6
Ulashish
941 marta koʻrilgan
1904–1989
Salvador Dali
XX asr madaniyat tarixida rassom Dalidan koʻra, ajoyib shaxsni topish qiyin boʻlsa kerak. Yana kim “homila paytidagi xotira” ni oʻylab topib, uni izchil ravishda tasvirlaydi?
Bolaligida boshlangan bunday oʻyin uning butun umri boʻyi davom etdi. Shuning uchun u avval rassom, keyin shoir, soʻngra nazariyotchi, oqibatda ssenarist boʻldi. U tomonidan kashf etilgan va ixtiro qilingan hamma narsa keyinchalik koʻp taqlidchilar tomonidan “tarqatib yuborildi”. Faqat Dalining rasm yoki grafikalari taqdim etilgan koʻrgazmalarda boʻlsangizgina, siz bu odam nafaqat ekstravagant, balki chinakam isteʼdod sohibi boʻlganini tushuna boshlaysiz.
Dali Ispaniyaning Kosta Bravo sohilidagi kichik Figuera se shaharchasida tugʻilgan. Uning oilasi bilan aloqasi unchalik yaxshi emas edi. Chunki oila aʼzolari Dalining gʻayrioddiy va tushunarsiz xatti-harakatini qabul qila olmagan. Pulni toʻgʻri sarflay olmasligi esa doimo ularni gʻazablantirardi. Dalining rafiqasi va ilhom manbai boʻlgan Gala hayotiga kirib kelgach, nihoyat u oilasidan uzoqlashadi.
Dalining sanʼat maydonida paydo boʻlib qolishi tasodif boʻlmagan. U shunchaki XX asrning qarama-qarshiliklari, urush va inqiloblar davrini aks ettira oladigan, isteʼdodli shaxs boʻlib yetishadi. Dastlab u kubizm va realizm oʻrtasida ikkilanib yurgan, keyinchalik bunday harakat uning asari ifodasida ataylab aks ettirilgan, deb ishoniladi. Dali oʻzining syurrealistik rasmlarida zamonaviy avlodning tarqoq, beqaror shuurini aks ettirgan. U “Syurrealizm bu – men”, deb bejiz taʼkidlamagan. Toʻgʻri, Dali yangi yoʻnalishning “tepasida” unchalik uzoq tura olmadi.
1929-yilda u syurrealistlar safiga qoʻshildi va 30-yillarning oxiriga kelib ularning yoʻllari ajraldi. Odatda bu davrning dasturiy surati “Xotira abadiyligi” (1931) deb nomlanadi. Sanʼatshunoslar fikricha, rassomning ijodiy uslubiga Zigmund Freyd bevosita taʼsir koʻrsatgan. Shuning uchun uning rasmlarida qiyofasi buzilib ketgan odam shakli, erib ketayotgan soat, alangadagi jirafalar kabi hayratlanarli, xayoliy tasvirlar paydo boʻlgan. Dalining oʻzi asarlarini “tushning chizilgan fotosuratlari”, – deb atagan. Biroq uning rasmlarida tasvirlangan noreal koʻrinuvchi kuygan yer va aql bovar qilmaydigan qoyalar toʻplami aslida vatani, rassom tugʻilgan joy boʻlmish Kataloniyaning manzarasi boʻlgan.
Dali har doim oʻz ijodiga hayrat uygʻotuvchi nomlar qoʻygan: “Telefon tishlab olgan koʻr otga aylanayotgan mashina vayronalari” (1938). Qizigʻi shundaki, syurrealistlar bilan yaqinlashish davrida Dali birinchi marta oʻzini kino sanoatida ham sinab koʻrdi. Keyinchalik mashhur ispan rejissyori Luis Bunyuel bilan birgalikda “Andalusiya koʻppagi” (1929) va “Oltin asr” (1930) filmlari ustida ishlagan. Ularning premyerasi koʻp tortishuvga sabab boʻlgan. Filmlarni Fransiyada namoyish qilish taqiqlangan, ammo ular Daliga bitmas shon-sharaf keltirgan. Dali 30-yillar oxiriga kelib, koʻproq anʼanaviy uslubga oʻtib olgan. Oqibatda u fashistlarga ijobiy munosabat koʻrsata boshlaydi. Bularning bari rassomning rasman syurrealistik oqimdan chiqarib yuborilishi bilan yakunlanadi.
