3
Ulashish
911 marta koʻrilgan
m. a. 50; m. 473-yil
Rim Galliyasi
Galliya Sizalpina Italiya yarimorolining eng shimoliy qismida, g‘arbdagi Apennin tog‘laridan tortib, shimolda Alp tog‘larigacha, xususan, Po daryosi tekisligigacha bo‘lgan hududni o‘z ichiga olgan. Bu ko‘pchilik rimliklar tomonidan Italiyaning bir qismi deb hisoblamagan hudud edi. Ular nazdida, Italiya faqat Apennin tog‘lari etagigacha cho‘zilgan.
Mil. av. 222-yilda Mediolana (Milan) qo‘lga kiritilgandan so‘ng hudud bosib olingan, biroq ijtimoiy urushgacha tashkil etilgan koloniyalargina provinsiyaga aylantirilmagan. Shuningdek, shimol Alp tog‘lari bo‘ylab Transalp Galliya joylashgandi. U Rim tomonidan boshqariladigan Ispaniyaning shimoliy chegarasida joylashgan Pireney togʻ tizmasidan, shimolda La-Mansh boʻyigacha, yaʼni hozirgi Fransiya va Belgiyaning katta qismigacha yoyilgan. Bir qancha kelt xalqlari makoni sifatida, ko‘plab Rim fuqarolari bu hududga qo‘rquv va hayrat bilan qaragan. U varvarlar mamlakati edi. Janubda O‘rta dengizdan Jeneva ko‘ligacha bo‘lgan Rim Ispaniyasiga eng yaqin hudud (Puni urushida egallangan yer) mil. av. 121-yilda provinsiyaga aylantirilgan. Mil. av. 58-yilda bo‘lajak diktator Yuliy Sezar 10 yillik harbiy yurishdan so‘ng butun hududni bo‘ysundirib, Transalp Galliyaga yurish qilgan.
Varvarlar mamlakati
Rimliklar qirolni quvib chiqarish va respublika qurish bilan band boʻlgan bir paytda, aristokrat jangchiga ega boʻlgani aytilgan kelt xalqining bir qancha qabilalari Alp togʻlari boʻylab Po vodiysiga koʻchib oʻtgan. Tarixiy tavsif kam bo‘lsa-da (Liviy bu haqda qisqacha yozgan), arxeologik maʼlumot ushbu qabilalarning bir qanchasi mil. av. VI asrda insubrlar, mil. av. V–IV asrlarda senoman, boyi, lingon va nihoyat senonlar kelganligini tasdiqlaydi. Mil. av. IV asr oxiriga kelib, Apennin orollari boʻylab Italiyaga vaqti-vaqti bilan bosqin uyushtirgan holda keltlar Rim shimoli, markaziy Italiyada joylashgan kichik hududdan Etruriya etrusklarini butunlay siqib chiqargan. Etruriya yordam uchun Rimga murojaat qilgan. Afsuski, Rimning javobi rivojlanayotgan kichik respublikaga notinchlik olib kelgan.
Respublika tashkil topganidan boshlab, mil. av. III asrgacha shahar hukumati bir qator ichki siyosiy muammoni hal qilgan bir paytda, Rim Italiya yarimorolida asosiy kuchga aylangandi. Shuning uchun etrusklar bosqinchi keltlarga qarshi yordam uchun shaharga murojaat qilishi tabiiy edi. Mil. av. 386-yilda (sana aniqmas) keltlar Etruriyadan oʻtib, devorsiz Rim shahri markaziga kirgan. Biroq Rimga qilingan bu kutilmagan hujum provokatsiyadan butunlay holi emasdi. 15 000 kishidan iborat Rimning butun armiyasi ikki baravar ko‘p sonli qo‘shinga qarshi turish uchun yuborilgandi. Rim keltlar bilan kelishuv uchun kichik bir delegatsiya yuborib, nizo tinch yo‘l bilan hal qilinishiga umid qiladi. Afsuski, kelt delegati rimliklar tomonidan o‘ldirilgan. Qasos sifatida endi himoyasiz Rimga bosqinchilik boshlangan.
