Orqaga
Mirzo Ulug'bek haqida. Mirzo Ulug'bek hayoti.

748 marta koʻrilgan

1394–1449

Mirzo Ulugʻbek

Mirzo Muhammad ibn Shohrux ibn Temur Ulugʻbek Koʻragon — Amir Temurning sevimli nabirasi boʻlib, 1394-yilning mart oyida Eron gʻarbidagi Sultoniya shahrida dunyoga keladi. Maʼlumotlarga koʻra, 1394-yilda Amir Temur Iroqdagi Mordin qalʼasini qamal qiladi. Oʻsha davr tarixchisi Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, Amir Temurga nabirasi tugʻilgani haqida xabar keltiriladi va munajjimlar uning hukmdor va olim boʻlishini bashorat qiladi. Temur ushbu xushxabar tufayli Mordin qalʼasi qamalini toʻxtatadi va uning xalqiga yuklangan tovonni bekor qiladi. Yangi tugʻilgan nabiraga Muhammad Taragʻay ismi beriladi.

Yoshligi

Ulugʻbek Shohrux Mirzoning oʻgʻli boʻlib, onasi esa turkiy qabila zodagonlaridan Gavharshodbegim edi. U bobosining Eronga yurishi paytida Sultoniya shahrida tugʻilgan. Ulugʻbek uning asli ismi emas, balki “Buyuk hukmdor” (bek) maʼnosini beruvchi taxallus edi, lekin bolaligidayoq u Ulugʻbek deb atala boshlanib, bu keyinchalik uning asosiy ismi boʻlib qoldi. Ulugʻbek bolalik yillarida buvisi Saroymulkxonim tarbiyasida boʻlgan. Saroymulkxonim oʻzining sevimli nabirasiga oʻquv-yozuvni oʻrgatgani hamda tarixiy mavzudagi hikoya va ertaklarni soʻylab berganini taxmin qilishimiz mumkin. Bolaligidanoq u Yaqin Sharq va Hindistonning katta qismini kezib chiqdi, chunki bobosi bu hududlarda fathlarni kengaytirdi. Temur vafotidan keyin Shohrux imperiya poytaxtini Hirotga (hozirgi Afgʻonistonda) koʻchirdi. Oʻn olti yoshli Ulugʻbek keyinchalik, 1409-yilda Samarqand hokimi boʻldi. 1411-yilda u butun Movarounnahrning hokimi deb topildi, amalda esa poytaxtga boʻysungan.

Hukmronlik yillari

Shohrux toʻngʻich oʻgʻli Ulugʻbekni 1411-yili Movarounnahr va Turkistonning hokimi etib tayinlaydi. Ulugʻbek 17 yoshida hokim boʻlib, bobosidan farqli oʻlaroq harbiy yurishlar bilan qiziqmas, koʻproq ilm-fanga moyil edi. Afsuski, Ulugʻbekning boshlangʻich maʼlumoti va murabbiy hamda ustozlari haqida aniq maʼlumot saqlanmagan. 1447-yilda otasi Shohruxning vafotidan xabar topgan Ulugʻbek Balxga joʻnadi. Bu yerda u oʻzining marhum akasi Boysungʻurning oʻgʻli Alovuddavlaning Hirotda Temuriylar saltanati hukmronligini daʼvo qilganini eshitdi. Binobarin, Ulugʻbek Alouddavlaga qarshi yurish qildi va Murgʻobda jangda u bilan uchrashdi. U oʻz jiyani ustidan gʻalaba qozonib, 1448-yilda Hirotga qarab yurdi. Biroq Alouddavlaning ukasi Abulqosim Bobur Mirzo unga yordamga keldi va Ulugʻbekni magʻlub etdi. Ulugʻbek Balxga chekindi va u yerda uning hokimi, toʻngʻich oʻgʻli Abdulatif Mirzo isyon koʻtarganini bildi. Yana ichki urush boshlandi. Abdullatif Amudaryo boʻyida otasining qoʻshinini kutib olish uchun qoʻshin toʻpladi. Biroq Ulugʻbek shahardagi notinchlik xabarini eshitib, hech qanday jang boʻlmasdan turib Samarqandga chekinishga majbur boʻladi. Abdullatif tez orada Samarqandga yetib boradi va Ulugʻbek beixtiyor oʻgʻliga taslim boʻladi. Abdullatif otasini hibsdan ozod qilib, Makkaga haj qilishiga ruxsat berdi. Biroq manziliga yetib bormasdan turib otasi va ukasi Abdulazizni ham 1449-yilda qatl qildirdi.

