4
Ulashish
1264 marta koʻrilgan
m. a. 1333–1323
Tutanxamon
Bir necha 10 yillar oldin Misr firʼavni Tutanxamon haqida tarixda bir qancha mavhum maʼlumot mavjud edi xolos, 1922-yilda uning nomi toʻsatdan butun dunyoga tanildi. Hayoti davomida hech narsa bilan tanilmagan bu firʼavn hozirda eng mashhur qadimiy hukmdorlar: dunyoga mashhur Misr piramidalarini qurgan Xeops va Xefren, buyuk fotihlar Tutmos III va Ramzes II, qadimiy din islohotchisi, bidʼatchi, Exnaton nomi bilan tanilgan, goʻzal Nefertitining eri Amenxotep V singari mashhurlikka erishdi. Aslida Tutanxamonga bunday shon-shuhrat baxtli hodisa tufayli keladi.
1922-yil 22-noyabrda mutaxassislar tili bilan aytganda, “asrning arxeologik kashfiyoti” sodir boʻladi, ingliz arxeologi Govard Karter Misr firʼavni Tutanxamon maqbarasini topib oladi. Qadim zamonlarda, ayniqsa, Misrda marhumlar yerdagi hayotni tugatgach, narigi dunyoda yashashni davom ettiradi degan fikr boʻlgan. U yerda muhtojlikka duchor boʻlmaslik uchun yer yuzida oʻrgangan va ishlatgan buyumlarini sagʻana hamda qabrlarga qoʻyishgan. Firʼavn maqbarasi bir necha xonalardan iborat boʻlib, ularga katta boylik joylashtirilgan. Bu maqbaralarning aksariyati haqiqiy yerosti saroylari boʻlgan. Xazina izlovchilarni Nil daryosining gʻarbiy qirgʻogʻida joylashgan, hozirda “Shohlar vodiysi” deb nomlanuvchi Misr firʼavnlari dafn etilgan joy doim oʻziga jalb etib kelgan.
Olimlar Misrga XVIII asr oxirida qadimiy yodgorliklarni oʻrganish uchun ilk bor kelganida, Misr qadimgi hukmdorlarining qabrlari allaqachon talon-toroj qilingani guvohi boʻladi. Shu sababli Tutanxamon maqbarasining topilishi katta shov-shuvga aylanib ketadi. Olimlar taxminan 2 ming yil oldin qaroqchilar bu qabrga ham tashrif buyurgani, biroq barcha binolarga kira olmagani, qimmatbaho narsalarni olib chiqishga nimadir toʻsqinlik qilganini aniqladi. Ular bu yerda ulkan xazina bilan firʼavn Tutanxamonning mumiyosini topadi.
Tadqiqotlar natijasida bu monarx tirikligida qanday boʻlgani, necha yoshda vafot etgani aniqlanadi. Misr firʼavni Tutanxamon Misr hukmdorlarining bir vaqtlar qudratli XVIII sulolasi soʻnggi vakili edi. Bu hukmdor qanday boʻlganini yaxshiroq tushunish uchun uning tarixdagi mashhur boshqa oʻtmishdoshlarini oʻrganib chiqish maqsadga muvofiqdir.
XVIII sulolaga Fiva hukmdori firʼavn Yaxmos I asos solgan boʻlib, u oʻzidan oldingi hukmdorlar ishini yakunlagan, yaʼni miloddan avvalgi 1560-yillarda deyarli bir yarim asr davomida mamlakatga zulm oʻtkazgan osiyolik giksos qabilalarini Misrdan quvib chiqarishga erishgan. Yaxmos Iʼning bu muvaffaqiyatiga uning alohida boʻlgan hududlarni birlashtirgani sabab boʻlgan. U mamlakatni ozod qilib, oʻz qoʻshinlari bilan Janubiy Falastinga bostirib kirgan va Kush (Shimoliy Nubiya)da Misr hukmronligini tiklagan. Bu Misr tarixida yangi qirollik davrining boshlanishi boʻlgan. Yaxmos I va Tutmos I, keyinchalik Tutmos Iʼning nabirasi Tutmos III ham bobosining munosib vorisiga aylanadi. Ularning hukmronligi davrida Misr yaqinidagi barcha mamlakatlar birlashtiriladi. Poytaxt Fiva shahriga esa Misrga boʻysunadigan barcha yerlardan behisob boylik oqib kela boshlaydi.
Misr miloddan avvalgi 1455-yildan 1424-yilgacha hukmronlik qilgan Tutmos IIIʼning nabirasi Amenxotep davrida katta qudratga erishadi. Firʼavnlar odatda nasl tozaligiga alohida eʼtibor qilgan va uni saqlab qolish uchun eng yaqin qarindoshlariga uylangan, ularning rafiqasiga “asosiy xotin” unvoni berilib, oʻgʻillari taxtni meros qilib olgan. Biroq Amenxotep III bu qoidani chetlab oʻtib, aqlli va tirishqoq ayol Tiyani oʻzining asosiy xotini deb eʼlon qiladi, Tiyaning birgina kamchiligi qirol oilasiga mansub emas edi.
