Orqaga

125 marta koʻrilgan

1414–1492

Abdurahmon Jomiy

Abdurahmon Jomiy (taxallusi; asl ism-sharifi Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad) 1414-yil noyabrda Nishopur yaqinidagi Jom shahrida, ruhoniy oilasida dunyoga keldi.

Yoshligi

Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan boʻlib, Jomda, keyinchalik Hirotda hayot kechirishgan. Jomiy madrasa yoshidan ancha erta Hirotdagi “Dilkash” (Navoiy maʼlumotiga koʻra, “Nizomiya”) madrasasiga kirib, oʻz davrining taniqli til, adabiyot olimlari va mudarrislari qoʻlida tahsil olgan. Shu davrdayoq u arab tilini mukammal oʻrgana boshlagan. Keyinroq Jomiy oʻz bilimini oshirish uchun Samarqandga keladi va Ulugʻbek madrasasida buyuk falakiyotshunos Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, fiqhshunos Fazlulloh Abullays kabilardan taʼlim oladi. Bu yillarda u til va adabiyotnigina emas, riyoziyot, falakiyot, falsafa, huquqshunoslik fanlari, din asoslari, hadis va tafsir ilmlarini ham chuqur oʻrganadi, olimlarning turli mavzulardagi munozara va mubohasalarida qatnashib, yetuk olimligi bilan tanila boshlaydi.

Jomiy Hirotga qaytgach, tasavvuf yoʻliga kirishni, oʻz bilim va faoliyatini shu yoʻlga, qolaversa, ijodga, ilm-fanga bagʻishlashni afzal koʻradi. U oʻziga pir qilib Shayx Saʼdiddin Koshgʻariyni tanlaydi, Hirotning jome masjidida uning suhbatlarini tinglaydi. Saʼdiddin Koshgʻariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi. Jomiy mashhur sufiylar bilan yaqindan muloqotda boʻladi. Muhyiddin ibn al-Arabiyning asarlarini chuqur mutolaa qiladi. Oʻzining mutasavviflik faoliyatida Bahouddin Naqshband gʻoyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi — Xoʻja Ahror bilan yaqin munosabatda boʻlgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman oʻzini kundalik “Malomatiya” tariqatiga mansub deb hisoblasa-da, asarlarida Naqshbandga ixlosi baland boʻlgan. Jomiy Xurosonda temuriylardan Shohrux, Abulqosim Bobur, Abu Said va Husayn Boyqaro podshohligi davrida yashadi. Xurosonda Hirot taxtiga temuriy Sulton Husayn Boyqaro oʻtirgandan soʻng Jomiyning mamlakatdagi mavqesi juda ortadi, chunki Sulton Husayn va uning koʻp avlodlari oʻzlarini unga murid deb eʼlon qilgan edi.

Ijodi

Jomiydan ulkan va rang-barang adabiy hamda ilmiy meros qolgan. Baʼzi olimlar Jomiy asarlarining umumiy soni 100 ga yaqin deb taxmin qiladi. Navoiy “Hamsat ul-mutahayyirin”da uning 38 asarini nomma-nom sanab koʻrsatadi. Jomiy asarlari falsafa, tasavvuf, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, sanʼat sohalariga hamda nazm va nasrning har xil janrlariga oid. Uning ijodiy faoliyati koʻp qirrali boʻlsa ham, u sharq xalqlari madaniyati tarixida koʻproq genial shoir va mutafakkir – olim sifatida tanilgan. Bu jihatdan uning epik va lirik merosi gʻoyat diqqatga sazovordir. Soʻnggi asr adabiyotshunoslari haqli ravishda uni fors-tojik adabiyotining ilk taraqqiyot davridagi (10–15-asrlar) buyuk mutafakkir-ijodkor deb ataydi.

Jomiy asarlarining bir qismi diniy va falsafiy mazmunga ega boʻlib, ularda shoir islom dini va sharq falsafasining bir qator masalalarini oʻz qarashicha talqin etadi, tasavvufning 15-asrdagi yirik arbobi sifatida oʻz fikr-mulohazalarini bayon qiladi. Bunga uning “Naqshi fusus” (“Maʼnolar naqshi”), “Shavohidi nubuvva” (“Paygʻambarlikka dalillar”), “Sharhi qasidayi “Toiya” (“Radifda “to” harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi”), “Naqdi nusus” (“Matnni tanqid”), “Sharhi qasidayi “Hamriya” („Hamriya“ qasidasi sharhi”), Naqshbandiya taʼlimoti haqida risola, “Vohid” atamasi haqidagi risola”, “Zikr shartlari haqida risola”, “Haj qilish yoʻllari haqida risola” kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin.