Me’morchilik ishlari

Mirzo Ulugʻbek davrida Samarqand gullab-yashnadi. Uning farmoyishi bilan 1417-yilda Buxoroda, 1420-yilda Samarqandda va 1433-yilda Gʻijduvonda madrasalar barpo etildi. Marv shahrida xayriya muassasalari qurildi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda ansambli qurilishlari nihoyasiga yetkazildi. Shuningdek, Ulugʻbek karvonsaroy, tim, chorsu, hammom kabi talay jamoat binolari ham barpo ettirgan. Samarqanddagi XV asr meʼmorchiligining nodir namunalaridan biri Ulugʻbek rasadxonasidir. Bu inshoot Ulugʻbek farmoyishi bilan 1428-1429-yillarda Koʻhak tepaligida bunyod etilgan.

Ilmiy-madaniy merosi

Oʻsmir hukmdor shaharni imperiyaning intellektual markaziga aylantirishni maqsad qilgan. 1417–1420-yillarda Samarqanddagi Registon maydonida madrasa qurdirdi va koʻplab islom astronomlari va matematiklarini oʻqishga taklif qildi. Ulugʻbekning astronomiya boʻyicha eng mashhur shogirdi Ali Qushchi boʻlib, uni “farzandi arjumandim”, yaʼni “aziz farzandim” deb atagan. Aslida Ali Qushchi uning farzandi emas, shogirdi boʻlib, ilm sohasida ustoziga Abdulatif va Abdulazizlardan, yaʼni oʻz farzandlaridan ham sodiq va vafodor edi. Shuning uchun ham Ulugʻbek unga oʻz oʻgʻlidek qarardi. Qozizoda Rumiy Ulugʻbek madrasasining eng koʻzga koʻringan muallimi boʻlgan va keyinchalik bu oʻringa astronom Jamshid al-Koshiy kelgan. Ulugʻbek ilm-fan olamida buyuk astronom sifatida mashhur. Bu borada u amalga oshirgan eng buyuk ish “Ziji jadidi Koʻragoniy” deb nomlangan astronomik jadval sanaladi.

Ulugʻbek tibbiyot va musiqaga ham qiziqqan, sheʼrlar ham yozgan. Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asarida uning sheʼrlaridan namunalar keltirilgan. Davlat ishlari bilan bogʻliq boʻlgan yurish-koʻchishlar, rasadxonadagi kuzatishlar va madrasadagi darslar, undan tashqari ilmiy ishlarga umumiy rahbarlik qilish ham Ulugʻbekning koʻp vaqtini oladi. Shuning uchun boʻlsa kerak, bevosita Ulugʻbek nomi bilan bogʻliq ilmiy asarlar soni jihatdan koʻp emas — ular toʻrtta:

1) “Ziji jadidi Koʻragoniy“ — astronomiyaga oid;
2) “Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola“ — matematikaga oid;
3) “Risolayi Ulugʻbek“ — yulduzlarga bagʻishlangan;
4) “Tarixi arbaʼ ulus” (Toʻrt ulus tarixi) — tarixga oid.

Ulugʻbek ilmga qiziqqani va mamlakatning ravnaqini koʻzlagani tufayli yangi usuldagi bilim yurti — maktab va madrasalar barpo qilishga qaror qilib, deyarli bir vaqtning oʻzida Samarqand, Buxoro va Gʻijduvonda uchta madrasa barpo etadi.

Samarqanddagi madrasa qurilishi 1417-yili boshlanib, uch yilda nihoyasiga yetkaziladi. Tez orada Ulugʻbek madrasaga mudarris va olimlarni toʻplay boshlaydi va shu tariqa uning Samarqanddagi astronomik maktabi shakllanadi. Bu maktabning asosiy mudarrislari Amir Temur davridayoq oʻz ilmiy ishlariga qulay sharoit va panoh izlab Samarqandga kelgan Taftazoniy, Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi olimlar edi. Qozizoda Rumiyning maslahati bilan Ulugʻbek Xurosonning Koshon shahridan Gʻiyosiddin Jamshid Koshiyni chaqirtiradi. Samarqandga Movarounnahrning turli shaharlaridan va Xurosondan toʻplangan olimlarning soni, 1417-yilga kelib 100 dan ortib ketadi. Ular orasida adiblar, muarrixlar, xattotlar, rassomlar, meʼmorlar bor edi. Lekin astronomiya va matematika sohasidagi olimlar sharafliroq va obroʻliroq edi. Ular orasida Qozizoda Rumiy bilan Jamshid Koshiy eng salobatli va nufuzli edilar.

