Orqaga

1227 marta koʻrilgan

m. a. 100–44

Yuliy Sezar

“Keldim. Koʻrdim. Gʻalaba qozondim”. Navbatdagi gʻalabasidan soʻng Rimga yuborgan bu qisqa xabarida Gay Yuliy Sezarning qiyofasi toʻla ochiladi. U qatʼiyatli, oʻziga ishongan, baxtli hayot kechirgan va fojiali oʻlimga duch kelgan kishi edi.

Gay Yuliy Sezar kvintiliya oyida tugʻilgan boʻlib, keyinchalik bu oyni uning sharafiga “iyul” deb atashadi. U kambagʻallashib qolgan boʻlsa ham, nufuzli va qadimiy urugʻga mansubligidan faxrlanardi. Yuliy Sezar bolaligida grek tilini, tarix, adabiyot, falsafa, notiqlik sanʼatini oʻrganadi, yaxshi taʼlim oladi, notiqlikda faqatgina qadimgi rimlik notiq Sitseronga undan ustunroq edi.

Yuliy Sezar jasur va mustaqil shaxs edi. U hech kimga boʻyin egmas va doimo vaziyat boshqaruvchisi boʻlib qolardi. Bunga istalgan sohada guvoh boʻlishimiz mumkin edi. Diktator Sullaning noroziligiga qaramay uning azaliy dushmani Sinnaning qiziga uylanadi va keyin Sulla ajrashishni talab qilganda ham rad etadi. Qadimgi grek yozuvchisi Plutarx Sezarni Egey dengizida qaroqchilar tutib olgani haqida ham hikoya qiladi.

“Qaroqchilar uni ozod qilishi uchun 20 talant (oʻsha davr uchun bu juda katta mablagʻ boʻlgan) oʻlpon talab qilganida, Sezar kulib, ularning kimni asir olganidan xabardor emasligini aytib, oʻzi qaroqchilarga 50 talant taklif qilgan”. Odamlarini pul olib kelishga joʻnatgan Sezar doʻsti va ikki xizmatkori bilan yolgʻiz qolgan. U shunchalik xotirjam va qaroqchilarga nisbatan oʻzini shu qadar kibor bilan tutganki, ular Sezarga bir ogʻiz ham gapira olmagan. Bundan tashqari, Sezar dam olishni xohlaganida, qaroqchilarga shovqin solib, unga xalaqit bermasligini tayinlagan ham.

Rimga qaytgan Sezar oʻzining ajoyib nutqi va qimmatbaho sovgʻalari bilan Rim aholisining mehrini qozonadi va oʻshandan keyin rimliklar doim uni qoʻllab-quvvatlaydi. U diktator boʻlishni istar va maqsadi tomon qatʼiyat bilan harakat qilardi. Sezar unga yuqoriga harakatlanishga yordam beradigan oʻsha yagona yoʻlni topgandi. U Rim plebeylari (xalqi)ga suyanar va turli usullar bilan ularni mukofotlab kelardi. Oʻzining shaxsiy mablagʻi boʻlmasa ham, qarzga pul olib xalq uchun gladiatorlar jangi kabi bayramlar tashkil qilar, teatr namoyishlarini toʻlab berardi. Xalq esa bu uchun Sezardan minnatdor edi.

myjane.ru

Tez orada Sezar nufuzli yuqori darajali pontifik (bosh ruhoniy) lavozimiga erishadi, miloddan avvalgi 67-yilga kelib esa pretor (fuqarolik ishlari boʻyicha oliy sud lavozimi) etib tayinlanadi. Bir yildan soʻng Ispaniyaga boshqaruvchi qilib joʻnatiladi. Bu nafaqat nufuzli, balki serdaromad lavozim edi. Boshqaruvchilar istaganicha viloyatlarni tunashi va buning ortidan boyib ketishi mumkin edi. Sezar ham istisno emasdi. Lekin u siyosiy maqsadlaridan voz kechmaydi. Tarixda u haqda shunday bir lavha bor. Ispaniyaga yoʻl davomida u kichik bir shaharcha oldidan oʻtganida hamrohlari: “Nahotki shu yerda ham hokimiyat uchun kurash davom etsa, odamlar lavozim uchun talashishsa?”, — deb kinoya qiladi. Sezar ularga jiddiy ohangda: “Menga qolsa, Rimda ikkinchi boʻlgandan koʻra bu yerlarda mutlaq hukmdor boʻlgan maʼqul”, — deb javob beradi.

