7
Ulashish
605 marta koʻrilgan
1377–1447
Shohrux Mirzo
Temuriylar davlati — Sohibqiron Amir Temur ibn Taragʻay Bahodir (1336–1405) asos solgan yirik va qudratli saltanat. Dastlab Movarounnahr va Xorazmda vujudga kelgan davlat 1380–1402-yillardagi harbiy yurishlar natijasida Eron, Iroq, Oltin Oʻrda, Turkiya, Ozarbayjon va Hindistonning shimoliy qismigacha yoyildi.
Amir Temur hukmronlik qilgan yillari uning davlatiga qarashli oʻlkalar toʻrt qismga boʻlingan: Xuroson, Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) — Shohruxga, Gʻarbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (Markazi Tabriz) — Mironshohga, Fors, yaʼni Eronning janubiy qismi (markazi Sheroz) — Umarshayxga, Afgʻoniston va Shimoliy Hindiston (markazi Gʻazna, keyinchalik Balx) — Pirmuhammadga suyurgʻol qilib berilgan edi.
Amir Temur 1397-yilda Shohrux Mirzoga Xuroson, Seyiston va Mozandaron hokimligini beradi. Shohrux Mirzo Amir Temurning toʻrtinchi oʻgʻli boʻlib, 1377-yil 20-avgust, payshanba kuni dunyoga kelgan. Tarixchi Xondamirning bergan maʼlumotiga qaraganda, Shohruxning onasi Tagʻoy Turkon ogʻo Sohibqironning xos kanizaklaridan boʻlib, Amir Temur keyinchalik uni oʻz nikohiga kiritgan. Shunday boʻlsa ham Shohruxni Saroymulkxonim tarbiyalab voyaga yetkazgan.
Shohrux Mirzo yoshligidanoq shariat ahkomlariga qattiq rioya qilgan. Qurʼoni karimni oʻrgangan va diniy kitoblarga qiziqqan. 20 yoshigacha otasi Sohibqiron qoʻl ostida boʻlib, harbiy yurishlarda, jumladan, Falastin yurishida ham faol qatnashgan.
Sohibqiron 1405-yil 18-fevral kuni Xitoyga qarshi yurish vaqtida qahraton qish payti Oʻtror shahrida vafot etadi (vafotiga sabab sifatida sovuqda qolib ketgani koʻrsatiladi). Amir Temur vafotidan soʻng yillar davomida qilingan saʼy-harakatlar natijasida barpo etilgan yirik saltanat parchalana boshlaydi. Bunga sabab saltanat tasarrufiga olingan yerlar uzoq masofalarga choʻzilgan boʻlib, ularni yagona bir markazdan turib boshqarish murakkab edi. Buning ustiga muxolafatchi kuchlar ajralib chiqish uchun qulay payt kutar edi.
Amir Temur vafoti oldidan Kobul, Qandahor va Hindiston viloyatlarining hukmdori boʻlmish nabirasi Pirmuhammadni taxt vorisi etib tayinlagan edi. Biroq Mironshohning oʻgʻli Xalil Sulton Mirzo oʻzboshimchalik bilan 1405-yilning 18-mart kuni Samarqandni egallaydi va oʻzini Movarounnahrning oliy hukmdori deb eʼlon qiladi. Shu tariqa Xalil Sulton Mirzo va Pirmuhammad oʻrtasida taxt uchun kurash boshlanib ketadi. Toj-taxt maqsadida tinimsiz boʻlib oʻtgan urushlarni toʻxtatish uchun yengilmas kuch maydonga chiqishi kerak edi. Shohrux hokimiyatining oʻrnatilishi.
Xurosondagi amirlar isyonini bostirgan Shohrux butun eʼtiborini endilikda Movarounnahrga qaratdi. Chunki u ota yurtidagi hodisalarga befarq qarab tura olmasdi. 1409-yil 25-aprelda Amudaryodan oʻtib, Samarqand sari yurish qildi. Deyarli besh yil davom etgan oʻzaro kurash va isyonlar xalqning jiddiy noroziligiga sabab boʻlgan, tinkasini quritgan edi. Temuriyzodalar va amirlar oʻrtasidagi kurashga xotima berish maqsadida Shohrux boshlagan harakat mamlakat fuqarolarining koʻpgina tabaqalari tomonidan quvvatlandi. Bu esa Shohruxning jangda gʻalaba qozonishiga va taxtni egallashiga yordam berdi.
