2
Ulashish
834 marta koʻrilgan
751-yil
Franklar va Pipinning ehsoni
Teodorix boshchiligidagi ostgotlar Italiyani zabt etishi bilan Odoakr hukmronligi oʻz nihoyasiga yetdi. Oradan bir necha oʻn yillar oʻtgach, sharqiy imperator boʻlmish Yustinian qoʻshinlari Rim imperatoriyasi hukmronligini qayta tiklash maqsadida Italiyaga kirib keldi. Uning bu harakati butun mamlakatni ocharchilik va epidemiyalar balosiga duchor qilgan gotlar bilan urushga sabab boʻldi. Mamlakatning zaiflashishi oxir-oqibat yana bir german qabilasi boʻlmish lombardlarga Italiyaning ulkan hududlarini nazoratga olish imkonini berdi.
751-yilda lombardlar Ravennani egallab oldi va Italiya shimolidagi Vizantiya hukmronligiga barham berdi. Lombardlarning navbatdagi hujumiga uchragan papalik franklardan yordam soʻrab murojaat qildi. Frank qoʻshinlari 756-yilda lombardlarni magʻlub etib, Markaziy Italiyaning koʻp qismi ustidan papalikning nazoratini oʻrnatib berdi va shu tariqa Papa davlati tashkil topdi. 800-yilda Avliyo Pyotr bazilikasida Buyuk Karlga Rim papasi tomonidan muqaddas Rim Imperiyasining imperatori toji kiydirildi.
Buyuk Karl vafot etganidan keyin (814-yil) yangi imperiya uning zaif vorislari oʻrtasidagi kurashlar oqibatida tez orada parchalanib ketdi. Buning natijasida Italiyada hokimiyat boʻshligʻi paydo boʻldi. Bu voqea Arabiston yarimoroli, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda islom dinining kuchayishi bilan bir vaqtda sodir boʻlgan edi. Mamlakatning janubiga Umaviylar xalifaligi va Abbosiylar xalifaligi tomonlaridan hujumlar uyushtirilgan. Italiya shimolida esa kommunalarning taʼsiri ortib bordi. Musulmonlar 852-yilga kelib Barini egalladi va u yerda amirlikka asos soldi.
Islom hukmronligi Sitsiliya oroli ustidan 902-yildan kuchga kirgan va oroldagi toʻliq hukmronlik 965-yildan 1061-yilgacha davom etgan. Ming yillikning boshiga kelib Italiya tarixida yangilangan avtonomiya davri yuzaga kela boshladi. XI asrga kelib, savdo-sotiq asta-sekin qayta tiklandi, chunki shaharlar yana qayta rivojlanishni boshlagandi. Papa hokimiyati ham qayta tiklandi va u muqaddas Rim imperiyasiga qarshi uzoq kurashga kirishdi.
Investitura mojarosi, yaʼni qirol, graf yoki gersoglar kabi dunyoviy hokimiyat egalari yepiskoplar kabi cherkov idoralariga mansub lavozimlarga tayinlanishda qonuniy huquqqa ega yoki ega emasligi haqidagi ikkita tubdan farq qiluvchi qarashlar orasidagi ziddiyat, nihoyat, 1122-yilda Vorms Konkordati tomonidan hal qilindi. Ammo Yevropaning koʻpgina hududlarida bunday munozara oʻrta asrlarning oxirigacha davom etgan. Mamlakat shimolida kommunalarning lombardlar ligasi Lenyano yaqinidagi jangda imperator Fridrix Barbarossani magʻlub etib, muqaddas Rim imperiyasi nazoratidan chiqib ketish uchun muvaffaqiyatli kurash boshladi. Janubda normanlar Lombard va Vizantiya mulklarini egallab oldi va ushbu yarimorolda har ikki davlatning olti asrlik mavjudligiga barham berildi.
Bir necha mustaqil shahar-davlatlar ham boʻysundirildi. Normanlar xuddi shu davrda Sitsiliyada ham musulmonlar hukmronligini oxiriga yetkazdi. Sitsiliya qiroli Rojer II 1130-yilda Norman Sitsiliya qirolligi ustidan hukmronligini boshladi. Rojer II Sitsiliyaning birinchi qiroli boʻlib, u Janubiy Italiyadagi barcha norman qabilalarini kuchli markazlashgan hukumatga ega boʻlgan qirollikka birlashtirishga muvaffaq boʻlgan. 1155-yilda imperator Manuel Komnenos Janubiy Italiyani normanlardan qaytarib olishga harakat qilib koʻrdi, ammo uning ushbu harakati muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 1158-yilga kelib vizantiyaliklar ham Italiyani tark etdi. Norman Sitsiliya qirolligi 1194-yilgacha, Sitsiliyaga germanlarning Gogenshtaufen sulolasi daʼvogarlik qilishni boshlagunga qadar davom etdi. Sitsiliya qirolligi XIX asrgacha turli sulolalar hukmronligi ostida mavjud boʻlib turdi.
