Orqaga

928 marta koʻrilgan

m. a. 427–347

Platon

Demokrit bilan bahslasha turib, uning nomi abadiylashmasligi uchun uni hech qachon ismi bilan atamagan inson edi Platon. Shunga qaramay, har ikkala faylasuf dunyo madaniyati tarixidan abadiy oʻrin oldi. Platon qadimgi yunon faylasufi — Suqrotning eng mashhur shogirdlaridan edi. U nufuzli Afina urugʻiga mansub boʻlib, otasining ajdodlari soʻnggi Afina qiroli — Kodrga, onasining nasl-nasabi mashhur yunon qonunshunosi — Solonga borib taqalardi.

Suqrot sud hukmi bilan oʻlimga mahkum etiladi. Platon uning oʻlimidan qattiq iztirob chekadi va ustozi bergan barcha bilimni tarixga muhrlashga qaror qiladi. Shu sabab uning ilk risolasi “Suqrotga apologiya” deb nomlanadi. Unda Platon Suqrotning taʼlimotini oʻz tilidan hikoya qiladi. Ustozining oʻlimidan soʻng u Afinani tark etishga majbur boʻladi va Yunonistonning bir qancha shaharlariga sayohat qilgach, Misrga yoʻl oladi. Misrning davlat boshqaruvi tizimi bilan tanishgach, u har bir kishi kelib chiqishiga koʻra belgilangan vazifasi bilan shugʻullanadigan, shaxsiy davlat konsepsiyasini tuzadi.

Platon Misrdan keyin Sitsiliyaga yoʻl oladi. Eley shahrida u mashhur faylasuf Parmenidga shogird tushadi, yana bir Sitsiliya shahri Tarenteda esa Pifagor bilan tanishadi. Platon har bir faylasufdan oʻzining qarashlariga yaqin narsalarnigina oladi. Faylasuf oʻz tasavvurida “gʻoyalar saltanati” ni yaratib boradi. ʻʻFaqatgina shu ʻqirollikʼ da haqiqat va adolat mavjud boʻlib, biz koʻrib, yashab turgan olam oʻsha bizga koʻrinmaydigan olamning xira aksi xolosʼʼ, — deydi. Afinaga qaytgan Platon oʻz falsafa maktabiga asos soladi. U ham Suqrot kabi vaqtini shogirdlari bilan suhbat qurib oʻtkazadi. Lekin ular shahar koʻchalarida emas, balki Akadem mifologik qahramonining haykali oldidagi sersoya bogʻda uchrashadi.

“Afina maktabi” da Platon (chapda) va Aristotel (o’ngda) / wikipedia.org

Aynan shu yerdan ilmiy faoliyat yuzasidan yigʻilgan insonlarni anglatuvchi “akademiya” soʻzi paydo boʻladi. Platon akademiyasida 4 ta asosiy fan: matematika, astronomiya, musiqa va dialektika oʻrgatilgan. Platon fikricha, qolgan barcha fanlar, masalan, tibbiyot yoki mexanika faqat hunarmandlarga kerak boʻlgan. Afinada u oʻzining dialog shaklida yozilgan asosiy risolasini yaratadi. Platondan boshlab dialog falsafiy risolaning asosiy shakliga aylanadi. Bu asarida u turli muammolar — dunyoning tuzilishi, bilimning ahamiyati, yunon afsonalarini muhokama qiladi.

Platon sekin-asta butun dunyo yagona yaratuvchi Alloh tomonidan yaratilgan degan xulosaga keladi. Koʻp yillardan soʻng xristianlik paydo boʻlgach, uning bu gʻoyasi rivojlanib ketadi. Oʻz davrida Platonga butunlay befarq qarashadi, chunki u oʻsha davrga xos tafakkurdan ancha ilgarilab ketgan edi. Platon oʻz oʻlimidan soʻng tashkil qilingan falsafiy maktablarga katta taʼsir oʻtkazadi. Bu maktablar Platonning dunyo tuzilishi va mantiqiy zanjir tuzish qobiliyati haqidagi konsepsiyalarini oladi.

Platonning 20 ta asari ichida eng mashhuri “Respublika” risolasi boʻlib, hozirgacha boʻlajak sotsiolog va faylasuflar shu risola asosida oʻqitiladi. Platon butun umri davomida tabiatdan boshqa hech narsa mavjud emasligi va Platon aytayotgan qabrorti dunyosi ertakdan boshqa narsa emasligini taʼkidlagan yunon faylasufi Demokrit taʼlimotiga qarshi kurashadi. Zamondoshlaridan biri Platon hammayoqdan Demokrit kitoblarini izlab, sotib olib, keyin ularni yoqib yuborgani haqida xabar bergan.



Muqova surat: wikipedia.org