Jomiy falsafasining asosini tasavvufiy gʻoyalar tashkil etadi. Uning tasavvurida Xudo jonli mavjudot boʻlmay, yorugʻ nur koʻrinishiga ega. Hamma narsani yaratgan yagona Xudo goʻzal maʼshuqaga qiyoslanib, minglarcha oynada turli qiyofada va koʻrinishda namoyon boʻladi. U yunon faylasufi Yaloximning jilolanish (“emanatsiya”) falsafasini davom ettiradi va yanada rivojlantiradi. Uning fikricha, dunyodagi hamma narsalar kelib chiqishi va mohiyati eʼtibori bilan ilohiydir.

Jomiyning “Lujjat ul-asror” (“Sirlar dengizi”, 1475), “Ashiat ul-lamoat” (“Yiltillagan nur”, 1476) diniy-falsafiy qasidasi Ibn Sinoga bagʻishlangan. Dostonlarida xalq ommasining eng yaxshi orzu-umidlarini kuylagan. 7 dostondan iborat “Haft avrang” (“Yetti taxt” yoki “Katta ayiq”, 1480–87)dagi “Silsilat uz-zahab” (“Oltin zanjir”, 1472), “Tuhfat ul-ahror” (“Nuroniylar tuhfasi”, 1481–82), “Sibhat ul-abror” (“Taqvodorlar tasbehi”, 1482–1483) dostonlarida yuksak xulq-atvor mezonlarini targʻib qilgan, kishilarni maʼrifatga, yurtparvarlikka, toʻgʻrilik, insof va iymonga chaqirgan. “Yusuf va Zulayho” (1483), “Layli va Majnun” (1484), “Salomon va Absol” (1479–1480) dostonlari ishqiy mavzuda. “Xiradnomai Iskandariy” dostoni (1485) Nizomiyning Iskandarnomasiga taqlidan yozilgan. 18-asr oxiri va 19-asrning boshlarida Muhammad Rizo Ogahiy Jomiyning “Yusuf va Zulayho”sini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Adabiyotshunos va tilshunos olim sifatida ham Jomiyning xizmati ulkandir. U oʻzining “Bahoriston” tazkirasida fors-tojik adabiyotining bir qancha namoyandalari va Navoiy haqida qimmatli maʼlumotlar beradi. Uning “Risolai aruz” asari aruz haqidagi eng mukammal qoʻllanmalardan biridir. Jomiy “Nafaxrt ul-uns” asarini yozish bilan tasavvuf tarixini oʻrganishga katta hissa qoʻshdi. Unda 616 mutasavvif hayoti va faoliyati haqida maʼlumot berilgan boʻlib, ulardan 34 nafari ayollardir.

Ushbu asarni Navoiy maʼlum bir toʻldirishlar bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Jomiy faqat mashhur sufiylar haqida maʼlumot berish bilan cheklanmay, qator shoir va adiblarning hayoti va ijodiga ham toʻxtaladi. Navoiy bu asarni oʻzbek tiliga “Nasoim ul-muhabbat” (“Muhabbat shabadalari”) nomi bilan tarjima qilar ekan, uni oʻzbek shoirlari va adiblari haqidagi maʼlumotlar bilan toʻldiradi. Jomiy muammo haqida 4 risola (“Risolai muammoyi kabir”, “Risolai muammoyi mutavassit”, “Risolai muammoyi sagʻir”, “Risolai muammoyi manzum”), ruboiylar sharhi, qofiya qaqida 2 risola yozgan, mashhur qasidalarning bir qanchalariga alohida-alohida sharhlar bitgan.

