Orqaga

861 marta koʻrilgan

V asr

Xlodvig I

481-yildan 511-yilgacha Galliyaning katta qismida hukmdor boʻlgan franklar qiroli — Xlodvig I (Parij, Fransiya) hukmronlik yillari Rim imperiyasining Yevropaga aylanishida muhim davr boʻldi. Uning sulolasi — merovinglar 200 yildan ortiq, yaʼni VIII asrda karolinglar¹ paydo boʻlgunga qadar hukmronlik qildi. U franklarning birinchi qiroli boʻlmasa-da, qirollikning siyosiy va diniy asoschisi edi.

Xlodvig — franklarning butparast qiroli Xilderik va german davlati Tyuring malikasi Basinaning oʻgʻli. U 481-yilda Turna (hozirgi Belgiyada) atrofidagi Salian franklari va boshqa frank guruhlari hukmdoriga aylanib, otasining oʻrnini egalladi. Uning hukmronligi xronologiyasi aniq boʻlmasa-da, u 511-yilda vafot etguniga qadar franklarni birlashtirgani, oʻz taʼsiri va hukmronligini 486-yilda Rim viloyati Belgika Sekunda va 496-yilda Alemanni hududlari, 500-yilda Burgundiya va 507-yilda esa Vestgotlar yerlarigacha kengaytirgani aniq.

Xlodvig qirolligi zamonaviy Belgiya va shimoli-sharqiy Fransiyani qamrab olgan mintaqadan boshlanib janub va gʻarbda kengayib, Galliyadagi eng qudratli davlatga aylangan. U Vizantiya imperatori Anastasiy I ning eng muhim gʻarbiy ittifoqchisi boʻlgan. Xlodvig janubi-sharqiy hududlardan tashqari butun Galliyani birlashtiradi. Anʼanaviy, shuningdek, tarixchi Gregoriy Turskiy versiyasiga koʻra, Xlodvig shimoliy Galliyada franklarning oʻrnini mustahkamlagan. Ammo bu hodisaning baʼzi tafsilotlari hozirda olimlarni shubhaga qoʻymoqda.

Xlodvig diniy arbob sifatida.

Allarix II Siagriyni Xlodvig elchilariga topshirmoqda / wikipedia.org

486-yilda u Galliyadagi soʻnggi imperator — Syagriyni magʻlub etadi. Xlodvig gall-rimliklarning kuchli qoʻllab-quvvatlashi yordamida keyingi bir qator janglarda franklarning Turne, Vestgot va Burgundiya qirolliklari oʻrtasidagi hududlarni egallaydi. Ripuar franklari hamda alemannlar yerini qayta zabt etib, imperator nazoratini olib tashlaydi. Shu bilan birga, Xlodvig bu davrda boshqa Salian qirollarini ham yoʻq qilgan boʻlishi mumkin. Ikkinchi bosqichda esa Galliyada yashovchi boshqa german xalqlariga turli darajadagi muvaffaqiyat bilan hujum qiladi.

Alemannlarning gʻarb tomon bostirib borishi ikki yurish tufayli toʻxtatib qoʻyilgani ehtimoli bor. Birinchisi taxminan 495–496-yillarda boʻlib oʻtgan Kyoln qirolligidagi franklar olib borgan Tolbiak (Zyulpich) jangi boʻlsa, ikkinchisi Xlodvigning Kyolnni qoʻshib olishi boʻlgan.

Xlodvig diniy arbob sifatida.

Tolbiak jangi / wikipedia.org

Shu tariqa, Xlodvig oʻz hokimiyatini alemannlarning koʻplab hududlarigacha kengaytirib oldi. Sobiq aholining baʼzi qismi oʻsha davr Gʻarbning eng qudratli hukmdori boʻlmish Buyuk Teodorik hukmronligidagi Ostgotlar qirolligidan boshpana izlaydi. Xlodvig ham xuddi otasi kabi Galliyadagi katolik cherkovining yuqori mansabli ruhoniy yepiskoplari² bilan siyosiy va diplomatik aloqalar oʻrnatgan edi. Bu qudratli shaxslar german qirollari bilan hech qanday ikkilanishsiz ishlagan, bu Reyms (Fransiyadagi shahar) yepiskopi Remigiusning Xlodvigga yozgan maktubida yaqqol namoyon boʻlgan.

