Orqaga

826 marta koʻrilgan

751–840

Karolinglar sulolasi

687-yilda Avstraziya qirolligi Neystriya va Burgundiyani Tetri jangida mag‘lub etgan va Fransiyada hukmron qirollikka aylangan. Bu Dagobert I davridan beri doimiy ravishda Avstraziya saroyining merlari bo‘lib xizmat qilgan pipinid yoki arnulfinglar deb nomlanuvchi aristokratlar oilasi kuchini oshirgan. Butun Fransiya bo‘ylab kuchli taʼsiriga qaramay, pipinidlar taxtga ega bo‘lolmagan. Ular Meroving “qo‘g‘irchoq” lari orqali hukmronlik qilishda davom etgan. Chunki franklar boshqa sulolani o‘zlari ustidan hukmronlik qilishini hali qabul qilolmas edi. Bu munosabat 715-yilda Avstraziya saroyi meri etib tayinlangan, pipinid urug‘idan bo‘lgan Karl Martelning (688–741-yillar) g‘ayratli hukmronligidan keyin o‘zgargan.

Karl 732-yili Tur jangida franklarning Umaviylar xalifaligi ustidan g‘alaba qozonishida yetakchilik qilgan. Shu bilan, u Fransiyaning amaldagi hukmdori sifatidagi rolini mustahkamlagan. 737-yilda Meroving “qoʻgʻirchoq” qiroli — Teodorix IV vafot etgan. Buning ortidan Karlning siyosiy taʼsiri shu darajaga yetadiki, u hatto yangi hukmdor saylash bilan ham ovora boʻlmagan. Taxt 741-yil Karl vafotigacha boʻsh qolgan. Keyin merovinglar qayta tiklangan, ammo sulolaning har qanday hokimiyatga ega ekanligi haqidagi illyuziya butunlay parchalanib ketgan. 751-yilda Karl o‘g‘li – Pipin Pakana (751–768) so‘nggi merovinglik qirolni ag‘darish uchun papa Zaxariya qo‘llab-quvvatlashini taʼminlagan. Pipinning o‘zi taxtni egallagan va karolinglar sulolasi vujudga kelgan.

Pipin 768-yili vafot etgach, franklar yeri uning o‘g‘illari – Karloman I (768–771) va tarixda Buyuk Karl (768-814) nomi bilan mashhur boʻlgan Karl o‘rtasida taqsimlangan. Ikki aka-uka 771-yilda Karloman vafot etgunga qadar hamkor qirollar sifatida birga hukmronlik qilgan, so‘ngra Buyuk Karl franklarning yagona qiroli bo‘lgan. Garchi doimo siyosiy harakatda qatnashmasa ham, Buyuk Karl frank aristokratiyasi va o‘rta asr cherkovi ko‘magi bilan Axendagi saroyida hukmronlik qilgan. Garchi doimo siyosiy harakatda qatnashmasa ham, Buyuk Karl frank aristokratiyasi va o‘rta asr cherkovi ko‘magi bilan Axendagi saroyida hukmronlik qilgan. 774-yilda u langobardlarni zabt etgan va “frank va langobardlar qiroli” unvonini olgan. U Pireney orollarida basklar, Ispaniyada saratsinlar, Vengriyada avarlarga qarshi kurash olib borgan. Bu istilolar katta qiyinchilik bilan olib borilganini Saksoniya urushi tasdiqlaydi. Buyuk degan nom Karlga orada tanaffus bilan 772-yildan 804-yilgacha davom etgan Saksoniyani mashaqqatli bosib olishi sharafiga berilgan. Mojaro uzoq davom etganiga qaramay, Karl axiyri g‘alaba qozongan. U Saksoniyani oʻz saltanatiga qoʻshib, butparast sakslarni zoʻrlik bilan nasroniylikka kiritgan. 814-yil Buyuk Karl vafotigacha franklar qirolligi hajmi ikki baravar oshgan.

800-yil 25-dekabrda Buyuk Karl Rim papasi Lev III (795–816) tomonidan Muqaddas Rim imperatori tojini kiygan. Papaning Buyuk Karl ustidan nazorat o‘rnatishga bo‘lgan urinishi G‘arbiy va Markaziy Yevropada karolinglar obro‘si va franklar kuchini mustahkamlashga xizmat qilgan. Keyinchalik Karolinglar imperiyasi deb atalgan Buyuk Karl imperiyasi shimoliy Ispaniyadan Vengriyagacha cho‘zilgan boʻlib, asosan, franklar tomonidan boshqarilgan. Bu Karolinglar renessansi deb nomlanuvchi madaniy faoliyat davriga to‘g‘ri kelgan va unda adabiyot, yozuv, musiqa, huquqshunoslik va dinshunoslik rivojlangan.

Buyuk Karl 814-yilda olamdan koʻz yumgach, uning imperiyasi (Muqaddas Rim imperiyasining dastlabki bosqichi deb taxmin qilinadi) tirik qolgan yagona o‘g‘li — Taqvodor Lyudovikga (813–840) meros bo‘lib o‘tgan. 840-yilda Lyudovik vafotidan 3 yil oʻtib, uning o‘g‘illari o‘rtasidagi fuqarolar urushining oldini olish uchun imperiya 3 ta alohida qirollikka bo‘lingan. Bu qirolliklar: Sharqiy Fransiya, Oʻrta Fransiya va Gʻarbiy Fransiya edi. Mazkur qirolliklar karolinglar sulolasi tanazzuliga qadar davom etgan. Shundan so‘ng Sharqiy Fransiya Germaniya qirolligi, G‘arbiy Fransiya esa Fransiya qirolligi va O‘rta Fransiya Lotaringiya va Italiya qirolligga aylangan. Garchi “franklar” atamasi bundan keyin ham qo‘llansa-da, u keyinchalik etnik taʼrifga ega bo‘lmagan. Lekin katolik g‘arbiy yevropaliklarga nisbatan kengroq maʼnoda ishlatilgan. Masalan, salib yurishi paytida Sharqiy pravoslav xristianlari va musulmonlar G‘arbiy va Markaziy Yevropaning salibchilarini “franklar” yoki “lotinlar” deb atagan.

Bir paytlar Quyi Reyn bo‘yida joylashgan german qabilalarining bo‘sh konfederatsiyasi hisoblangan franklar shu qadar kuch va taʼsir cho‘qqisiga chiqqanki, birmuncha vaqt ular nomi G‘arbiy Yevropa soʻziga sinonim boʻlgan. Rimliklar franklarga dastlab madaniyatsiz “varvarlar” deb qarasa-da, ular Yevropaning lingvistik, huquqiy, madaniy va diniy rivojlanishiga ta’sir o‘tkazishda davom etgan. Hatto Buyuk Karlning toj kiydirish marosimidan keyin G‘arbdagi yangi imperatorlar sifatida rimliklar o‘rnini bosgan. Shubhasiz, franklar ilk oʻrta asrlar va Yevropadagi ayrim davlatlarning paydo boʻlishida muhim rol oʻynagan.



Manba: worldhistory.org
Muqova suratlar: midjourney.com