Orqaga

1825 marta koʻrilgan

1336–1405

Amir Temur

Amir Temur ibn amir Taragʻay 1336-yil 9-aprelda Kesh (hozirgi Shahrisabz — Qashqadaryo viloyatining shaharlaridan biri) viloyatining Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida dunyoga kelgan. Uning onasi Takinaxonim, otasi amir Muhammad Taragʻay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamo-yu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi boʻlgan. U yilda bir marotaba Ili daryosi boʻyida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilar va u bunday yigʻinlarda qatnashar edi. Shuningdek, Amir Temurning opasi Qutlugʻ Turkon ogʻo va singlisi Shirinbeka ogʻo (turkiy tillar ehtimollik lugatida qayd etilishicha, ogʻo soʻzi ota, aka, opa, er yoki yoshi katta qarindosh kabi maʼnolarda ishlatilgan, Amir Temur davrida esa bu soz ayollarga nisbatan qoʻllangan) ham boʻlib, ular Temurdan oldin vafot etishgan va Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasidagi maqbaralarda dafn etilgan. “Muyizz al-Ansab”ga koʻra (Shayboniylar davriga oid tarixiy asar), Temurning yana uchta: Djuki, Olim Shayx va Suyurgʻatmish ismli ukalari boʻlgan.

Yoshligi

Amir Temurning yoshligi haqida maʼlumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, oʻz davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, meʼmorchilik va tarix ilmlarini oʻrgangan. Uning yoshligi Keshda kechgan. Yetti yoshga toʻlgach, otasi uni oʻqishga berdi. Amir Temur yoshlik chogʻlaridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga oʻq uzish, boshqa turli mashq va harbiy oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir boʻlib voyaga yetgan. Amir Temur tabiatan ogʻir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson boʻlgan. Shu tufayli oʻspirinlik chogʻlaridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli doʻstlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi doʻstlari va maktabdoshlari (Abbos Bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va boshqalar) toʻplanishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, asta-sekin navkar boʻlishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy boʻlinma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qoʻshinida lashkarboshilik darajasigacha koʻtarilgan.

Siyosatga kirib kelishi

Amir Temur ilk harbiy faoliyatini qoʻl ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan; ularning oʻzaro kurashlarida qatnashib, jasorat koʻrsatgan, janglarda chiniqqan, harbiy mahoratini oshirgan. Dongʻi butun Qashqadaryo vohasiga yoyilgan. Amir Temurning aql-u zakovati, shijoati va shuhrati uni Movarounnahrning nufuzli amirlaridan amir Xizr Yasovuriy va amir Qazagʻon bilan yaqinlashtirdi. Xondamirning yozishicha, otasi amir Taragʻoy Amir Temurni avval, 1355-yilda, amir Joku barlosning qizi Nurmushk ogʻoga, soʻngra oʻsha yili Qazagʻonning nabirasi va amir Husaynning singlisi Oʻljoy Turkon ogʻoga uylantiradi. Keyingi nikoh tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn oʻrtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda moʻgʻullarga qarshi kurashadi.

Amir Temur siyosat maydoniga kirib kelgan paytda, Movarounnahr moʻgʻullar istibdodi ostida boʻlib, Chingizxon bosib oʻtgan shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan, Chingizxon Movarounnahrni oʻzining ikkinchi oʻgʻli Chigʻatoyxonga suyurgʻol (moʻgʻulcha — inʼom, sovgʻa — hukmdor, xon, sulton, shoh tomonidan alohida xizmat koʻrsatgan sarkardalarga berilgan tortiq) sifatida inʼom qilgan edi. Uning hayoti va faoliyatida ikki davr yaqqol koʻzga tashlanadi. Birinchi davri (1360—1385) Movarounnahrni moʻgʻul xonligidan ozod qilib, yagona markazlashgan davlat tuzish, oʻzaro urushlarga barham berish. Ikkinchi davri (1386—1405) esa ikki yillik, uch yillik, besh yillik, deb ataluvchi boshqa mamlakatlarga yurishlari bilan tavsiflanadi. 1360-yillardan boshlab Amir Temur Movarounnahrdagi ichki nizo, urushlarda ishtirok eta boshladi va Moʻgʻuliston hukmdori Tugʻluq Temurxon, uning oʻgʻli Ilyosxoʻjaga qarshi kurashlardan soʻng, Amir Husayn ustidan gʻalaba qozongach, 1370-yilda Movarounnahr taxtining haqiqiy sohibi boʻldi va Samarqandni hokimiyat poytaxti etib belgiladi.

