Orqaga
Rim Qirolligi.

734 marta koʻrilgan

m. a. 753; m. 1453

Rim Imperiyasi

Rim qirolligi. Rim qirolligi (shuningdek, Rim monarxiyasi yoki qadimgi Rimning shohlik davri deb ham ataladi) Rim tarixining eng qadimgi davri boʻlib, ushbu davrda shahar va uning atrofidagi hududlar qirollar tomonidan boshqarilgan. Ogʻzaki maʼlumotlarga koʻra, Rim qirolligi miloddan avvalgi 753-yilda Italiyaning markaziy qismidagi Tiber daryosi boʻylab Palatin tepaligi atrofidagi aholi yashash joylarida shahar tashkil etish bilan boshlanib, miloddan avvalgi 509-yilda qirollarning taxtdan agʻdarilishi hamda respublika oʻrnatilishi bilan yakunlangan. Rim qirolligi tarixi haqida bizga juda kam narsalar maʼlum, chunki qirollik davri haqida maʼlumot beruvchi hech qanday yozuv va tarixiy manbalar saqlanib qolmagan. Rim Respublikasi va imperiyasi davrida qirollik haqida yozilgan hikoya va maʼlumotlar aksariyat hollarda ogʻzaki naqllarga asoslangan edi.

Asos solinishi

Rim forumidan topilgan miloddan avvalgi VI asr (Rim qirolligi va etrusklar davri) ga taalluqli boʻlgan terakota (loydan tayyorlangan va xumdonlarda qizdirib, sirlangan buyumlar) bezak plitalarining parchalari hozirda Rimdagi Diokletian hammomlar muzeyida saqlanmoqda. Rim qirolligi (oxir-oqibatda respublika va imperiya) tashkil topgan joy Italiyaning markaziy qismidagi Tiber daryosidan kechib oʻtish mumkin boʻlgan kechuv nuqtasini oʻz ichiga olgan edi. Palatin tepaligi va uning atrofidagi qoʻshimcha tepaliklar oʻzini oʻrab turgan keng unumdor yerlar yordamida osongina himoyalanish mumkin boʻlgan oʻrinni egallagan. Aynan mana shunday xususiyatlar shaharning muvaffaqiyatli ravishda rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan.

Rim tarixining, asosan, Liviy (miloddan avvalgi 64 yoki 59-yildan boshlab miloddan avvalgi 12 yoki 17-yilgacha yashagan), Plutarx (milodiy 46–120-yillarda yashagan) va galikarnaslik Dionisiy (miloddan avvalgi 60–7-yillarda yashagan) kabi tarixchilar orqali bizgacha yetib kelgan anʼanaviy turiga koʻra, Rim qirolligini unga asos solgan yettita qirol ketma-ket boshqargan. Rim tarixining Varron (miloddan avvalgi 116–27-yillarda yashagan) va Fabiy Piktor (miloddan avvalgi 270–200-yillarda yashagan) lar tomonidan tartibga solingan anʼanaviy xronologiyasi boʻyicha berilgan maʼlumotlarga koʻra, qirollarning birgalikda hukmronlik qilgan davri 243 yilni, oʻrtacha har biri uchun deyarli 35 yilni tashkil etadi. Bartold Georg Nibur kabi olimlar olib borgan tadqiqotlardan boshlab zamonaviy ilm-fan yuqoridagi tartibni odatda eʼtiborga olmay keladi.

Miloddan avvalgi 390-yilda Alliya yaqinida (Rim yaqinidagi Alliya daryosi yonida ) yuz bergan jangdan keyin (Varronga koʻra shunday, Polibiyning soʻzlaricha esa jang miloddan avvalgi 387–386-yillarda boʻlib oʻtgan) gallar Rimning koʻplab tarixiy yozuvlarini yoʻq qilgan, omon qolganlari esa vaqt oʻljasi va oʻgʻirlik qurboniga aylangan. Qirollik davri haqida birorta tarixiy manba saqlanib qolmagani sababli Rim qirollari haqidagi har qanday maʼlumot sinchkovlik bilan tekshirilishi kerak.

