2
Ulashish
543 marta koʻrilgan
XVIII asr
Angliya-Fransiya urushi
Angliya-Fransiya urushi — Britaniyadagi Burbon urushi yoki 1778-yilgi urush sifatida ham tanilgan. Mazkur harbiy mojaro Fransiya va Buyuk Britaniya oʻrtasida, baʼzan ularning ittifoqchilari bilan 1778- va 1783-yillar oraligʻida boʻlib oʻtgan. Oxir-oqibat Buyuk Britaniya Amerika Mustaqillik urushi (Shimoliy Amerikadagi 13 ta mustamlaka qoʻzgʻoloni) ga qarshi kurashda foydalanilgan resurslarni Yevropa, Hindiston va Gʻarbiy Hindistondagi hududlarga yoʻnaltirish va Shimoliy Amerikadagi operatsiyada loyalistlar (bir obyekt yoki shaxsga sodiq inson) ning qoʻllab-quvvatlash guruhiga boʻysunishga majbur boʻlgan.
Fransiya va Angliya 1778-yildan 1783-yilgacha tarafdorlari bilan yoki ularsiz La-Mansh boʻgʻozi, Oʻrta Yer dengizi, Hind okeani va Karib dengizida hukmronlik uchun kurashgan. Britaniya generali — Jon Burgoynning taslim boʻlishi haqidagi xabar Fransiyaga yetib kelganidan bir necha kun oʻtgach, qirol Lyudovik XVI amerikaliklar bilan muzokara olib borishga qaror qilgan. Natijada rasmiy Fransiya-Amerika ittifoqi va fransuzlarning urushga kirishi mojaroni global miqyosga olib chiqqan. Ispaniya Aranxues maxfiy shartnomasiga binoan Fransiyaning ittifoqchisi sifatida 1779-yilgacha urushga kirmagan.
Fransiya-Britaniya urushidan keyingi Verjen diplomatik harakati Gollandiya Respublikasining keyinroq urushga kirishi va Rossiya kabi boshqa muhim geosiyosiy “oʻyinchi” larning betaraflik haqidagi bayonotiga jiddiy taʼsir koʻrsatgan. Urushga qarshi kurash kuchayib borgan va bu 1780-yil iyun oyida Londonda Gordon qoʻzgʻolonlari deb nomlanuvchi tartibsizlikka sabab boʻlgan. Shuningdek, Fransiya ispanlarga Britaniya nazorati ostidagi Menorka, Gibraltar va Karib dengizi orollariga qarshi operatsiyada yordam bergan. Menorka 1781-yilda Karib dengizidagi koʻplab orollar kabi qoʻlga kiritilgan.
Biroq 1782-yildagi Fransiya-Ispaniya ittifoqi aprel oyida Avliyolar jangida admiral De Grass magʻlubiyati va qoʻlga olinishi hamda sentyabr oyida Gibraltar qamalining barbod boʻlishi bilan jiddiy muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Shuningdek, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan Fransiya tinchlikni xohlagan va bu uning ispan ittifoqchisini muzokaraga majburlashini anglatardi. Bundan tashqari, admirallar Edvard Xyuz va Pyer Andre Sufren oʻrtasidagi bir qator dengiz janglari Fransiyaning Britaniyani Hindiston hududidan siqib chiqarishga urinishi natijasida sodir boʻlgan. Bu janglar deyarli natijasiz edi, ammo fransuzlar inglizlarni siqib chiqara olmagan va jang 1783-yilgi Angliya-Fransiya-Ispaniya vaqtinchalik tinchlik shartnomasi tuzilganida tugagan.
Burbon urushi Amerika mustaqilligini taʼminlash va ilk Britaniya imperiyasini tugatishga yordam bergan boʻlsa-da, fransuz qirollik “toji” uchun salbiy boʻlib chiqqan. Fransiyaning Amerika urushida ishtirok etish badali 6 yil oʻtgach, uning bankrot boʻlishiga olib kelgan va Fransiyada inqilobi uchun zamin yaratgan.
Kelib chiqishi
Yetti yillik urushdan buyon Shuzel gersogi — Markiz de Stenvildan boshlab, Fransiya tashqi ishlar vazirlarigacha Buyuk Britaniya nazoratidagi Shimoliy Amerika mustamlakalarining mustaqilligi Fransiya uchun yaxshi, Britaniya uchun yomon boʻladi, degan umumiy fikrda toʻxtalgan. Bundan tashqari, fransuzlarning Yangi Fransiyaning bir qismini qaytarib olishga boʻlgan urinishi bu ishga zarar yetkazishi mumkin edi.