Qadimgi manbaga ko‘ra (albatta, rimliklar), odamlar tezda shaharni tark etishgan, chunki oxirgi himoyachilar qahramonlarcha jang qilgan va oxir-oqibat Kapitoliy tepaligidan boshpana izlagan. Senatorlar turgan joyida vahshiyona o‘ldirilgan. O‘lpon to‘lashga majbur bo‘lgan shahar yondirilgan. Rimni butunlay tark etib, shimoli-g‘arbdagi Veyi shahriga ko‘chib o‘tishni istaganlar ko‘p bo‘lgan, ammo aqllilar ustunlik qilgan.
Diktator lavozimini egallagan Markus Furius Kamillus boshchiligida shahar tezda qayta qurilgan. Keltlar bosqini mil. av. 225-yilda Telamon jangida rimliklar g‘alaba qozongunga qadar davom etgan. Vayrongarchilik Rim fuqarolariga ikki tomonlama taʼsir ko‘rsatgan.Ulardan biri Serviya devorini qurish uchun rag‘batlantirish boʻlsa, ikkinchisi Yuliy Sezar o‘zining bosqinchiligi uchun hiyla sifatida foydalangan kelt va gallarga nisbatan qattiq nafrat edi.
Ilk Rim koloniyalari
Mil. av. 222-yilda Telamondan oʻziga ishongan rimliklar ittifoqchilari bilan 3 yillik yurish davomida Mediolana (Milan) ni egallab, Sizalpina Galliyaga yoʻl olgan. Mil. av. 218-yilda Po daryo sohilidagi Platsensiya va Kremona Rim koloniyalari tashkil topgan. Afsuski, Gannibal Barsa va uning 30 000 nafar piyoda, 9 000 ta otliq va 37 ta fildan iborat armiyasi Alp tog‘larini kesib o‘tib, Rim tomon yurganida Ikkinchi Puni urushi davrida (mil. av. 218–201-yillar) keyingi taraqqiyot to‘xtatilgan. Uning istilosi yangi bosib olingan keltlarning ko‘pchiligini birlashuvga undagan. Ammo mil. av. 202-yilda Zamada Karfagen mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, rimliklar Sizalpina Galliyaga qarshi hujumini davom ettirgan. Ushbu nizo mil. av. 191-yilda barcha gall qabilalari va boyilarning eng shafqatsiz qirg‘ini hamda Platsensiya, Sremonaning qayta tiklanishi bilan yakunlangan. Tez orada Bononiya, Parma va Mutinada boshqa koloniyalar qurilgan. Asta-sekinlik bilan mil. av. I asr boshida urushdan so‘ng janubiy yarimorol aholisi hududga ko‘chib o‘ta boshlagan.
Galliya madaniyatining ko‘p qismi saqlanib qolsa-da, rimlashtirish boshlangan edi. Sizalpina Galliya tez orada Rim viloyatiga aylangan, uning janubiy chegarasi Rubikongacha cho‘zilgandi. Qisman xavfsiz Rim devori ortidan uning fuqarolari Alp tog‘lari bo‘ylab, Pireneydan shimolga La-Mansh bo‘g‘ozigacha bo‘lgan ulkan Transalp Galliyaga nazar solgan. Mil. av. 49-yilda Yuliy Sezar o‘zining 10 yillik oʻzlashtirishidan so‘ng butun hudud Rimga aylangan. Uning asrab olingan o‘g‘li va merosxo‘ri imperator Avgust keng hududni 4 ta provinsiyaga bo‘lgan: janubi-sharqda Narbonensis, Pireneydan shimolda joylashgan Lugdunensis, markazda va shimolda Akvitaniya va Belgika (hozirgi Belgiya).