U oʻsha davr voqealariga “Qaynagan loviyali yumshoq inshoot” yohud “Fuqarolar urushini sezish” (1936) asari bilan “javob” qaytaradi. Ushbu suratda oyoq suyagida parchalanayotgan bosh va ikkita ulkan panjalarning birida qonga belangan koʻkrakni siqib turgan, qandaydir dahshatli tuzilma tasvirlangan. Asar muallif yoʻnalishiga xos boʻlgan jonsiz, oʻlik manzara fonida kichik quti ustida tasvirlangan. Biroq Dalini “janob syurrealist” sifatida qabul qilish davom etgan. Dali va uning rafiqasini kutib olgan amerikaliklar uni shunday deb atagan.
Amerikaga sayohati vaqtida ijodkorning haqiqiy shon-shuhrati boshlanadi. Garchi u Amerikani yoqtirmagan boʻlsa-da, Ikkinchi jahon urushi paytida aynan shu yerga kelib, Nyu Yorkdagi qimmat mehmonxonadan biriga joylashdi. Rassomning Amerikada boʻlgan ushbu yillardagi faoliyati juda xilma-xil kechgan. U rasm chizar, balet qoʻyar, jurnallar bilan hamkorlik qilar, doʻkonlarni bezatar va ayollar soch turmagi boʻyicha konsultant boʻlib ham koʻradi. U hatto Alfred Xichkokning “Muzlagan” (1945) filmidagi qahramon tushi haqidagi epizodlarni ekranda koʻrsatish uchun tashkillashtirgan.
Rassomning koʻp qirrali ekanligi, shuningdek, balet uchun kiyim, bezak, zargarlik buyumi va mebellar chizmasini ishlab chiqqanida ham namoyon boʻldi. Dali “Salvador Dalining maxfiy hayoti” (1942) va “Daho kundaligi” (1966) avtobiografik kitoblari muallifi boʻlib, birinchi kitobini yozganida hali qirq yoshga toʻlmagan edi. Ammo uning hayoti shunchalik yorqin boʻlganki, u juda koʻp narsani esga olgan. Avvalo oʻzi yashagan asrning ilk uchdan bir qismiga xos Ispaniyadagi madaniy vaziyat haqida gapirib oʻtgan.
Salvador ijodining urushdan keyingi davri katolik syurrealizmi deyiladi. Rassom oʻzining odatiy gʻayrioddiyligi bilan «Madonna” surati loyihasini ishlab chiqadi. Shunga qaramay, Dalining oʻsha paytdagi asarlari yuqori professionalligini tan olish kerak. “Sirli kecha” (1955), “Xochdagi Avliyo Ioannning surati” (1951), “Buyuk avliyo Yakov” (1957) kabi asarlar jumlasidandir. Garchi u din bilan boʻgʻliq muammoga duch kelmagan boʻlsa-da, Dali bu yoʻnalishdagi ijodini toʻxtatadi.
Rassomning grafik ishlari ham oʻziga xos, ayniqsa uning Injil matnini talqin qilishi eʼtiborga molik. U ham xuddi rassom Bosx kabi bir xil tarzda boʻlingan va isyonkor dunyoni tasvirlab, borliqning maʼnosizligida maʼlum bir uygʻunlikni koʻra oladi. Murakkab, reallik shartiga asoslangan, jozibali syurreal ramzlar Dalining butun ijodiy uslubiga xos edi. Dali asarining Bosx ijodiy uslubiga oʻxshashligi uning XX asrning eng taʼsirli surati hisoblangan “Xotira abadiyligi” (1931) kartinasida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Ushbu asar Bosxning “Rohat bogʻi” surati (taxminan 1505–1510-yillar) bilan taqqoslangan. Suratlar tasavvurning nafisligi bilan hayratda qoldiradi.
