6
Ulashish
1150 marta koʻrilgan
1868–1936
Maksim Gorkiy
Gorkiy otasining uzoq vaqt davomida qizil daraxtga ishlov beruvchi duradgor boʻlganini aytib kelgan. Vaholanki, hayotining soʻnggi yillarida u paroxod korxonasining boshqaruvchisi boʻlgani haqida biror narsa demagan. Darhaqiqat, uning otasi unchalik oddiy odam emas edi. Yozuvchining bobosi zobitlikdan askarlik darajasiga tushirilgandi. Uning yana boshqa bobosi (onasi tomonidan) V. Kashirin esa kema tortuvchidan Nijniy Novgorod shahridagi rang berish ustaxonasi egasi lavozimigacha koʻtarilgan. Ammo u ham boshqalar kabi omadsizlikka duchor boʻlgan va raqobatga dosh berolmasdan kasodga uchragan. Alyosha Peshkovning bolalik va oʻsmirlik yillari Kashirinlar uyida oʻtgan.
Boʻlajak yozuvchining hayotida buvisi alohida iz qoldirgan. Buvisi uni xalq ertaklari, sheʼr va hikoyalarga oshno qilib oʻstirgan. Yozuvchi buvisini ʻʻBolalikʼʼ nomli avtobiografik trilogiyasining birinchi qismida yaxshi xotiralar bilan eslab oʻtadi. 1879-yilning kuz faslida bobosi kasodga uchraganidan soʻng Alyoshaning ʻʻodamlarʼʼ orasidagi hayoti boshlandi. U zamonaviy poyabzal doʻkonida ʻʻmodel bolaʼʼ, qurilish ustasi va pudratchisining shogirdi va xizmatkori, paroxodda idish yuvuvchi, ikonalar chizish ustaxonasida shogird, yarmarka binolarida oddiy ishchilarga boshliq, teatrlarda statist boʻlib ishlagan. Bunday ogʻir hayotiy tajribalarning barchasi keyinchalik yozuvchining hikoyalarida oʻz aksini topdi.
Taʼlim masalasiga keladigan boʻlsak, u shahar chetida joylashgan maktabning bir necha sinflarinigina tugatgan xolos. Gorkiy haqiqatan ham universitetlarda oʻqimagan, chunki u doimiy ravishda tirik qolish uchun qattiq kurash olib borishga majbur boʻlgan. U turlicha oddiy ishlar bilan tirikchilik qilgan yoki malakasiz ishchi, qirgʻoqda yuk koʻtaruvchi, novvoy shogirdi yoki yordamchisi boʻlib ishlagan. Ehtimol, uning tarbiyasida asosiy vazifani oʻqishga boʻlgan muhabbat bajargan boʻlsa kerak. U bolaligida qoʻliga tushgan hamma narsani oʻqigan, asta-sekin rus va Yevropa klassik adabiyotlari bilan tanishgan.
Bundan tashqari, Maksim Rossiya ichida juda koʻp sayohat qildi, Shimoliy Volgaboʻyi, Ukraina, Qrim va Kavkaz boʻylab kezdi. Politsiya ham ushbu yosh yigitni bir necha bor darbadarligi uchun hibsga oldi. Boʻlajak yozuvchining oʻzi ham koʻproq oʻrganishni va koʻproq narsalarni koʻrishni xohlagani uchun bir joyda jim oʻtira olmasligini tan olgan. Aynan boshidan oʻtkazgan sayohatlari tufayli u yozuvchi boʻlishi yoki koʻrganlari haqida odamlarga gapirib berishi kerakligini tushunib yetgan. ʻʻYigirma yoshimda men odamlarga aytilishi kerak boʻlgan va hatto keragidan ortiqcha narsalarni koʻrganimni, boshimdan kechirganimni, eshitganimni tushuna boshladim. Nazarimda, men nimalarnidir boshqalardan farqli ravishda bilaman va his qilamanʼʼ, — deb tan oladi yozuvchi.