Madaniyatda asosan keltlar bo‘lsa-da, Transalpina Galliya bir nechta mahalliy qabilalarni o‘z ichiga olgan. Janubda liguriya va iberiyaliklar (yunon mustamlakasi kuchli taʼsirlangan hudud) boʻlsa, shimoli-sharqda nemislar edi. Barcha hudud Rimga begona emasdi. O‘rta dengizidan Jeneva ko‘ligacha bo‘lgan janubiy uzoqlikdagi Rim Ispaniyasiga eng yaqin hudud (Puni urushida olingan yer) mil. av. 121-yilda poytaxti Narbo bo‘lgan provinsiyaga aylangan. U Galliya Narbons provinsiyasiga aylangan.
Bu hudud, xususan, Massaliya shahri Ispaniyadan Italiya yarimoroli hamda Rimga savdo va sayohat uchun yo‘lak bo‘lib xizmat qilgan. Shunday bo‘lsa-da, Galliyaning ko‘p qismi Rimga nomaʼlum edi. Begona hudud shunchaki “Galliya Komata” yoki “uzun sochli Galliya” deb nomlangan.
Ko‘pgina rimliklar fikriga ko‘ra, butun Galliya varvar edi. Lekin ko‘pchilik rimliklar rimlik bo‘lmagan har qanday odamni varvar deb bilgan. Shunisi qiziqki, Yuliy Sezar kelganida, u varvarlar mamlakatini topa olmagan. Yo‘llar kam va suv o‘tkazgichlari yo‘q bo‘lsa-da, oppida deb nomlangan devor bilan o‘ralgan shahar yoki maʼmuriy markaz oson himoyalanish uchun tepalikda qurilgan. Aytishga arzimasa-da, bu markazlar boshqa Rim hududidagi shaharlardan farqli edi. Unda jamoat hammomi, forum yoki gladiatorlar musobaqasi yo‘q edi.
Galliya xalqi zo‘r metallchi, buyuk otliq va mohir dengizchilar bo‘lgan. Biroq tez orada hamma narsa o‘zgarishi kerak edi. Chunki Galliya Yuliy Sezarga nisbatan hech nima his qilmasdi. 10 yil davomida bo‘lajak diktator Galliya bo‘ylab yurish qilib, o‘z shon-shuhrat va boylik qozonib, Rimga bosqinchi qahramon sifatida qaytib kelgan.
Sezar va Galliya urushi
Bir yillik konsullik muddati tugagandan so‘ng u Pompey iltimosiga binoan, Sizalpin Galliya, Illiriy va Transalp Galliya gubernatori etib tayinlangan. Mil. av. 58-yilda Sezar va uning qo‘shini besh yillik yurishda Alp tog‘larini kesib o‘tib, Transalp Galliyaga o‘tgan. U mil. av. 56-yilda yana besh yilga bosqinchilik muddatini uzaytirgan. Sezar konsul sifatida yil davomida senatda ko‘pchilikni ayniqsa uning ashaddiy dushmani Markus Porsiy Katoni oʻzidan uzoqlashtirgan. Yuliyni yaxshi ko‘rmagan Rim senat konservatorlari konsullikdan keyin u Rimda jimgina xizmat qilishiga umid qilgan, ammo u boshqacha yo‘l tanlagan. Galliya bo‘ylab o‘zining uzoq siyosiy harakati davomida u senatga bir qator depesha yozgan. Uchinchi shaxsda yozilgan bu xabarlar uning Galliya urushi haqidagi sharhiga aylangan.
Diktatorning ko‘pgina zamondosh va o‘sha davr tarixchilari fikricha, depeshalar uning general sifatidagi iste’dodi, respublikaning sodiq xizmatkori sifatidagi o‘rnini namoyon etadigan urinish edi. Uning Rim xalqi va senatdagi bir necha kishi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga qaramay, faqat shafqatsiz taktikasini oqlamoqchi bo‘lganiga ishonganlar ham yoʻq emasdi.
