Orqaga

1119 marta koʻrilgan

1799–1850

Onore de Balzak

Onore de Balzak Tur shahrida, dehqonlar oilasidan kelib chiqqan, unchalik boy boʻlmagan amaldor oilasida tugʻilgan. Oila oʻzining Bals familiyasini nufuzliroq koʻrinadigan Balzakka almashtirgan edi. Onore toʻrt farzandning toʻngʻichi boʻlgan. Uning onasi tabiatan sovuqqon va xudbin boʻlib, kichik oʻgʻli Anridan boshqa farzandlarini yaxshi koʻrmagan. Onasining sovuqqon qattiqqoʻlligi boʻlajak yozuvchining qalbini qattiq yaralagan edi. Qirq yoshli Balzak mening hech qachon onam boʻlmagan, deb yozgandi. Uni toʻrt yoshigacha qishloqdagi enaga katta qilgan. Onore sakkizga toʻlganda onasi uni shafqatsiz monastir intizomiga ega Vandom kollejiga yuboradi. Bu yerda jismoniy jazolar va karser (maxsus izolyatsiya qilingan kamera) rejimi qoʻllanar, shahar boʻylab sayr qilish taqiqlangan, bolalar hatto taʼtilda ham uyiga joʻnatilmasdi. Kollejdagi olti yillik taʼlimdan soʻng oila Onoreda chuqur asabiy zoʻriqish paydo boʻlgani uchun uni uyga qaytarib olib keladi.

1814-yilda oila Parijga koʻchib keladi. Balzak oʻrta taʼlimni xususiy pansionlar (oʻsha yerda ham yashab, ham taʼlim olinadigan oʻquv maskani) da yakunlaydi. Keyin u Sorbon universitetining huquq fakultetiga oʻqishga kiradi va huquq bilan adabiyotdan maʼruzalar eshitishni boshlaydi. Otasi uning advokat boʻlishini xohlardi. 1819-yilda u huquq boʻyicha mashgʻulotlarni tashlab, oilasiga oʻzini adabiyotga bagʻishlamoqchiligi haqidagi xabarni yetkazadi.

Adabiyot sohasidagi faoliyatining boshida u ketma-ket omadsizlikka duch keladi. “Kromvel” (1819) tragediyasining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi yosh adabiyotchining ijodiy rejalarini oʻzgartirishiga sabab boʻladi. Ota-onasining moliyaviy yordamidan mahrumligi uchun u 1820-yilda bulvar romanlarni (intriga va chalgʻituvchi effektlarga boy roman janri) yozish bilan pul ishlaydigan kishilar bilan tanishib qoladi. Ular Balzakka sherikchilikni taklif qiladi. 1821—1826-yillarda u bir qator tarixiy va sarguzasht romanlar yozadi, keyinchalik oʻzi ularni “adabiy noʻnoqlik” va “adabiy ifloslik” deb ataydi. Lekin bu romanlar pul olib kelmaydi. Balzak tipografiya sotib oladi va yangi ijodiy rejalar tuzadi, lekin 1828-yilda uning tashkiloti inqirozga uchraydi. Balzak butun hayoti davomida qarzlar ichida yashagani, uning barcha moliyaviy loyihalari muvaffaqiyatsizlikka yuz tutganiga qaramay, u ishtiyoqli va yengilmas kishiga aylandi.

1829-yilda Balzak oʻzini tanitgan “Shuanlar” romanini eʼlon qiladi. 1831-yilda chop etilgan “Sagʻri teri tilsimi” romani esa unga haqiqiy mashhurlikni olib keladi. Balzak tinmasdan mehnat qilgan. 30-yillarda u “Yevgeniya Grande” (1833), “Gorio ota” (1835, bu asar XIX asrning eng mashhur romanlaridan biriga aylangan), “Yoʻqotilgan orzular” (1837 —1843) kabi jahon adabiyoti durdonalariga aylangan asarlar yaratgan. Gobsek (“Gobsek”, 1830) ismi esa odamlar ogʻziga tushadi.

Balzak haqparast boʻlib, ziyoli qatlamga mansub boʻlish ishtiyoqi bilan yonardi. Oddiy oiladan chiqqan kishi sifatida uni zodagonlar hayotining yaltir-yultur, nozik fazilat va unvonlari oʻziga tortardi. U oʻziga unvon sotib olib, oʻziga boʻlgan muhabbatini “Geriogen dʼAbrantes. Onore de Balzakning sodiq xizmatkori” kitobida yozilgan soʻzlari bilan yupatardi. Zodagonlar davrasida esa u oqsuyaklar koʻziga kulgili, baʼzan masxarabozdek koʻrinardi.