1892-yilda Tiflis gazetalaridan birida uning ilk hikoyasi boʻlmish ʻʻMakar Chudraʼʼ Maksim Gorkiy taxallusi bilan imzolangan holda nashr etildi. Shundan boshlab, Peshkov oʻzining barcha asarlarini turli taxalluslar bilan imzolagan. Uning yozuvchi sifatidagi rivojlanishi juda hayratlanarli tarzda yuz bergan. U 1895-yildan eʼtiboran hikoyalarini poytaxtda chop etiladigan ʻʻRusskoye bogatstvoʼʼ jurnalida (ʻʻChelkashʼʼ qissasi) nashr eta boshladi va 1898-yilda uning ikki jildlik birinchi to‘plami nashr etildi.
Gorkiy Yevropada ham shon-shuhratga erishdi. 1902-yilda u Rossiya Fanlar akademiyasining adabiyot yoʻnalishi boʻyicha faxriy aʼzosi etib saylandi. Ammo shoh Nikolay II bu tayinlovni bekor qilishni buyurgan. Bunday harakatdan norozi sifatida yozuvchilar V. Korolenko va A. Chexovlar ham faxriy akademik unvonlaridan voz kechgan. Gorkiy ham oʻz rivojlanishida oʻsha davrning koʻplab yozuvchilari qanday yoʻl tutgan boʻlsa, oʻsha yoʻldan bordi.
Anton Chexov va Gorkiy 1900-yil Yalta, Qrim, Rossiya / wikipedia.org
Hamma kabi u ham oʻz faoliyatini insho va hikoyalardan boshladi, shundan keyingina professional tajriba orttirib, 1899-yilda “Foma Gordeyev” va 1900-yilda “Uchovlon” kabi yirik asarlarini yozishga erishdi. Taʼkidlash joizki, Gorkiyning ilk asarlari romantizm ruhi bilan sugʻorilgan, allegorik va folklor unsurlari bilan toʻyintirilgan boʻlsa-da, muallif ularda ozodlikka intilish, zulmga qarshi kurashishni targʻib qilgan.
1901-yilda yuz bergan talabalar namoyishini tarqatish to‘g‘risida imzolangan deklaratsiyada yosh yozuvchi chorizmni ag‘darib tashlashga chaqirgani va buning uchun Arzamasga surgun qilingani bejiz emas. Gorkiy XX asrning boshida dramaturgiyada oʻzini sinab koʻrishga qaror qildi. K. Stanislavskiy ta’kidlaganidek, dramaturg Gorkiy teatr sohasida ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishning asosiy tashabbuskori va yaratuvchisi sifatida harakat qilgan. Darhaqiqat, uning 1902-yildagi ʻʻMeshchanlarʼʼ, ʻʻTubanlikdaʼʼ, ʻʻChorbogʻchilarʼʼ pyesalari teatrlarda koʻrsatilganidan soʻng darhol tomoshabin va tanqidchilar orasida turli bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Tomoshabinlarni xalqona faylasuf, haqiqat izlovchisi, xarakterining murakkabligi va nomuvofiqligi bilan namoyon boʻlgan “Tubanlikda” spektaklidagi sargardon Luka obrazi hammadan koʻra hayajonga soldi.
Gorkiy dramaturgiya sohasiga faqatgina 30-yillarda qaytib keldi va dramatik asarlarni oʻz ijodining ajralmas qismi sifatida qabul qila boshladi. 1932-yilda ʻʻYegor Bulichov va boshqalarʼʼ, 1933-yilda ʻʻDostigayev va boshqalarʼʼ, 1935-yilda esa ʻʻVassa Jeleznovaʼʼ nashr etildi. Gorkiy oʻzining qarashlari boʻyicha utopik sotsializm tarafdorlarining qarashlariga eng yaqin tarzda fikr yuritardi. Yozuvchi xalqni, birinchi navbatda dehqonlarni ziyolilar tarbiyalashi va taʼlim berish kerak boʻlgan “kulrang massa” deb hisoblagan. Shu sababli u oʻz izlanishlari davomida dastlab hayotni oʻzgartirish gʻoyasidan kelib chiqqan bolsheviklar bilan yaqinlashib qolgani tasodif emas. Proletariatning inqilobiy kurashi mashhur ʻʻOnaʼʼ (1906) romanida oʻz aksini topgan.
