3
Ulashish
834 marta koʻrilgan
1802–1870
Aleksandr Dyuma
Dyuma nomidek dunyoga mashhur ismlar kam boʻlsa kerak. Uning kitoblari chop etilishi bilan dunyoning turli davlatlarida oʻqilar va hozirgacha ham asarlari sevib mutolaa qilinadi.
Buyuk fransuz yozuvchisi — Viktor Gyugo oʻzining mashhur zamondoshi haqida: “Bizning davrimizda hech kim Aleksandr Dyumadek mashhur boʻlmagan edi, uning muvaffaqiyati shunchaki muvaffaqiyat emas, haqiqiy triumf”, — degan edi. Uning shon-shuhrati fanfara cholgʻu asbobining jarangdor tovushi singari yangrardi.
Aleksandr Dyuma — nafaqat fransuzcha, balki yevropacha, bundan tashqari, dunyoviy ism ham. Bu soʻzlarda hech qanday boʻrttirish, nosamimiylik yoki tasdiqlanmagan maʼlumot yoʻq. “Uch mushketyor” ning boʻlajak muallifi boʻlgan Aleksandr Dyuma kichik Viller-Kotre shaharchasi, Lormela koʻchasi, general Tom Dyuma va traktorchining qizi Mari Labura oilasida tugʻilgan.
Boʻlajak yozuvchining ota tomondan bobosi — sobiq general va artilleriyaning bosh komissari, normandiyalik dvoryanlar naslining davomchisi hamda qirol tomonidan berilgan markiz unvoni sohibi. 1760-yilda u baxtini sinash maqsadida San-Domingo shahriga yoʻl oladi va u yerda 1762-yil 27-martda qora tanli qul ayoldan oʻgʻil koʻrib, choʻqintirish vaqtida uni Tom Aleksandr deb ataydi.
1780-yilda markiz Parijga qaytadi. U oʻgʻlini unchalik erkin qoʻymas va anchayin ziqna odam edi. U 79 yoshida oʻz xizmatchisiga uylanadi. Oʻshanda bu voqealardan toʻyib ketgan oʻgʻli qirollik gvardiyasiga Dyuma familiyasi bilan oddiy askar boʻlib yollanadi. Revolyutsiya yillarida u karyerasini oʻstirib, 1792-yilda podpolkovnik lavozimini egallaydi. Bir oy oʻtgach esa Mari Luiza Labur ismli jiddiy va mehribon qizga uylanadi.
1793-yilda boʻlajak yozuvchining otasi diviziya (turli qoʻshin turlaridan tarkib topgan harbiy qoʻshilma) generalligiga oʻtadi. Armiyadagi xizmat uni u yoqdan bu yoqqa sudrardi, oqibatda u Bonapartning italyan armiyasiga kelib qoladi. Italiyadan keyin Dyuma Bonapartni Misr sayohatigacha kuzatib borgan edi. Keyinchalik imperator ruxsati bilan general muddatidan avval Misrni tark etadi.
Vataniga qaytgach, u Neapol qirolligining qamoqxonasiga tushib qoladi va 1801-yilga kelib, yarashuv munosabati bilan avstriyalik general Makga almashtiriladi. U qamoqdan yarador, yarim falaj va oshqozon yarasini orttirgan holda chiqadi. Qamoq atletni majruhga aylantirdi, shu sababdan armiyada xizmatni davom ettirish haqida gap-soʻz boʻlishi mumkin emasdi. Shu davrda Dyuma oilasida oʻgʻil farzand — Aleksandr tugʻiladi.
Boʻlajak yozuvchining bolaligi moddiy yetishmovchilikda oʻtgan. Oilaning ahvoli uning yoshlik yillarida ham yaxshilanmagan edi. Otasining oʻlimidan soʻng unga hatto kichik meros ham qolmaydi. Ota-ona yosh Aleksandr uchun litsey yoki harbiy maktabdan stipendiya olishga ham muvaffaq boʻla olmagan. Onasi va opasi unga oʻqish va yozishni oʻrgatadi, ammo arifmetikaga kelganda Dyuma koʻpaytirishdan nariga oʻta olmaydi.