Xalqqa murojaatida u Galliya aholisi vahshiyligi va ularning bir necha 10 yillar oldin Rimga bostirib kirgani va talon-taroj qilganini eslatgan. Tarixchi Svetoniy o‘zining “O‘n ikki Sezar” asarida Galliyada vaqtida senatda bo‘lib o‘tgan bir qancha muhokama haqida yozgan. Sezarni senatda ko‘pchilik yoqtirmagan bo‘lishi mumkin, ammo xalq uni sevardi. Svetoniyning yozishicha, senat nimaga ishongan bo‘lishidan qatʼi nazar, Sezarning Galliyaga yurishi uchun, hech bo‘lmaganda, uning xayolida yaxshi sabab bor edi.
Germaniya janubidagi gall qabilasidan biri gelvetiylar Sharqiy Galliyaga ko‘chib o‘tishni rejalashtirgan, bu reja esa mintaqa xavfsizligiga tahdid solardi. Gelvetiylar Sezardan donolik bilan yordam so‘ragan eduyalar tomonidan egallab olingan hudud bo‘ylab yurgan. Tez fursatda Sezar va uning qo‘shini mil. av. 58-yilda Bibrakte jangida gelvetiylarni mag‘lub etib, ularni chekinishga majbur qilgan. Avvaliga gall qabilalarining ko‘pchiligi Sezarni quchoq ochib kutib olgan. Ammo ular tez orada rimliklarning xaloskor emasligi, balki shu yerda qolishini tushungan. Ularning “iliq” salomi tez orada nodo‘stona namoyishga aylangan.
Qabila ketma-ket rimliklar qo‘liga o‘tgan. Xabar Rimga yetib borgach, odamlar Sezarning mardonavor ishiga ishtiyoq bilan ergashishni boshlagan. Garchi ko‘pchilik uning istilosini genotsiddan boshqa narsa emas deb hisoblasa-da, senat uzoq vaqt eʼtiroz bildira olmagan. Sezar turli qabilalar o‘rtasidagi raqobatdan foydalanib, Galliya bo‘ylab yurishni davom etgan. U german qiroli Ariovistni mag‘lub etib, Elzasda nemislarni tor-mor qilgan. Mil. av. 57-yilda Belgaga qarshi yurish qilgan va Bretan Venetsiyasini tor-mor qilgan.
Mil. av. 55-yilda u La-Mansh boʻyidan oʻtib, Britaniyaga bostirib kiradi. Dastlab Sezar Belga savdo yoʻlini to‘xtatmoqchi ekanligini aytgan, lekin baʼzilar sarkarda egosi uni mil. av. 55- va 54-yillarda Kanal orqali olib oʻtishga sabab boʻlgan deydi. Shunga qaramay, Sezarning britaniyaliklar bilan dastlabki munosabati yomon kechgan. Ikkinchi bosqinida u Temza daryosi bo‘ylab shimolga harakatlangan, ammo tez orada Galliyada rivojlanayotgan muammo tufayli Yevropa hududiga qaytgan.
Rimlashtirish
Mil. av. 52-yilda Versingetoriks boshchiligi ostida bir vaqtlar sodiq Arverni Sezarga qarshi chiqqan va oxir-oqibat Gergoviyada uni mag‘lub etgan. Qirol g‘alabasi bir qator eski uslubdagi harbiy harakat bilan bog‘liq edi: taʼminot qamali (raqibni nochor ahvolda qoldirish uchun mavjud hosil yoki boshqa manbalarni yo‘q qilishni ko‘zda tutadigan jang uslubi), partizanlarning asosiy taktikasi va hududni yaxshi bilish. O‘sha yil oxirida ikki qoʻshin boshqa natija bilan Aleziyada yana uchragan.
