3
Ulashish
835 marta koʻrilgan
IV asr
Ostgot qirolligi
Ostgotlar gotlarning sharqiy tarmogʻi edi. Ostgotlar Dakiyaga borib joylashdi va qudratli davlat tuzdi. Ammo ular IV asr oxirida xunnlar hukmronligi ostiga oʻtdi. Milodiy 454-yilda Xunnlar imperiyasi parchalanganidan soʻng koʻp sonli ostgotlar Rimning Pannoniya viloyatiga imperator Markian tomonidan federatlar (Rim imperiyasi chegaralarida harbiy xizmat oʻtovchi varvar qabilalari; yashash uchun chegara hududidan yer, maosh olgan) sifatida joylashtirildi.
Boshqa koʻplab federat tuzilmalaridan farqli oʻlaroq, gotlar Rim armiyasining odat va anʼanalariga singib ketmagan. Ular millatining oʻziga xosligi va birligini saqlab qola olgan. Leo I davrida, milodiy 460-yilda ularga beriladigan har yillik pul miqdori toʻxtatilganligi sababli ostgotlar Illiriya (Rim viloyatlaridan biri) ni vayron qildi. 461-yilda tinchlik oʻrnatildi. Sulh natijasida Teodemir Amal (ostgotlar qiroli) ning oʻgʻli yosh Teodorix Amal Konstantinopolga garov sifatida yuborildi va oʻsha yerda Rim taʼlimini oldi.
Oldingi yillarda, avvaliga Aspar, undan keyin Teodorix Strabon rahbarligi ostida koʻp sonli gotlar Rim armiyasiga xizmatga yollangan va Konstantinopol saroyida muhim siyosiy va harbiy qudratga ega boʻlgan. 474-yilda otasi Teodorix Strabon oʻrnini egallagan Teodorix Amal va yangi sharqiy imperator Zenon oʻrtasida 477–483-yillar davomida uch tomonlama murakkab kurash boshlandi. Ushbu toʻqnashuv davomida ittifoqdosh tomonlar muntazam ravishda oʻzgarib turdi va Bolqonning (Italiyaning sharqida joylashgan) katta qismlari vayron qilindi.
Zenon oxir-oqibatda 481-yilda Strabon vafot etganidan keyin Teodorix Amal bilan kelishuvga erishdi. Meziya (qadimgi Rim imperiyasining provinsiyalaridan biri boʻlib, Bolqonning janubi-sharqida joylashgan) va Dakiyaning bir qismi gotlarga berildi va Teodorix Amal 484-yilda magister militum praesentalis (askarlarning amaldagi murabbiysi) va konsul etib tayinlandi. Oradan bir yil ham vaqt oʻtmasdan, Teodorix Amal va Zenon oʻrtasida kelishmovchilik paydo boʻladi va Teodorixning gotlari yana Frakiya (Bolqon yarimorolining sharqiy qismida, Egey, Qora va Marmar dengizlarining oʻrtasida joylashgan tarixiy viloyat) ni vayron qiladi. Oʻshanda Zenon va uning maslahatchilariga ikkita quyonni bir oʻq bilan oʻldirish, yaʼni Teodorix Amalni imperiyaning yana bir dushmani boʻlmish Italiyaning Odoakr qirolligiga qarshi qayrab qoʻyish fikri keldi.
Odoakr qirolligi (476–493-yillar)
Milodiy 476-yilda Gʻarbdagi federat rahbari Odoakr isyonkor magister militum (askarlar murabbiysi) Orestga qarshi toʻntarish uyushtirdi. Chunki Orest oʻsha paytda oʻz oʻgʻli Romul Avgustalni imperator Yuliy Nepos oʻrniga Gʻarb imperatori sifatida tan olinishiga harakat qilayotgandi. Orest Odoakr qoʻshinlariga Italiyada yer berish vaʼdasini bajarmagan edi. Aynan mana shu yer uning Neposga qarshi hujumi paytida xavfsizligini taʼminlashi kerak edi. Orestni qatl qilib, uning oʻspirin oʻgʻlini quvgʻin qilib yuborganidan soʻng Odoakr Neposga (hozirgi Dalmatiyada) nomigagina sodiqlik bildirgan va u Zenon tomonidan patritsiy (zodagon) darajasiga koʻtarilib, avtonom tarzda samarali faoliyat yuritgan. Odoakr boshqaruvda Rim maʼmuriy tizimini saqlab qoldi, Rim Senati bilan faol hamkorlik qildi va uning boshqaruv davri samarali va muvaffaqiyatli boʻldi. U 477-yilda Sitsiliyadan (Oʻrta dengizdagi eng yirik orol, Italiya tarkibiga kiradi) vandallarni quvib chiqardi va 480-yilda Yuliy Nepos oʻldirilganidan soʻng Dalmatiyani (Xorvatiyadagi tarixiy viloyat) egallab oldi.