Buyuk amir sifatida saylanishi

Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, unga oliy hokimiyat ramzi katta nogʻora — tabl bilan yalov — bayroq tortiq qiladi. Bu saltanatlik ramzi hisoblanib, Shubhasiz uchun katta siyosiy ahamiyatga ega edi. Amir Temur buni yaxshi tushunardi. Shuning uchun ham Balxga yetmasdan Oʻrpuz mavzesida u amir va noʻyonlari bilan kengash oʻtkazadi. Koʻpchilikning xohish va ixtiyori bilan, oʻsha davr qonun-qoidalariga koʻra, chingiziylar avlodidan boʻlgan Suyurgʻatmish oʻgʻlon Movarounnahr podsholigi taxtiga oʻtqazildi. Amir Temur qoʻshini to Balxga yetib borgunicha, unga yoʻl-yoʻlakay yangi-yangi kuchlar kelib qoʻshildi. Shu asnoda amir Husaynni koʻpchilik amirlari tark etdi. Jangda amir Husayn qoʻshinlari yengildi, ikki kunlik qamaldan soʻng, 1370-yilning 10-aprelida Balx shahri Amir Temurga taslim boʻldi. Amir Husayn asir olinib, qatl etildi. Bu gʻalabadan soʻng Amir Temur Movarounnahrning chingiziylardan boʻlgan hukmdori Qozonxonning qizi Saroymulk xonimni oʻz nikohiga oladi. Xon qiziga uylangani munosabati bilan Amir Temur “koʻragon”, yaʼni “xonning kuyovi” unvonini oldi.

Temurning Balxga jangi (chapda). Temur Balx taxtida (oʻngda) / wikipedia.org

Donishmandlik ramzi

Amir Temur olimlarga xayrixoh munosabatda boʻlar, bilimi va halolligini koʻrgan olimlarga ishonar edi. U tarixchi va faylasuflar, ilm-fan va maʼmuriy sohada bilimdon boʻlgan kishilar bilan suhbatlashish uchun koʻpincha taxtidan ham tushardi. Amir Temur oʻzidagi kishilarni boʻysundirish qobiliyatiga ularni oʻz hukmronligi ostida baxtiyor qilish isteʼdodini ham qoʻshgan edi.

Olimlar va sanʼatga eʼtibor

Amir Temur faqat mahalliy mualliflarnigina ragʻbatlantirmay, balki oʻz poytaxtiga chet el olimlari va shoirlarini ham jalb etdi hamda ularning hammasiga hotamtoylarcha mukofotlar hadya etar va oʻz shaxsiy eʼtibori va homiyligi bilan ularni qoʻllab-quvvatlardi. Ana shu olimlarning ayrimlari Amir Temur saltanatida oʻz vatanidagidan koʻproq taʼminlangan edi. Amir Temurning aqliy qobiliyatlari va qiziqishlari koʻlami kishini ayniqsa hayratga solar edi. Uning hukmdorligi bitilgan tarixlarda tibbiyot, astronomiya va ayniqsa, arablar, forslar va turkiylar tarixi sohasidagi bilimlari madh etiladi. U zavq bilan olimlarning munozaralariga kirishib, koʻpincha gʻolib chiqardi.

Amir Temur sanʼatni yuksak qadrlardi. Uning oʻzi badiiy asarlar majmuasiga ega edi. Turli toifadagi mashshoqlar, suxandonlar, haykaltaroshlar, bogʻbonlar, rassomlar jahonning har xil davlatlaridan Amir Temur saroyiga toʻplangandi. Alisher Navoiyga Amir Temurning ilm va maʼnaviyat aqliga koʻrsatgan gʻamxoʻrligi juda yoqar edi. Bu haqda Navoiy shunday degandi “Agar Temur qayerda fan, madaniyat va sanʼat ahlini uchratsa, ularni oʻz homiyligiga olar, ularga izzat-ikrom koʻrsatar, ularning tarbiyasiga ahamiyat berar hamda bu zotlardan oʻz oliy majlisida nadim (maslahatchi) sifatida va boshqa lavozimlarda foydalanardi”.

Ilmga ragʻbat

Amir Temur saroyida koʻplab ilm-maʼrifat allomalari Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsuddin Munshi, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono Nuʼmoniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar Sohibqiron marhamatidan bahra olib, uning xizmatida boʻldi. Amir Temur ilm-fanning riyoziyot, handasa, meʼmorchilik, falakiyot, adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalari ravnaqiga katta eʼtibor berib, sohibi hunarlar bilan qilgan suhbatlari haqida fransuz olimi Lyangle shunday yozadi: “Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini koʻrgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda isteʼdodli boʻlgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun koʻpincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Chunki Temur bu sohalarga gʻamxoʻrlik qilishga asosiy eʼtiborini berardi”.

