13
Ulashish
1376 marta koʻrilgan
1814–1841
Mixail Lermontov
“Hech qayerda hayotdan Pushkincha zavqlanish yoʻq, lekin hamma yerda qalbni qoraytiradigan, yurakni muzlatadigan savollar bor. Darhaqiqat, Lermontov — umuman boshqa davr shoiri va uning sheʼriyati jamiyatimizning tarixiy taraqqiyot zanjiridagi yangi boʻgʻindir”. Adabiyotshunos olim — Vissarion Belinskiyning Mixail Yurevich Lermontov sheʼrlaridan olgan mazkur taassuroti shoir ijodini batafsil tasvirlab bera oladi.
Shoirning otasi armiya kapitani Yuriy Petrovich Lermontov, onasi esa nufuzli stolipinlar sulolasiga mansub boʻlgan Yelizaveta Alekseyevnaning merosxoʻr qizi, qizlik familiyasi Arsenyeva boʻlgan Mariya Mixaylovna Lermontova edi. Ularning nikohi muhabbatga asosan, lekin Yelizaveta Alekseyevnaning xohishiga qarshi tuzilgan edi.
1817-yilda onasi vafot etgach buvisi yosh Lermontovni oʻzi bilan olib ketib, otasiga uni tarbiyalashga ruxsat bermay ularni ayiradi. Buvisi uni Tarxan (Qrimning Lenin tumanidagi, hozirda yoʻq boʻlib ketgan qishloq) dagi uyiga olib boradi, shoirning bolaligi oʻsha yerda oʻtadi. Yelizaveta Alekseyevna aqlli, qattiqqoʻl va irodali ayol boʻlib, nabirasini qattiq yaxshi koʻrardi. Buvisi yaxshi oʻqituvchilar uchun pulni ayamay, unga sifatli uy taʼlimini beradi.
Lermontov bolaligidan fransuz va nemis tillarida bemalol gaplasha olar, keyinchalik ingliz va lotin tillarini ham oʻrgangan edi. Chet tillarini oʻrganishdan tashqari, u tasviriy sanʼat bilan shugʻullanar, skripka va royalni ajoyib tarzda chalar va qoyilmaqom qilib sheʼr oʻqirdi. Lermontovda sheʼriyatga moyillik ancha erta namoyon boʻladi. Uning ilk sheʼriy asarlarida taqlid ruhini sezish mumkin edi. Tez orada yosh shoirning oʻz uslubi shakllana boshlagani kuzatiladi. Adabiyotda Lermontovni asosan Pushkin va ruscha “bayroncha poema” oʻziga tortardi.
1828-yil Y.A.Arsenyeva uni Moskvaga olib keladi, shoir Moskva universiteti pansionatiga qabul qilinadi. Shunga qaramay, buvisi universitetga kirishga yaxshi tayyorlanishi uchun uyga ham oʻqituvchilarni chaqiradi. 1828–1829-yillarda Lermontov bir nechta “bayroncha poema” yaratadi: “Korsar” (Qaroqchi), “Jinoyatchi”, “Oleg”, “Ikki aka-uka” shular jumlasidandir. 1829-yilda u “Iblis” poemasi haqida oʻylay boshlaydi va butun umr shu asar ustida ishlaydi. Asar haqiqatan ham rus romantik poeziyasining choʻqqisiga aylanadi.
1830-yilda Lermontov Moskva universitetiga qabul qilinadi. Oʻsha davr yoshlari uchun atrof muhitni falsafa, psixologik va eʼtiqod nuqtayi nazaridan anglash, hayot hamda oʻlimni, ezgulik va yovuzlikni, muhabbat hamda nafratni qarama-qarshi qoʻyish kabilar xos edi. Shu sababdan Lermontov sheʼriyatida lirik tafakkur janri paydo boʻladi. Shoir mavzu va syujet xilma-xilligiga imkon beradigan ballada janriga ham murojaat qiladi.
1832-yilda Lermontov Yemelyan Pugachev boshchiligida 1773—1775-yillarda boʻlib oʻtgan dehqonlar urushi haqida roman yozishni boshlab, oʻzini nasrda sinab koʻradi. 1832-yilda u Moskva universitetini tashlab, taʼlimni Peterburgda davom ettirishni reja qiladi. Lekin u yerda Moskvada oʻqitilgan fanlar qabul qilinmaydi va Lermontov taʼlimni qaytadan boshlamaslik uchun Gvardiya zobitlari va kavaleriya yunkerlari maktabiga oʻqishga kiradi. Bu yopiq taʼlim markazida ijod bilan shugʻullanish uchun umuman vaqt boʻlmaydi.