U doim va hamma narsada birinchi boʻlishni xohlardi. Sezar Ispaniyada boyib, mashhur qoʻmondonga aylanadi. U askarlaridan hech nimani ayamasdi va aynan askarlari uni tez orada imperator qilib tayinlaydi. Qachonlardir Rimda “imperator” soʻzi oliy harbiy lavozimni anglatar edi. Bu unvon sarkardalarga gʻalabalari uchun yo Senat qarori, yo askarlarning mustaqil qaroriga asosan berilardi. Shu tariqa Rim davlatida bir vaqtning oʻzida bir nechta imperator boʻlishi mumkin edi.

Sezarda pul ham, mashhurlik ham, sodiq armiya ham bor edi. U mamlakatdagi eng yuqori lavozimga talabgorlik qila olardi. Lekin Rimda hokimiyatni faqat Sezar egallamagandi. Uning doim oʻzaro kurashadigan kuchli raqiblari ham bor edi. Ulardan biri rimliklarning eng badavlat aʼzosi Mark Krass va mashhur qoʻmondon Gney Pompey edi. Yuliy Sezar ularni yarashtirib qoʻygach, aslzodalar hokimiyatini qulatib, oʻz hukmronligini oʻrnatish maqsadida oʻzaro triumvirat (uch erkakning yashirin ittifoqi) tuzadi. Sezar hatto yoshidagi katta farqqa qaramay qizi Yuliyani Pompeyga turmushga beradi, bu vaqtda Pompey 46, yuliya 23 yoshda edi.

Pompey va Krass miloddan avvalgi 59-yilda Sezarning konsul boʻlishiga yordam beradi. Bu Rim Respublikasidagi eng yuqori ijro hokimiyati lavozimi edi. Yuqori qonun chiqaruvchi hukumat xalq majlisiga tegishli edi, yuqori muhokama organi esa senat boʻlib, unga asosan aslzodalar oʻtirardi. Sezar toʻlaqonli hokimiyatni qoʻlga kiritish uchun senat bilan kurashishga qaror qiladi. U yana rimlik fuqarolar yordami bilan senatni hokimiyatdan olib tashlamoqchi boʻladi, bu uchun senat qoʻllamasligini bila turib xalq manfaatini koʻzlaydigan qonunlarni ilgari suradi. Vaziyat u kutganidek boʻladi. Sezar forumga chiqib, fuqarolarga bu qonunlarni qabul qilishni xohlamaydiganlarga qarshi kurashda yordam soʻraydi. Albatta, fuqarolar uni qoʻllab-quvvatlaydi. Sezar bu safar ham gʻalaba qozonadi. Bir yilga belgilanadigan konsullik muddati tugagach, Sezar miloddan avvalgi 58-yilda belgilanganidek 1 yil emas, besh yil muddatga Galliya (hozirgi Fransiyaning janubi va Italiyaning shimoliy qismi) ning hukmdoriga aylanadi.

Miloddan avvalgi 55-yilda bu muddat 10 yilgacha uzaytiriladi. Bu vaqtda Krass Suriyaning, Pompey esa Afrika va Ispaniyaning hukmdoriga aylanadi. Shu tariqa Sezar Galliyada 10 yil qoladi. Bu davrda u Rim sarhadlarini kengaytiradi, 800 dan ortiq qishloq va koʻplab qabilalarni boʻysundiradi. Uning daromadi mislsiz tarzda oshadi, armiyasi ham kengayib, avvalgidek qoʻmondonini boyitishda davom etadi.

U armiyasi bilan ikki marta Reyn daryosiga borib, Britaniya hududiga kiradi. Shunga qaramay, Sezar Rimda boʻlayotgan voqealarni nazardan qochirmaydi, u yerga tilla va qimmatbaho sovgʻalar yuborib, oʻziga kerakli kishilarni “sotib oladi”. Lekin u yerda koʻp narsa oʻzgargan edi. Krass urushda halok boʻladi. Pompeyning rafiqasi boʻlgan qizi Yuliya ham vafot etadi. Pompeyning oʻzi Rimda katta hokimiyatni qoʻlga oladi. U senatning qarori bilan Sezar armiyasini tarqatishi, hokimiyatdan voz kechib, Rimga oddiy kishi sifatida qaytishi toʻgʻrisida farmon chiqaradi. Sezar bu farmonga boʻysunmaydi va Rimda fuqarolik urushi boshlanadi.

