8
Ulashish
770 marta koʻrilgan
m. a 7000-yil
Petra
Yorqin qizil, oq, pushti va qumtoshli qoyalarga toʻgʻridan toʻgʻri oʻyilgan, Iordaniyaning qadimgi davrga tegishli Petra shahri yuz yillar davomida Gʻarb dunyosida “gʻoyib boʻlgan”. Hozirgi Iordaniya Hoshimiylar qirolligi hududining janubi-gʻarbiy burchagini qamrab olgan, baland-past choʻl kanyonlari (togʻlar bilan oʻralgan chuqur vodiy) va togʻlar orasida joylashgan Petra bir vaqtlar gullab-yashnagan savdo markazi hamda miloddan avvalgi 400- va milodiy 106-yillar oraligʻida Nabatiylar imperiyasining poytaxti boʻlgan.
Shahar asrlar davomida boʻm-boʻsh turgan va deyarli vayronaga aylangan edi. Faqat 1800-yillarning boshlarida yevropalik sayyoh badaviy libosida yashirinib, sirli hududga kirib boradi. Petra arxeologik bogʻi 1985-yilda YUNESKOning Jahon merosi obyekti deb eʼlon qilindi va 2007-yilda dunyoning yangi yetti moʻjizasidan biri deb topildi.
Haqiqat va uydirma
Petrada Gollivud blokbasteri (katta muvaffaqiyatga erishgan film, kitob yoki boshqalar) “Indiana Jons va oxirgi salib yurishi” (1989-yilda Jorj Lukas va Menno Meyjes hikoyasiga asoslangan amerika sarguzasht filmi) dan bir nechta sahnalar suratga olingan. Filmning xayoliy Yarimoy kanyoni Petra shahrining sharqiy kiraverishida, Siq deb nomlanuvchi 250 fut balandlikdagi (balandligi 76 metr) qumtoshli tirqish kanyonida sahnalashtirilgan boʻlib, u toʻgʻridan toʻgʻri Al-Xazne (gʻazna) ga olib boradi — bu ehtimol, Petraning oʻnlab hayratlanarli xususiyatlaridan eng ajoyibi boʻlishi mumkin.
Filmning yakuniy sahnalarida aktyorlar Xarrison Ford va Shon Konneri Siqdan otilib chiqib, Muqaddas Grailni topish uchun Al-Xazne labirintiga kirib boradi. Ammo odatdagidek Indi Petraga kelganida, arxeologik fakt Gollivud fantastikasiga tan berdi. Aslida, Al-Xazne bir paytlar qirollik qabri sifatida ishlatilgan nisbatan kichik zali boʻlgan fasaddan (binoning old tomoni) boshqa narsa emas edi.
Hayfa universiteti arxeologi Ronni Reyx: “Indiana Jonsdagi biror narsani haqiqat deb ayta olmaysiz”, degan edi. “Bir marta AQSHda mendan isroillik arxeologlarning vazifalaridan biri natsistlarni quvishmi, deb soʻrashdi. Men ularga ‘endi yoʻq’ deb javob berdim”.
Gʻaznaxona eshigi tepasida oʻyilgan ulkan koʻzada yuzlab otilgan oʻq izlari bor. Qadimiy xarobalar ichida va ular orasida yashovchi badaviy qabilalarning aytishicha, zarar mahalliy odamlar oʻljani koʻza (aslida qattiq toshdan yasalgan) ichidan qidirib miltiqdan oʻt ochganda yuzaga kelgan. Petrada oʻnlab qabr, oʻyilgan yoki qurilgan inshoot va joylar mavjud.
Tarixi
Nabatiylar zabt etilib, Rim imperiyasiga qoʻshilib ketishdan oldin hozirgi Isroil va Iordaniyadan Shimoliy Arabiston yarimoroligacha boʻlgan Yaqin Sharqning ulkan hududini nazorat qilgan. Ularning suv olish, saqlash, tashish va sugʻorish tizimlarining innovatsion tarmogʻi qoldiqlari bugungi kunga kelib mazkur hudud atrofidan topilgan.
“Olimlar nabatiylar Petrada kamida miloddan avvalgi 312-yildan beri boʻlganini biladi”, deydi Iordaniyaning Yarmuk universiteti arxeologi Zaydun Al-Muxaysen. Petrada 1979-yildan beri qazish ishlari olib borgan va Nabatiylar davri mutaxassisi boʻlgan Al-Muxaysenning aytishicha, hali hech kim miloddan avvalgi IV asrga oid arxeologik dalillarni topmagan. Hozirgacha eng qadimgi topilmalar miloddan avvalgi II va I asrlarga toʻgʻri keladi.
Ammo kalavaning uchi hamon yashirin holatda qolmoqda. “Biz shaharning atigi 15 foizini ochdik”, deydi u. “Asosiy koʻp qismi — 85 foizi hali ham yer ostida va hali inson qoʻli tegmagan”. Petradagi Qanotli arslon ibodatxonasi yaqinida joylashgan 1993-yil dekabr oyida qazilgan cherkovda Vizantiya davriga oid koʻplab yunon tilida bitilgan xatlar o‘rami topilgan. Poytaxt shahar — Ammanda joylashgan Amerika Sharq tadqiqotlari markazi tadqiqotchilari hozirda oʻramlarni tahlil qilmoqda va ular bu davrdagi Petra hayotiga oydinlik kiritishiga umid qilmoqda.
Milodiy 106-yilda Rim Petrani rasman egallab olgandan soʻng uning xalqaro savdodagi ahamiyati pasaya boshlaydi. Shaharning yemirilishi davom etdi, bunga zilzila va dengiz savdo yoʻllari ahamiyatining ortishi ham hissa qoʻshdi va Petra Vizantiya imperiyasi hukmronligi tugashiga yaqin, miloddan avvalgi 700-yillarda eng yomon holatga yetdi.
Bugun tashrif buyuruvchilar shahar qabrlarida nabatiy va yunon-rim meʼmorchiligining turli xil uygʻunligini koʻrishi mumkin, ularning aksariyati oʻgʻrilar tomonidan talon-taroj qilingan va shu tariqa ularning xazinalari yoʻqolgan. Bugun sayyohlarga esdalik sovgʻalari sotayotgan mahalliy badaviylar oʻz mollarini, arablarning fikricha, Muso tayogʻi bilan toshni urib suv chiqargan joydan uncha uzoq bo‘lmagan yerda pullamoqda.
Manba: nationalgeographic.com
Muqova surat: wikipedia.org