Monarxiya

Rim qirolligi davridagi barcha qirollar (afsonalarga koʻra, shaharning asoschisi boʻlgani uchun qirollik lavozimini egallagan Romul bundan mustasno) Rim aholisi tomonidan xalqqa umrbod xizmat qilishi uchun saylangan. Hech bir qirol taxtni qoʻlga kiritish yoki uni saqlab qolish uchun harbiy kuchga tayanmagan. Rim qirollarini boshqalardan ajratib turadigan belgilaridan biri uning atrofida oʻn ikki liktor (nazoratchi yoki xizmatkor) ning boʻlishi hisoblanib, liktorlar boltaning boshi mustahkamlangan ramziy tayoqlar koʻtarib yurish, kurul oʻrindiqlarda oʻtirish, egniga binafsharang toga (toga rimliklarning rasmiy kiyimi hisoblanadi), oyogʻiga qizil poyabzal va boshiga oq diadema (boshga taqiladigan aylana bezak) kiyish huquqiga ega edi. Yuqoridagi belgilarning eng muhimi binafsharangga boʻyalgan toga hisoblangan.

Bosh ijrochi shaxs

Har bir qirolning hukmronligi boshida Kuriat majlisi tomonidan qabul qilingan “Lex curiata de imperio” (Hukumat haqida sud qonuni) vositasida qirolga rasmiy ravishda berilgan imperiumdan (oliy vakolat) foydalanish, yaʼni oliy harbiy, ijro etuvchi va sud hokimiyatini amalga oshirish huquqlari berilgan. Imperiumdan foydalanish qirolning hukmronligini umrbod taʼminlab bergan va uni oʻz qilmishlari uchun sudga tortilishdan himoya qilgan. Qirol oʻsha vaqtlarda Rimning yagona egasi boʻlgani sababli u barcha Rim legionlarining bosh qoʻmondoni sifatida yakuniy ijro etuvchi hokimiyat va cheksiz harbiy vakolatga ega edi. Shuningdek, fuqarolarni magistratlarning (davlat amaldorlari boʻlib, oʻz xizmat doirasida farmon chiqarish va jarima solish huquqiga ega boʻlgan) xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilishidan himoya qila oladigan qonunlar monarxiya davrida hali qabul qilinmagan edi.

Qirol barcha mansabdor shaxslarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish huquqiga ega boʻlgan. Qirol, shuningdek, Rimdagi Ramnes qabilasining tribuni (armiya qoʻmondoni hamda oddiy xalq huquqlarini himoya qiluvchi vakil) hamda qirolning shaxsiy qoʻriqchilari gvardiyasi — selereslarning qoʻmondoni sifatida xizmat qilishi uchun “tribunus celerum” (tezkor tribun) ni lavozimga tayinlagan. Qirol oʻz lavozimini bajarishga kirishishi bilan tribunni tayinlashi kerak boʻlgan. Tribun esa qirol vafot etganidan keyingina oʻz lavozimini tark etgan. Lavozim vakolatlari boʻyicha tribun qiroldan keyin ikkinchi oʻrinda boʻlgan. U, shuningdek, Kuriat majlisi chaqirish va majlisga qonunlarni taqdim etish vakolatiga ham ega boʻlgan.

Qirol tomonidan tayinlangan yana bir muhim lavozim shahar prefekti boʻlib, u shahar nazoratchisi vazifasini bajargan. Qirol shaharda yoʻq boʻlgan paytlarda prefekt hukmdorning barcha huquq va vakolatlariga ega boʻlgan. Prefekt hatto qirol shahar ichida boʻlganida ham imperatorlik darajasi bilan taqdirlanishi qadar kuchga ega edi. Asta-sekinlik bilan qirol senatga patritsiylarni (Rimdagi urugʻ zodagonlari) tayinlaydigan yagona shaxs boʻlish huquqini ham qoʻlga kiritdi.

Bosh ruhoniy

Keltirilgan maʼlumotlardan aniq boʻlishicha, qirolning faqatgina oʻzi Rim nomidan avgur (bosh bashoratchi) lik qilish huquqiga ega boʻlgan va hech qaysi davlat ishi bashorat orqali maʼlum qilingan maʼbudlarning irodasisiz amalga oshirilmas edi. Xalq qirolni oʻzi va ilohlar oʻrtasidagi vositachi sifatida koʻrgan (lotin tilida pontifex soʻzi “koʻprik quruvchi” degan maʼnoni anglatgan. Bosh pontifik odamlar va maʼbudlar orasidagi vositachi vazifasini bajargan) va shuning uchun ham qirolga diniy izzat-ikrom koʻrsatilgan. Bu esa qirolni Rimdagi milliy dinning rahnamosi va uning bosh ijrochisiga aylantirdi.

