3
Ulashish
1206 marta koʻrilgan
1860–1904
Anton Chexov
Chexov Anton Pavlovich oilasiga bogʻlangan, singlisi va akalarini yaxshi koʻrgan. Uning hayotida ishqiy munosabatlar ham mavjud edi. Umuman olganda, uni mizantrop (insoniyatni yomon koʻradigan shaxs) deb atab boʻlmas edi. Chexov yillar oʻtgani va tajribasi oshgani sayin oʻziga nisbatan talabchan boʻlib bordi. Endi u har bir yangi hikoyasi ustida uzoq vaqt ishlab, darhol nashr etishga shoshilmasdi. Asta-sekin yozuvchida kattaroq asarlar uchun gʻoyalar paydo boʻldi va u ishtiyoq bilan ijodga kirishdi. “Dasht”, “Erkaklar”, “Oʻra”, “Mening hayotim” asarlari aynan shu davrda “tugʻilgan”. Bir qancha muddat oʻtib, Chexov oilasida fojia yuz beradi: uning akasi vafot etdi. Shu sabab Chexov ichki boʻshliqni his qila boshlaydi. U rivojlanishda toʻxtab, oʻz kelajagini koʻrmayotgandek his qiladi.
Chexov bunday pessimistik kayfiyat tufayli yangi taassurotlar orttirish maqsadida Saxalinga borishga qaror qildi. Saxalin sarguzashtlari esa yozuvchi gʻamini yanada kuchaytirdi, chunki u hayotning nomukammalligidan azob cheka boshladi. Saxalin safari va orolning oʻzida koʻrgan barcha narsasi uni hayratda qoldirdi. U yerda yashovchi insonlarning yashash tarzini “hayot” deb boʻlmasdi. Yozuvchi ilgari hech qachon bunday umidsiz hayot hamda hokimiyatning vahshiylik va oʻzboshimchaligiga duch kelmagan edi. U barcha taassurotlarini “Sibirdan” va “Saxalin oroli” kitoblarida yozib qoldirdi. Ushbu asarlar nashr qilinganidan keyin Adliya vazirligi kriminalist olim Dril va qamoqxona boʻyicha mutaxassis Solomonni Sibirga yubordi, ular esa oʻz navbatida Chexov yozgan hamma narsani tasdiqladi.
Saxalin safaridan soʻng Chexov darhol chet elga katta sayohat qildi. U Yevropaga tashrif buyurdi, soʻngra Gonkong, Singapurga bordi. Ehtimol, taassurotlar qarama-qarshiligi unga Saxalin oroli va umuman Rossiya muammolarini yanada chuqurroq his qilishga yordam bergan boʻlsa ajab emas. Endilikda Chexov butun Rossiya tan olgan yozuvchi edi, uning “Begunoh hikoyalar”, “Oqshomlarda” hikoya toʻplamlari birin-ketin nashr etila boshladi. 1888-yilda u Pushkin mukofoti sovrindori, 1900-yilda esa faxriy akademik unvoniga sazovor boʻldi. Yozuvchi bu unvonni Lev Tolstoy bilan bir vaqtda oldi. Biroq koʻp oʻtmay Chexov rus yozuvchisi, jurnalist — Vladimir Korolenko bilan birgalikda protest (norozilik) bildirib, akademiyadan chiqishiga toʻgri keldi, chunki Nikolay IIʼning buyrugʻi bilan yozuvchi Maksim Gorkiy akademiyaga qabul qilinmagan edi.
Chexov ijodidagi yangi bosqich uning dramaturgiyadagi izlanishlari bilan bogʻliq. Avvaliga u oʻzining baʼzi hikoyalarini pyesaga aylantirishga urindi, ammo ular “Ivanov” spektakli kabi unchalik shuhrat qozonmadi. Chexovning birinchi, asl pyesasi — “Chagʻalay” ning sahnalashtirilishi ham haqiqiy omadsizlikka uchradi. Asarning sodda, tabiiy va ichki yashirin maʼnosini baholay olgan Moskva badiiy teatrigina muallif konsepsiyasini namoyon eta oldi. Shundan soʻng “Chagʻalay” pyesasi teatrning timsoli, Chexov esa teatrning doimiy muallifiga aylandi. Keyingi 2 pyesa — “Vanya amaki” asari (“Leshiy” qisqa komik pyesasi) ning va “Gilos bogʻi” (1904-yil) asarlari tomoshabin va tanqidchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Tez orada bu asarlar xorijiy tillarga tarjima qilindi. Chunonchi, Bernard Shou Chexov pyesalarini oʻqib chiqqanidan soʻng, shunchalik taʼsirlanganidan oʻzi yozgan hamma asarlarini yoʻq qilmoqchi boʻlganini aytgan. 1901-yilda Anton Pavlovich Moskva badiiy teatri aktrisasi — Olga Knipperga uylandi, ammo oʻz ijodiy muvaffaqiyati va oilaviy baxtidan bahramand boʻlish unga nasib qilmadi. Sil kasalining kuchayishi tufayli uning sogʻligʻi yomonlashdi va yozuvchi toʻsatdan vafot etdi. Jahon madaniyati tarixida Anton Pavlovich Chexov qisqa hikoya va pyesaning yangi turi — tragikomediya ustasi sifatida iz qoldirdi. Uning bir qarashda ahamiyatsiz koʻringan aniq badiiy tafsilotni topish, qahramonlarning eng nozik hissiy kechinmalarini aks ettirish qobiliyati Anton Pavlovich Chexovga dunyoning koʻplab mamlakatlarida mashhurlik keltirdi. Chexov ijodidagi yumshoq hazil, oʻtkir satira, gʻam-qaygʻuli motivlar nafaqat rus, balki butun jahon adabiyoti rivojiga katta taʼsir koʻrsatdi.
Muqova suratlar: culture.ru / oteatre.info