Shunga qaramay, u bolaligidan haqiqiy harbiy xattotlarga xos aniq, tartibli, bezakka boy husnixatni shakllantirdi va bu keyinchalik unga tirikchilik qilishiga yordam berdi. Onasi unga musiqani oʻrgatishga harakat qiladi, ammo u kuyni his qilish qobiliyatidan butunlay mahrum edi. Shunga qaramasdan, Aleksandr raqsga tushish, qilichbozlik, koʻp oʻtmay esa oʻq otishni oʻrganadi.
Aleksandr abbat Greguar nomidagi mahalliy kollejda tahsil olgandi. U kollejda unchalik koʻp narsani oʻrganmadi: lotin tilini boshlangʻich darajada, shuningdek, grammatika asoslarini oʻzlashtirdi, husnixatini yanada rivojlantirdi. U koʻproq ov qilishni yoqtirar va oʻrmonda kun boʻyi vaqt oʻtkazardi. Lekin u faqatgina ov bilan kun koʻrolmasdi. Shu sabab boshqa ish topish vaqti kelgandi. Tez orada Aleksandr notariusda klerk (ofisda turli vazifani bajaruvchi shaxs) boʻlib ishga kiradi.
Parijga boʻlgan qisqa muddatli safarda u Talma ismli buyuk aktyor bilan tanishib qoladi. Dyuma oʻshanda faqatgina Parijda karyera qila olishim mumkin, degan qarorga keladi. U Parijga koʻchib kelib, Orlean gersogi kanselyariya (devonxona) siga ishga kiradi. Yangi hayot unga yangi imkoniyatlarga yoʻl ochib beradi. Eng avvalo u taʼlim olishi kerakligini anglab yetadi. Barcha tanishlari Dyumaning ziyrak aqlini eʼtirof etayotgan boʻlsa-da, ilm-maʼrifatdan yiroqligini bilgach hayratga tushayotganini sezib ulgurgandi. Xizmat Dyuma uchun faqat mavjudlik manbai edi xolos.
Yosh yigit asosiy eʼtiborini adabiyot bilan shugʻullanish, mashhur yozuvchi va dramaturglar bilan muloqotda boʻlishga sarflay boshladi. 1829-yilda Dyuma “Genrix III va uning saroyi” tarixiy dramasini yozadi. Bu ilk fransuz romantik dramalaridan biri edi. Drama muvaffaqiyati misli koʻrilmagan darajada boʻldi. Pyesa 38 marta taqdim qilinib, yaxshi daromad keltirgan. Toʻgʻri, biroz vaqt oʻtib, qirol qahramonlarda oʻzi va jiyani — Orlean gersogi orasidagi oʻxshashlikni payqab qoladi. U pyesani taqiqlashga harakat qiladi, biroq Orlean gersogining oʻzi uni qoʻllayotgan edi.
Shunday qilib, qishloqdan endigina kelgan 27 yoshli Dyuma hech qanday mablagʻ, yordamsiz, taʼlim olmagan holda mashhur, hatto taniqli kishiga aylanib ulgurdi. Keyinchalik fransuz teatrlarining repertuari uning “Antoni” (1831-yil), “Nel minorasi” (1832-yil), “Kin yoki daho va tartibsizlik” (1836-yil) kabi pyesalari hisobiga boyib bordi. Orlean gersogi bilan doʻstlik Gyugoga Faxriy legion unvoni, Dyumaga esa kavaler nishonini olib berdi.
Gyugo mukofotni oʻziga xos boʻlgan kibor qiyofada qabul qilgan boʻlsa, Dyuma xuddi bola singari bundan quvonib ketgan edi. U oʻzini ulkan xoch bilan bezab, uning yoniga katolik Izabella ordeni, qandaydir belgiyacha medal, Gustav Vazning shvedcha xochi, Avliyo Ioann Quddus ordenini biriktirib, xiyobon boʻylab magʻrur sayr qilardi. Dyuma oʻzi tashrif buyurgan har bir mamlakatdagi hamma mukofotlarni surishtirib olib, hammasiga ega chiqardi. Bayram kunlarida uning fraki (palto turi) lenta va medallarning haqiqiy koʻrgazmasiga aylanib qolardi.