Astronomiya va matematika

Ulugʻbek yigirma yoshlarida oʻz davrining yirik olimlaridan biri boʻlib yetishdi va uning hokimligi davridagi muhim yangiliklar butun oʻrta asr madaniyati tarixida ulkan ahamiyat kasb etdi. Uning atrofida toʻplangan Samarqand olimlari katta ahamiyat bergan eng muhim ilmiy yoʻnalishlardan biri astronomiya fani edi. U oʻzining “Ziji jadidi Koʻragoniy” asarida 1018 Sobita yulduzning oʻrni va holatini aniqlab bergan. Ushbu asar 1665-yilda Oxfordda Thomas Hyde tomonidan, 1843-yilda Fransiya Bailly tomonidan va 1917-yilda Edvard Ball Knobel tomonidan yangidan tahrirlanib bosilgan. Ulugʻbek undan keyin bir yilni 365 kun, 5 soat, 49 daqiqa va 15 soniya deb belgilagan. Ulugʻbek ushbu hisobida faqatgina 25 soniya xato qilgan ekan.

Ulug‘bek rasadxonasi

Mirzo Ulug'bek haqida. Mirzo Ulug'bek hayoti.

Ulugʻbek rasadxonasi / wikipedia.org

Ulugʻbek rasadxonasi — Samarqand shahrining eng diqqatga sazovor obidalaridan biri, XV asr meʼmorchiligining nodir namunasi. 1428–1429-yillarda Ulugʻbek farmoyishi bilan Choʻponota tepaligida ulkan silindr shaklida bunyod etilgan. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida yozilishicha, balandligi 30,4 metrdan iborat 3 qavatli bino qurilgan. Unda oʻndan ortiq turli astronomik qurilmalar va asboblar boʻlgan. Rasadxona bitishi bilan astronomik kuzatishlar boshlanib ketadi. Rasadxona bilan madrasaning birgalikdagi faoliyati Ulugʻbek ilmiy maktabida astronomiya va matematikani oʻrta asrlar davrida eng yuqori pogʻonaga koʻtarish imkonini berdi. Boburning yozishicha, rasadxonaning sirti koshin va sirli parchinlar bilan bezatilgan. Uning ichiga oʻrnatilgan juda katta asbob yordamida Quyosh, Oy, sayyora va yulduzlar katta aniqlikda oʻrganilgan. Shuningdek, maʼlumotlarga koʻra rasadxonada kutubxona boʻlgan. Mirzo Ulugʻbekning eng yirik astronomik asari “Ziji jadidi Koʻragoniy” rasadxonada yaratilgan. Uning qurilishi va keyingi ilmiy faoliyati Ulugʻbek taklifi bilan yigʻilgan qator mashhur olimlar Gʻiyosiddin Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi va boshqalar nomi bilan bogʻliq. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Ulugʻbek Samarqandda balandligi 50 metrli quyosh soati yasagan. Ushbu noyob soat ham saqlanib qolmagan.

Mirzo Ulug'bek haqida. Mirzo Ulug'bek hayoti.

Ulugʻbek rasadxonasining saqlanib qolgan yer osti qismi / wikipedia.org

“Ziji Ko‘ragoniy” asarining mazmuni

Ulugʻbek ilmiy merosining eng asosiysi, maʼlum va mashhuri uning “Zij”i boʻlib, bu asar “Ziji Ulugʻbek”, “Ziji jadidi Koʻragoniy” deb ham ataladi. Ulugʻbek “Zij”i oʻz tarkibiga koʻra VIII–IX asrlarda boshlangan astronomik anʼanani davom ettirsa ham, ilmiy darajasi ularga nisbatan beqiyos balanddir. Bu asar ikki qismdan: keng muqaddima va 1018 Sobita yulduzning oʻrni va holati aniqlab berilgan jadvallardan iborat boʻlib, muqaddimaning oʻzi mustaqil toʻrt qismni tashkil qiladi. Muqaddimaning boshida Qurʼondan yulduzlar va sayyoralarga taalluqli oyatlar keltiriladi.

