Orqaga

985 marta koʻrilgan

m. a. VIII asr

Gomer

Yunon, xususan, Yevropa adabiyotining ustuni sifatida “Iliada” va “Odisseya” poemalari koʻrsatiladi. Ularning muallifi esa Gomer. Koʻplab olimlar fikricha, u Kichik Osiyo yarimorolida tugʻilib, turli bayramlarda chiqish qiladigan ertakchi (maxsus torli cholgʻuda epik asarlarni kuylovchi shaxs) sifatida tanilgan. Ular qahramonlik qoʻshiqlarini toʻqib, ularni lira (Qadimgi Yunoniston fuqarolari uchun asosiy o‘quv dasturining bir qismi boʻlgan cholgʻu asbobi) joʻrligida kuylardi.

Baʼzilar Gomerni koʻzi ojiz va hatto savodsiz boʻlgan, oʻz asarlarini ham yozolmagan deb hisoblagan. Xios orolida Gomer oʻtirgan deb taxmin qilingan xarsang saqlanib qolgan. Shuni taʼkidlash joizki, olimlar Gomer haqiqatan ham tarixiy shaxs boʻlgani yoki uning asarlari bir necha mualliflar ijod mahsuli ekani haqida shubhalanadi. Gomer poemalariga syujet boʻlib, Axilles, Odissey, Gektor kabi qahramonlarning tarixiy jasorati kuylangan afsonalar xizmat qilgan.

“Iliada”da qanday qilib yunon harbiylari qirol Agamemnon bilan Troya shahrini egallab olgani hikoya qilinadi. Troya qirolining oʻgli, Paris tomonidan Menelayning xotini, goʻzal Yelenaning oʻgʻirlab ketilishi urushning sababi edi. Shahar qamali 9 yil davom etadi. Bu davr ichida yunon qahramonlari amalga oshirgan koʻplab jasoratlarni Gomer batafsil tasvirlaydi. U grek qoʻshiqlarining anʼanaviy vazni — gekzametrni qoʻllaydi. Uning ritmi sokin va silliq boʻlib, hikoyaga mos edi. Aslida ham shunday boʻladi: qahramonlarning qurollanishi, kiyimi, xulqi batafsil hikoya qilinadi.

Aynan Gomer bizga qadimgi yunonlarning urushdagi maishiy hayotini yetkazib bergan. Poemada tasvirlangan joylar shunchalar aniqki, ulardan foydalanib, arxeologlar Troya xarobalarini topishga muvaffaq boʻlgan. Tarxichilar Troya haqiqatan ham yunonlar tomonidan miloddan avvalgi 1200-yillar atrofida bosib olinganini qayd etadi. Troyaning egallanishi va Yelenaning ozod qilinishidan keyin qahramonlar ortga yoʻl oladi. Ularning uyga qaytishdagi sarguzashtlari keyingi poema “Odisseya”ning syujetiga asos boʻladi. Odissey — asardagi bosh qahramon boʻlib, yunon oroli Itakaning qiroli, shavkatli jangchi va ziyrak sayohatchi edi. U yoʻlda ertaknamo maxluq, sehrgar, odamxoʻr sikloplarga duch keladi. Batafsillik, reallik va fantastikani uygʻunlashtirish faqat Gomer asarlariga xos emas. Yunonlar endi-endi sayohat qilishni boshlagan, ularning kemalari mukammal boʻlmagan, bilimlari ham oz edi. Shu sabab ular sirli mamlakat va ularda yashaydigan maxluqlarga duch kelgan.

Ertak va maishiy hayot bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan edi. Avvalo, Gomerning poemasi – bosh qahramon obrazi bilan qiziq. Biz xarakterning batafsil tasviri haqida gapira olmaymiz. Lekin qahramonning xulqiga xos detal, xatti-harakatlarining individual tafsiloti, muallifning unga bergan bahosidan kelib chiqib, uning ichki dunyosi, ruhiy iztiroblari haqida xulosa qila olamiz. Uzoq yoʻldan keyin Odissey Itakaga qaytadi. Rafiqasi Penelopa Odisseyni vafot etgan deb oʻylayotgan, kuyovlikka nomzodlar qurshovida qolib ketib, kamsitilishga chidayotgan edi. Poema anʼanaviy ziyofat sahnasi bilan yakunlanadi, unda Penelopa erining qaytganidan xursand, xalq esa qirolini olqishlayotgan edi. Gomer yunon xalq qoʻshiqchilarining soʻnggi vakillaridan boʻlgan deyishadi, chunki aynan undan keyin yunon adabiyotining rivojlanish davri boshlanadi. Gomerning “Iliada” va “Odisseya” poemalari boshqa yunon adabiy asarlari bilan bir qatorda, bir necha asrlardan keyingina Qadimgi Rimda yozib olinadi. Oʻshandan buyon, koʻplab yevropa milliy eposlari shakllanishiga taʼsir qilgan mumtoz qahramonlik qoʻshigʻi sifatida talqin qilinadi.

 

Bu ham qiziq: Salvador Dali

 



Muqova surat: wikipedia.org