Podshoh shaharning yaxshi mustahkamlangan devori ortida o‘tirganida, Sezar va uning qo‘shini gallarni ochlikdan o‘ldirishni rejalashtirib, tashqarida sabr-toqat bilan kutgan. Qo‘shimcha kuch yordamida Sezar tomonidan mag‘lubiyatga uchragan Versingetoriksning taslim boʻlishdan boshqa iloji yo‘q edi. Mag‘lub bo‘lgan Arverni askarlarining ko‘pchiligi qullikka sotilgan. Umrining qolgan qismini Rimda mahbus sifatida o‘tkazgan podshoh mil. av. 46-yilda o‘limga hukm qilingan. So‘nggi g‘alaba 1 000 000 dan ortiq odam halok boʻlgan yoki qul qilingan Galliya urushining tugashini anglatadi. Sezar g‘urur bilan Galliya tinchlanganini eʼlon qilgan.
Sezarning Rimga qaytishi bilan Transalp Galliyani rimlashtirish boshlangan. Lotin tili kiritilgan va yangi g‘isht va toshli shahar qurilishi bilan Galliyadagi ko‘plab eski aholi punktlari tashlab ketilgan, bu narsa mudofaa uchun emas, balki koʻchishni osonlashtirish uchun edi. Bu yangi shaharlar hammom, ibodatxona va amfiteatrlar bilan Rimning xuddi o‘zi bo‘lgan. Urush faxriylariga qishloq xo‘jaligining gullab-yashnashiga sabab bo‘lgan yerlar berilgan, bu esa oʻsib borayotgan Rimga maʼqul kelgan. Savdoni kengaytirish imkonini beruvchi yangi yo‘llar qurilgan. Vaqti-vaqti bilan qo‘zg‘olon bo‘lib turgan.
Milodiy 21-yilda Treveri va Eduiy boshchiligida, ikkinchisi esa milodiy 69–70-yillarda Bataviy Yuliy Sivilis rahbarligicha Galliyaning biroz qarshiligi kuzatilgan. Biroq Galliyada bir necha 10 yillar davomida barqarorlik hukm surgan bo‘lsa-da, tartibsizlik tez orada tinchlik va osoyishtalikka to‘sqinlik qilgan.
Postum va Galliya imperiyasi
Milodiy III asr tartibsizlikni keltirib chiqargan alemannilar Galliya va Italiyaga bostirib kirgan. Franklar esa Ispaniyaga koʻchib oʻtib, Tarrakoni yoʻq qilgan. Pax Romana — Rim tinchligi yo‘qolishi. Imperatorlar oʻz harbiy qoʻshini orqali ketma-ket hokimiyat tepasiga kelardi. Milodiy 235-yildan 285-yilgacha bo‘lgan ellik yillik davrda kamida 20 ta imperator bo‘lgan, ularning aksariyati jang yoki suiqasd natijasida halok bo‘lgan.
Mil. av. 260-yilda harbiy qo‘mondon hamda Quyi va Yuqori Germaniya gubernatori Mark Kassian Latiniy Postum (uning oilasi gallik bo‘lgan) Rim imperatori Galliyenga qarshi bosh ko‘tarib, hokimiyatni egallaydi. Imperator o‘g‘li va himoyachisini o‘ldirib, o‘zini Galliya, Britaniya va Ispaniyada yangi imperator sifatida ko‘rsatadi. Ispaniya keyinchalik isyon ko‘tarib, Rimga qayta qo‘shiladi.
Galliyen Postumga qarshi yurish qilgan bo‘lsa-da, to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv oxir-oqibat to‘xtatilgan. Postumga imperator tomonidan qarshilik ko‘rsatilgan va mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, u va Galliyen hech qachon jiddiy jang qilmagandi. Imperator og‘ir jarohat olib, orqaga chekinishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng Galliya imperiyasining yangi imperatori o‘z poytaxti va qarorgohini senat bilan butunlay Avgust Treverorumda oʻrnatgan.
