Orqaga

560 marta koʻrilgan

1845–1904

Abay

Biografiya

Ibrohim Qoʻnonboyev Abay 1845-yilning 8-avgustida Rossiya imperiyasining Semipalatinsk viloyatiga qarashli (hozirgi Qozogʻistonning Abay tumani) Chingiztogʻ bovuridagi Qashqabuloq makonida dunyoga kelgan. Otasi Qoʻnonboy Oʻskonboy oʻgʻli qozoq urugʻlarining eng badavlat kishilardan edi. Shu sababdan u oʻgʻlining taʼlimiga katta ahamiyat beradi. Yosh Ibrohim 4 yil Ahmad Rizo madrasada oʻqib, arab va fors tillarini oʻrganadi. Aynan oʻsha yerda u oʻziga “Abay” – “ehtiyotkor” taxallusini tanlaydi. U Saʼdiy Sheroziy, Navoiy, Bobur, Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Xusrav Dehlaviy, Nodira kabi ijodkorlar asarini oʻqiydi. Abay Ahmad Rizo madrasasida oʻqishni boshlagan boʻlsa-da, uzoq tahsil ololmadi – otasi Abayni el boshqarish ishlariga jalb qilgani uchun oʻgʻlini madrasadan chiqarib oladi.

Ijodi

Abay sheʼrlarida oʻz millatini ulugʻlash orqali qozoq madaniyati va xalq ogʻzaki ijodiga ulkan hissa qoʻshadi. U sheʼrlari uchun aynan xalq ogʻzaki ijodidan ilhom oladi. Abaydan oldingi qozoq sheʼriyatining aksariyati ogʻzaki koʻrinishda boʻlib, xalqning koʻchmanchi odatlarini aks ettirgan. Oʻsha yillarda yuz bergan bir qancha muhim ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar tufayli mamlakatga xorij falsafasi kirib keldi. Bu oʻzgarishlar Abayga taʼsir qilmay qolmaydi. Shu maʼnoda Abay ijodiy sheʼriyati oʻqimishli qozoqlarning falsafiy teologik tafakkuriga taʼsir koʻrsatgani bilan alohida eʼtiborga sazovor.

Quyidagi misralarda Abayning Markaziy Osiyoning zabardast ijodkorlaridan ilhomlanganini koʻrish mumkin:

Fuzuliy, Shamsiy, Sayqaliy,
Navoiy, Saʼdiy, Firdavsiy,
Xoʻja Hofiz — bu hammasi,
Madad ber, yo shuaro fariyod.

“Yuzi ravshan”, “Alifbo” kabi boshqa sheʼrlar ham Abayning Sharq allomalariga ergashib yozgan ijod namunalari sirasiga kiradi. Qozoq akademik yozuvchisi Muxtor Avezovning aytishicha, Abay ayniqsa “Alisher Navoiyni oʻziga “eng yaqin ustoz” deb biladi va asarlaridan oʻrnak oladi…”

U nafaqat el boshqarish, balki sheʼriyatni ham birdek olib boradi, bilimini tinmay oshirib boradi. Shoir qozoq urugʻlarining oʻzaro ichki nizolari avj olgan davrda sermahsul ijod qiladi. Abay asarlarida ularni doʻstlik, inoqlik, birodarlikni tarannum etdi, ilm olishga undadi. Shoirning “Ilm topmay maqtanma”, “Yoshlikda ilm deb oʻyladim”, “Mening elim — qozogʻim”, “Adashganning oldi yoʻq”, “Boylar yurar molin ardoqlab”, “Internatda oʻqiydi” (1886) kabi asarlari yorqin misol boʻladi. Abay oʻsha davrlarda rus demokratlari I. I. Dolgopolov, Ye. P. Mixaelis, V. G. Belinskiy, N. G. Chernishevskiy, N. A. Dobrolyubov, M. E. Saltikov-Shchedrin, L. N. Tolstoy, A. S. Pushkin, M. Y. Lermontov, I. A. Krilov asarlarini oʻqib puxta oʻrgandi. Baʼzilarini qozoq tiliga tarjima qildi. Bu asarlar orqali rus, jahon adabiyoti namoyandalari ijodi bilan yaqindan tanishdi, tarjimalar qildi, 4 nasriy asarlar yozdi.