Rim Qirolligi.

Saturn ibodatxonasi, qadimgi Rimda xazinani saqlagan diniy yodgorlik / wikipedia.org

Qirol Rim kalendarini nazorat qilish qudratiga ega boʻlib, u barcha diniy marosimlarni qachon oʻtkazishni belgilab bergan, quyi diniy idoralardagi lavozimlar va xodimlarni tayinlagan. Aytishlaricha, Romulning oʻzi avgurlarni tayinlagan va u avgurlar ichida eng zoʻr avgur boʻlgan. Xuddi shu tariqa qirol Numa Pompiliy ham pontifiklar lavozimini taʼsis etdi va ular orqali Rim diniy dogmasi (yunoncha dogma – fikr, qoida, taʼlimot boʻlib, qanday sharoitda qoʻllanilishidan qatʼi nazar koʻr-koʻrona qabul qilinaveradigan qoida) asoslarini ishlab chiqdi.

Bosh qonun chiqaruvchi

Qirollarning nazorati ostida boʻlgan senat va Kuriat majlisi juda kam kuch hamda vakolatlarga ega edi. Ular qirolning ixtiyoridan tashqarida ish qilolmas edi, chunki ular mustaqil ravishda yigʻila olmas va davlat masalalarini muhokama qilish huquqiga ega emas edi. Ushbu organlarni faqatgina qirol chaqirishi mumkin edi va faqat qirol ularning oldiga qoʻygan masalalarnigina muhokama qila olar edi. Kuriat majlisi qirol tomonidan taqdim etilgan qonunlarni qabul qilish huquqiga ega boʻlgan boʻlsa, senat amalda faxriy kengashdan iborat edi. Senat qirolga uning xatti-harakatlari toʻgʻrisida maslahat berishi mumkin edi, lekin biror holatda uning nimadir qilishiga toʻsqinlik qila olmas edi. Qirol senat va Kuriat majlisi roziligisiz bajara olmaydigan yagona narsa bu — begona davlatlar hududiga qarshi urush eʼlon qilish edi xolos.

Bosh sudya

Qirollik bilan birga keladigan imperium huquqi qirolga cheklanmas harbiy vakolatlar berdi va Rimning bosh sudyasi sifatida barcha ishlarda qonuniy hukm chiqarish huquqini ham taqdim etdi. Garchi u baʼzi hollarda kichik sudyalar vazifasini bajarishi uchun pontifiklarni tayinlashi mumkin boʻlgan boʻlsa-da, qirol oʻz oldiga qoʻyilgan barcha ishlarda, xoh u fuqarolik koʻrinishidagi, xoh jinoiy ishlar boʻlsin, hukm chiqarish borasida oliy vakolatga ega edi. Bunday huquq va vakolatlar qirolni urush paytida ham, tinchlik paytida ham oliy hukmdorlik darajasiga olib chiqib qoʻygan. Baʼzi tarixchilarning maʼlumot berishicha, qirol qarorlari ustidan shikoyat qilish mumkin boʻlmagan. Boshqalarning aytishicha esa eʼtirozlar Kuriat majlislari davomida har qanday patritsiy tomonidan qirolga yetkazilishi mumkin boʻlgan.

Qirolga yordam berish uchun kengash barcha sud jarayonlarida unga maslahat bergan, ammo bu bilan uning qarorlarini nazorat qilish huquqiga ega boʻlmagan. Shuningdek, qirol tomonidan ikki nafar jinoiy ishlar boʻyicha izquvarlar (quaestores parricidi) va xiyonat boʻyicha ishlarni nazorat qilish uchun ikki nafar xodimdan iborat jinoyat ishlari boʻyicha sud (duumviri perduellionis) tayinlangan. Tarixchi Livining soʻzlariga koʻra, Rimning yettinchi va oxirgi qiroli Lutsiy Tarkviniy Superbas kengash aʼzolarining maslahat va koʻmaklarisiz jinoyat ishlarini koʻrib chiqavergan va shu tariqa unga qarshi chiqishi mumkin boʻlganlarning yuragiga qoʻrquv solib turgan.