Asarning birinchi — “Taʼrix, yaʼni xronologiyaning maʼrifati” deb nomlangan maqolasi (kitobi) yetti bobdan iborat boʻlib, u eralar va taqvim masalalariga bagʻishlangan. Bu boblarda islomda qoʻllanadigan asosiy era — hijriy era, suryoniy-yunoniy era, “jaloliy” era, xitoy va uygʻur erasi, forsiy-qadimiy era va bu eralarda keltirilgan sanalarni biridan biriga moslashtirib koʻchirish hamda bu eralardagi mashhur kunlar haqida bahs yuritiladi. Bundan tashqari ushbu maqolada turkiy muchal yillari haqida ham mufassal bayon etiladi.

Ikkinchi — “Vaqtlar va unga taalluqli narsalar” deb nomlangan maqola 22 bobdan iborat. U asosan matematika va sferik astronomiya masalalariga bagʻishlangan. Ikkinchi va uchinchi boblarda oʻrta asrlar uchun eng aniq boʻlgan sinuslar va tangenslar jadvallari keltiriladi. Maqolaning toʻrtinchi bobida Ulugʻbek ekliptikaning (falak ul-burj) osmon ekvatoriga (muyaddal un-nahor) ogʻish burchagining miqdorini keltiradi.“Zij”ning uchinchi maqolasi 13 bobdan iborat boʻlib, faqat astronomiya masalalariga bagʻishlangan. Bunda Quyosh, Oy va besh sayyoraning harakatlari haqida bahs yuritiladi. Asarda keltirilgan jadvallarning aksariyati shu maqolaga taalluqlidir.

Bu jadvallar orasida eng ahamiyatga ega boʻlgani 13-bobda keltirilgan va “Turgʻun yulduzlarning uzunlama va kenglama boʻyicha holatlarini aniqlash” deb atalgan yulduzlar jadvalidir. Ulugʻbek “Zij”ining boshqa “zij”lardan farqini koʻrsatish uchun shu yerda mazkur jadval boshidagi uning soʻzlarini keltiramiz. U aytadi: “Ptolemeygacha boʻlgan astronomlar bir ming yigirma ikki yulduzning holatini aniqladi. Ptolemey esa ularni oltita kattalik boʻyicha tartiblab, oʻz “Almajist” asarida keltirdi. Ularning eng kattasi — birinchi kattalikda, eng kichigi esa oltinchi kattalikdadir. Har bir kattalikni u uch qismga ajratdi. Ularni bir-biridan farq qilish uchun qirq sakkiz yulduz turkumiga joylashtirdi. Ularning yigirma bittasi falak ul-burjdan (ekliptika) shimolda, oʻn ikkitasi falak ul-burjda va oʻn beshtasi falak ul-burjdan janubda joylashadi.

Bu yulduzlardan ayrimlari shu yulduz turkumlarining oʻzida, ayrimlari esa turkumdan tashqarida joylashadi. Bu keyingi yulduz turkumlarining tashqi yulduzlari deb hisoblanadi. Abdurahmon Soʻfiy turgʻun yulduzlarni aniqlash toʻgʻrisida maxsus kitob yozgan, barcha kishilar unga murojaat qiladi va uni qabul etadi. Biz esa yulduzlarning osmon kurrasidagi holatini kuzatgunimizga qadar ular haqida Abdurahmonning kitobidagiga asoslanardik. Biroq oʻzimiz kuzatganimizdan keyin baʼzi yulduzlarning holati uning kitobidagiga mos kelmasligini koʻrdik. Alloh bizning kuzatishlarimizga taovun berganidan soʻng, bu yulduzlar va boshqa yulduzlarning holatlari Abdurahmonning fikrlariga zid ekani shohidi boʻldik. Biz bu yulduzlarni oʻz kuzatishimizga mos kelgan holda kuraga joylashtirganimizda esa, kuzatganimizga hech zid kelmaganini koʻrdik. Biz bunga imonmiz. Biz barcha yulduz turkumlaridagi yulduzlarni kuzatdik. Lekin bundan yigirma yetti yulduz mustasno, chunki ularning janubiy masofalari kattaligi tufayli ular Samarqandda koʻrinmasdi.

