Orqaga

1102 marta koʻrilgan

1564–1616

Uilyam Shekspir

Shekspir oʻziga toʻq hunarmand va savdogar – Jon Shekspir xonadonida, Eyvon daryosi boʻyi, Angliyaning chekkaroq shaharchasi – Stratfordda tugʻilgan. Lotin hamda grek tili, adabiyot va tarixdan saboq beriladigan grammatika maktabida oʻqigan. Maktabda oʻquvchilar Sitseron, Vergiliy, Ovidiy, Plavt kabi ijodkorlar asarlaridan katta parchalarni tarjima qilar, yodlar, turli mavzularga notiqlik nutqini tayyorlar, antik mualliflar asarlari boʻyicha butun boshli spektakllarni tashkillashtirardi.

Maktabni tugatgandan keyin Shekspir otasiga turli ishlarda koʻmaklashgan, keyin kichik oʻqituvchi boʻlib ishlagan. 18 yoshida bolaligidan beri bilgan, boy fermerning qizi – Anna Xeteveyga uylangan. Shekspirning bolalik va oʻsmirlik yillarida shaharda sayyor aktyorlarning turli namoyishlari qoʻyilardi. Shekspir shunday truppalardan birini “Gamlet” da tasvirlagan.

“Gamlet” asari / vk.ru / wikipedia.org

1585-yilda u shunday guruhga qoʻshilib, ona shahrini tark etadi. Shekspir avvaliga Londonda yollanma aktyor boʻlib ishlaydi, keyin Globus teatrining aksioner va hamkorlaridan biriga aylanadi. U 25 yoshida ikki sulola oʻrtasidagi ichki kurashga bagʻishlangan ilk pyesasini yozadi. Avvaliga yosh adabiyotshunos boshqa mualliflar yozganini qayta yozib, yangilab yurardi. Shunday boʻlsa ham, u pyesaga shunday toʻkislik va ishonchlilikni kiritar ediki, personajlar nutqi va harakati yanada boyib, asar umuman boshqa qiyofada namoyon boʻlardi.

10 yildan soʻng Shekspir mashhurligi umum eʼtirof etiladigan boʻldi va u tez orada sahna asarlari yozadigan mualliflar ichida yetakchiga aylandi. Uddaburon noshirlar unga tegishli boʻlmagan bir qator asarlarni muvaffaqiyat kaliti boʻlgan Shekspir nomi bilan nashr qildirardi.

Baxtsiz hodisa tufayli Globus teatri Shekspirning soʻnggi pyesasi – “Genrix VIII” taqdimoti davomida yonib ketadi. Londondagi chorak asrlik faoliyatidan keyin dramaturg ona shahriga qaytib, 3 yildan soʻng 52 yoshida vafot etadi. Uni Troitsa cherkovi altari ostiga dafn etishadi.

Shekspir ijodi mahobatli va dohiyona, ammo uning hayoti haqidagi hujjatlar juda kamligi tufayli XIX asr oʻrtalaridan boshlab hozirgacha uning pyesalari muallifligi xususida turli bahslar boʻlib kelmoqda. Bu fikrlar demokratik insonning bunday shohona asarlar yaratishiga boʻlgan ishonchsizlik ortidan kelib chiqqan. Haqiqiy muallif sifatida faylasuf Frensis Bekon, dramaturg Kristofer Marlo kabi alohida shaxslar, oʻqimishli aristokratlar va butun boshli ijodiy guruh koʻrsatilgan. Lekin olimlar bu taxminlarning barchasini qatʼiy rad etgan.

Shekspir pyesalari janrlarga boʻlinmasdi. Ayni bir asar doirasida ham tragik, ham komik elementlar uchraydi. Voqealar murakkab, dramatik tarzda shakllanib, bir necha chiziqlarda kesishadi va roʻy berayotgan hodisaning ishonchliligi hamda hayotiyligi haqida taassurot uygʻotadi. Baʼzida Shekspir fantastik unsurlarni ham kiritadi. Bu oʻsha davrdagi insonlar ruh-arvohlarga ishongan tafakkurini aks ettiradi. Uygʻonish davri ingliz adabiyotining choʻqqisi sonetlar boʻldi.

Shekspir sonetlari (1592–1598-yillar) XVI asr oxiri ingliz sheʼriyatining yetakchi janr namunasi sanaladi. Uning 154 ta soneti oʻzining doʻstlik va oʻtli muhabbatini kuylagan va jamiyatning ikkiyuzlamachiligi hamda shafqatsizligiga qarshi turadigan, lirik qahramon obrazi bilan birlashtirilgan. Mazmunning chuqurligi lakonik (loʻnda) shaklda ifodalangan. Lirik qahramon gʻalaba qozonayotgan yovuzlikning qoʻrqinchli tasviridan hayratlanib, oʻlimni chorlovchi 66-sonet ayniqsa mashhurdir. Qahramon faqat sevgisili tufayli yashashga majbur edi.

