Orqaga

1097 marta koʻrilgan

1755–1793

Mariya Antuanetta

Mariya Antuanettaning hayoti boshqa qirollik oilasi aʼzolariniki kabi boʻlmay, tarixda avvalo oʻzining fojiaviy oʻlimi bilan iz qoldirgan. Buyuk fransuz revolyutsiyasi davrida qirolichaning boshi tanasidan judo qilingan. Mariya Antuanetta Avstriya imperatori – Frans I va Mariya Tereziyani 11-farzandi edi. Oʻz davri va tabaqasiga xos taʼlim olgach, 15 yoshida boʻlajak Fransiya qiroli – Lyudovik XVIʼga turmushga chiqadi. Ikki yosh ham oʻziga xos mustaqil tabiatga ega edi, shu sabab avvaliga ular orasida hech qanday yaqinlik boʻlmagan. Faqat keyinchalik Mariya Antuanetta turmush oʻrtogʻiga chuqur ehtirom koʻrsata boshlagan.

U hayoti davomida Fransiyaga kelganidagi kabi injiq, taltaygan “bola” boʻlib qolavergan. U katta mablagʻ talab qilinadigan koʻngilxushlikni yoqtirar, xohishlari chegara bilmasdi. Goʻzalligi va latofati koʻplarni oshiq qilar, bu esa gʻiybat va mish-mishga sabab boʻlardi. Ammo boshqa oshiqlari bilan aloqalari va noodatiy hayot tarzi Mariya Antuanettaga qirolning qarzlarini yopishda yordam berardi. Yengil tabiati va kelib chiqishi avstriyalik ekanligi qirolichaning mashhurligiga taʼsir koʻrsatmagandi. Bundan tashqari, u barcha islohotga dushmanlik nigohi bilan qarar va tez orada saroyda oqsuyaklar oppozitsiyasi (qarama-qarshi harakati) ga bosh boʻlib olgandi.

Ojiz tabiatli eriga qaraganda Mariya Antuanettaning irodasi ancha kuchli va siyosiy fitna rivojiga taʼsir oʻtkaza olardi. Shu tariqa, u avval davlat arbobi – Tyurgo, keyinroq esa Iqtisod vaziri – Jak Nekkerning vazirlik lavozimidan isteʼfoga chiqishiga erishadi. Tashqi siyosatda u ochiq-oydin Avstriya manfaatini qoʻllar va Lyudovik XVIʼning Bavariya va Gollandiya bilan boʻlgan nizoda yetarlicha yon bosmasligidan norozi edi.

1788-yilda Mariya Antuanetta Lomen de Briennani (fransuzcha: le premier — birinchi) Fransiya bosh vaziri etib tayinlaydi. General shtatlar (hukumatning 1614-yildan beri faoliyat yuritmagan eski organi) chaqirilgandan keyin qirolicha ochiqchasiga saroy asilzodalarining reaksion (eski tartibni tiklashga urinuvchi) harakati tarafdori boʻladi. Parijlik oddiy aholi “kamomand xonim” laqabini olgan Mariya Antuanettani yomon koʻrardi, chunki uning davrida Fransiya byudjetidagi yetishmovchilik 140 mln livrga yetgan edi.

1789-yil 5–6-oktabrdagi isyon vaqtida qirolichaning hayoti jiddiy xavf ostida qolishi bejiz emasdi. Saroy majburiy tarzda Parijga koʻchirilgandan soʻng u Lyudovik XVʼni taʼsis kengashidagi baʼzi koʻzga koʻringan deputatlar bilan aloqa oʻrnatishga unday boshlaydi. Onore Mirabo qirolga oʻzining revolyutsiya bilan kelishuv rejasi yozilgan maxfiy xatni yuborganida “Umid qilamanki, Miraboning maslahatiga quloq tutadigan darajada ilojsiz qolmaymiz”,– degandi Mariya Antuanetta. U faqatgina chet el aralashuviga umid bogʻlardi. Mariya Antuanetta urushni tezlashtirishga harakat qilib, akasi Leopold II bilan maxfiy yozishmalar olib borar va unga fransuz armiyasining holati haqida maʼlumot berib turardi.

Uning tashabbusi bilan 1791-yil 20-iyun tunida qirol oilasi bilan Tyuilri saroyini tark etadi va Avstriya chegarasiga yoʻl oladi. Qirol farzandlarining tarbiyachisi rus baronessasi (baronning qizi yoki ayoli) – Anna Korf xonim qiyofasiga kiradi, Mariya Antuanetta uning oqsochi, qirol esa xizmatchisi sifatida oʻzini tutadi. Lekin ular qochishga muvaffaq boʻlmaydi, chunki qirolni tanib qolib, Varen shahrida qoʻlga olishadi. Shundan soʻng ular Parijga qaytishga majbur boʻladi.

1792-yil 10–11-avgustdagi revolyutsiya monarxiyani tugatadi, bu jarayonda Mariya Antuanetta qirolni Tamplga qamashgan boʻlsa ham saroydan ketmay katta jasorat koʻrsatadi. 1792-yil dekabrda uni eridan ajratishadi va faqatgina qirolning qatl kuni – 1793-yil 21-yanvarda koʻrishishga ruxsat berishadi. 1793-yil iyulda Mariya Antuanettaning oʻgʻlini ham qamoqqa yuborishadi. Oʻgʻli qamoqning ogʻir sharoitiga bardosh berolmay vafot etadi. 1-avgustda sobiq qirolichani Konsyerji qamoqxonasiga surgun qilishadi. 13-oktabrda Mariya Antuanetta sudda davlatga xiyonat qilish, axloqqa zid bir qancha jinoyatda ayblanadi. Sud Kapet (Lyudovik XVI) bevasini oʻlimga hukm qiladi va 1793-yil 16-oktabrida Mariya Antuanettaning boshi tanasidan judo qilinadi (gilyotina yordamida).

1793-yil 16-oktabrda Mari Antuanettaning gilyotin bilan qatl etilishi: chapda, Sanson, jallod, Mari Antuanettaning boshini odamlarga ko’rsatmoqda / wikipedia.org

Burbonlar hokimiyatga qaytganda Mariya va Lyudovik XVIʼning hoki Sen-Deniga koʻchiriladi. Fransiyada “terror davri” nomini olgan 1793–1794-yillar davomida qirollik oilasidan faqat qirolning qiz farzandi omon qoladi. Mariya Antuanetta fransuz adabiyotiga qiziqarli yozishmalar muallifi sifatida kirgan. Uning yozishmalari bir necha marta nashr qilingan va oʻz davrining qiziqarli yodgorligi hisoblanadi.

 



Muqova surat: wikipedia.org