Orqaga

927 marta koʻrilgan

m. a. 69–30

Kleopatra

Kleopatra ismi atrofida juda koʻplab afsona, hikoyat va sirlar jamlangan. Malikaning hayoti dunyoga mashhur shaxslar bilan bogʻlangan. Uning ilonlar ishtirokidagi oʻlimi esa unga boʻlgan qiziqishni yana ham oshiradi. Xoʻsh, aslida Kleopatra haqida nimalar maʼlum?

Kleopatra — Misrning Ptolemeylar avlodidan boʻlgan soʻnggi qirolichasi boʻlib, uni taxtga Aleksandr Makedonskiyning oʻzi olib kelgan. U Misr qiroli — Ptolemey XII ning qizi boʻlib, otasi uni anʼanaviy sulola nomi bilan Kleopatra deb atagandi.

Malika otasining oʻlimidan soʻng vasiyatga muvofiq yurtni ukasi Ptolemey III, uning vafotidan keyin esa Ptolemey XIV bilan birgalikda boshqara boshlaydi. Lekin bir qancha vaqt oʻtib, ulgʻaygan Ptolemey XIV Kleopatrani Falastinga surgun qilib, yakka oʻzi hukmronlik qilishni boshlaydi. Kleopatra taxt uchun kurashishga majbur boʻladi va yordam soʻrab Rimga murojaat qiladi.

Mil. av. 48-yilda Rim sarkardasi Gay Yuliy Sezar sulolaviy mojaroga aralashadi va Kleopatraga Misr taxtini qaytarib beradi. Mil. av. 47-iyulda esa Sezar va Kleopatraning oʻgʻil farzandi — Sezar Ptolemey dunyoga keladi. Bir yil oʻtgach Kleopatra oʻgʻli bilan Sezar nomi ortidan 2 yirik davlat — Rim va Misrni birlashtirish umidida Rimga keladi. Lekin uning umidlari mil. av. 44-yil 15-martda chippakka chiqadi. Sezar shu kuni Senat majlislar zalida oʻldiriladi. Dafn vaqtida eʼlon qilingan vasiyatga koʻra, Sezar singlisining nabirasi — Gay Oktaviyni asrab olib, uni merosxoʻr qilib tayinlagan boʻladi, ammo Sezar Ptolemey haqida vasiyatda bir soʻz ham yoʻq edi. Kleopatra Misrga qaytishga majbur boʻladi va oʻgʻlini hokimiyatga sherik qiladi.

Malika 3 yildan soʻng Rim imperiyasini Oktaviy bilan boshqarayotgan Mark Antoniy bilan uchrashadi. Antoniy mil. av. 42-yili Filippi jangida Sezar qotillari ustidan gʻalaba qozonadi. Shundan keyin Mark Antoniy Aleksandriyaga oʻrnashadi va bir qancha Sharqiy hududlar, jumladan, Misrning ham hukmdoriga aylanadi. Mark Antoniy omadli sarkarda edi, ziyofat, ayollar va hayotni sevardi, buning ustiga uning Kleopatraga boʻlgan muhabbati ham qoʻshiladi. Antoniy mil. av. 36-yilda Oktaviyning singlisidan voz kechib, Kleopatraga uylanadi. Shu hodisadan keyin omad undan yuz oʻgiradi. Parfiya va Armanistonga boʻlgan omadsiz yurishlar Oktavian Avgust va Mark Antoniy oʻrtasidagi munosabatni buzadi va ular oʻrtasida shafqatsiz jang boshlanadi.

Mil. av. 31-yilda Oktavianning floti Aksium boʻgʻozida Antoniy ustidan gʻalaba qozonadi. Kleopatra va Antoniy Aleksandriya (Misr) ga qochib, jon saqlaydi. Lekin Oktavianning armiyasi ularni taʼqib qilishda davom etadi. Rim hukmdorining qoʻshini Aleksandriyaga kirib kelganda Antoniy oʻz joniga qasd qiladi. U oʻzini xanjar bilan yaralaydi va Kleopatraning qoʻlida jon taslim qiladi. Kleopatra ham dushmanga asir tushmaslik va uning gʻalabasini koʻrmaslik uchun oʻz joniga qasd qiladi.

Aytishlaricha, u zaharli ilonlarni keltirishlarini soʻrab, ularning chaqishidan vafot etgan. Farzandlarining taqdiri ham turlicha kechadi. Sezar Ptolemey Oktavianning buyrugʻi bilan oʻldiriladi, Mark Antoniyning farzandlari esa Rimga, xotinining tarbiyasiga joʻnatiladi. Yozuvchi va rassomlar goʻzal Kleopatraning romantik va sirli obrazini yaratgan. Kleopatra tarixi bosh rolni Elizabet Teylor ijro qilgan mashhur filmga asos boʻlgan.

Shuningdek oʻqing: Tutanxamon

Qoʻshimcha manba: Клеопатра