Shekspir sonetlarining rus tiliga eng yaxshi tarjimasini yozuvchi, tarjimon – Samuil Yakovlevich Marshak qilgan. Shoirning ilgʻor dunyoqarashi va tafakkur doirasi tarixiy dramalarida namoyon boʻlgan. Uning yilnoma-dramalaridagi tarix – jamiyat zamonaviy koʻrinishining aksi. “Genrix VI” trilogiyasida Qizil va oq gullar urushi (1455—1485-yillar), ingliz baronlarining qonli toʻqnashuvi tasvirlangan.

Muallif Genrix VIʼni irodasizlik, janjallashayotgan Lankasterlar va Yorklarni yarashtirishni eplolmaganlikda ayblaydi. Shuningdek, 1450-yildagi Jon Ked xalq qoʻzgʻoloni ham aks ettiriladi. Feodallar dushmanligi taxtga despot (toʻlaqonli hukmdor) – Richard IIIʼni olib keladi. “Richard III” dramasida bu qirol taxtni jinoyat ortidan egallagan, makkor hukmdor sifatida koʻrsatiladi. Uning shiori: “Vijdonimiz – musht va qilichimiz – qonun”.

Angliya xalqi manfaatlarini qoʻllab-quvvatlaydigan, vatanparvar qirol “Qirol Loann” xronikasida namoyon boʻladi. Lekin Shekspir uni asir tushgan va taxtga ehtimoliy nomzod boʻlgan Arturni oʻldirishda ayblaydi va Loannni vijdon azobi bilan qiynaydi. Adib boshqa hukmdor – Richard IIʼni ham ayblaydi (“Richard II” pyesasi). Xalq undan yuz oʻgiradi va chuqur ruhiy inqiroz holatidagi Richard IIʼning oʻzi taxtdan voz kechadi.

Shekspir tarixiy xronikada zulm va makkorlikni qoralaydi, hokimiyatga kuch bilan ega chiqish jinoyatga olib borishini koʻrsatadi. Vaqt oʻtishi bilan bu xronikada monarx va xalq munosabati asosiy oʻrinni egallay boshlaydi. Xalq xarakterlaridan Jon Falstaf komik obrazi (“Genrix IV”, “Genrix V” pyesalari) ayniqsa mashhur. Bu semiz ritsar bekorchi va piyonista, yolgʻonchi hamda qaroqchi edi. Shunday boʻlsa-da, u quvonch va hayotga muhabbat taratib yashaydigan, ixtirolar qiladigan va sanoqsiz nayrangni biladigan inson sifatida koʻrsatiladi. U mehribon qalbli va dono kishi edi. Uning ayyorona shumliklari diniy axloq va puritizm (adabiy tilni boshqa tillardan olingan oʻzlashma, neologizmlardan saqlashga intilish) mafkuraning ikkiyuzlamachiligiga qarshi qoʻyiladi.

Shekpirning “Qaysar qizning quyulishi” asari / wikipedia.org

Shekspir ijodining birinchi davri (1590–1600-yillar) dagi barcha asarlari hayotga quvnoqlik va nekbin (optimistik) qarash, insonlar jamoasida uygʻunlikka erishish ishonchi bilan boyitilgan. Shoir optimistligi uning “Xatolar komediyasi”, “Qaysar qizning quyulishi”, “Veronalik ikki yigit”, “Muhabbatning mevasiz urinishlari”, “Yoz tunidagi tush”, “Venetsiya savdogari”, “Vinzoriyalik hazilkashlar”, “Bekordan bekor toʻpolon”, “Bu sizga yoqadimi”, “Oʻn ikkinchi kecha” komediyalarida yaqqol koʻringan.

“Xatolar komediyasi” (1592-yil) ikki egizak – Antifolov va Dromio taqdiri bilan bogʻliq tushunmovchilikdan kelib chiqqan kulgili vaziyatga asoslangan. “Qaysar qizning quyulishi” (1593-yil) komediyasida bir-biriga joʻshqinligi, mustaqilligi va zaharxanda aqli bilan mos kelgan ikki obraz – Katarina va Petruchchioning toʻqnashuvi aks etgan. “Veronalik ikki yigit” (1594-yil) pyesasida oʻzining hazillari bilan quvonib yuradigan Spid va Lans ismli xizmatkorlarning obrazlari ajoyib tarzda koʻrsatib berilgan.

“Yoz tunidagi tush” (1596-yil) pyesasida reallik fantastika bilan qorishib, yosh sevishganlarning pok hislari gʻalabasi namoyon qilingan. Qiziq vaziyat, xarakterlarning turfa xilligi, tilning oʻtkirligi pyesani yanada yorqinlashtiradi. Shu bilan birga, xarakterlarning turli tomondan ochib berilishidan realist-dramaturgning mohir qalami sezilib turadi.