1835-yilda uni tugatgach, shoir adabiyotga qaytadi va “Hoji Abrek” poemasini nashr ettiradi, “Maskarad” dramasini yakunlaydi, “Sashka” va “Boyarin Orsha” poemalari ustida ishlashni davom ettiradi. Shu vaqtning oʻzida “Knyaginya Ligovskaya” romani ustida ham ish boshlaydi. 1837-yil yanvarida, Pushkin vafot etgan kunda Lermontovning nomi rus jamiyatiga maʼlum boʻladi. “Shoirning oʻlimiga” nomli mashhur sheʼrida Lermontov Rossiyaning butun boshli avlodining ogʻrigʻi va noroziligini ifodalab, Pushkin oʻlimidagi haqiqiy aybdorlarni aytadi. “Shoirning oʻlimi” tezda “qora roʻyxat” ga tushadi.
Lermontov hibsga olinadi hamda 1837-yilda shoir ilk marotaba Kavkazga surgun qilinadi. Koʻplab qiziq shaxslar bilan tanishuv va muloqot, oʻz tengdoshlarining, keyinchalik Grigoriy Aleksandrovich Pechorin obrazi va “Duma” sheʼrida umumlashtirilgan ijtimoiy-psixologik xususiyatlarni tushunish va aniqlashga yordam beradi. Lermontov haqiqiy shoir sifatida oʻz sheʼrlarida zamonasining — XIX asrning 30-yillardagi qora va qiyin davr haqida gapiradi. Uning oʻzi katta talab, yuksak ideal va maqsad egasi boʻlib, ijodi ham harakat va kurash ruhiga toʻyintirilgan edi.
Lermontov poeziyasining qahramoni — erkinlik va baxt olamini anglashga boʻlgan ishtiyoqini hech nima toʻxtata olmaydigan faol harakatli, qoʻrqmas kishi edi. Lekin Lermontovning ijtimoiyligi intim va shaxsiy hislar bilan qorishib ketadi: oilaviy fojia, ota va oʻgʻilning fojiaviy taqdiri, javobsiz muhabbat ogʻrigʻi — bularning hammasi uning ijodida oʻz aksini topadi. Boshqa zabardast shoirlar singari Lermontovni ham shoir va sheʼriyat mavzusi oʻylantirgan. Oʻsha davrda esa bu mavzu jamiyatning tarixiy taraqqiyoti haqidagi savollar bilan bogʻliq edi. Lermontovda barqaror, sevimli obraz shakllanadi: shoir — jangchi, sheʼriyat esa xanjar. Shu sabab ham u xanjarga murojaat qilgan holda oʻzi haqida shunday deyish huquqiga ega edi:
Aynimasman, mening temir oʻrtogʻim,
Senday, senday, men boʻlurman mustahkam!
(Maqsud Shayxzoda tarjimasi)
“Shoirning oʻlimi” sheʼri Lermontovning siyosiy, falsafiy va ishqiy lirikasi markazida turadi. Unda shoir ijodidan oʻtadigan davrning barcha qarama-qarshiligi namoyon boʻladi. Muallif insonning “qullik va zanjirlar” dan qilgan faryodi haqida gapiradi, erkinlik, daho va shuhrat qotillari bilan kurashga chorlaydi va shunday bashorat qiladi:
Ammo, ishrat bandalari Tangri hukmi bor,
Dahshatli hakam bor, u kutar sizni.
Oltin jarangiga uchmas hukmdor,
Olddan bilar fikr-u ishlaringizni.
U choq behudadir shum boʻhtoningiz,
Jonga aro kirmas makr qonuni.
U mahal jamiki iflos qoningiz,
Yuvolmas shoirning qutlugʻ qonini!
(Sheʼr Asqad Muxtor tarjimasida)
Oxirgi yillardagi asarlari orasida “Vatan” sheʼri — ona yurtga boʻlgan muhabbatning tan olinishi, bayon qilinishi edi. Mazkur ajoyib sheʼrda shoir Rossiya tamgʻasiga aylanadigan va butun adabiyot hamda tasviriy sanʼat orqali oʻtadigan rus peyzajini yaratadi:
Sevaman yoqilgan angʻizlar dudin,
Yoʻlda yoʻlga chiqqan karvonni — tunni.
Sevaman adirda ekilgan ekin,
Ichida oqargan qoʻsha qayinni.