Amir Temur oʻzini mohir diplomat sifatida ham namoyon qilolgan. Uning Vizantiya, Venetsiya, Genuya, Ispaniya, Fransiya, Angliya, boshqacha aytganda, oʻsha vaqtda koʻproq maʼlum va mashhur boʻlgan Ovroʻpa davlatlari bilan iqtisodiy aloqalar oʻrnatish va uni mustahkamlash sohasidagi faoliyatini fransuz va ingliz qirollarining unga yozgan maktublari bilan dalillash mumkin. Amir Temur eng muhimi, Eron, Ozarbayjon va Iroqdagi mayda hukmdorlar oʻrtasidagi tarqoklik va boshboshdoqlikka barham berib, bu bilan nafaqat Movarounnahr, balki Uzoq va Yaqin Sharq mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga, xalqgar va mamlakatlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishga ulkan hissa qoʻshdi. Amir Temur Yevropaning Fransiya, Angliya va Kastiliya kabi yirik qirolliklari bilan bevosita savdo va diplomatik aloqalar oʻrnatdi.

“Temur tuzuklari” kitobi / gazeta.uz

“Temur tuzuklari” ni inglizchadan fransuz tiliga tarjima qilib, 1787-yilda nashr etgan fransuz olimi Lyangle Amir Temur haqida shunday yozadi: “Temurxon (Temur) siyosiy va harbiy taktika haqida risola yozgan va oʻz avlodlariga juda dono tizim qoldirgan. Biz buni tasavvur ham qilmagan edik va uning urushlarini bosqinchilik va talon-taroj qilish deb baholab kelgan edik. Deyarli yengib boʻlmaydigan ikki toʻsiq — bizdagi taassub hamda tarixiy nohaqlik Temurni bilishimizga va toʻgʻri baholashimizga xalaqit berib keldi”. “Temur tuzuklari” da davlat tizimi, davlatdagi turli lavozimlarning vazifasi, undagi turli toifalar va ularga munosabat, davlatni boshqarish kerak boʻlgan qoidalar, qoʻshinlarning tuzilishi, tartibi, uni boshqarish, taʼminlash, ragʻbatlantirish, qoʻshin turlarining tutgan oʻrni va oʻzaro munosabati kabi masalalar bayon etiladi. Davlat ishlarini har doim islom va shariat hukmlari asosida olib borilgani bir necha bor taʼkidlanadi.

Amir Temurning oyogʻi oqsarmidi? 

Amir Temurni forslar oyogʻidagi nuqsoniga ishora bilan “Temurlang” deb atashgan. Shu asno Gʻarbda ham u “Tamberleyn”, yaʼni “Oqsoq Temur” nomi bilan tanilgan. Qanday qilib jismoniy kuch-qudrat va mukammallik koʻp narsani belgilagan XVI asrda Amir Temur oʻrtahol tabaqadan sohibqiron darajasiga koʻtarilgan? “Temurlang — Islom qilichi, Dunyo sohibqironi” kitobi muallifi Jastin Marozzi ana shu savolga javob izlagan: Temurning nafaqat kelib chiqishi bilan bogʻliq muammosi, balki jismoniy nuqsoni ham bor edi: uning bir oyogʻi oqsardi. Qudratni qoʻlda ushlab turish uchun harbiy malaka muhim boʻlgan oʻsha davrlarda jismoniy nuqson ham katta toʻsiq boʻlishi mumkin edi. Tarixiy manbalar Temurning oqsashiga shubha qoldirmaydi, biroq jarohatni u qanday olgani borasidagi faktlar bir-biriga qarama-qarshi. Ayrim manbalarda bu Temur oʻsmirlik paytida olgan jarohati tufayli ekani aytiladi. Boshqalarida esa Amir Temur bu jarohatini 1363-yili Xurosonda Siston xoniga qarashli lashkarlar safida boʻlgan payti olgan deyiladi. Bu hozirgi Afgʻoniston janubi-gʻarbida joylashgan Dashti Margo hududidir. Lekin, XV asrda yashab oʻtgan suriyalik tarixchi Ibn Arabshohning yozishicha, oʻz chorvasiga koʻz tikayotgan Temurni koʻrib qolgan bir choʻpon uni kamonidan oʻq uzib yaralagan. Ammo Ibn Arabshoh Temurga nisbatan oʻta adovatli munosabatda boʻlgan. 1404-yili Samarqandga safar qilgan Ispan elchi Klavixo esa Temur Siston otliq askarlarga duch kelgan payti qanchalar koʻp lashkaridan ayrilgani haqida yozadi. “Ular Temurni ham otidan yiqitib, oʻng oyogʻini jarohatladi. Shundan soʻng, u bir umr oqsoq boʻlib qoldi va “Temurlang” nomini oldi”, deb yozadi Klavixo. U, shuningdek, Temurning oʻng qoʻlidan ham yaralangani, jimjilogʻi va undan keyingi barmogʻidan ham ayrilgani haqida aytadi.