Yangi imperiya (milodiy 260–274-yillar) 4 imperator: Lelian, Mariy, Viktorin va Tetrik orqali davom etgan. Milodiy 269-yilda Rim imperatori Klavdiy II Viktoringa qarshi kichik ekspeditsiya qo‘shinini yuborgan, ammo to‘qnashuvni oxirigacha davom ettirmagan. Milodiy 274-yilda imperator Tetrik va uning o‘g‘li Shalon-syur-Marnda Rim imperatori Avrelianga qarshi yurish qilgan va mag‘lubiyatga uchragan. Galliya va Buyuk Britaniya Rim bilan birlashgan.
Rim imperiyasi qulashi
Biroq keyingi bir necha yil Galliya uchun yaxshi kechmadi. Imperator Prob (milodiy 276–282-yillar) Galliya va Reynlandda frank, vandal va burgundiyaliklar tomonidan qilingan vayrongarchilikni ko‘rdi. Tartibni tiklash uchun ikki yildan ortiq vaqt ketdi. 20 yil o‘tgach, hudud Sharqdagi bo‘lajak imperator Konstantin nazoratiga o‘tgan. Milodiy 337-yili uning vafoti bilan Konstantinning toʻngʻich oʻgʻli Konstantin II Galliya, Britaniya va Ispaniya ustidan nazoratni oʻz qoʻliga olgan. Akveliya shahrida vafot etgach, uning akasi Konstans saroy fitnasiga tushib, taxtni milodiy 353-yilda ukasi Konstansiy II’ga topshirish uchun yagona rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan. Natijada u o‘z hokimiyatini amakivachchasi Yulian Apostat bilan bo‘lib olgan.
Milodiy 406-yilda vandallar Reyn daryosidan o‘tib, Galliyani vayron qilish uchun ko‘plab varvar qabilalari qatorida bo‘lgan. Keyinlari vestgot va Attila xunlari edi. Mil. av. 476-yilda imperiyaning yarim g‘arbiy qismi qulashi bilan Galliya allaqachon frank, burgund va vestgotlar qo‘liga o‘tgan. Sizalpina va Transalp Galliya ham Rim armiyasini qishloq xo‘jaligi mahsuloti va askarlar bilan taʼminlab, respublika va imperiya uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Afsuski, vaqt o‘tishi bilan Rim shimol va sharqdan bosqinga qarshi o‘z chegarasini saqlab qola olmagan. Bu vaqtga kelib, boshqa imperiyalar singari, xristianlik dini ham gullab-yashnab, imperiyaning tan olingan diniga aylangan.
Imperiyaning g‘arbiy yarmining zaif iqtisodiyoti jiddiy tanazzulga yuz tutgan. Rim endi avvalgi shahar emas edi, hatto imperator ham u yerda yashamagan. Imperiyaning iqtisodiy va madaniy hukmronligi sharqdagi Konstantinopolda edi. Galliya, Ispaniya va g‘arbdagi boshqa viloyatlar bir qancha bosqinchi qabila, frank, burgund, vandal va vestgotlar hukmiga oʻtgan. Milodiy 476-yilda Rim talon-taroj etilib, imperiya g‘arbda yo‘q qilingan.
Rimdan keyingi Galliya
Milodiy 481-yilda Xlodvig franklar qiroli sifatida taxtga o‘tirgunga qadar, Rim Galliyasi vestgotlar Galliyasi edi. Xlodvig I vestgotlarni Ispaniyaga haydab, Burgundiya va Alemanni mag‘lub etgan va shu bilan butun Galliyani birlashtirgan. Milodiy 511-yil noyabr oyida Xlodvig oʻz oʻgʻillariga rim va german madaniyati, tili, dini va qonuni uygʻunlashgan shohlikni qoldirib vafot etgan. U oʻlimigacha o‘z hokimiyatini shimol va g‘arbdan janubga, Pireney tog‘larigacha kengaytirgan. Ko‘pchilik uni Fransiya va Merovinglar sulolasi asoschisi deb biladi.
Manba: worldhistory.org
Muqova suratlar: wikimedia.org / pexels.com