Orqaga

864 marta koʻrilgan

486-yil

Franklarning kelib chiqishi

Kelib chiqishi va oʻziga xosligi

Mil. av. I asrda Yuliy Sezarning Galliyani bosib olishi natijasida Reyn daryosi Rim dunyosi chegarasiga aylangan. Shunday qilib, Reyn daryosi “sivilizatsiya” (yaʼni Rim) va undan tashqarida yashagan varvar nemislar oʻrtasidagi siyosiy toʻsiq boʻlgan. Rimliklar xayolida nemislar baland boʻyli, malla sochli, iflos va zoʻravonlikka moyil holda gavdalangan. Rim legionlari asrlar davomida Reyn chegarasidagi germanlarning Rim hududiga kirishiga yoʻl qoʻymagan. Ammo Uchinchi asr inqirozi davrida Rim hokimiyati bosqichma-bosqich parchalana boshlagan. Bu esa baʼzi german xalqiga Rim yeriga bostirib kirish imkonini bergan. Ushbu german guruhlaridan biri franklar boʻlib, ular tarix yilnomalariga ilk marta milodiy III asrda kirgan.

Dastlabki franklar birlashgan xalq emas, balki quyi Reyn boʻyida yashovchi, har biri oʻziga xos, alohida qabilalarning erkin uyushmasi boʻlgan. Baʼzi zamonaviy olimlar ularni uyushmadan koʻra “qabilalar toʻdasi” deb atashni toʻgʻriroq deb hisoblaydi. Chunki ular faqat hujum yoki mudofaa harakatida birlashadi. Biroq ular kuchini birlashtirganida, bu qabilalar umumiy maʼnoda tajovuzkor yoki jasur maʼnosini anglatuvchi franklar nomi bilan tanilgan. Keyinroq bu xalq nomi “erkin” tushunchasini bildirib, bu esa franklarning oʻziga koʻproq maʼqul tushgan.

Franklar bilan bogʻlangan german qabilalarining baʼzilari chamavi, chattuari, brukteri, salyan, ripuar va boshqa urugʻlarni oʻz ichiga olgan. Salyan va ripuarlar, oxir-oqibat hukmron qabilaga aylangan. Franklar kelib chiqishi haqida turli xil taxminlar mavjud. VI asr tarixchisi — Gregoriy Tursning taʼkidlashicha, franklar Pannoniyadan (Rim provinsiyasi) kelib chiqqan. Tyuringiya (sharqiy Germaniya) va Belgiyaga joylashishdan avval Reyn (Germaniyada joylashgan) viloyatiga koʻchib oʻtgan. “Fredegar yilnomasi” va muallifi noʻmalum “Fransiya tarixi kitobi” koʻproq afsonaviy tafsilotni taqdim etgan. Ularning har biri franklar kelib chiqishini Troya urushi bilan bogʻlaydi. Afsona koʻra, qirol Priam 12 000 troyan qochqinlarini Pannoniyaga olib kelgan va u yerda Sikambriya shahriga asos solgan. Ayrimlari u yerda qolgan, boshqalari esa Fransio ismli rahbar ortidan Reynga qadar ergashib borib, u yerda franklar nomi bilan taniladi.

Troya bilan bogʻliqlik, ehtimol, franklar uchun troyaliklardan kelib chiqqanini daʼvo qilgan rimliklar bilan teng ravishda nasl-nasab berishga urinish boʻlgan. Bu tarix kelib chiqishi, albatta, afsonaviy boʻlsa-da, Yan Vud kabi baʼzi zamonaviy olimlar franklar katta migratsiya qilgani va Reynlandda paydo boʻlganiga ishonish uchun asos yoʻqligini taʼkidlaydi.

Din, til va qonun

Franklar qirol Xlodvig I davrida (481–511-yillar) nasroniylikni qabul qilgan. Biroq bundan oldin ular eski german butparastligining bir turiga amal qilgan. Bu mifologiya mahalliy diniy markaz bilan bogʻliq bir nechta xudolar atrofida oʻralashgan boʻlib, ayniqsa, oʻrmonlar ilohiylashtirilgan. Grigoriy Turs katolik yepiskopining tarafkashlik nuqtayi nazariga asoslanib, ularning dastlabki dinini quyidagicha taʼriflaydi: “Dastlabki franklar, ehtimol, Vuodan (Odin) ning iteratsiyasi (bir ishni takroran bajarish) ga ishongan boʻlsa-da, ularning oʻziga xos diniy ramzlari mavjud edi”.

