4
Ulashish
801 marta koʻrilgan
260–274
Galliya Imperiyasi
Galliya imperiyasi yoki Galliya-Rim imperiyasi — zamonaviy tarixshunoslikda 260-yildan 274-yilgacha rasman bo‘lmasa-da, lekin amalda alohida davlat sifatida faoliyat yuritgan, Rim imperiyasining ajralib chiqqan qismi uchun qo‘llaniluvchi nomlar. U uchinchi asr inqirozi davrida bir qator Rim harbiy boshliq va aristokratlari oʻzini imperator deb eʼlon qilib, Italiyani zabt etishga yoki, aksincha, Rimning markaziy boshqaruv apparatini egallashga urinmay, Galliya va unga tutash viloyatlarni oʻz nazoratiga olganida paydo boʻlgan.
Galliya imperiyasi 260-yilda Rimdagi varvarlar bosqini va beqarorlik natijasida Postum tomonidan tashkil etilgan. Davlat qullab-yashnagan vaqtda Germaniya, Galliya, Britaniya va Ispaniya hududi (bir muddat) imperiya tarkibiga kirgan. 269-yilda Postum o‘ldirilganidan keyin davlat o‘z hududining ko‘p qismini yo‘qotgan, ammo bir qator imperator va o‘zboshimcha shaxslar qo‘l ostida davom etgan. 274-yilda Chalon jangidan keyin Rim imperatori Avrelian tomonidan qaytarib olingan.
Kelib chiqishi
Uchinchi asr Rim inqirozi imperator Valerian Edessa jangida Forsning Sosoniylar imperiyasi tomonidan tor-mor etilgan va sharqda Rim dala qo‘shinining katta qismi bilan asir olingan davrda ham davom etgan. Bu esa uning oʻgʻli Galliyenni imkonsiz ahvolga solib qoʻyadi. Ko‘p o‘tmay Palmir rahbari Odenat Misr, Suriya, Yahudiya va Arabiston Petra kabi sharqning keng hududini nazorat qilgan. U nomigagina Rim hukumatiga sodiq bo‘lsa-da, amalda mustaqil edi va davlat Palmir imperiyasi deb atala boshlangan. Pannoniyadagi gubernatorlar muvaffaqiyatsiz mahalliy qo‘zg‘olon ko‘targan. Imperator tartibsizlikni bartaraf etish uchun Dunayga jo‘nab ketgan. Reyn chegarasini boshqarish masʼuliyatini Yuqori va Quyi Germaniya gubernatori Postumga qoldirgan.
260-yil yozida favqulodda maʼmur Postum Quyi Germaniyani franklar boshchiligidagi bosqindan mohirlik bilan himoya qilgan. Darhaqiqat, Postum Empelda frank qo‘shinini mohirona mag‘lub etgan, 10 yil davomida germanlarning boshqa hujumi kuzatilmagan. Bularning barchasi Postumni Rim imperiyasi g‘arbiy qismidagi eng qudratli shaxsdan biriga aylantirgan.
260-yilda Postum tomonidan yaratilgan Galliya imperiyasi eng katta hududga aylangan. Galliyenning o‘g‘li Salonin va pretoriya prefekti Silvan yosh merosxo‘rni xavf-xatardan himoya qilish va Postum maqsadini bilish uchun Agrippina (Kyoln) koloniyasida qolgan. Biroq ko‘p o‘tmay Postum Agrippina koloniyasini qamal qilgan va qo‘zg‘olonni rasmiylashtirib, yosh merosxo‘r hamda uning vasiysini o‘limga hukm qilgan. Postum o‘z poytaxtini o‘sha yerda yoki Avgusta Treverorum (Trier) da qurgan deb taxmin qilinadi. Lugdunum (Lion) uning tasarrufidagi eng muhim shaharlardan biri edi.
Postum o‘z nazoratini Italiyagacha kengaytirish yoki Galliyenni ag‘darish uchun hech qanday harakat qilmagan. Buning o‘rniga u Rim imperiyasining markaziy hukumati namunasidagi parallel institutlarni tashkil qilgan. Uning boshqaruvida o‘zining pretorian gvardiyasi, har yili saylanadigan 2 ta konsul (barcha nomlar saqlanib qolmagan), ehtimol, o‘z senati ham bo‘lgan. Numizmatik (tanga va medallarni o‘rganish bilan bog‘liq) dalillarga ko‘ra, Postum besh marta konsul lavozimini egallagan.
Postum 263-yilda Galliyenning harbiy bosqinini muvaffaqiyatli to‘xtatgan va boshqa hech qachon u tomonidan qarshilik ko‘rsatilmagan. Biroq 269-yil boshida o‘z qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan Lelian unga qarshi chiqqan. Lelian oʻzining Legio XXII Primigeniya legioni tomonidan Mogontiakumda (Mayns) imperator deb eʼlon qilingan. Bunga javoban Postum tezda Mogontiakumni qoʻlga kiritgan va Lelian o‘ldirilgan. Jangdan so‘ng Postum o‘z qo‘shini tomonidan lavozimidan ag‘darilgan va o‘ldirilgan, chunki u shaharni egallab olishga ruxsat bermagan.
Postumdan keyin
Galliya imperiyasining oxirgi imperatori — Tetrik Koin (271–274-yillar). Postum vafotidan keyin armiya zobiti Mark Avreliy Marius imperator etib tayinlangan. Lekin ko‘p o‘tmay vafot etgan. Keyinchalik yozilgan qadimiy manbalarda uning 2 kun hukmronlik qilgani aytiladi, biroq numizmatik manbaga ko‘ra, u bir necha oy imperiyani boshqargan. Bir muddatdan soʻng pretorianlar huquqini himoya qiluvchi masʼul shaxs — Mark Piavoniy Viktorin hokimiyat tepasiga kelgan.