Yepiskoplar oʻzini qirolning haqiqiy maslahatchilari deb bilgan. Xlodvig hattoki katolik nasroniyligini qabul qilish va Reyms shahrida Remigius tomonidan choʻqintirilishdan³ oldin ularning (yepiskoplarning) huquqini tan olgan va mulklarini himoya qilgan. Choʻqintirish paytida venalik (hozir Fransiyada) shoir va yepiskop Avit Xlodvigga yozgan maktubida uning imoni, kamtarligi va rahm-shafqatini eʼtirof etgan. Shuningdek, Xlodvig vafotidan oldin yepiskoplarni Orleandagi (Fransiyadagi shahar) cherkov kengashiga chaqirishi ham eʼtiborga molik haqiqatdir.

Xlodvig vafotidan 50 yildan koʻproq vaqt oʻtgach paydo boʻlgan “Franklar tarixi” kitobida tarixchi Gregoriy Turskiy Xlodvig haqida koʻp maʼlumotlar yozib qoldirgan. Uni nasroniylik nuqtayi nazaridan talqin qilgan Gregoriy Xlodvig haqida hayajonli voqealarni bayon qilgan va uni aniq maqsadli jangchi sifatida tasvirlagan. Kitobda Xlodvigning rafiqasi — Klotilda erini butparastlikdan voz kechishga koʻndirishga uringan vaziyatlarni tasvirlash uchun taʼsirli ifodalardan foydalangan. Xlodvig nihoyat eʼtiqodini oʻzgartirganidan soʻng u Grigoriy nazarida IV asrning boshlarida Rim imperiyasini xristianlashtirgan imperator — “Yangi Konstantin” ga aylanadi. Ikkala holatda ham jangdagi kutilmagan gʻalaba shohni nasroniylar Xudosining kuchiga ishonish va choʻqintirishga rozi boʻlishiga olib keladi.

Gregoriy Xlodvigning choʻqintirilishini 496-yilda boʻlgan deb yozgan va uning keyingi janglari vestgotlarga qarshi 507-yilda Fransiyaning Poitiers shahri yaqinidagi Voulon shahrida sodir boʻlgani va unda nasroniylar gʻalaba qozonganini tasvirlagan. Biroq Gregoriy va boshqa zamondosh tarixchilar jangchi-qirol Xlodvigni diniy arbob sifatida taʼriflab aslo yanglishmagan. Uning hayoti butun Gʻarbiy Rim imperiyasida yuz bergan bir qator muhim mafkuraviy va madaniy oʻzgarishlarni koʻrsatadi. Xlodvigning otasi Xilderik butparastligicha vafot etdi va Turneda (Belgiyadagi shahar) yovvoyi otlar qabristoniga dafn qilinadi. Oradan 30 yil oʻtgach, Xlodvig vafot etdi va Parijda qurdirgan muqaddas Havoriylar cherkovida oʻzining zamondoshi avliyo Jenevye⁴ yoniga dafn qilindi, yillar oʻtib uning yoniga rafiqasi Klotilda ham dafn etiladi.

Asrlar davomida Xlodvig katoliklikni qabul qilishi uchun koʻp ishlar qilingan. German qirollari ichida u haqiqatan ham birinchi boʻlib dinini oʻzgartirgan. Ammo uning hukmronligini tasvirlaydigan zamonaviy manbalarning soʻnggi tahlili, ayniqsa, venalik Avitusning uni choʻqintirilgani munosabati bilan tabriklab yozgan maktubi Xlodvigning butparastlikdan katoliklikni toʻgʻridan toʻgʻri qabul qilmaganini koʻrsatadi. Katoliklikni qabul qilishdan oldin u nasroniylikdagi arianizm⁵ bidʼatiga qiziqqan, unga xayrixoh boʻlgan, ehtimol, uni qabul qilishga moyil edi. Avitusning soʻzlariga koʻra, Xlodvig juda kech, taxminan 508-yildagi Rojdestvo bayramida — oʻlimidan 3 yil oldin choʻqintirilgan boʻlishi mumkin.