(Maqsud Shayxzoda tarjimasi)
Shoir lirikasida jamiyat taraqqiyoti muammolari inson qalbiga chuqur kirib boradi. Shu sabab Lermontovning lirik qahramoni fojiaviy, lekin kuch, mardlik, gʻurur va oliyjanoblikka toʻladir. Rus poeziyasida Lermontovgacha inson va fuqaroning bunday birlashib ketishi ham, hayot muammolari ustida bunday chuqur mulohaza ham boʻlmagan edi. Buvisi va doʻstlarining saʼy-harakati Kavkaz surgunini qisqartiradi va 1838-yil yanvarida Lermontov Peterburgga qaytadi.
Poytaxtdagi uch yarim yillik hayot uning peterburgcha mashhurlik yillari boʻlgan edi. Unga xuddi Pushkinning poetik merosxoʻri sifatida qarashardi. Bu yillarda uning “Shoh Ivan Vasilyevich, yosh yasovul va azamat savdogar Kalashnikov haqida qissa” si, “Iblis”, “Mtsiri” poemalari va “Zamonamiz qahramoni” romani nashr qilinadi.
Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” romani zamonni qoralaydi, uning boʻshligi va hech nimaga arzimasligini koʻrsatib beradi. Tanqidchilar yozuvchini zamonaviy rus insoniga tuhmat qilishda ayblaydi. Bunga Lermontov romanning 3-nashriga (1841-yil) oʻziga xos soʻzboshi yozish bilan javob qaytaradi. Soʻzboshida u Pechorin obrazi bilan oʻzining shaxslantirish va bosh qahramon xarakteriga nisbatan eʼtiroziga qarshi chiqadi. Shuningdek, unda omma romanga singib ketgan va sarlavhada yashiringan xalq ironiyasini tushunmaganligi aytiladi.
Lermontov baʼzi kitobxon va hatto jurnallarning soʻzning lugʻaviy maʼnosiga eʼtibor qilishdek ishonuvchanligidan shikoyat qiladi. Bu bilan muallif romanda toʻgʻridan toʻgʻri aytilmagan 2-maʼno borligi, bu harakatsizlikka mahkum butun boshli avlod fojiasi ekanligiga ishora qiladi. “Fatalist” novellasida qahramon Pechorin oʻzi va zamondoshlarini “yer yuzida eʼtiqodsiz va gʻurursiz, zavq hamda qoʻrquvsiz kezib yuramiz… na insoniyatning farovonligi uchun va na oʻz baxtimiz uchun ham katta-katta qurbon berishga qodir emasmiz”, — deya taʼriflaydi.
(Asardan parcha Odil Rahimiy tarjimasida)
Pechorin va u kabilarning baxtsizligi sababini Lermontov bir parcha yer yoki oʻylab topilgan huquq uchun arzimas bahsda deb biladi. 1840-yil mart oyida Lermontov duelda ishtirok etgani uchun Kavkazdagi armiyaga yuboriladi. Zamondoshlarining xotirlashicha, u botirligi bilan hatto Kavkaz veteranlarini ham hayratga solgan. 2 oylik taʼtil olib, 1841-yil fevral oyida u Peterburgga qaytadi. U mukofotga tavsiya etiladi, ammo Nikolay I bu taklifni rad etadi.
Lermontov isteʼfoga chiqib, oʻzini butunlay adabiyotga bagʻishlashni reja qiladi. Lekin isteʼfo ololmay, 3 oydan soʻng Kavkazga qaytadi. U ijodiy faollikka toʻla, qayd daftarchasida yangi lirik shoh asarlar: “Tush”, “Choʻqqi”, “Sevishdilar ular…”, “Tamara”, “Koʻrishuv”, “Barg”, “Men yoʻlga chiqaman”, “Moskva qirolichasi”, “Paygʻambar” kabilarni yozgan edi.
Pyatigorskda shoir oʻzining eski tanishlari, jumladan, yunkerlar maktabidagi doʻsti — Nikolay Solomonovich Martinovni uchratadi. Verzilinlar xonadonidagi oqshomlardan birida Lermontovning hazili Martinovga qattiq botadi. Janjal duelga chaqiriqqacha borib yetadi. Tortishuvga yetarli baho bermagan Lermontov chaqiriqni qabul qiladi va raqibiga qarshi oʻq uzmaslikka qatʼiy qaror qiladi. 1841-yil 15-iyulda Lermontov duelda otib oʻldiriladi. Shoir qisqa umr koʻradi, uning ijodiy faoliyati bor-yoʻgʻi 13 yil davom etgan edi. Shu vaqt ichida u rus adabiyotida mustahkam oʻrin egalladi, rus romantik poemasi shakllanishini yakunlab beradi va rus realistik romani poydevorini qoʻyib ketadi.
Muqova suratlar: wikipedia.org / aif.ru