Qirollarning saylanishi

Qachonki qirol vafot etsa, Rimda interregnum, yaʼni qirollikning almashinish davri boshlangan. Davlatning oliy hokimiyati vazifasini bajarish yangi qirolni tayinlashga masʼul boʻlgan senat qoʻl ostiga oʻtadi. Senat yigʻilib oʻz aʼzolaridan birini interreks sifatida belgilaydi. Interreks Rimning keyingi qirolini topib tayinlash uchun besh kunlik muddatga xalqqa xizmat qilishi uchun vaqtincha qoʻyilgan oliy hukmdor degani. Agar beshinchi kunning oxirida ham qirol nomzodi koʻrsatilmasa, senat roziligi bilan interreks yana besh kunlik muddatga oʻzining oʻrniga boshqa bir senatorni tayinlaydi. Bu jarayon yangi qirol topilmaguncha davom etaveradi. Interreks qirollikka munosib boʻlgan nomzodni topgach, uning nomzodini senatga olib chiqadi va senat boʻlajak qirolning nomzodini koʻrib chiqadi. Agar senat nomzodni maʼqullasa, interreks Kuriat majlisi chaqiradi va qirolni saylash vaqtida majlisga raislik qiladi. Qirolikka nomzod Kuriat majlisida taqdim qilinganidan soʻng Rim aholisi uni qabul qilishi yoki rad etishi mumkin boʻlgan. Yangi qirol aholi tomonidan qabul qilingan taqdirda ham darhol vazifasiga kirishib keta olmaydi. U toʻliq qirollik hokimiyati va qudratiga ega boʻlishidan avval yana ikkita bosqichdan oʻtishi kerak boʻlgan.

Birinchidan, yangi nomzod qirol boʻlish uchun ilohlarning irodasiga koʻra, ular tomonidan maʼqullanishi kerak edi, chunki qirol kelajakda Rimning oliy ruhoniysi boʻlib xizmat qiladi. Bu marosimni qirol tomonidan saylangan bosh avgur oʻtkazgan. U qirolni ibodatxonaga olib kirgan va tosh oʻrindiqqa oʻtqazgan. Odamlar esa quyida hodisalar natijasini kutib turgan. Agar nomzod qirollikka loyiq deb topilgan boʻlsa, avgur maʼbudlar ijobiy belgilar berganini eʼlon qiladi. Bu esa qirolning ruhoniylik qila olish xususiyatini tasdiqlaydi. Amalga oshirilishi kerak boʻlgan ikkinchi bosqich imperium huquqining qirolga topshirilishi edi. Kuriat majlisining avvalroq oʻtkazilgan ovoz berish jarayoni faqatgina kim qirol boʻlishi mumkinligini aniqlab bergan xolos. Majlis hali unga qirolning mutlaq hukmdorlik vakolatini bermagan. Taomilga koʻra, qirolning oʻzi Kuriat majlisiga unga imperium huquqini berish toʻgʻrisidagi qonunni taklif qilgan va Kuriat majlisi qonunni yoqlab, ovoz berish orqali vakolatni qirolga bergan. Nazariy jihatdan olib qaraladigan boʻlsa, Rim xalqi oʻz rahbarini saylashda ishtirok etgan, ammo jarayon ustidan nazoratning katta qismi senatning qoʻl ostida boʻlgan.

Senat

Afsonalarga koʻra, Romul Rimga asos solganidan keyin shahar kengashi sifatida xizmat qilishi uchun eng oliyjanob erkaklarni (qonuniy xotini va bolalari boʻlgan badavlat kishilarni) shaxsan oʻzi tanlab, senatni shakllantirgan. Shunday qilib, senat davlat kengashi sifatida qirolning maslahat kengashiga aylangan. Senat 300 nafar senatordan iborat boʻlib, Rimning uchta qadimgi qabilasining har biridan 100 nafardan senator tanlab olingan. Ushbu qabilalar Ramn (lotinlar), Titilar (sabinlar) va Lutserlar (etrusklar) edi. Har bir qabila ichidan oʻnta kuriyadan (bir kuriya 30 kishidan iborat) bir senator saylangan. Senatorlarni tayinlash huquqi faqatgina qirolda boʻlgan, ammo bu tanlov qadimgi Rim odatlariga muvofiq amalga oshirilgan.