Butparast, arian va katoliklar Xlodvig va Franklar Galliyasida oʻzaro murosaga keldi. Xlodvig ushbu 3 ta eʼtiqod tizimining oʻzaro bogʻliqligini shaxsiy hayotida aks ettirdi. U oʻzi butparastlikda tugʻilgan, ikki singlisi esa arian edi (biri ostrogotlarning arian qiroli Buyuk Teodorik bilan turmush qurgan). Rafiqasi Klotilda xuddi singlisi kabi katolik edi, ammo u arianlardan iborat boʻlgan Burgundiya qirollik oilasiga mansub boʻlgan. Xlodvigning katoliklikni qabul qilishi butun qirollikning emas, balki bir kishi eʼtiqodining oʻzgarishi edi, lekin bu franklar tarixida muhim ahamiyat kasb etgan. Xlodvigning dindor shaxs sifatidagi hayoti katolik yepiskoplari duch kelgan qiyinchiliklarni aks ettiradi va keyinchalik u xristianlik dinini yoyishga harakat qilishi bilan ular tashvishini ketkazadi. Ular butparastlik va u oʻzida mujassam etgan qadimiy urf-odatlarga qarshi kurashdi, bidʼatni yoʻqqa chiqardi va Galliyaning yahudiy jamoalarini ham xristianlik diniga kirgizishga urindi.

Xlodvig vafot etar chogʻida qirollikni toʻrt oʻgʻli oʻrtasida taqsimladi. Uning vafotidan keyin birlashgan qirollikni akalaridan koʻproq umr koʻrgan Xlotar boshqargan, lekin oʻz navbatida u ham mamlakatni oʻgʻillari oʻrtasida boʻlib bergan. Faqat VII asrning boshlarida Xlodvigning nevarasi Xlotar II hukmronligi davrida merovinglar doimiy siyosiy birlikka erishadi. Shunday qilib, Xlodvig asos solgan qirollik vaqti-vaqti bilan ayrim qismlari almashgan holda asrlar davomida saqlanib qoldi.

Xlodvig qirollikni mustahkamlagan, yepiskoplar bilan nomalar yozishgan va katolik nasroniyligini qabul qilgan jangchi shaxsi ortida nomaʼlumligicha qolmoqda. Oʻlimidan keyin bir necha oʻn yillar oʻtgach, u qahramon boʻldi. Uning nomi namunali qirol sifatida ulugʻlandi. U oradan 1 500 yil oʻtgach ham, hamon ahamiyatga ega boʻlib qolmoqda. Fransuzlar uchun u Fransiyaning asoschisi edi. Xlodvigning ismidan kelib chiqqan Lui ismi Fransiya qirollarining asosiy nomiga aylandi. U choʻqintirilgan sana esa Fransiya tarixida muhim sanalardan biri hisoblanadi. Katoliklar uchun esa u birinchi asosiy german qirolidir. Rim Papasi Ioann Pavel II 1996-yilda uning choʻqintirilgani 15 ming yilligi sharafiga Reymsda ommaviy marosim oʻtkazdi.


[1] Karolinglar — 750–887-yillarda Gʻarbiy Yevropada hukmronlik qilgan frank zodagonlar oilasi va sulolasi.
[2] Yepiskop — cherkovdagi yuqori mansabli ruhoniy.
[3] Choʻqintirish — nasroniylikni qabul qilish marosimi.
[4] Jenevye — katolik va pravoslav anʼanalariga koʻra, Parijning homiysi. Jenevye Nanterda tugʻilgan. Jenevye oserlik Germanus va troyalik Lupus bilan uchrashgandan soʻng Parijga koʻchib oʻtadi va oʻzini xristian diniga bagʻishlaydi.
[5] Arianizm — Iso Masihning ilohiyligini inkor etuvchi xristian bidʼati. U IV asrda iskandariyalik Arius tomonidan taklif qilingan va Sharqiy va Gʻarbiy Rim imperiyalarida mashhur boʻlgan. 325-yilda esa Nikea kengashi arianizmni bidʼat deb qoralagan.


Manba: britannica.com
Muqova surat: historydefined.net