Xlodvig I ning Avliyo Remi tomonidan cho’qintirilishi.,fil suyagidan yasalgan; pikardiya muzeyi,Amyen shahri (Fransiya) / wikipedia.org

Masalan, buqa tasviri, ayniqsa, ahamiyatli boʻlganga oʻxshaydi. Kinotavr deb nomlangan buqa boshli, dengiz yirtqich hayvoni franklar rahbari – Merovex otasi boʻlganligi aytilgan. Shuningdek, oltin buqa boshi Saliya qiroli Xilderik I qabridan topilgan. Franklar dini kabi ular muloqoti ham german tilidan boshlanib, sekin-asta lotinlashgan. Asl til gʻarbiy german lahjasi boʻlib, u ham gotika, ham sharqiy german, ham qadimgi nors yoki shimoliy german tilidan farq qilgan. Franklar Belgiya va shimoli-sharqiy Galliyaga joylashib, mahalliy gallo-rim aholisi bilan qoʻshilib, ikkala guruh odamlari uchun lingvistik oʻzgarishni kiritadi. Belgiyaning shimoliy qismida, Gollandiya va Germaniya dastlabki franklar mavjudligida muhim joylar boʻldi. Sababi, odamlar German tili taʼsiri ostidagi tillarda gaplasha boshladi. Natijada bu tillar eski golland va flamand tillarga aylandi.

Franklar kech kelib joylashgan hozirgi Fransiya va janubiy Belgiyada vallon va eski fransuz tillari kabi roman tillari gullab yashnadi. Birlashuvdan avval har bir frank qabilalari oʻzlaridagi huquqiy spikerning qonunlariga amal qilgan. 507–511-yillar Xlodvig I hukmronligi davrida yangi franklar qirolligiga taalluqli boʻlgan fuqarolik qonunlari toʻplami yozilgan boʻlib, u hukmron salian qabilasi nomi bilan atalgan “Salik qonuni” sifatida tanilgan. Qonun kodeksi lotin tilida yozilgan boʻlib, asosan, meros va jinoiy odil sudlov bilan bogʻliq boʻlgan va kelajakdagi ayrim Yevropa huquqiy tizimi uchun asos boʻlgan. Franklar qonunining yana bir kodeksi — Ripuar qonuni 630-yilda, ripuarliklar Avstraziya qirolligida mashhurlikka erishganida yozilgan.

«Salik qonuni» fuqarolik qonunlar toʻplami / wikipedia.org

Galliyaga joylashish

Franklar ilk marta milodiy 289-yilda zamonaviy Rim manbasi tomonidan tilga olingan boʻlsada ular 289-yildan 10 yil oldin rimliklarga qarshi kurashgan. 260-yilga oid Rim marshi qoʻshigʻi minglab franklar oʻlimiga ishora qiladi. Arxeologik dalillar esa franklar Rim Galliyasiga 250-yillarda hujum qilganligini koʻrsatadi. III asr oxiriga kelib, franklar Rim hududiga quruqlikdan ham, dengizdan ham koʻplab hujum uyushtirgan. Frank qaroqchilari Oʻrta Yer dengiziga suzib kirib, Shimoliy Afrikagacha bostirib boradi. Bu bosqinlar franklarga qarshi bir nechta muvaffaqiyatli yurishni boshlagan Rim imperatorlari eʼtiborini jalb qiladi.

289-yilda frank qiroli — Gennobaudning va Rim imperatori — Maksimianga (286–305-yillarda hukmronlik qilgan) taslim boʻlganligi qayd etilgan. 307-yilda Brukterilarning frank qabilasi Trierdagi arenada ikki Brukteri rahbarini maxluqlarga tashlagan Konstantin I (306–337-yillar) tomonidan magʻlub boʻlgan. Gʻolib rimliklar bu yurish davomida koʻplab franklarni qoʻlga olgan. Rimliklar toʻlov undirish yoki ularni qatl qilish oʻrniga, bir necha asir franklarni Rim tuprogʻiga laeti (yarim erkin boʻlgan varvarlar) sifatida joylashtirishga qaror qilgan. Bu esa harbiy xizmat evaziga ularga Rim imperiyasi tarkibidan yer berilganligini anglatgan.