1830-yillarga kelib, u Fransiyaning XV–XIX asrlardagi tarixini bir qator kitoblar seriyasida yoritish fikriga keladi. Bu turkumdagi ilk asar “Bavariyalik Izabella” (1835-yil) romani boʻldi. Shunday qilib, yozuvchi tarixiy qahramonlar bilan birga toʻqima obrazlar ham ishtirok etadigan tarixiy roman janriga asos soldi. Ommani qirol va qirolicha, vazirlar hayotiga qiziqtirish uchun saroy libosi ostida ham xuddi oddiy aholiniki kabi ehtiyoj yashirin ekanini koʻrsatib berdi. Bu borada Dyumaga teng keladigani yoʻq edi.
U na donishmand, na tadqiqotchi edi. U tarixni yoqtirar, ammo unchalik hurmat qilmasdi. “Tarix nima oʻzi, – derdi u, – men romanlarimni ilib qoʻyadigan mix qoziq xolos”. Dyuma uni tarixchi sifatida qabul qilishmasligini bilardi, chunki tarixiy faktlarni badiiyat talabiga moslab oʻzgartirib yuborardi. Navbatdagi romani “Shevalye dʼArmantal” ning muvaffaqiyati Dyumaga tarixiy romanlar “tilla koni” ekanini isbotlab berdi. Yirik Parij gazeta tahririyatlari yozuvchining navbatdagi asari uchun nashr huquqini olish maqsadida uning ortidan yugurardi. “Uch mushketyor” Dyuma obroʻsini yanada oshirib yubordi.
Bir avlod asarni baholashda adashishi mumkin. Ammo toʻrt yoki beshinchi avlod bunda hech qachon adashmaydi. Dyumaning ijodiy uslubi oʻzi tanlagan janrga shunchalik mos kelardiki, u hozir ham shu janrda ishlaydiganlarga namuna boʻlib xizmat qilmoqda. Dyuma mashhur manbalardan, jumladan, “Dartanyan memuarlari” kabi soxta, keyinchalik “Vikont de Brajelon” ga asos boʻlgan “Madam de Lafayet” kabi haqiqiy manbalardan qochardi.
Fransuz adabiyotining butun tarixida hech bir yozuvchi 1845–1855-yillar oraligʻida Dyuma kabi sermahsul ijod qilmagan. U goʻyo nafas rostlamay roman yozardi. Yozuvchi ularda Fransiya tarixini koʻz oldimizda gavdalantiradi. “Uch mushketyor” dan soʻng “Yigirma yildan keyin”, “Vikont de Brajelon” asarlari yozilgan. “Qirolicha Margo”, “Monsoro xonim”, “Qirq besh” romanlaridan iborat trilogiya Genrix Navarskiy ismli tarixiy shaxs bilan aloqador edi.
Romanlarning boshqa bir seriyasi — “Qirolichaning marjoni”, “Shevalye de Mezon-Ruj”, “Sozef Balzamo”, “Anj Pitu” va “Grafinya Sharin” larda Dyuma fransuz monarxiyasi tanazzulini ochib bergan. Dyuma yoshligidayoq oʻz yozuvchilik faoliyatida butun tarixni birlashtirishni maqsad qilib qoʻygandi. U sayohat qilishni yoqtirar va doim uyga katta hajmli qoʻlyozmalar bilan qaytib kelardi. Yozuvchi Rossiyaga borishni juda xohlagan.
1840-yilda Dyuma dekabristlar qoʻzgʻoloni va ulardan biri boʻlgan Ivan Aleksandrovich Annenkov hayotiga bagʻishlangan “Qilichbozlik murabbiyi” romanini nashr qildiradi. Roman tarixiy faktlar asosida yozilgan boʻlib, unda Peterburgning bosh muhandislik oʻquv yurtida oʻqib, keyin Fransiyaga qaytgan mashhur qilichbozlik murabbiyi — Ogyusten Grizye kundaligidan ham foydalanilgandi.
Dyumaning romani Rossiyada taqiqlanadi, lekin roman qoʻliga tushgan hamma, jumladan, imperator rafiqasi ham uni yashirincha oʻqib chiqadi. “Qilichbozlik murabbiyi” romani 1925-yilga kelibgina ruscha tarjima bilan nashr qilinadi. 1858-yilda Nikolay I vafotidan soʻng Dyuma viza olishga muvaffaq boʻlib, Rossiyaga joʻnaydi. U Peterburg, Moskva shaharlariga tashrif buyurib, Nijniy Novgorod yarmarkasida boʻladi.
Qo’shimcha manba: Дюма, Александр
Muqova suratlar: americanart.si.edu / observer.com