U Shimoliy Galliya va Britaniyada imperator sifatida tanilgan, biroq Ispaniya bundan mustasno. Bu orada Rim imperatori Galliyen 268-yilgi davlat to‘ntarishida o‘ldirilgan va uning markaziy Rim viloyatlaridagi vorisi Klavdiy Gotik Galliya Narbonsk va Galliya Akvitaniya qismida Rim hokimiyatini qayta tiklagan. Galliyadagi Postumning avlodini tan olmagan Ispaniya provinsiyalari o‘sha paytda Rim bilan birlashgan bo‘lishi mumkinligi haqida baʼzi dalillar mavjud.
Viktorin hukmronligining ko‘p qismini qo‘zg‘olonga qarshi kurash va Klavdiy Gotik tomonidan egallab olingan Galliya hududini tiklashga sarflagan. U 271-yilda o‘ldirilgan, ammo uning onasi Viktoriya qo‘shinni nazoratga olgan hamda kuchini o‘z vorisini taxtga oʻtkazish uchun sarflagan. Viktoriyaning ko‘magi bilan Galliya Akvitaniya gubernatori — Gay Piy Esuviy Tetrik imperator etib tayinlangan. U Britaniya va Viktorinni tan olgan Galliya qismida hukmron boʻlgan.
Viktorin vafotidan keyin Tetrik Galliyani vayron qila boshlagan german varvarlariga qarshi kurashgan va Galliya Akvitaniya hamda g‘arbiy Galliya Narbonensni qaytarib olishga erishgan. Bu paytda Klavdiy Gotikning vorisi Avrelian qirolicha Zenobiya boshchiligidagi Rim hokimiyatiga qarshi ochiq qo‘zg‘olon ko‘tarib, sharqda Palmira imperiyasiga qarshi urush boshlagan. Tetrik Triyerda imperator saroyini tashkil etgan va 273-yilda u Tetrik deb ism qoʻygan o‘g‘lini Sezar darajasiga ko‘targan.
Keyingi yili yosh Tetrik otasi bilan konsul etib tayinlangan, ammo ularning nazorati ostidagi hudud ichki nizo, jumladan, g‘alayonchi Faustin boshchiligidagi qo‘zg‘olon tufayli zaiflashgan. Bu vaqtga kelib, Avrelian Palmir imperiyasini mag‘lub etgan va g‘arbni qayta egallashni reja qilgan. U Galliyaga ko‘chib o‘tgan va 274-yilda Chalon jangida Tetrikni mag‘lub etgan.
Baʼzi manbalarga ko‘ra, Tetrik jangdan oldin unga va o‘g‘liga afv etish evaziga taslim bo‘lishni taklif qilgan. Bu omil keyinchalik tashviqot bo‘lgan bo‘lishi mumkindir, har holda Avrelian g‘alaba qozongan va Galliya imperiyasi amalda tugatilgan. Zenobiyaning ayni magʻlubiyatidan soʻng oʻzining targʻibotidan farqli oʻlaroq, Avrelian Galliyani qaytarib olishini tashqi dushman ustidan qozonilgan gʻalaba deb koʻrsatmagan. Haqiqatan ham Galliya imperiyasining armiya va maʼmuriyatida xizmat qilgan koʻplab amaldor, xususan, Italiyada maʼmuriy lavozimga tayinlangan Tetrik oʻz faoliyatini davom ettirgan.
Omillar
Galliya imperiyasi uchinchi asr inqirozi davrida hokimiyat parchalanishi belgisi edi. Shuningdek, u g‘arbiy viloyatdagi avtonom tendensiya, jumladan, Galliya yer egalari sinfidagi ilk feodalistik tuzumni ifodalash uchun qabul qilingan. Ular yordami bilan baʼzan Galliya imperiyasi qudrati hamda Rim institutining kuchi va ortib borayotgan viloyat tashvishining ahamiyati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni taʼminlagan. Postumning imperator sifatidagi asosiy maqsadidan biri, shubhasiz, german chegarasini himoya qilish bo‘lgan.
261-yilda u Reyn daryosini xavfsiz ushlab turish uchun frank va alamanlarning aralash guruhlar hujumini bostirgan (garchi Reyn va Dunay daryolarining yuqori qismidagi hudud bir necha yil ichida varvarlar qo‘liga topshirilishi kerak edi). Shunday qilib, Postum o‘zini nafaqat Galliyaning himoyachisi va restavratori, balki Rim nomining xaloskori sifatida namoyon qilgan.
20 yil o‘tgach, Karauziyning Britaniya va Shimoliy Galliya ustidan hokimiyatni egallab olishi davomiy tendensiyani aks ettiradi. Sababi, yerga egalik qilgan aristokratiyaning mahalliy sodiqligi va legionlardagi ruhiy holatning yomonlashishi Karauziyga Britaniyada hokimiyatni qo‘lga kiritish imkonini bergan. Shuningdek, 408-yili mamlakatdan legion olib chiqib ketilganidan soʻng ko‘plab britaniyaliklar millatchilik qo‘zg‘oloni emas, balki mahalliylashtirilgan Rim hokimiyatini xohlagan. Rim tartibi va institutiga bo‘lgan intilish milliy yoki mintaqaviy separatizm darajasiga to‘liq mos bo‘lgan.
Manbalar: wikipedia.org / britannica.com Muqova suratlar: unsplash.com / pexels.com