Dali kundalik hayotda kutilmagan ishlarni qilishga odatlangan. U turli aqlga sigʻmaydigan narsalarni oʻylab topib, uni namoyish qilish uchun jurnalistlarni chaqirishni yaxshi koʻrardi. Dali asosiy eʼtiborni oʻzining tashqi koʻrinishiga qaratgan. Chunki u moʻylovi Injildagi Samsonning sochlari bilan bir xil kuchga ega ekaniga ishonardi. Salvador moʻylovini parvarish qilar, uni yuqori tomon burab, koʻk boʻyoq bilan boʻyardi. Zamondoshlarining aksariyati mashhur Dali qiyofasini qotib qolgan nazar va buralgan moʻylov bilan eslab qoladi. U nafaqat jozibador, balki kelishgan ham edi. Agar suhbatdosh uni gapga sola olsa, rassom juda bilimdon, zukko va faylasufona odam ekanligiga guvoh boʻlardi. Uning nasriy yoʻnalishi ham huddi shunday.
Dalini uning “janjalkash muza” boʻlmish Gala (Yelena Dmitriyevna Dyakova (1894–1982-yillar) siz tushunish mumkin emasdi. U Dalidan ham oʻtib tushgan ekstravagant shaxs edi. Intervyudan birida u hatto oʻz hayotini “doimiy portlash kabi” yashashni xohlashini aytgan. Gala oʻzining romantik munosabati bilan ham mashhur edi. Shu bilan birga, Dali bilan uchrashgandan soʻng ruhan va jismonan faqat unga tegishli boʻlganini aytgan. Gala xonim Dalining butun borligʻi edi. Gala uning birinchi ayoli, rasmlari uchun model, koʻplab ixtirolar ilhomi, “onasi”, xotini shu bilan birga, impresariosi (agenti) edi. Agar Gala xonim navbatdagi romantik munosabat bilan band boʻlmasa, u odatdagidek Daliga singib ketgan, Dali ishlayotganda unga ovoz chiqarib kitob oʻqib bergan va kerakli oʻrinda izoh bergan.
Rassom odatda uni tinglagan va hatto ayrim joyda asarlariga tuzatish kiritgan. Dali bir marta oʻzi yaratgan rasmi ostiga Gala Salvador Dali deb taxallus yozgani ham bejiz emas. Bu ajoyib ayol haqida gapirganda, odamlar bir narsani unutib qoʻyadi. Uning yoshi Dalidan ancha katta boʻlsa-da, Gala xonim nafaqat oʻziga xos goʻzallik, balki chuqur aql-zakovat, qalban donoligi bilan ham erini, ham boshqa odamlarni oʻziga jalb qilgan. Mariya Ivanovna Svetayevaning katta opasi Anastasiya oʻz xotirida Gala haqida: “Men uchratgan takrorlanmas, oʻziga xos qahramonlardan biri”, – deb bejizga aytmagan. Bundan tashqari, Gala Daliga hayotning tashvishiga bosh qotirmay, faqat ijod qilishi uchun barcha zarur sharoitni yarata olgan. Gala aynan Dali uchun Shanel ishlab chiqargan nafis liboslarni kiygan va kiyimlar eskirganda, huddi eskilariga oʻxshash, yangi kiyimlarga buyurtma bergan.
Galaning vafotidan keyin Dali oʻz uyida yakkalanib qolib, deyarli hech kim bilan gaplashmay qoʻygan. Dali vafot etgach, u Ispaniyaning Kosta Brava sohilida joylashgan Figeras shahridagi oʻz asarlari namoyish etiladigan muzeyning billur gumbazi ostida dafn etilgan.
Qo’shimcha manba: Дали, Сальвадор
Muqova suratar: biography.com / wikipedia.org