Toʻliq monarxiya davrida senat juda kam huquq va vakolatlarga ega boʻlgan, chunki qirol davlatdagi siyosiy hokimiyatning katta qismini oʻzida jamlab turgan va u vakolatlarni senatning roziligisiz amalga oshirishi mumkin boʻlgan. Senatning asosiy vazifasi qirolga muhim masalalarda maslahat berishdan va uning qonun chiqarish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi organi boʻlishdan iborat edi. Qirol tomonidan taqdim etilgan qonun Kuriat majlisida tasdiqdan oʻtganidan soʻng senat unga veto (rad etish yoki taʼqiqlash) qoʻyishi yoki qonun sifatida qabul qilishi mumkin edi. Rim odatlariga koʻra, qirol asosiy masalalarda senatdan maslahat soʻrar edi. Biroq senatning oldiga qanday masalalar (agar shundaylari mavjud boʻlsa) qoʻyishni qirolning oʻzi hal qilgan va oʻziga berilgan senat maslahatlarini xohlasa qabul qilgan, xohlasa rad etgan. Rim qirolligida faqatgina qirol senatni chaqirish huquqiga ega boʻlgan. Qirol vafotidan keyin yuzaga kelgan qirollik almashinuvi davridagina senat oʻzini-oʻzi chaqirish vakolatiga ega boʻlgan.

Rim Respublikasi

Rim Respublikasi — Rimning davlat boshqaruv shakli boʻlib, u klassik Rim sivilizatsiyasi davrida xalq vakili orqali boshqarilgan. Rim Respublikasi davri Rim qirolligining agʻdarilishidan boshlanib (qirollikning barham topishi taxminan miloddan avvalgi 509-yilga toʻgʻri keladi) miloddan avvalgi 27-yilda Rim imperiyasining barpo etilishigacha boʻlgan muddatni oʻz ichiga oladi. Bu davrda Rimning nazorati tez surʼatlar bilan kengaydi. Rim shaharning yaqin atrofidagi hududlardan tortib butun Oʻrta dengizi dunyosi ustidan gegemonlikni qoʻlga kiritdi.

Respublika davridagi Rim jamiyati birinchi navbatda Lotin va Etrusk qabilalarining, shuningdek, Sabin, Oskan va Yunon madaniy elementlarining majmuidan iborat boʻlib, bu elementlar ayniqsa qadimgi Rim diniy eʼtiqodi va Panteonda (Qadimgi Rimdagi barcha xudolar ibodatxonasi) yaqqol koʻzga tashlanadi. Rim respublikasining siyosiy jihatdan tashkil etilishi qadimgi Yunonistonda toʻgʻridan toʻgʻri demokratiya rivojlanishi vaqtiga toʻgʻri keldi. Respublika tepasida senat tomonidan nazorat qilinadigan, kollektiv va yillik muddatlarga saylanadigan magistratlar (qadimgi Rimdagi davlat lavozimi boʻlib, oʻz majburiyatlari doirasida farmon chiqarish va jarima solish huquqiga ega boʻlgan) turgan. Oliy darajadagi magistratlar keng doirada ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi, sud, harbiy va diniy vakolatlarga ega boʻlgan ikkita konsuldan iborat boʻlgan. Rimdagi oz sonli kuchli va obroʻli oilalar (xonadonlar deb ham ataladi) magistrat lavozimidagi asosiy oʻrinlarni egallab olgan boʻlsa ham, Rim Respublikasi umumiy hisobda vakillik demokratiyasining eng dastlabki namunalaridan biri hisoblanadi.

Rim Respublikasidagi institutlar butun respublika boʻylab oʻzi duch kelgan qiyinchiliklarga yechim topish va ularga moslashish uchun katta oʻzgarishlarni boshdan kechirdi. Masalan, bosib olingan viloyatlarni boshqarish uchun promagistrat lavozimini yaratish yoki senat tarkibini yangilash shular jumlasidandir. Rim imperiyasi davrida hukm surgan xalqaro tinchlik holatiga oʻxshamagan tarzda Rim Respublikasi oʻzining butun faoliyati davomida doimiy sodir boʻlib turadigan urush holatida boʻldi. Respublikaning birinchi dushmanlari qoʻshni lotin va etrusk qabilalari, shuningdek, miloddan avvalgi 387-yilda Rimni ostin-ustun qilib yuborgan gallar edi. Shunga qaramay, respublika bu kabi xavflarga nisbatan juda katta matonat koʻrsatdi va har doim oʻzi uchun halokatli boʻlsa ham, duch kelgan qiyinchiliklarni yengishga muvaffaq boʻldi. Gallarni jangda tor-mor keltirganidan soʻng Rim Respublikasi butun Italiya yarimorolini bir asr davomida bosib oldi va bu bilan respublika butun Oʻrta dengizidagi yirik davlatga aylandi.