Umrining oxiriga kelib, Amenxotep III taxtdan birmuncha uzoqlashib, oʻgʻli Amenxotep IV (Tianing farzandi) bilan birgalikda davlatni boshqargan. Amenxotep IV bidʼatchi sifatida shuhrat qozonib, boshqa xudo – Atonga sigʻinishni joriy etadi, “aton” dastlab “quyosh diski”, keyinchalik quyosh xudosi degan maʼnoni anglata boshlaydi. Shu tarzda u oʻzi va onasi Tiyani tan olmagan, Amon xudosiga sigʻinadigan ruhoniylar hokimiyatini cheklaydi. Yangi firʼavn hatto “Amon mamnun” degan maʼnoni anglatuvchi Amenxotep ismini Exnaton, yaʼni “Atonga maʼqul” ismiga almashtiradi. Bu oʻzgarishlarning barchasi, shuningdek, Exnatonning haddini bilmagan koʻchmanchilar bosqinlariga vaqt ajratmagani Misr zodagonlari va xalqning noroziligiga sabab boʻladi.
Exnatonning asosiy rafiqasi goʻzal Nefertiti boʻlib, uning goʻzalligi butun dunyoga mashhur haykaltaroshlik asarida muhrlangan. Taxminlarga koʻra, u qirollik oilasiga tegishli boʻlmagan, ammo bunga aniq dalillar ham mavjud emas. Exnaton va Nefertitining 6 qizi boʻlib, ulardan uchinchisi Anxesenpaaton kelajakda firʼavn Tutanxamonning rafiqasi boʻladi. Aslida Tutanxamonning kelib chiqishi haqida ham maʼlumotlar yetarli emas. Olimlar bu borada 2 taxminni ilgari suradi: birinchisi, Tutanxamon Exnatonning boshqa ayolidan boʻlgan oʻgʻli boʻlsa, ikkinchisi, Tutanxamon Exnatonning oʻgay ukasi boʻlgan.
Aksariyat olimlar ikkinchi taxmin tarafdori hisoblanadi. Exnaton vafotidan keyin Tutanxamon yagona merosxoʻr sifatida 9 yildan ortiq hukmronlik qila olmagan. Tutanxamon 10 yoshida taxtga oʻtirgan boʻlib, vafot etganida atigi 18—19 yoshda boʻlgan. Oʻsha paytda u allaqachon firʼavnning qiziga uylangan boʻlib, hatto uni boshqacha tarzda Tutanxamon – “Atonning tirik siymosi” deb atashgan. Yosh firʼavn, albatta, mustaqil hukmronlik qila olmagan, uning nomidan mamlakatni boshqa odamlar boshqargan.
Taxminlarga koʻra, bu Eye – keksa nufuzli amaldor, Exnatonning izdoshi boʻlib, uning rafiqasi bir vaqtlar qirolicha Nefertitining boquvchisi boʻlgan. Tutanxamon hukmronligi davrida sobiq din tarafdorlari asta-sekin hokimiyatni egallashga harakat qilgan. Biroz vaqt oʻtib, Aton xudosining nomi xuddi Amon xudosi kabi taqiqlana boshlaydi va oʻz navbatida Tutanxaton ham Tutanxamon – “Amonning tirik siymosi”ga almashtiriladi. Malika Anxesepaaton ham ismini Anxesenamon (Amon uchun yashovchi) nomiga oʻzgartiradi.
Maʼlumotlarga qaraganda, Tutanxamon hukmronligi davrida mamlakatda tinchlik hukm surgan va bu, albatta, keksa donishmand Eye sharofati bilan amalga oshirilgan. Tutanxamondan keyin merosxoʻr boʻlmagach (uning 2 farzandi goʻdakligida vafot etgan), Eye Misrning keyingi hukmdori boʻlgan. Olimlarning Tutanxamon hukmronligi haqida aniqlay olgan barcha maʼlumotlari ana shulardan iborat. Topilgan qabrda oʻsha qadimgi davrning siyosiy tarixiga oydinlik kirita oladigan bironta ham matnli papirus topilmagan.
Ammo firʼavn qabridan topilgan xazina olimlarga Tutanxamonning shaxsiy didi va odatlarini oʻrganish imkonini bergan. Ular orasida Tutanxamonning butun umri davomida unga tegishli boʻlgan barcha narsalari: tilla bilan bezatilgan taxt va hatto oʻymakor bolalar kursisi, tilla arava, karavot, qadah, oʻyib ishlangan alebastrli zargarlik sandiqchalari, sandiq va qutilar ham bor boʻlgan. Hatto firʼavn ishlatgan boʻyoq solingan quti, uning qurollari va boshqa koʻplab narsalar hozirgi davrga qadar saqlanib qolgan. Bu buyumlarning barchasi firʼavn, uning rafiqasi va saroy aʼyonlari hayotidagi manzarani aks ettiruvchi oʻymakorlik naqshlari bilan bezatilgan.
Eng uzoq xonada esa firʼavnning juda murakkab dizayndagi tobuti mavjud boʻlib, uning mumiyosi va ustida Tutanxamonning portreti tasvirlangan, sof oltindan yasalgan 9 kilogrammli sarkofag (zodagonlarni dafn qilish uchun ishlatiladigan tobut turi) boʻlgan. “Tutanxamon va uning maqbarasi xazinasi” koʻrgazmasi butun dunyoda shov-shuvga sabab boʻlgan. Luvr va Britaniya muzeyi yaqinida ilk bora ochilgan ekspozitsiya oldida sirli firʼavnni koʻrishga ishtiyoqmand odamlarning cheksiz navbati paydo boʻlgan. Ushbu koʻrgazma Rossiyaning Pushkin davlat muzeyi va Ermitajda ham taqdim qilingan.
Shuningdek oʻqing: Kleopatra
Qoʻshimcha manba: Тутанхамон
Muqova surat: wikipedia.org