʻlib qoladi. U sanoqli kunlari qolganini tushunib, oxirgi buyruqni yozish uchun qogʻoz soʻraydi va faqat ikki soʻz: Hammasini bering, deb yozib, oʻz merosxoʻri haqida vasiyat qoldirishga ulgurmay vafot etadi. Pyotr I Rossiya uchun keng koʻlamda ish qilgan buyuk podshoh hisoblanadi. Hukmronlik davrida sanoat rivojlana boshlagan, savdo koʻlami kengaygan, maktab va gimnaziyalar ochilgan. Mamlakatda ilk marta Fanlar akademiyasi va doimiy teatr yoʻlga qoʻyilgan, fuqarolik alifbosi tuzilgan, yangi taqvim qabul qilingan. Butun Rossiya boʻylab yangi shaharlar qurila boshlagan, eski shaharlardagi koʻchalar asfaltlanib, yoritish tizimiga ega boʻlgan. Biroq Pyotr abadiy rus jaholatini yoʻq qilishga urinib, oʻzining keskin feʼl-atvori tufayli shafqatsizlik va qon toʻkishgacha ham borgan. “Men buni yaxshi deb oʻylaganim uchun ham xohlayman va men istagan narsa, albatta, boʻlishi kerak!” Bu uning uchun hamma narsadan ustun boʻlgan Rossiyaning shon-shuhratiga qaratilgan faoliyatining shiori edi.

 

Bu ham qiziq: Platon



Muqova suratlar: wikimedia.org / wikimedia.org