Respublikaning eng katta strategik raqibi Karfagen boʻlib, Rim unga qarshi uch marta urush olib borishga majbur boʻlgan. Punik generali Gannibal mashhur Alp togʻlarini kesib oʻtib, Italiyaga bostirib kirgan va Rimga Trebiya (Shimoliy Italiyada joylashgan), Trazimen koʻli (Italiyaning Umbria mintaqasida joylashgan) va Kannda (Italiya janubi-sharqidagi Apuliya viloyatidagi qadimiy qishloq) uch marta halokatli zarba bergan. Ammo respublika tezlikda oʻzini oʻnglab olgan va miloddan avvalgi 202-yilda Zama yaqinidagi jangda afrikalik Ssipion boshchiligida gʻalaba qozongan.

Karfagen magʻlubiyatga uchragach, Rim qadimgi Oʻrta dengizi dunyosining hukmron va qudratli davlatiga aylandi. Shundan keyin u Filipp V va makedoniyalik Perseyni, salavkiylar imperiyasi imperatori Antiox IIIʼni , luzitaniyalik Viriatni, numidiyalik Yugurtni, Pontiya qiroli Mitridat VIʼni , Galliyaning Arverni qabilasidan boʻlmish Versingetoriksni va Misr malikasi Kleopatrani magʻlub etib, uzoq davom etgan murakkab urushlarni boshlab yubordi.

Respublikaning ichida ham hokimiyat xuddi shunday uzoq davom etgan ijtimoiy va siyosiy inqirozlarni boshdan kechirdi, bu esa bir necha marta yuz bergan shiddatli fuqarolar urushlari bilan yakunlandi. Dastlab, Orderlar toʻqnashuvi natijasida respublikada koʻpchilikni tashkil qiladigan plebeylar (oddiy xalq) yopiq oligarxik elita hisoblanadigan patritsiylarga (zodagonlar) qarshi chiqdi va ular 4 asr davomida bir necha bosqichlarda boʻlsa ham siyosiy tenglikka erishdi. Keyinchalik respublikaning ulkan miqyosdagi istilolari uning jamiyatini izdan chiqardi. Chunki mamalakatga olib kelingan minglarcha qullar oqimi aristokratiyani boyitib yubordi, lekin dehqon va shahar ishchilarini xonavayron qildi. Islohotchilar bunday qiyin muammolarni hal qilish uchun ijtimoiy agrar qonunlar qabul qilishga harakat qildi. Aka-uka Grakxilar islohotlarni ilgari surdi, ammo oxir-oqibat ular, yaʼni Saturnin va Klodiy Pulxerlar raqiblari — aristokrat senatorlar tomonidan oʻldirildi.

Respublikada islohotchilarga koʻpincha Popuyarlar, islohotlarga qarshi kurashayotgan senatorlarga esa optimatlar yorligʻi berilgan. Respublikada qullik tizimining kuchayib ketishi uch marotaba qullar qoʻzgʻolonining yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Qoʻzgʻolonlardan eng oxirgisiga Italiyani vayron qilgan mohir gladiator Spartak boshchilik qilgan. Spartak miloddan avvalgi 71-yilda magʻlubiyatga uchratilguniga qadar Rimni qoʻrquv iskanjasida ushlab turgan. Shu nuqtayi nazardan respublikaning soʻngi oʻn yilliklari siyosiy tizimni nazorat qilish uchun oʻzining harbiy bosqinlari va Rimdagi boʻlinishga moyil vaziyatdan foydalanib qolgan buyuk sarkardalar paydo boʻlishi bilan ajralib turadi. Mana shunday mohir jangchilardan hisoblangan Mariy (miloddan avvalgi 105–86-yillar oraligʻi), undan keyin Sulla (miloddan avvalgi 82–78-yillar oraligʻi) oʻzining siyosiy raqiblarini yoʻq qilish uchun harbiy nazoratdan keng foydalangan holda respublikada hukmronlik qildi.

Rim Qirolligi.