Italiyaning gotlar tomonidan bosib olinishi (488–493- yillar)
Zenon va Teodorix oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, agar Teodorix gʻalaba qozonsa, u Italiyada imperatorning vakili sifatida hukmronlik qilishi kerak edi. 488-yilning kuzida Teodorix oʻz qoʻshini bilan Meziyadan chiqib, Dalmatiyani kesib oʻtib, 489-yil avgust oyining oxirida Yuliy Alp togʻlarini oshib oʻtib, Italiyaga kirib keldi. Teodorix va Odoakr armiyalari oʻrtasidagi birinchi toʻqnashuv 28-avgust kuni Izonso daryosi (Gʻarbiy Sloveniya va Italiya shimoli-sharqidan oqib oʻtuvchi, 138 km uzunlikdagi daryo) boʻyida (Izonso jangi) boʻlib oʻtgan. Bu jangda Odoakr magʻlubiyatga uchradi va Verona (Italiyaning shimoli-sharqidagi shahar) tomonga chekindi. Oradan bir oy oʻtgach, u yerda ham yana bir jang boʻlib oʻtdi. Jang natijasi qonli boʻldi, biroq gotlar gʻalaba qozondi.
Odoakr davlatining poytaxti Ravennaga (Italiyaning Emilia Romagna mintaqasida joylashgan shahar boʻlib, Ravenna provinsiyasining markazi hisoblanadi) qochib ketdi. Qoʻmondon Tufa boshchiligidagi qoʻshinning katta qismi esa gotlarga taslim boʻldi. Shundan keyin Teodorix Tufa va uning odamlarini Odoakrga qarshi yubordi, lekin Tufa Teodorixga bergan vaʼdasini buzdi va Odoakr tarafga oʻtib ketdi. Buning oqibatida, 490-yilda Odoakr Teodorixga qarshi hujum uyushtirishga muvaffaq boʻldi, Milan (Italiyaning shimoliy qismida joylashgan shahar) va Kremonani (Italiya shimolidagi, Lombardiya hududida joylashgan shahar) egallab oldi va Titsindagi (Paviya — shimoliy Italiyaning Lombardiya hududidagi Titsino daryosining chap sohilida joylashgan) gotlarning asosiy bazasini qamal qildi.
Biroq oʻsha paytda vestgotlar aralashib, Titsin qamaliga barham berdi va Odoakr 490-yil 11-avgustda Adda daryosi (Shimoliy Italiyada joylashgan va Po daryosining irmogʻi hisoblanadi) boʻyida oʻnglab boʻlmas magʻlubiyatga uchradi. Odoakr yana Ravennaga qochib ketdi, Senat va Italiyaning koʻplab shaharlari esa oʻzini Teodorix tarafdorlari deb eʼlon qildi.
Teodorixning Odoakrni qatl etishi (493-yil)
Endilikda gotlar Ravennani qamal qilishga kirishdi. Ammo ularda flot yoʻqligi va shaharning taʼminoti dengiz orqali amalga oshirilishi sababli qamalga deyarli cheksiz muddat davomida chidash mumkin edi. Teodorix faqatgina 492-yilga kelib flot sotib olish va Ravenna portlarini egallashga muvaffaq boʻldi va shu bilan shaharning tashqi dunyo bilan aloqasini butunlay uzib qoʻydi. Buning taʼsirida oradan 6 oy oʻtgach, shahar yepiskopining (yepiskop — pravoslav, katolik, anglikan cherkovlarida oliy martabali ruhoniylardan biri) vositachiligida ikki tomon oʻrtasida muzokaralar boshlandi. Tomonlar 493-yilning 25-fevralida Italiyani ikkiga boʻlib olish toʻgʻrisida kelishuvga erishdi. Ushbu shartnomani nishonlash maqsadida ziyofat uyushtirildi. Aynan mana shu ziyofatda, 15-mart kuni, Teodorix qadah soʻzi aytib boʻlib, Odoakrni oʻz qoʻllari bilan oʻldirdi. Odoakrning askar va tarafdorlari ommaviy ravishda qilichdan oʻtkazildi. Endilikda Teodorix va u rahnamoligidagi gotlar Italiyaning navbatdagi egasi edi.