Sezar qoʻshini bilan Italiya chegaralari boʻyidagi Rubikon daryosiga boradi. Lekin daryoni kechib oʻtmaydi, chunki u Italiyaga bostirib kirishi koʻplab yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bilardi. Oxir-oqibat kerakli qaror qabul qilinadi. Sezar miloddan avvalgi 49-yil 10-yanvarda Rubikonni kechib oʻtadi va qoʻshini bilan Rim tomon otlanib, yoʻl-yoʻlakay Pompeyga boʻysunadigan shaharlarni egallab boradi. Pompey Rimdan Gretsiyaga qochadi, chunki bu paytda uning qoʻshini Ispaniyada edi. Sezar esa Ispaniyaga yoʻl olib, Pompeyning qoʻshinini tor-mor etadi, Rimga qaytganida esa senat uni diktator qilib tayinlaydi.

Versingetorigning Sezarga taslim boʻlishi / gazeta.ru

11 kundan soʻng Sezar Pompeyga qarshi yurish boshlaydi. Gretsiya shimolidagi Fessaliya hududida ular orasidagi hal qiluvchi jang boʻlib oʻtadi. Pompey yengilib, qochib ketadi. U Misrga qochishni uddalasa ham misrliklar uni xiyla bilan oʻldirib, boshini Aleksandriya shahriga kelgan Sezarga olib boradi. Sezar bu yerda taxtga Kleopatrani oʻtqizadi. Kleopatraning husniga mahliyo boʻlgan Sezar Misrda ancha vaqt qolib ketadi. Bu munosabatda ularning farzandi Sezarion tugʻiladi. Lekin Rimdagi vaziyat diktatorning qaytishini talab qilgani uchun u miloddan avvalgi 47-yilda Rimga qaytadi.

Shu vaqt davomida to miloddan avvalgi 45-yilgacha Sezar Pompeyning Afrika, Italiya va Ispaniyadagi tarafdorlariga qarshi kurashadi. Pompeyning oʻgʻillariga qarshi ispan urushi Sezarning soʻnggi jangi boʻladi. Urushdan qaytgan Sezar oʻzini umrbod diktator deb eʼlon qiladi. Senat unga “Xalq otasi” unvonini va avloddan avlodga oʻtishi mumkin boʻlgan imperatorlik lavozimini beradi. Shu tariqa Rim imperiyaga aylanadi.

Lekin hamma ham Sezarni qoʻllab-quvvatlamasdi, oqsuyaklar va senat aʼzolari orasida uning dushmanlari koʻp edi. Sezarning davlat boshqaruvidagi islohotlari, fuqarolarga berilgan huquq va boshqa yangiliklari ular uchun meʼyordan oshiq boʻlib koʻrinardi. Sezarga qarshi fitna uyushtiriladi. Fitnachilar orasida Mark Yuniy Brut va Gay Kassiy Longin rahbarligidagi respublikachilar ham bor edi. Baʼzi mish-mishlarga koʻra, Sezarning qadimgi rimliklardagi mart idalari, yaʼni 15-martda oʻldirilishi bashorat qilingan edi.

Miloddan avvalgi 44-yilda senatga yoʻl olgan Sezar bashoratchisiga: “Mart idalari ham kirib keldi”, — deydi. Bashoratchi esa: “Ha, kirib keldi, lekin hali oʻtib ketmadi”, — deya javob bergan ekan. Plutarx Sezarning soʻnggi kunini shunday tasvirlaydi. Shu kuni senat majlisida Gay Yuliy Sezar oʻldiriladi. Sezarning vafotidan keyin olomon uning qotilini izlay boshlaydi. Ular koʻchalarda yongan fakellar bilan yugurib, fitnachilarning uyiga oʻt qoʻyar va tunab ketardi. Yana koʻp yillar davom etgan fuqarolar urushi shu tariqa boshlanadi.

Keyinchalik barcha Rim imperatorlari “Sezar” nomi bilan faoliyat koʻrsatadi. Bu nom oliy hukmdorning unvoniga aylanadi. Qadimgi davrlardan hozirgi kungacha tarixchi, yozuvchi va shoirlar Sezarning faoliyatini tasvirlab keladi. U koʻplab asarlarning bosh qahramoniga aylangan — Svetoniyaning “Hayotni tasvirlash”, Dantening “Ilohiy komediya”, Petrarkaning “Gʻalabalar”, Shekspirning “Yuliy Sezar”, Bernard Shouning “Sezar va Kleopatra”, Tornton Uaylderning “Mart idalari”, Bertold Brextning “Janob Yuliy Sezarning ishlari” kabi asarlar shular jumlasidandir.



Muqova surat: wikipedia.org