Zliten mozaikasi, hozirgi Liviyadagi ovqat xonasidan, bir qator manzaralar tasvirlaydi: tepadan musiqachilar; gladiatorlar; hayvon jangchilari; va oʻlimga hukm qilingan mahkumlar / wikipedia.org

Bunday keskinliklar keyingi fuqarolar urushiga sabab boʻldi. Mana shunday urushlardan birinchisi generallar Yuliy Sezar va Pompey oʻrtasida boʻlib oʻtdi. Ushbu urushda Sezar gʻalaba qozonib, umrbod diktator etib tayinlanganiga qaramay, u miloddan avvalgi 44-yilda oʻldirildi. Miloddan avvalgi 42-yilda Sezarning vorisi Oktavian va leytenant Mark Antoniy Sezarning qotillari Brut va Kassiyni magʻlub qildi, ammo ular ham oxir-oqibat ayrilib ketdi. Miloddan avvalgi 31-yilda Oktavian Aktsium yaqinidagi (Gretsiyaning gʻarbiy qirgʻoqlarida joylashgan) jangda Antoniyni va uning ittifoqchisi hamda sevgilisi boʻlmish Kleopatra (Misr malikasi) ni yakuniy magʻlubiyatga uchratadi, soʻng miloddan avvalgi 27-yilda senat Oktavianga Avgust maqomini berib, unga favqulodda vakolatlar taqdim qilganidan keyin Rim Respublikasi rasman yakun topdi va Oktavian amalda birinchi Rim imperatoriga aylanadi.

Rim Imperiyasi

Rim imperiyasi qadimgi Rimning respublika davlat boshqaruvidan keyingi boshqaruv shakli va davri hisoblanadi. U davlat sifatida Yevropa, Shimoliy Afrika va Gʻarbiy Osiyoda joylashgan Oʻrta dengiz atrofidagi yirik hududiy birliklarni oʻz ichiga olgan va imperatorlar tomonidan boshqarilgan. Sezar Avgustning birinchi Rim imperatori sifatida taxtga kelishidan boshlab to III asrdagi harbiy anarxiya davriga qadar imperiya oʻz viloyatlarining metropoliyasi Italiya va poytaxti Rim shahri boʻlgan prinsipat edi. Keyinchalik imperiyani Sharqiy Rim imperiyasi va Gʻarbiy Rim imperiyasi ustidan nazoratni oʻzaro taqsimlab olgan koʻplab imperatorlar boshqardi. Milodiy 476-yilda Rim shahri varvarlar tomonidan qoʻlga kiritilgach, imperiya taxti Rimdan Vizantiyaga koʻchirib oʻtkazildi va Konstantinopol uning yagona poytaxtiga aylandi.

Milodiy 380-yilda xristianlikning Rim imperiyasidagi davlat dini sifatida qabul qilinishi va Gʻarbiy Rim imperiyasining german qirollari tomonidan magʻlubiyatga uchrashi shartli ravishda qadimgi davrning tugashi va oʻrta asrlarning boshlanishini belgilab beradi. Ushbu voqealar tufayli asta-sekin lotin tili oʻrniga yunon tilining keng tarqalishi bilan bir qatorda, baʼzi tarixchilar sharqiy viloyatlarda saqlanib qolgan oʻrta asr Rim imperiyasini Vizantiya imperiyasi sifatida ajratib koʻrsatadi.

Rim imperiyasi oʻrnida oʻtmishda mavjud boʻlgan Rim Respublikasi fuqarolar urushi va siyosiy nizolar tufayli ham beqarorlashgan edi. Miloddan avvalgi I asr oʻrtalarida Yuliy Sezar “dictator perpetuo” (abadiy diktator) etib tayinlangan boʻlsa-da, shu nizolar sabab miloddan avvalgi 44-yilda oʻldiriladi. Oqibatda, miloddan avvalgi 31-yilda Aksum yaqinidagi jangda Oktavian Mark Antoniy va Kleopatra ustidan gʻalaba qozongunga qadar davlatda fuqarolar urushi va taʼqiblar davom etdi. Keyingi yili Oktavian Misrdagi Ptolemey qirolligini zabt etib, miloddan avvalgi IV asrda makedoniyalik Buyuk Aleksandrning istilolari natijasida boshlangan ellinizm davriga nuqta qoʻydi. Oktavian katta qudratga ega boʻldi va Rim senati unga cheksiz hokimiyat va “Avgust” unvonini berdi, bu uni Rimning birinchi imperatoriga aylantirdi. Rimning ulkan hududlarida metropoliya sifatida xizmat qilgan Italiyani istisno qilganda, senatorlik va imperatorlik provinsiyalari tashkil etildi.