Abayning birinchi she’rlar to‘plami, Sankt-Peterburg, 1909-yil / wikipedia.org

Abay ijodining yana bir muhim qirralaridan biri yosh shoirlarni tarbiyalash boʻldi. U yoshlarga homiylik qildi. Ularga mavzular berib, dostonlar yozdirdi. Xususan, oʻgʻli Magʻaviyaga (1869–1904) “Medgʻat Qosim”, Oqilboyga (1863–1904) “Qissai Yusuf” kabi dostonlar yozishga daʼvat etgani bunga misol boʻla oladi. Abay merosida 300 ga yaqin sheʼriy asar, “Iskandar”, “Masʼud”, “Azim hikoyasi”, “Vadim” kabi dostonlar mavjud. Asarlarining asosiy gʻoyasi xalqni ilm-maʼrifatga, insoniylikka, halollikka, sevgi-sadoqatga, muhabbatga daʼvat etish boʻlgan. Bu oʻrinda shoirning “Ey muhabbat, ey doʻstlik”, “Yigitlar”, “Oʻyin arzon, kulgi qimmat”, “Koʻzimning qorasi”, “Qiz soʻzi”, “Yigit soʻzi”, “Oshiq soʻzi — tilsiz soʻz” kabi asarlarini koʻrsatib oʻtish mumkin.

Pushkinning “Yevgeniy Onegin” asari asosida yozilgan “Tatyananing qirdagi qoʻshigʻi” nomli turkum sheʼrlar nafaqat Abayning, balki qozoq adabiyotining eng yorqin namunalaridan biri boʻlib qoldi. Abay sheʼriyatida muhabbatsiz, doʻstliksiz hayot boʻlmaydi, degan gʻoya ilgari surilgan. Abay oʻz davridagi boylarni, zodagonlarni mehr-muruvvatli boʻlishga chorlaydi, ezgulik va adolatparvarlikni toʻlib-toshib kuylaydi. Abaygacha qozoq sheʼriyatida ikki xil oʻlan oʻlchovlari — “Qora oʻlan” bilan “Jur” mavjud edi. Abay esa rus va jahon sheʼriyatini chuqur oʻrganib, oʻlanlar vaznini oʻn yettitaga yetkazdi. Abayning bastakorlik faoliyatida “Sakkiz oyoq”, “Necharo, qaytdim sezdirmay”, “Aytdim salom, qalamqosh”, “Men koʻrdim baland qayin qulashin”, “Jelsiz tunda yoriq oy” kabi asarlari qozoq xalqi musiqa tarixida alohida oʻrin egallaydi.

Abay qozoq xalq ogʻzaki ijodiyoti, Sharq sheʼriyati va rus, Yevropa adabiyoti namunalaridan rang oldi. Bu uch manba tufayli Abay buyuk shoir etib yetishdi, olamga tanildi. Asarlari esa ellarda ham yuqori qiziqish bilan kutib olindi. Abayning nasriy asarlari, sheʼr-u dostonlari oʻzbek, tatar, qirgʻiz, qoraqalpoq, turk, moʻgʻul, chin, chex tillariga tarjima qilingan va mazkur xalqlarning maʼnaviy mulkiga aylanishga ulgurgan. Shoirning asarlari ilk marotaba Sankt-Peterburgda “Qozoq shoiri Ibrohim Qoʻnonboy oʻgʻlining sheʼrlari” degan nom bilan chop etilgan. Maʼrifatparvar adibning nasriy asarlari 1918-yilda Semipalatinskda, 1922-yilda “Tanlangan sheʼrlari” Toshkentda nashr qilingan.

Vafoti

Ibrohim Qoʻnonboyev Abay 1904-yilning 6-iyulida Qozogʻistonning Semipalatinsk tumanida 58 yoshida vafot etadi.

Xotira

Bugungi kunda u tugʻilgan tuman Abay nomi bilan ataladi. Uning haykallari nafaqat Qozogʻistonning turli shaharlarida, balki Toshkent, Pekin, Nyu Dehli, Moskva, Tehron, Berlin, Qohira, Istanbul, Antalya, Kiyev va Budapesht shaharlarida ham qad koʻtarib turibdi. Yurtimizning bir nechta shaharlarida Abay sharafiga nomlangan koʻchalar mavjud.

Toshkent shahridagi Qozogʻiston elchixonasining yangi binosi fonida Abay haykali / gazeta.uz



Manba: wikipedia.org / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi 
Muqova surat: wikipedia.org