Bu Samarqandda koʻrinmaydigan yulduzlardan yettitasi Mijmara (“Qurbongoh”) yulduz turkumidan, sakkiztasi Safina (“Keta”) turkumidan bular — 36-yulduzdan 41-yulduzgacha va 44,45-yulduzlar; oʻn bittasi Kentavrus (“Kentavr”) turkumidan bular — 27-dan oxirigacha va yana bitta Sabʼ (“Hayvon”) yulduz turkumidan bu — 10-yulduz. Shu yigirma yetti yulduzni biz kitobimizga Abdurahmon Soʻfiy sanasi bilan keltiramiz. Qolgan sakkiz yulduz haqida Abdurahmon Soʻfiy oʻz kitobida Ptolemey koʻrgan yerda hech qanday yulduz topmaganini aytgan. Biz ham har qancha harakat qilsak-da, oʻsha joylarda hech qanday yulduzni topmadik. Shuning uchun biz ham u sakkiz yulduzni kitobimizda keltirmaymiz. Bu yulduzlar Mumoik al-ainna (“Jilov ushlovchi”)ning 14-yulduzi, Subʼning 11-yulduzi va Hutdan tashqarida, janubdagi oltita yulduzdir”.

Keltirilgan parchadan koʻrinadiki, Ulugʻbekning yulduzlar jadvali oʻrta asrlar davridagi eng nodir va mukammal jadval boʻlgan. Bu parcha Ulugʻbek rasadxonasida yulduzlar globusi yasalgan, degan xulosaga olib keladi. “Zij”ning oxirgi — “Yulduzlarning doimiy harakati” deb nomlangan toʻrtinchi maqolasi ikki bobdan iborat va u asosan ilmi bagʻishlangan. “Ziji jadidi Koʻragoniy”ning birinchi bor toʻligʻicha rus tiliga tarjimasi bosib chiqarildi. Shu yili Toshkentda Ulugʻbekning “Tarixi arbaʼ ulus” asari ham oʻzbek tilida nashr etildi. Oʻlimi Otasi Shohrux Mirzo oʻlimidan keyin Ulugʻbek Balxga yurish qildi, chunki Mirzo Alavuddavla ibn Boysunqur Mirzo Hirotdagi Temuriylar hukmdorligiga daʼvogarlik qilgan edi. Murgʻobda boʻlib oʻtgan ushbu toʻqnashuvda Ulugʻbek gʻolib boʻlib Hirot tomon harakat qildi, ammo Alauddavlaning akasi Mirzo Abul Qosim Babur bilan boʻlgan toʻqnashuvda magʻlubiyatga uchrab, Balxga qaytib kelgach oʻz oʻgʻli Abdulatifning fitnasi tufayli 1449-yilda oktyabr oyining 27-sanasida 55 yoshida Samarqand yaqinida oʻldirildi.

Xotira

1966-yilda Oʻzbekistonda “Ulugʻbek yulduzi” filmi suratga olindi. Yozuvchi Maqsud Shayxzoda 1964-yilda “Mirzo Ulugʻbek” pyesasini yozgan. Yozuvchi Odil Yoqubov “Ulugʻbek xazinasi” (1970-1973) romanini yaratgan. Yozuvchi va shoir Xurshid Davron “Sohibqironning nabirasi” qissasi va “Algul yulduzi yoki Ulugʻbekning soʻnggi kuni” pyesasini yozgan. 1970-yillarda Oʻzbekistonda Odil Yoqubovning romani asosida “Ulugʻbek xazinasi” koʻp qismli videofilm suratga olingan. 1994-yil Mirzo Ulugʻbek yili deb eʼlon qilingan. Oʻzbekiston Milliy universiteti Mirzo Ulugʻbek nomi bilan ataladi. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Oʻzbekistonning boshqa shaharlaridagi xiyobon va koʻchalarga Mirzo Ulugʻbek nomi berilgan. Qozogʻistonning Olmaota shahrida Mirzo Ulugʻbek nomli koʻcha bor.

Toshkent metropolitenidagi bekatlardan biri Mirzo Ulugʻbek nomi bilan atalgan. Bundan tashqari Poytaxt tumanlaridan biri Mirzo Ulugʻbek nomi bilan atalgan. Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Mirzo Ulugʻbek nomi bilan ataladi va Mirzo Ulugʻbek muzeyi tashkil etilgan. Viloyatlarimizning bir nechta tumanlarida Mirzo Ulugʻbek sharafiga haykallar oʻrnatilgan. Hattoki, Riga shahridagi Kronvalda bogʻida Oʻzbekiston elchixonasidan uzoq boʻlmagan joyda Mirzo Ulugʻbek haykali oʻrnatilgan.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan 1994-yil Mirzo Ulugʻbek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda katta tantanalar va xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazildi.



Manbalar: wikipedia.org / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi
Muqova surat: wikipedia.org