Rim imperiyaga aylangandan keyingi dastlabki ikki asr “Rim dunyosi” deb nomlangan misli koʻrilmagan farovonlik va barqarorlik davri boʻldi. Rim Trayan hukmronligi davrida (miloddan avvalgi 98–117-yillar) oʻz tarixidagi eng katta hududlarni egalladi, oʻsib borayotgan muammolar va tanazzul davri esa imperator Kommod davri (milodiy 177–192-yillar) da boshlandi. Milodiy III asrda imperiya oʻz mavjudligiga tahdid soladigan inqirozni boshdan kechirdi, xususan, Galliya va Palmira imperiyalari Rim davlatidan ajralib chiqdi va imperiyani koʻpincha legionlardan boʻlgan qisqa muddat boshqaruvda turgan bir qator imperatorlar boshqardi. Imperiya hududlari Avrelian (milodiy 270–275-yillarda hukmronlik qilgan) davrida qayta birlashtirildi.

Rim Qirolligi.

Rim askarlari va nemislar oʻrtasidagi jang sahnasi boʻlgan «Grande Ludovisi» sarkofagi / wikipedia.org

Imperiyani barqarorlashtirish uchun Diokletian milodiy 286-yilda davlatning yunonlar taʼsiri ustuvor boʻlgan sharqiy qismida va lotinlar hukmronligi ostidagi gʻarbiy qismida ikkita alohida imperator boshqaruvini shakllantirdi. Xristianlar esa milodiy IV asrda, 313-yilgi “Milan edikti” dan keyin hokimiyat lavozimlariga keldi. Koʻp oʻtmay german xalqlari va Attila boshchiligidagi xunlar bosqinlarini oʻz ichiga olgan xalqlarning buyuk koʻchishi Gʻarbiy Rim imperiyasining tanazzuliga sabab boʻldi. Ravennaning germanlardan boʻlgan geruliyaliklar qoʻliga oʻtishi va milodiy 476-yilda Odoakr tomonidan Romul Avgustulning taxtdan tushirilishi bilan Gʻarbiy Rim imperiyasi quladi. Sharqiy Rim imperatori Zenon esa milodiy 480-yilda gʻarbiy imperiya rasman tugatilganini eʼlon qildi. Sharqiy Rim imperiyasi 1453-yilda Konstantinopol Mehmed II boshchiligidagi usmonli turklar qoʻliga oʻtguniga qadar yana ming yil yashadi.

Rim imperiyasining katta hududlarni egallagani va uzoq vaqt davomida hukmronlik qilgani tufayli Rim institutlari va madaniyati imperiya boshqargan hududlarda va undan tashqarida til, din, sanʼat, meʼmorchilik, adabiyot, falsafa, huquq va boshqaruv shakllarining rivojlanishiga chuqur va doimiy taʼsir koʻrsatdi. Rimliklar soʻzlashadigan lotin tili oʻrta asr va zamonaviy dunyoning roman tillariga, oʻrta asr yunon tili esa Sharqiy Rim imperiyasining tiliga aylandi. Imperiyaning nasroniylikni qabul qilishi oʻrta asr xristian olamining shakllanishiga olib keldi. Rim va yunon sanʼati Italiya Uygʻonish davriga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Rim meʼmorchiligi anʼanalari roman, uygʻonish va neoklassik meʼmorchilik uslublari uchun asos boʻlib xizmat qildi va islom meʼmorchiligiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Oʻrta asrlarda Yevropada yunon hamda Rim fan va texnikasining (ular islom ilm-faniga ham asos boʻlgan) qayta kashf etilishi ilmiy uygʻonish va ilmiy inqiloblarning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Rim huquqi sohasi dunyoning koʻpgina zamonaviy huquqiy tizimlarida, jumladan, Fransiyadagi Napoleon kodeksida oʻz aksini topgan boʻlsa, Rimdagi respublika institutlari oʻrta asrlardagi Italiya shahar-davlat respublikalariga oʻz taʼsirini oʻtkazgan holda oʻzgarmas meros boʻlib qolgan. Shuningdek, ular AQSh va boshqa zamonaviy demokratik respublikalar uchun ham asos boʻlib xizmat qilgan.



Muqova suratlar: wikipedia.org / freepik.com