Gorkiy 1905-yildan boshlab bolsheviklar partiyasi aʼzosiga aylanib, birinchi rus inqilobida faol ishtirok etgan. Oʻz qarashlari uchun u bir necha bor siyosiy taʼqiblarga duchor boʻlgan, poytaxtdan haydalgan va hatto bir qancha vaqt Amerikada yashashga majbur boʻlgan va u yerda inqilob uchun pul yigʻgan. Gorkiy 1906-yildan 1913-yilgacha Italiyada, Kapri orolida istiqomat qilgan. Bu davr mobaynidagi ijodida Gorkiyning qarashlari kichik burjua vakillaridan uzilib, mehnatkash omma vakillariga qaratilgani yaqqol aks etgan. Oʻsha vaqtda u romantik ʻʻItaliya ertaklariʼʼ (1911–1913-yillar) ni yozdi. Yozuvchining oktabrgacha yozilgan asarlaridan — “Bolalik” va “Odamlar orasida” avtobiografik hikoyalarini, shuningdek, muallifning hayotiy taassurotlari toʻliq aks etgan ʻʻRossiya boʻylabʼʼ hikoyalar toʻplamini alohida qayd etish kerak.
Maksim Gorkiyning 30 jildlik asarlar toʻplami, Moskva davlat badiiy adabiyot nashriyoti, 1949–1956-yillar, Moskva, Rossiya / wikipedia.org
Gorkiy Oktabr inqilobini boshqalardek qabul qila olmadi. U bir tomondan inqilobning yuz berishi muqarrar ekanini tushunsa, ikkinchi tomondan yurtni egallab olgan zoʻravonlik toʻlqinlaridan dahshatga tushdi va qoʻrqib ketdi. Shuning uchun Gorkiy bolsheviklarning zoʻravonlik va terror ustiga qurilgan siyosatini qabul qila olmadi va tushuna olmadi.
Gorkiy ʻʻNovaya jiznʼʼ gazetasida bolsheviklar bilan munozara boshladi. Uning tanqidi shunchalik dahshatli ediki, bolsheviklar gazetani yopishga majbur boʻldi. Keyinchalik Gorkiy bu publitsistik maqolalarni ikkita toʻplamga birlashtirdi. Toʻplamlarning markaziy qismini ʻʻBemavrid fikrlarʼʼ kitobi egalladi. Koʻp yillar davomida ushbu toʻplam taqiq ostida boʻlgan va yaqindagina toʻliq nashrdan chiqqan. Gorkiy bu hayotda biror narsani oʻzgartirishga ojizligini tan olib, bolsheviklar u bilan uzoq vaqt davomida kelisha olmasligini tushunib, davolanish kerak degan bahona bilan Rossiyani tark etdi.
U koʻplab mamlakatlarga koʻchib yurdi, lekin oxir-oqibat Italiyaning Sorrento shahrida qoʻnib topdi. Yozuvchi chet elda boʻlsa ham doimiy ravishda Rossiyada sodir boʻlayotgan voqealarni kuzatib turdi, keng koʻlamli yozishmalar olib bordi. Italiyada yozuvchi bir oilaning uch avlodi timsolida 1861-yilgi islohotdan Oktabr inqilobigacha boʻlgan taqdirlarni tasvirlab beradigan ʻʻArtamonovlar ishiʼʼ romanini yaratdi. Shuningdek, u Lenin haqida bir necha bor qayta ishlangan ocherk yozdi.
Maksim faqatgina 1931-yilda vataniga qaytib keldi. Stalinga dunyoga nomi mashhur boʻlgan yozuvchi kerak edi. Bunday yozuvchining nomidan tashviqot vositasi sifatida foydalanish mumkin edi. Shuning uchun u Gorkiyni oʻz tomoniga ogʻdirish uchun hamma harakatni qildi. Yozuvchi jamoat, nashriyot va qisman siyosiy faoliyat bilan faol ravishda shugʻullangan. Avvaliga u puxta oʻylangan targʻibot kampaniyasining obyektiga aylanib qolganiga ishonmadi. Bunga umrining oxirida, oʻgʻli vafot etganidan keyingina amin boʻldi.