Balzak oʻz asarlarida inson hayotining turli jihatlarini oʻrganib, bu tadqiqotini bir necha qismlarda birlashtirish gʻoyasi ancha erta uygʻongan edi. 1830-yillarning boshida u “zamonaviy fransuz jamiyatining tarixi”ni yaratishdek aniq rejani tuzib olgandi. 1834-yildan boshlab, u alohida romanlar emas, bitta yaxlit katta asar yoza boshlaydi. 1841-yilda unga “Insoniyat komediyasi” deb nom beradi. Rejaga koʻra, u 140 romandan iborat boʻlishi va “…jamiyatdagi illat va fazilatlarni jamlash, voqea-hodisalarni yigʻib, ulardan xarakterni tasvirlash, ehtiros va ehtiyoj namoyon boʻlishining eng muhim holatlarini ajratishda foydalanish, bir turdagi xarakterlarning oʻziga xosliklarini birlashtirish bilan tiplar yaratish, tarixchilar tomonidan unutilgan axloq tarixi haqida hikoya yozish” (“Insoniyat komediyasi”ga Balzak soʻzboshisidan) dan iborat edi.
Bu monumental asarning nomi Uygʻonish davridagi italyan shoiri Dantening “Ilohiy komediya” siga monand qilib tanlangandi. “Insoniyat komediyasi” uch seriyaga boʻlingan edi:

1) “Odatlar haqidagi etyudlar”, bunda xususiy, provinsial, Parij uslubida, siyosiy, harbiy va qishloq hayotidan olti sahna mavjud edi;
2) “Falsafiy etyudlar”;
3) “Analitik etyudlar”.

Zamonaviy fransuz jamiyatining barcha qatlamlari – ham qishloq, ham Parij hayotini yoritar edi. Balzak romanlariga taxminan uch mingga yaqin personajni jalb qildi, bunda ayni qahramonlar turli asarlar oralab ham “yashadi”. Qahramonlarning bir romandan ikkinchisiga koʻchirilishi jamiyat hodisalari orasidagi bogʻliqlikni taʼkidlaydi va bir jamiyat hayotining turli epizodlaridek taassurot uygʻotadi. Voqealar rivoji Iyul inqilobi va Monarxiyasi davrida yuz beradi. Balzak oqsuyaklar davrining yakuni va yangi hayot egalari – burjuaziya odamlarining paydo boʻlishini koʻrsatadi. Jamiyat hayotining asosida pul uchun kurash yotardi. Bu jamiyatning axloqiy koʻrinishi personajlardan birining tilidan aytilgan “Qonun yoʻq — vaziyat bor” (“Gorio ota”) jumlasi ifodalab beradi.

Yozuvchining ijodiy faoliyati omadli tarzda yoʻlga tushib olgan boʻlsa-da, shaxsiy hayotida u baxtli boʻlmaydi. 1833-yilda Balzak uning iqtidoriga tan bergan muxlisasidan anonim xat oladi. Tez orada u ayolning ismini ham aniqlaydi, bu polshalik grafinya Evelina Ganskaya boʻlib, Ukrainada oilasi bilan oʻz mulkida istiqomat qilardi. Balzak va Ganskaya oʻrtasida uzundan uzoq yozishmalar boshlanadi. Yozuvchi grafinya bilan bir necha marta Shveytsariya, Fransiya, Gollandiya, Belgiyada uchrashadi. 1841-yilda ayolning eri vafot etadi va yozuvchi bilan grafinya oʻrtasidagi nikoh masalasi hal boʻladi. 1847—1848-yillarda Balzak grafinyaning Ukrainadagi mulkida yashaydi. 1850-yilning boshida ular Berdichev shaharchasidagi cherkovda nikohdan oʻtadi. Lekin bu vaqtda Balzak ogʻir betob edi. Ukrainadagi sovuq qishda u shamollab, bronxit ogʻir koʻrinishdagi oʻpka yalligʻlanishiga oʻtib ketadi. Parijga qaytgach, yozuvchi yotib qoladi va 1850-yil avgustda vafot etadi.

U oʻzining olamshumul rejasini toʻliq amalga oshirolmaydi, lekin “Insoniyat komediyasi” uchun yozilgan 95 roman oʻsha davrdagi fransuz jamiyatining haqiqiy qiyofasini ochib beradi, Balzakning oʻzi uni “asrimizning buyuk komediyasi” yoki “iblis komediyasi” deb atagan edi. “Insoniyat komediyasi” nomi ostida birlashgan 95 romandan tashqari, Balzak oʻnlab asar, beshta drama, tanqidiy maqola va “Mashʼum hikoyalar” novellalar toʻplamini yaratgan.