Orqaga

1167 marta koʻrilgan

1828–1910

Lev Tolstoy

Lev Nikolayevich Tolstoy bolaligi oʻzi tugʻilgan Yasnaya Polyanada oʻtgan boʻlib, u 1844-yildan Qozon universitetida oʻqiy boshlaydi. Ammo mustaqil bilim unga davlat taʼlimidan koʻra koʻproq foyda keltiradi, deb oʻylagani uchun kursni yakunlamaydi. Yasnaya Polyanaga qaytgach, Tolstoy adabiy faoliyat bilan shugʻullanishga qaror qiladi va “Bolalik” qissasini yozishga kirishadi. Lekin tez orada qissa ustida ishlashni toʻxtatadi va katta akasidan oʻrnak olgan holda Kavkaz armiyasiga qoʻshilib, Qrim urushida (1853–1856-yillar) ishtirok etadi.

U oʻsha yillar xotirasini “Sevastopol hikoyalari” da aks ettiradi. “Bolalik” qissasi Tolstoyning yangi inson haqidagi oʻyning boshlangʻich nuqtasi boʻlgan. U “Inson kamolotining to’rt davri” umumiy nomi ostida kitoblar yozishni reja qiladi. Avvaliga “Bolalik”, “Oʻsmirlik”, “Yoshlik” umrining oxirida esa “Yigitlik” (tugallanmay qolgan) kitoblarini yozadi. Trilogiyaning asosiy qahramoni — Nikolenko Irtenyev ideal qahramon boʻlmaydi, uning obrazida Tolstoy davridagi avlodga xos tipik xususiyatlar aks ettiriladi.

Lev Tolstoy va uning katta oilasi / arzamas.ru

“Bolalik” va “Oʻsmirlik” qissalari tanqidchilar tomonidan yosh yozuvchining omadli debyuti sifatida baholandi. Adabiyotshunos olim Chernishevskiy esa oʻz taqrizida Tolstoy “qalb dialektikasi” ni ochgani, shaxs ichki dunyosini tasvirlashning oʻziga xos usulini topganini qayd etadi. Keyinchalik koʻplab yozuvchilar bu usuldan insonni muayyan vaziyatda tasvirlash va uning ichki dunyosini yetkazib berishda foydalangan. 1856-yil kuzida Tolstoy isteʼfoga chiqadi va oʻzini butunlay adabiyotga bagʻishlaydi. 1862-yilda u nafaqat 14 nafar farzandining onasi, balki sodiq umr yoʻldoshiga aylangan, moskvalik shifokorning qizi Sofya Andreyevna Bersga uylanadi. Lev romanlaridan biri “Anna Karenina” ni Sofya Andreyevna 7 marta qayta koʻchirib chiqqani aytiladi.

Tolstoy va uning ayoli / dzen.ru

1863-yilda Tolstoy oʻzining yirik asarlaridan biri boʻlgan “Urush va tinchlik” ustida ish boshlaydi. Muallif asarda nafaqat XIX asrning ilk 30 yilligidagi rus hayotining keng panoramasi, balki umuminsoniy muammolar hisoblangan vatanga xizmat, ezgulikni ham olib chiqadi. Tolstoy qahramonlarining uning zamondoshlari, masalan, Turgenev ancha eʼtibor qaratgan “ortiqcha odamlar” dan farqi ham shunda edi. Bu roman ustidagi ish haqiqiy tadqiqotga aylanib ketdi.

1812-yildagi Vatan urushi tasvirini yaratish uchun Tolstoy 200 dan ortiq arxiv hujjati va urush qatnashchilari xotirasini jalb qiladi. Roman ishtirokchilari soni ham hayratlanarli. Ular 600 dan ortiq boʻlib, har biri shaxsiy xususiyatga ega va asar davomida oʻz hayot yoʻlini yashab oʻtadi. “Anna Karenina” romani oilaviy muammolarga bagʻishlangan. Biroq asarni maishiy deb boʻlmaydi, chunki unda umuminsoniy xarakterdagi muammo — ayolning jamiyatdagi oʻrni masalasi koʻtarilgan. Tolstoy oʻz qahramoni misolida ayol kishi shaxs boʻla oladimi yoki faqat oilaviy halovatni saqlovchisimi, degan savolga javob topishga urinadi.

1870–1880-yillar boshida u chuqur “eʼtiqod inqirozi” ni boshdan kechiradi, hayotga boʻlgan qarashi oʻzgaradi. Yozuvchi tirikchilik uchun ogʻir mehnat bilan pul topadigan, oʻrta daromadli kishi sifatida yashashga harakat qiladi. Lekin shu vaqt davomida u yovuzlikka zoʻravonlik bilan javob qaytarmaslik, axloqiy shakllanish kerakligini aytadi. Tolstoy fikricha, agar inson shu narsaga intilsa, uning atrofidagi olam ham oʻzgaradi. Shuni taʼkidlash kerakki, uning koʻplab zamondoshlari yozuvchi taʼsiri ostida boʻlgan, XX asr boshidagi Bunin va Gorkiy kabi ijodkorlar asarida tolstoychilik elementlarini koʻrishingiz mumkin.

Tolstoy yirik asarlardan kichik qissalar yaratishga oʻtadi. “Ivan Ilichning oʻlimi”, “Xolstomer”, “Kreytser sonatasi”, “Sergiy ota” kabi qissalarda chuqur psixologizm zamonaviy voqelik bilan uygʻunlikda koʻrsatiladi. Oʻzining ilk dramatik asari — “Maʼrifat mevalari” komediyasini yozganida tanqidchilar bu asarni rus shoiri Aleksandr Sergeyevich Griboyedovning “Aqllilik balosi” va dramaturg Nikolay Vasilyevich Gogolning “Revizor” kabi asarlari bilan bir qatorga qoʻyadi.

1880-yil oxirida Tolstoy yana katta epik shaklga qaytib, “Tirilish” asarini yozadi. Bu asar fransuz yozuvchisi Antuan Prevoning “Manon Lesko” nomli axloqsiz ayol taqdiri haqidagi romaniga oʻziga xos javob edi. Roman zamondoshlarni chuqur hayratga soladi va darhol koʻplab yevropa tillariga tarjima qilinadi. Bunday muvaffaqiyatni nafaqat mavzu oʻtkirligi bilan, balki yozuvchining ayol obraziga eng chuqur ruhiy iztirobni tasvirlash uchun toʻla singib ketishi bilan izohlash kerak. Rus cherkovi roman va Tolstoy qarashiga oʻz munosabatini bildirib, uni qoralab, cherkovdan chetlatadi.

Chexov va Tolstoy / godliteratury.ru

XX asr boshida u eng mashhur rus yozuvchilari qatorida turardi. Tolstoy ijod maydoni kengligi bilan hayratga soladi. U “Baldan soʻng”, “Hojimurod” qissalari, publitsistika, xotira, dramaturgiya janrlaridagi asarlarni ham yozgandi. Yosh yozuvchilar buyuk adib bilan tanishishni oʻzi uchun sharaf deb biladi. Lev vafot etgan kuni milliy motam deb eʼlon qilinadi. U hayotlik chogʻidayoq butun dunyo tanigan, buyuk rus yozuvchisiga aylangandi. Uning asarlari hozirgacha dunyoning barcha ziyoli kishilari tomonidan sevib oʻqiladi.



Muqova suratlar: gazeta.ru / moscsp.ru