1775-yil urush boshlangach, oʻsha paytdagi Tashqi ishlar vaziri — Sharl Gravye Verjen qoʻzgʻolonchilar harakatini yashirin qoʻllab-quvvatlash va urushga tayyorgarlik koʻrish, jumladan, dengiz flotini kengaytirishga olib kelgan bir qator takliflarni bayon qilgan.
Fransiyaning urushda ishtirok etish maqsadini ilgari surish uchun Verjen Shimoliy Amerika va Londonda boʻlayotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib borgan va Ispaniyaning urushda ishtirok etish taqiqini bartaraf etishga harakat qilgan. Verjen 1776-yil avgustda qirol Lyudovik XVI ga urush boshlashni taklif qilishgacha borgan, ammo ingliz siyosatchisi — Uilyam Xouning Nyu-York shahrini qoʻlga kiritish haqidagi xabari bu rejani kechiktirgan.
1777-yilga kelib 13 ta koloniya qoʻzgʻoloni 3 yildan beri davom etayotgan edi. Saratoga jangida Britaniya generali — Jon Burgoynning taslim boʻlishi Amerika koloniyalariga qarshi kurash kutilganidan koʻra uzoq va yomonroq boʻlishi mumkinligini koʻrsatgan. Britaniya magʻlubiyati Fransiya aralashuvi va Yevropa urushi ehtimolini oshirgan. Shimoliy hukumat Fransiya bilan urush olib borishdan qoʻrqib, Amerika koloniyalari bilan yarashishga intilgan. U shu maqsadda adolatli avtonomiyaga ruxsat berishga tayyor boʻlgan. Ammo 1775-yilda moʻl-koʻl boʻlgan narsa 1778-yilga kelib yetarli boʻlmay qolgan.
Shimol mustaqillikni taklif qilish niyatida boʻlmagan. Lekin Saratoga jangi va Fransiya bilan ittifoq tuzish istiqbolidan soʻng amerikaliklar oʻz foydasiga boʻlmagan shartlarga rozi boʻlishi dargumon edi. Fransiya german davlatlari hududida oʻz taʼsirini saqlab qolishdan teng manfaatdor boʻlsa-da, ikki tomonlama muammoga duch kelgan. Shimoliy Amerikadagi isyonkor Britaniya mustamlakalarining tarafdori boʻlgan Fransiya qitʼa boʻylab toʻqnashuvdan qochgan. Shuningdek, Fransiya Shimoliy Amerikadagi inglizlarga Yevropadan koʻra koʻproq zarar yetkazishi mumkin edi.
1756-yildagi diplomatik oʻzgarishlar Fransiya qirolligi va aholisini gabsburglar xonadoniga qarshi birlashtirgan 200 yillik fransuz tashqi siyosatini agʻdarib tashlagan. Bu esa Fransiyaga Gabsburg Avstriyasi va Gabsburg Ispaniyasi bilan takroriy urushlarda katta hududiy yutuqqa olib kelgan. 1756-yilda bu siyosatning bekor qilinishi Fransiyaning Yevropadagi tashqi siyosatini Vena bilan bogʻlagan. Ushbu qayta qurishga qaramay, Versaldagi¹ va umuman Fransiyadagi avstriyaliklarga qarshi dushmanlik kayfiyati mavjud edi.
1756-yilgi diplomatik inqilob 1770-yilda Venua dofini (valiahdlarga beriladigan unvon) — Lyudovik XVI va Avstriya imperatorining qizi — Mariya Antuanettaning shaxsiy ittifoqi (nikoh uchun diplomatik atama) bilan yakunlangan. Biroq bu koʻplab fransuzlar nazarida ham siyosiy, ham oilaviy notenglik deya baholangan. Bu “gabsburglar oilasiga² boʻlgan adovat” aksiomasi (isbot talab qilmaydigan fikr) da 200 yillik fransuz tashqi siyosatiga qarama-qarshi edi.
Fransiya Tashqi ishlar vaziri — Gravye Verjen 1756-yilgi ittifoqdan oldin avstriyaliklarga nisbatan dushmanlikni saqlab qolgan. U Fransiyaning anʼanaviy obligatsiyalari³ oʻzgarishini maʼqullamagan va avstriyaliklarni ishonchsiz deb hisoblagan. U 1778-yilga kelib Fransiyani Avstriya oldidagi harbiy majburiyatdan ozod etishga erishgan.
[1] Versaldagi fransuz qarorgohi 1682-yildan 1789-yilgacha Fransiyada siyosiy hokimiyat markazi boʻlgan.
[2] Gabsburglar uyi 15-asrdan 20-asrgacha Yevropani boshqargan qirollik nemis oilasi edi. Gabsburglar Avstriya oilasi sifatida ham tanilgan.
[3] Berilgan qarzga foizli toʻlov toʻlanadigan qimmatbaho qogʻoz turi.
Manbalar: wikipedia.org / britannica.com Muqova surat: wikipedia.org