IV asr oʻrtasiga kelib, xuddi shunday foederati (harbiy yordam evaziga foydali ulush inʼom etish) shartnomalari asosida butun frank qabilalari Rim yerlariga joylashtirilgan. Masalan, salian franklari 358-yilda Belgiya Galliyasiga, Ripuar franklari esa Kyoln shahri atrofidagi Reyn daryosiga joylashtirilgan. Bir paytlar Rim dushmani boʻlgan bu qabilalar endilikda harbiy koʻmagi evaziga Rim qoʻshinini mustahkamlab, imperiya chegarasini varvarlar bosqinidan himoya qilgan. Bu munosabatlar baʼzi franklarning Rim hokimiyat tuzilmasida gullab-yashnashiga imkon bergan. Masalan, bir necha bor konsul etib saylangan — Mellobaud frank edi. Silvan esa milodiy 355-yilda oʻldirilishidan avval imperator taxtiga muvaffaqiyatsiz daʼvo qila olgan, franklarga mansub general boʻlgan. Eng muvaffaqiyatli franklardan biri — Arbogast boʻlib, u rim armiyasi safida sadoqatli mehnat qilib, Gʻarbiy Rim imperiyasining magister militum (askarlar ustasi) mansabiga koʻtarilgan. Bu lavozim Arbogastga imperiya nomidan tashqari hamma narsani idora qilishga imkon bergan. U boshqaruvni bevosita nazorat qilgan va kamdan kam holda imperator Valentinian II (375–392-yillarda hukmronlik qilgan) ga hisobot bergan.

Valentinian II vafot etgach, Arbogast uning oʻrniga boshqa “qoʻgʻirchoq” imperator — Yevgeniyni qoʻygan. Mil. av. 394-yili Frigidiy daryosi boʻyidagi jangda Sharqiy Rim qoʻshini tomonidan oʻldirilguncha hukmronlikni davom ettirgan. Bunday yuksak mavqega ega franklar, odatda, juda rimlashgan va frank xalqi vakili boʻlmagan. Darhaqiqat, koʻplab franklar Rim bilan qoʻshilib ketgan boʻlsa-da, baʼzilari hali ham imperiya dushmanlari qatoriga kirgan. Masalan, 388-yilda franklar rahbarlari – Sunno va Markomer Galliya hujum qilganlar jumlasidandir. Ammo oʻsha paytga kelib, koʻp sonli frank qabilalari oʻz uylarini Rim zaminida qurib, rimliklarga harbiy yordam berishda davom etgan. 451-yilda franklar Kataloniya dalalaridagi jangda rimliklar bilan birga xunlarga qarshi kurashgan. Shunga qaramay, 454-yilda Rim generali Flaviy Aetsiya oʻlimi Galliyadagi Rim hokimiyatining doimiy ravishda parchalanishiga olib kelgan. Bu salianlar kabi frank guruhlariga hokimiyat tepasiga koʻtarilish imkonini bergan.

Sen Denisdagi Avliyo Denis bazilikasida Xlodvik I qabri / wikipedia.org

Mahalliy gallo-rim aholisini himoya qilish va ish bilan taʼminlash kabi Rim tomonidan endi kafolatlana olmaydigan takliflar orqali salianlar Galliya shimoli-sharqida oʻz kuchini mustahkamlashga muvaffaq boʻlgan. Merovinglar sulolasining birinchi qiroli — Xilderik I (458–481-yillarda hukmronlik qilgan) boshqaruvi ostida salianlar oʻzini Galliya boʻylab tarqalgan mayda frank qirolliklarining eng qudratlisi sifatida koʻrsatgan. 481-yilda Xilderik vafot etgach, uning oʻgʻli va vorisi — Xlodvig I Galliyani bosib olib, barcha franklarni oʻz hukmronligi ostida birlashtirgan.

Bu ham qiziq → Franklar. Franklar davlatining tashkil topishi



Manba: worldhistory.org
Muqova surat: midjourney.com