Avel Yenukidze–siyosiy arbob (chapda), Iosif Stalin (oʻrtada) va Maksim Gorkiy (oʻngda) Sportinternning (Qizil sport va gimnastika uyushmalari xalqaro assotsiatsiyasi) 10 yilligini nishonlamoqda. Qizil maydon, Moskva SSSR. 1931-yil avgust / wikipedia.org
Gorkiy oʻz hayotida koʻp odamlar bilan uchrashgan. U oʻzini hayrat uygʻotgan, xotirasida iz qoldirgan insonlar hayoti haqida hikoyalar toʻplagan yozuvchi edi. U avtobiografik trilogiyasi nashrdan chiqqanidan soʻng asarning davomini oʻylab topadi va ʻʻZiyolilar orasidaʼʼ nomi ostida bir qator memuar asarlar yozadi. Gorkiy hayotining soʻnggi yillarida oʻzining asosiy asari ʻʻKlim Samginning hayotiʼʼ epik romani ustida ishlagan. Asarda XIX–XX asrlar oxiridagi Rossiyaning maʼnaviy hayoti tarixi koʻrsatilgan. Romanda tasvirlangan va yozuvchi tasavvuri bilan yaratilgan qahramon — Klim Samgin bir paytlar Onegin, Pechorin, Beltov kabi oʻz davrining tipik qahramoniga aylandi. M. Gorkiy atoqli jamoat arbobi hisoblangan.
Maksim Gorkiyning haykali, Melitopol, Ukraina / wikipedia.org
U sovet yozuvchilarining I Butunittifoq qurultoyining tashkilotchisi va raisi boʻlgan, bir qator jurnallar (“Nashi dostijeniya”, “Za rubejom” ʻʻSSSR na stroykeʼʼ) va kitoblar silsilasini (ʻʻFabrika va zavodlar tarixiʼʼ, ʻʻAjoyib kishilar hayotiʼʼ — JZL, ʻʻShoir kutubxonasiʼʼ va boshqalar) yaratgan va tahrir qilgan. Bugungi kunda biz Gorkiyni ajoyib uslubchi, koʻp qirrali yozuvchi va ayni paytda fojiali tarzda yolgʻiz yashagan odam sifatida taniymiz.
Gorkiy qanday holda oʻlim topgani toʻliq aniqlashtirilmagan. Maʼlumki, u hukumatdan va shaxsan Stalindan Italiyaga davolanish uchun ruxsat berishini bir necha bor soʻragan. Biroq yozuvchi SSSRda sodir boʻlayotgan voqealar toʻgʻrisida haqiqatni aytib qoʻyishi mumkinligidan qoʻrqib, uning bunday soʻrovi doimiy ravishda rad etib kelingan. Ayni paytda surunkali oʻpka kasalligi tufayli Gorkiy oʻz quvvatini asta-sekin yoʻqotib bordi. Voqealar shunday rivoj topdiki, soʻnggi kunlarda Gorkiy deyarli yolgʻiz qolgandi. Albatta, uning “tantanali” dafn marosimiga uch nafargina ayol yigʻilgandi. Ular orasida qonuniy rafiqasi Yekaterina Pavlovna Peshkova ham bor edi. Gorkiy undan ikki nafar farzand, erta vafot etgan qizi Yekaterinani va 1934-yilda vafot etgan oʻgʻli Maksimni koʻrgan edi. Badiiy teatr aktrisasi Mariya Fedorovna Andreyeva bilan Gorkiy 15 yildan ortiq fuqarolik nikohida yashagan. Mariya Ignatiyevna Budberg esa bir umrga Gorkiyning umrbod muhabbati, oʻziga xos orzusi boʻlib qoldi. Ammo Gorkiy olamdan oʻtgan vaqtda ularning hech biri yonida boʻlmagan.
Muqova surat: wikipedia.org