Shekspir ijodi davrining ilk choʻqqisi – “Romeo va Julyetta” (1595-yil) tragediyasi boʻlib, tasvir jihatdan komediyaga yaqin tursa-da, muhabbat mavzusi fojiaviy yakun topgan. “Romeo va Julyetta” ning tragizmi lirik boʻlib, butun asar yoshlik poeziyasi va muhabbatning doimo gʻalaba qiluvchi kuchi bilan yoʻgʻrilgan. Yosh Romeo va Julyetta – yangi davr, Renessans davrida tugʻilgan avlod tasviri.

“Romeo va Julyetta” asari / wikipedia.org / itinteres.ru

Muhabbat har ikki sevishganni qabilalar axloqi, jamiyat fikri va oilalar janjalidan yuqoriga olib chiqadi. Yoshlar vafoti ortidan kelgan qaygʻuli zarbadan soʻng dushman oilalarning yarashuvini koʻramiz. Sevgi asrlar oshgan anʼana, qon qasosi ustidan gʻalaba qiladi. Asar yakunida quyidagi mashhur soʻzlarni uchratamiz:

Romeo va Julyettaning qissasidan ham,
Gʻamli qissa koʻrgan emas tarixda olam.

Ijodining ikkinchi davrida (1601–1608-yillar) Shekspir ideal monarxga boʻlgan ishonchini yoʻqotadi, chunki Angliya hukumati oʻz progressiv (ilgʻor) ahamiyatini yoʻqota boshlagandi. Xalq ommasi yoppasiga kambagʻallikdan aziyat chekayotgan edi. Shoir ijtimoiy, siyosiy va falsafiy muammolar ustida mulohaza yurita boshlaydi.

Shekspir “Romeo va Julyetta” ni 31 yoshida, “Gamlet” ni 35 yoshida yaratdi. Tragediya qahramoni aqlli, qiziqqon va rahmdil yosh yigit boʻlib, barcha yomonlik uning gʻazabiga sabab boʻlardi. Uning hayotida qoʻrqinchli hodisalar yuz beradi: otasi toʻsatdan vafot etadi, qirolicha onasi esa shoshilinch tarzda 2-marta turmush quradi. Klavdiy Gamletning otasi – qirolni taxtni egallash va Gertrudaga ega chiqish uchun oʻldirgan edi. Gamlet oldida dunyoning butun yovuzligi namoyon boʻladi va u nima qilishim kerak, degan savol qarshisida qoladi.

“Tirik qolmoq yo oʻlmoq — shudir masala”, yaʼni koʻnikish yoki kurashish haqidagi monologida u dunyoning adolatsizligi bilan yakka kurashga chiqishga tayyorligini bildiradi. Uning yovuzlikning kuchi va abadiylik haqidagi mulohazasi kurashning muvaffaqiyatli yakunlanishiga shubha uygʻotadi, shubha esa harakat qilishga boʻlgan qatʼiyatni soʻndiradi. U qasosni ortga suradi va bu sekinlashuv oʻzidan qoniqmaslikka olib boradi.

Bundan tashqari, uning oldida butun xunrezlikdan qasos olishdek mislsiz vazifa turgandi, u uchun faqat Daniya emas, balki butun dunyo “qamoqxona” ga aylanib ulgurgandi. Shuningdek, zoʻravonlik ham zulmning namoyon boʻlishi edi. Shu sabab gamletcha shubha – uning nima qilishi emas, balki Gamlet oʻzining kurashga tayyorligini qanday ifodalagani boʻlib, lekin hukmronlik, makkorlik va axloqiy tubanlik ustidan gʻalaba qilish vaqti hali yetib kelmagandi.

Gamlet doʻsti – Goratsioga butun dunyoga nima yuz berganini yetkazishini soʻrab halok boʻladi. Gamlet Goratsioda xuddi oʻldirilgan qirol – otasida boʻlgan ideal, borliq goʻzalligini koʻradi va kelajakdagi adolat va nomusning gʻalaba qilishiga umid uygʻonadi. Daniyalik shahzoda haqidagi hikoya Shekspirdan avval ham sahnalashtirilgandi. Lekin dramaturg uning syujetini shunday qayta ishlaydiki, qasos borasidagi qonli hikoya davrning axloqiy qarama-qarshiligi haqidagi umuminsoniy ovozga ega asarga aylanadi. Shekspirning oʻzi teatrda arvoh rolini oʻynaydi.

Boshqa mashhur dramalari qatorida – “Otello” (1604-yil) va “Qirol Lir” (1605-yil) kabilar ham bor. Pushkin Shekspir dramalaridagi xarakterlarning hayotiy haqiqati va davrning toʻgʻri tasvirlanganini yuqori baholaydi. Shekspir pyesalari Uygʻonish davrining barcha gʻoyalari, adolat va hayot mohiyatini anglashga boʻlgan insonparvar intilishni oʻzida jamlagan edi.



Muqova suratlari : wikipedia.org / satirikon.ru