1941-yil Mixail Gerasimov boshchiligidagi shoʻro tarixchilari Amir Temur qabrini ochib koʻrisharkan, uning haqiqatdan ham oqsoq boʻlganini tasdiqlashgan. Tarixchilarga koʻra, oʻng oyogʻi son suyagining tizzaga birlashgan yerida jarohat izi yaqqol koʻzga tashlangan. Ana shu jarohat tufayli u yurganda oʻng oyogʻini sudrab bosgan va buning natijasida, chap yelkasi boshqasidan anchayin balandroq boʻlib qolgani ham koʻringan. Tarixchilar Amir Temurning suyaklarini oʻrganisharkan, uning oʻng yelkasi va qoʻlida ham jarohatlar boʻlganini qayd etishgan. Temur yoki “Temurlang” 1405-yili Chin imperatori Ming bilan jangga otlangan payti yoʻlda olamdan oʻtadi. Oʻshanda u 35 yil jang maydonida biron marta yengilmagan buyuk sarkarda edi.

Amir Temur hayotligi chogʻidayoq saltanatni asosan toʻrt qismga (ulus) boʻlib, oʻgʻil, nabiralariga taqsimlab bergan: Xuroson, Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) Shohruxga, Gʻarbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshohga, Fors, yaʼni Eronning janubiy qismi (markazi Sheroz) Umarshayxga, Afgʻoniston va Shimoliy Hindiston (markazi Gʻazna, keyinchalik Balx) Pirmuhammadga suyurgʻol qilib berilgan. Amir Temur davlati oʻziga xos tartib-qoidalarga asoslangan holda idora etilgan. Amir Temur asos solgan bu davlat Xuroson va Movarounnahrda XVI asr boshigacha mavjud boʻlib, Shayboniyxon tomonidan tugatilgan.

Vafoti

Sohibqiron Amir Temur Xitoy safariga borayotib, 1405-yil 11-fevral kuni Oʻtror shahriga yetganda qattiq ogʻrib qoladi va isitmasi koʼtarila boshlaydi. Kasallik kundan kun kuchayardi, ammo Sohibqironning es-hushi, aqli joyida edi. U oʻzining barcha gunohlari uchun tavba qildi, haram ahlini va ulugʻ beklarni huzuriga chorlab, vasiyatga ogʻiz ochdi: “…Hazrat Haqdin umidim borki, agarchi gunohim koʻb turur, ammo bu jihatdin menga rahmat qilgʼaykim, zolimlarning eliklarin mazlumlardin qisqa qilibdurmen. Va qoʻymadimkim, mening davrimda qaviydan (zoʻravondan) zaif kuch yegay. Emdikim, Pir Muhammad Jahongirkim, valiahd qilibmen va oʻrnumgʻa qoyimmaqom etibmenkim, Samarqand viloyati aniki boʼlgʻay… Anga mute boʻlub, ittifoq bila aning ishiga mashgʻul boʼlgʻaysiz, to olam buzulmagʼay va musulmonlargʻa tashvish va zahmat boʼlmagʻay…Raʼoyo va fuqarou miskin holatidin gofil boʼlmagʻaysiz… Nechukkim men adlu ehson bila olamni obod etibmen… Agar mening vasiyatim bila amal qilib, adlu dod qilsangiz, koʻb yillar davlat va mamlakat sizlarda qolgʻusi turur. Va agar sizlar arosida muxolifat boʻlsa, yaxshi boʻlmagʻusidur…” Sohibqiron Amir Temur Koʻragon 1405-yil 18-fevral, chorshanba kuni shaʼvon oyining oʻn yettisida, namozshom va xufton orasida vafot etdi. Amir Temur Samarqandda Amir Temur maqbarasiga dafn etilgan.

Temur maqbarasi, Samarqand, Oʻzbekiston / wikipedia.org

Xotira

mafkura siquvidan qutulish, tariximizga toʻgʻri munosabatda boʻlish imkonini yaratdi. Amir Temur va uning davrini oʻrganishga bagʻishlangan qator manbalar, kitoblar, jumladan, Boʻriboy Ahmedovning Amir Temur haqidagi katta romanxronikasi nashr etildi. Oʻzbekiston Prezidentining farmoni bilan 1996-yil — “Amir Temur yili” deb eʼlon etilishi va bu sana jahon miqyosida nishonlanishi Amir Temur nomi oqlanib, oʻzbek xalqiga butunlay qaytganiga yorqin dalildir.



Manbalar: wikipedia.org / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi
Muqova suratlar: gazeta.uz / pinterest.com