Shu tariqa Shohrux Movarounnahr va Xurosonda hukmronligini oʻrnatadi, mamlakatda tinchlik va osoyishtalik qaror topadi. Urushdan charchagan xalq yangi shohni qoʻllab-quvvatlaydi. Shohruxning uzoq hukmronligi davrida Amir Temur saltanatining asosiy qismi qoʻl ostida saqlanib qolsa-da, ammo ulkan mamlakat ikki davlatga boʻlingan edi. Ulardan biri Amudaryodan janubda joylashgan Shohrux boshchiligidagi davlat boʻlib, ikkinchisi esa Amudaryodan shimolda Movarounnahr va Turkiston hududida Ulugʻbek boshchiligidagi hududlar edi.
Shohrux Mirzo asta-sekin oʻz akalari Jahongir, Umarshayx va Mironshohlarning avlodiga boʻlib berilgan sarhadlarni ham har xil yoʻllar bilan oʻziga tobe qilib, Movarounnahr, Ozarbayjon, Iroq, Xuroson va Shimoliy Afgʻonistondan iborat katta bir davlat jilovini qoʻlga kiritadi va Hirotni oʻzining poytaxti deb eʼlon qiladi. Oʻzi esa “ulugʻ xoqon” sifatida saltanatni boshqarishga kirishadi.
Shohrux Mirzo koʻp vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarflagan. Devon va saltanatni boshqarishda goʻzal va ishbilarmon xotini Gavharshodbegim faol ishtirok etgan. Shohrux Mirzo ixlos va niyozmandlik yuzasidan darveshlar hamda koʻshanishinlarga iltifotlar koʻrsatib, Hirotning Jome masjidida juma namozini xaloyiq bilan birga oʻqirdi. Juma namozlarining birida (1427-yil 21-fevral) Ahmad ismli kimsa masjid ichida Shohrux Mirzoga pichoq sanchadi. Ahmad oʻsha zahoti qatl etiladi. Tabiblarning jonbozligi bilan qilingan muolajadan soʻng zaxm bitib, Shohrux Mirzo tuzalib ketadi. Shohrux Mirzo umrining oxirigacha oʻz oʻrniga valiahd tayinlashga ikkilanib yuradi. Shohrux Mirzo jang borasida juda bahodir boʻlib, kuchli va chapdast boʻlgan. Uni faqatgina jangovarligi bilan emas, balki maʼrifati bilan ham eʼtiborni qozongani tarixdan maʼlum.
Siyosat
Tarixchi Hofizi Abruning „Zubdat at-tavorix“ asarida yozilishicha, Shohrux 1443-yil Misr podshosiga elchi yoʻllab, Kaʼba uyiga yopinchiq kiygazishni soʻraydi va rozilik oladi. Shu asosda 1444–1445-yil kaʼbapoʻsh tayyorlatib, uni shayx Nuriddin Muhammad al-Murshidiy va mavlono Shamsiddin Muhammad Abhariy vositasida Makkaga joʻnatadi. Ular kaʼbapoʻshni muqaddas Kaʼba uyiga yopib qaytadi. Shohrux podshohlik devonida kundalik ishlarni doim nazorat qilib borgan; qarorlar qabul qilishda kengash va maslahatga keng oʻrin ajratgan, koʻpchilik fikrini inobatga olgan holda adolatli hukmlar chiqargan. Shuningdek, devonda diniy va dunyoviy masalalar yuzasidan yetuk allomalar ishtirokida suhbatlar, fiqh, tib, nujum, geografiya, tilshunoslik va boshqa fan sohalari boʻyicha bahs-munozaralar tashkil qilgan, oʻzi ham ularda faol qatnashgan.