Teodorixning oʻlimi va sulolalar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar (526–535-yillar)
Epigraf (binoni aniqlash uchun yozilgan qisqa yozuv boʻlib, eski bino, tarixiy yodgorlik va haykallarda uchrashi mumkin, ular tarixni yoritib berishga xizmat qiladi) dastlab Paviya amfiteatrida yozilgan boʻlib, unda 528–529-yillar oraligʻida amfiteatrda Atalarix tomonidan amalga oshirilgan taʼmirlash ishlari eslatib oʻtilgan (Paviyaning shahar-muzeylari). Teodorix 526-yil 30-avgustda vafot etganidan keyin uning erishgan yutuqlari birma-bir barbod boʻla boshladi. Yevtarix 523-yilda vafot etgani sababli Teodorixning oʻrniga yosh nabirasi Atalarix keldi. Uning onasi Amalasunta Atalarixning oʻrniga regent (hukmdor yosh boʻlgani uchun davlatni uning nomidan boshqaruvchi shaxs) sifatida davlatni boshqardi.
Kuchli merosxoʻrning yoʻqligi ostgotlar davlati atrofida shakllangan ittifoqlar tarmogʻining parchalanishiga olib keldi. Vestgot qirolligi Amalarix ularni egallab olishidan avvalgi davrdagi oʻz avtonomiyasini tikladi, vandallar bilan munosabatlar tobora dushmanlik tusiga kira boshladi, franklar esa tyuring va burgundlarni boʻysundirib, hududini yanada kengaytirishga kirishdi. Oqibatda, vestgotlar janubiy Galliyadagi soʻnggi mulklaridan deyarli haydab chiqarildi. Ostgotlar qirolligining Teodorix davriga oid boʻlgan gʻarbdagi yuqori mavqei endi oʻnglab boʻlmas ravishda franklarga oʻtdi.
Bunday xavfli tashqi ahvol regentning ichki zaif mavqei tufayli yanada kuchaydi. Amalasunta Rim taʼlimini olgan boʻlib, otasining gotlar va rimliklar oʻrtasidagi yarashuv siyosatini davom ettirish niyatida edi. Shu maqsadda u Senat va taxtga yangi chiqqan imperator Yustinian I ning qoʻllab-quvvatlashiga erishdi. U hatto imperatorni vandallar bilan urush paytida Sitsiliyadagi bazalar bilan taʼminlab turdi. Biroq Amalasunta ilgari surayotgan gʻoyalar gotlarning zodagonlariga unchalik yoqmadi. Bunga qoʻshimcha ravishda ularni ayol kishi boshqarishiga rozi emasdi.
Gotlarning zodagonlari Amalasunta Atalarixni jangchi boʻlishini xohlab, unga Rim taʼlimini berishga qaror qilgan paytida norozilik bildirdi. Noroziliklar sababli Amalasunta oʻgʻlining rimlik oʻqituvchilarini ishdan boʻshatishga majbur boʻldi. Natijada Atalarix oʻz umriga zomin boʻluvchi illatlar — aysh-ishrat va boshqa axloqsizliklarga berilib ketdi. Nihoyat, gotlar Amalasuntani taxtdan agʻdarish uchun fitna uyushtira boshladi. Amalasunta ham ularga qarshi harakat qilishga qaror qildi, lekin ehtiyot chorasi sifatida u Konstantinopolga qochishga tayyorgarlik koʻrdi va hatto panoh soʻrab Yustinianga xat yozdi. U fitnachilarning uch nafar yetakchi vakillarini qatl etishga muvaffaq boʻlgan boʻlsa ham, uning mavqei 533-yilgacha Atalarixning sogʻligʻi jiddiy ravishda yomonlashmagunga qadar nisbatan xavfsizligicha qoldi.