Dengizboʻyi respublikalarining xaritasi va gerblari
12—13-asrlar oraligʻida Italiyada, Alp togʻlarining shimolidagi feodal Yevropadan sezilarli darajada farq qiluvchi oʻziga xos siyosiy boshqaruv shakli paydo boʻldi. Yevropaning boshqa qismlarida boʻlgani kabi hech qanday hukmron kuchlarning shakllanmagani sababli oligarx boshchilik qiladigan shahar-davlat boshqaruvi shakli keng tarqaldi. Cherkovning toʻgʻridan toʻgʻri nazorati va imperator hokimiyatidan qoʻl uzatgudek masofada turgan koʻplab mustaqil shahar-davlatlar dastlabki kapitalistik tamoyillarga asoslangan savdo-sotiqning rivojlanishi natijasida gullab-yashnadi. Natijada Uygʻonish davri namoyondalari yaratadigan badiiy va intellektual oʻzgarishlar uchun shart-sharoit yuzaga keldi.
Italiya shaharlari feodalizmdan voz kechgan edi, shuning uchun ulardagi jamiyat savdogarlar faoliyati va savdo-sotiqqa asoslangan edi. Hatto shimolda joylashgan shahar va davlatlar ham oʻzi savdo qiladigan alohida hamkorlarga ega edi. Bu borada, ayniqsa, Venetsiya Respublikasi ajralib turardi. Feodal va mutlaq monarxiya boshqaruviga ega davlatlar bilan solishtirganda, Italiyaning mustaqil kommunalari va savdo respublikalari nisbatan siyosiy erkinlikka erishgan boʻlib, u yerlarda fan va sanʼat taraqqiyoti kuchaydi. Bu davrda Italiyaning koʻpgina shaharlarida Florensiya, Lukka, Genuya, Venetsiya va Siyena respublikalari kabi respublika boshqaruv shakllari vujudga keldi. 13—14-asrlarga kelib, ushbu shaharlar Yevropa darajasidagi yirik moliyaviy va savdo markazlariga aylandi.
Reggio-Kalabriyadagi Aragon qalʼasi
Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi qulay joylashuvi tufayli Italiyaning Venetsiya kabi shaharlari xalqaro savdo va bank markazlari hamda intellektual chorrahaga aylandi. Milan, Florensiya va Venetsiya, shuningdek, Italiyaning boshqa bir qancha shahar-davlatlari moliyaviy rivojlanishning hal qiluvchi innovatsion vazifalarini bajarib berdi. Ularda, shuningdek, bank ishining asosiy uslublari va amaliyotlari ishlab chiqildi, ijtimoiy va iqtisodiy tashkilotlarning yangi shakllari paydo boʻldi. Xuddi shu davrda ItaliyadaVenetsiya, Genuya, Piza, Amalfi, Raguza, Ankona, Gayeta va kichik Noli kabi dengiz respublikalari paydo boʻldi. Bu shaharlar 10—13-asrlar davomida ham oʻzini mudofaa qilish va Oʻrta dengiz boʻylab keng miqyosdagi savdo tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida flotlar yaratdi. Bu esa salib yurishlarida muhim rol oʻynadi.
Dengizboʻyi respublikalari, xususan, Venetsiya va Genuya tez orada Yevropaning Sharq bilan savdo qilish uchun asosiy darvozalariga aylandi. Ushbu respublikalar Qora dengizgacha boʻlgan hududlarda koloniyalarga asos soldi va aksariyat hollarda Vizantiya imperiyasi va Oʻrta dengiz mintaqasidagi islom dunyosi bilan olib boriladigan savdoning katta qismini nazorat qildi. Oʻrta asrlarning oxirlariga kelib Savoy grafligi oʻz hududini yarimorolgacha kengaytirdi. Florensiya esa yuqori darajada tashkil etilgan tijorat va moliyaviy shahar-davlatga aylandi va koʻp asrlar davomida Yevropani ipak, jun, bank xizmatlari va zargarlik buyumlari bilan taʼminlab turdi.
Muqova surat: wikipedia.org