Shohrux saltanati hududida bunyodkorlik faoliyati uchun katta imkoniyatlar yuzaga keldi. Shaharsozlik, hunarmandchilik, savdo, dehqonchilik, ilm-fan, madaniyat tez surʼatlar bilan rivojlandi. Shohrux bunyodkorlik ishlariga, xususan, shaharlar obodonchiligi va sugʻorish tizimini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratgan. Hirot (1405-yil), Balx (1407-yil) shaharlarini tiklashga oliy farmon bergan. Chingizxon yurishi chogʻida xarob qilingan (1220-yil) Marv shahrini qayta barpo etilib, Murgʻob daryosidan ariq qazdirib suv keltirildi. Sugʻorish tizimi yaxshilandi, yangi yerlar oʻzlashtirildi, ekin maydonlari kengaydi. Shaharlarda hunarmandchilik va savdo rivojlandi, koʻplab madaniy-maʼnaviy muassasalar — madrasalar, masjidlar, xonaqohlar qurildi. Shohrux ilm-fan rivojiga alohida eʼtibor berdi. Hirot, Samarqand, Buxoro, Mashhad, Sheroz va boshqa shaharlarda ilm-fan keng rivoj topdi. Movarounnahrda Mirzo Ulugʻbek rasadxona barpo etib aniq fanlar rivojlandi; Naqshbandiya taʼlimoti yozma meros tarzida shakllandi va shu yoʻnalishda bir qancha asarlar yozildi. Hirot va Sheroz shaharlarida tarixnavislikka katta eʼtibor qaratildi. Amir Temur va temuriylar tarixiga oid bir qancha yirik asarlar yaratildi. Temuriylar saltanatida kitobat va miniatyura sanʼati yuksaldi. Hirotda Mirzo Boysungʻur va Sherozda Ibrohim Sulton bu sohalarning rivojiga katta hissa qoʻshdi.
Shohruxdan qolgan yodgorliklar
Shohrux davrida Hirotda qurilgan eng katta yodgorliklardan biri malika Gavharshodbegim tarafidan qurdirilgan ulkan madrasa va uning yonida qad koʻtargan xonaqohdir. Bu binolar 1417-yilda boshlanib, 1437-yilda qurib bitkazilgan. Mazkur madrasa va xonaqoh hozirgi kungacha yetib kelgan boʻlib, xonaqohga uning ayrim oʻgʻillari, Gavharshodbegim va boshqa temuriy shahzodalar va malikalar dafn etilgan. Shohrux Mirzo saroyida xizmat qiluvchi amaldorlar, beklar, sarkardalar oʻz nomlarini abadiylashtirish maqsadida bir qator madaniy va maishiy binolar qurdirgan. Chunonchi, Hirotning Xiyobon mavzesida Qurbon Shayx, Feruzshoh, Chaqmoq Shoh, Alayh Koʻkaldosh madrasalari qad rostlagan edi. Bu madrasalarda diniy bilimlar bilan bir qatorda tilshunoslik, adabiyot, tarix, geografiya, handasa, riyoziyot, falakiyot kabi ilmlar oʻqitilardi. Bulardan tashqari, falsafa, mantiq va musiqa ilmi ham ancha rivojlangan edi.
Shohrux hukmronligi davrida Temuriylar saltanatining xalqaro miqyosdagi nufuzi ortdi, davlatlar oʻrtasidagi elchilik munosabatlariga Shohrux juda katta eʼtibor bergan. Uning huzuriga Xitoy, Hindiston, Misr, Shom, Rim, Yevropa, Dashti Qipchoq hukmdorlaridan elchilar kelgani va Shohrux ham oʻz elchilarini joʻnatgani haqida Temuriylar davri tarixiy manbalarida maʼlumotlar qayd etilgan va ikkita elchilik haqida mukammal kundalik ham yozilgan. 1419–1422-yillar Xitoyga borib kelgan safar xotirotlari, unda bevosita qatnashgan Gʻiyosiddin Naqqoshning kundaligi hamda 1442–1444-yillar Janubiy Hindistonga borib qaytgan elchilarning safar tafsilotlari, uni boshqargan Abdurazzoq Samarqandiyning safarnomasida aks etgan. Shohruxning elchilar vositasida yoʻllagan maktublarida savdo yoʻllari xavfsizligini taʼminlash va xalqaro savdo-sotiqni rivojlantirish alohida taʼkidlangan. Buyuk Ipak yoʻli orqali savdo va elchilik karvonlari muntazam qatnab turgan. Shohrux oʻzining xalqaro siyosatida davlatlararo tinch-totuvlik va doʻstona munosabatlar taʼminlanishini ustuvor yoʻnalish deb bilgan. Shohruxning davlatchilik siyosatida bunyodkorlik ishlariga katta eʼtibori natijasida ilm-fan va madaniyat rivojida oʻziga xos uygʻonish (renessans) boʻldi va bu XV asrning 2-yarmida Alisher Navoiy davrida Xurosonda ilm-fanning yuksak rivojlanishi uchun zamin yaratdi.
Manbalar: wikipedia.org / xorazmiy.uz