Keyin Amalasunta oʻzining yagona qarindoshi — amakivachchasi boʻlmish Teodahadga yordam soʻrab murojaat qildi va bir vaqtning oʻzida Yustinianga elchilar yuborib, unga Italiyani topshirmoqchiligini bildirdi. Yustinian chindan ham muzokaralar olib borish uchun oʻzining qobiliyatli vakili fessaliyalik Pyotrni yubordi. Lekin u Italiyaga yetib bormasidan Atalarix vafot etdi (534-yil 2-oktabr). Amalasunta Teodahadning qoʻllab-quvvatlashiga erishish uchun unga qirollik tojini kiydirdi. Teodahad esa uni taxtdan agʻdarib, qamoqqa tashladi. Tinchlik tarafdori boʻlgan Teodahad taxtga oʻtirganini maʼlum qilish va Amalasuntaning xavfsizligiga imperatorni ishontirish uchun Yustinianga darhol elchilar yubordi.
Yustinian esa bunga javoban taxtdan agʻdarilgan qirolichani qoʻllab-quvvatlashini bildirish bilan javob qaytardi, ammo Amalasunta 535-yil may oyining boshida qatl etildi. Bu jinoyat oʻz qoʻshini bilan vandallar ustidan yaqinda gʻalaba qozongan Yustinianga oʻch olish maqsadida Got qirolligiga bostirib kirish uchun mukammal bahona boʻlib xizmat qildi. Teodahad urushning oldini olishga urinib, elchilarini Konstantinopolga yubordi, ammo Yustinian allaqachon Italiyani qaytarib olishga qaror qilgan edi. Faqatgina imperiyaning foydasiga taxtdan voz kechish orqali Teodahad urushning oldini olishga umid qilishi mumkin edi.
Gotlar urushi va Ostgot qirolligining intihosi (535–554-yillar)
Sharqiy Rim imperiyasi va Ostgot qirolligi oʻrtasidagi urush 535-yildan 554-yilgacha Italiya, Dalmatiya, Sardiniya, Sitsiliya va Korsikada boʻlib oʻtgan. Odatda u ikki bosqichga boʻlinadi. Birinchi bosqich 535-yildan 540-yilgacha davom etadi va Ravennaning qulashi hamda vizantiyaliklar tomonidan Italiyaning qayta bosib olinishi bilan yakunlanadi. Ravennaning qulashi bilan Ostgot qirolligining poytaxti Paviyaga koʻchirildi. Bu shahar urushni davom ettirgan va Sharqiy Rim hukmronligiga qarshi kurashgan ostgotlar qarshiligining soʻnggi markazlaridan biriga aylandi.
Ikkinchi bosqichda (540/541–553-yillar) esa gotlarning qarshiligi Totila davrida qayta kuchaydi va bu qarshilik Narsesning uzoq davom etgan kurashidan soʻnggina barham topdi. Narses bir vaqtning oʻzida 554-yilda franklar va alamanlar bosqinini qaytarishga erishgan. Xuddi shu yili Yustinian Italiyaning yangi hukumatini belgilab beradigan “Pragmatik sanksiya” (farmon) ni eʼlon qildi. Urush tugaganiga qaramay, Shimoliy Italiyadagi bir qancha shaharlar 560-yillarning boshlariga qadar qarshilikni davom ettirdi.
Urush boshlanishi imperator Yustinianning avvalgi asr (migratsiya davri) da varvar qabilalarining Italiyaga bostirib kirishi natijasida boy berilgan sobiq Gʻarbiy Rim imperiyasi viloyatlarini qayta tiklashga intilishi bilan bogʻliq edi. Toʻqnashuvning oxiriga kelib, Italiya vayron boʻlgan, sezilarli darajada aholisini yoʻqotgan edi. Natijada, gʻalaba qozongan vizantiyaliklar 568-yilda uyushtirilgan lombardlar bosqiniga qarshi tura olmadi va Italiya yarimorolining katta qismi qoʻldan boy berildi.
Muqova surat: ancient-origins.net