Jomiy musiqa sohasida ham katta obroʻga ega boʻlib, “Naqshi Mulla” (“Naqshi Imoma”) asari muallifidir. Sharq musiqa ilmi tarixida Jomiyning “Risolai musiqa”si ham alohida oʻrin tutadi. Risola kirish, ikki yirik qism — “ilmi taʼlif” va “ilmi iyqo” hamda xotimadan tashkil topgan boʻlib, ular oʻz ichiga 23 faslni qamrab olgan. Jomiy oʻzining musiqiy nazariy va musiqiy estetik qarashlarida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Safiuddin Urmaviy va Abdulqodir Marogʻiylarning mumtoz anʼanalarini davom ettirgan. Asosiy diqqatini oʻsha davr amaliyoti bilan bogʻliq boʻlgan parda (lad) tizimlari (jins, jam, “Oʻn ikki maqom”, shuʼba va boshqa) hamda usul (ritm) masalalariga qaratgan. Jomiyning musiqaviy tafakkuri adabiy-badiiy ijodida ham oʻz ifodasini topgan.

XV asrning 2-yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy va adabiy hayotda yuz bergan ibratli hodisalardan biri Navoiy va Jomiy munosabatlaridir. Bu ikki buyuk zot ijod sohasida xalqparvarlik va insonparvarlik mavqeida turish bilan birga xalq, davlat ishlarida insof va adolatni yoqlar edi. Jomiyning “Nafahot ul-uns”, “Lujjat ul-asror”, “Ashiat ul-lainaot”, “Risolai musiqiy”, “Risolai muammo” kabi bir qancha asarlari Navoiyning maslahati va iltimosi bilan yozilgan. Jomiy oʻz lirik sheʼrlarini yigʻib, Navoiyning maslahati bilan uchta devon tuzadi va devonlarning birinchisiga “Fotihat ush-shabob”, ikkinchisiga “Vositat ul-iqd”, uchinchisiga “Xotimat ul-hayot” deb nom qoʻyadi.

1469-yili Sulton Husayn Boyqaro Hirot taxtiga oʻtiradi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, 1476–1477-yillar orasida u oʻz doʻsti va vaziri Alisher Navoiy bilan Jomiyni oʻziga pir va ustoz deb taniydi. Bu Jomiy hayoti va faoliyatida katta voqea boʻldi. Jomiy kundalik hayotda oddiy, darveshona yashasa ham, shoh va unga aloqador kishilarning, hatto asarlari orqali tanigan boshqa mamlakat podshohlarining unga muruvvati katta edi.

Oilasi

Abdurahmon Jomiy ruhoniy oilasida dunyoga keldi. Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan boʻlib, Jomda turib qolishgan. Bobosi Mavlono Muhammad va otasi Nizomiddin Ahmad ham ijod ahli boʻlgan. Bolalik chogʻidayoq Jomiy boshlangʻich maʼlumotni otasidan olgan. Oilaning Hirotga koʻchishi, otasining bu yerda shayx ul-islom mansabiga tayinlanishi Jomiy hayotida muhim ahamiyatga ega boʻladi. Uning Shamsiddin Muhammad ismli ukasi boʻlib, u katta tabib, olim va sozanda boʻlib yetishgani maʼlum.

Vafoti

Abdurahmon Jomiy 1492-yili shamollash natijasida xastalanib, 78 yoshida hayot bilan vidolashgan. Uning dafn marosimini Navoiy boshqarib, podshoh Husayn Boyqaro esa mamlakatda bir yil motam eʼlon qildi. Unga atab koʻpgina shoirlar, shu jumladan, Navoiy ham qaygʻuli marsiyalar bitdi. Navoiy marsiyasida Jomiy vafotining tarixi “Kashfi asrori iloh” (“Ilohiy sirlar kashfi”) degan soʻzlardan (hijriy 898, milodiy 1492-yil) chiqarilgan edi.

Xotira

Oʻz davrida Jomiy faqat Navoiyning emas, balki butun oʻzbek adabiyotining ham eng yaqin doʻsti edi. Navoiy yozishicha, u turkiy tilda sheʼr yozmasa ham, bu tildagi asarlarni yaxshi tushunar va ular haqida oʻz fikrini ayta olar edi. Abdurahmon Jomiy Temuriylar davri ilm-fani va adabiyotining faxri, Sharq sheʼriyatini yangi yuksaklikka koʻtargan soʻz sanʼatkorlaridan biridir. U bir necha asrdirki, Navoiy bilan yonma-yon, oʻzbek shoir va adiblariga ham ustozlik qilib kelmoqda va doim shunday boʻlib qoladi. Oʻzbekiston va Tojikistonning bir qancha jamoa xoʻjaliklari, koʻchalar, maktablar „Jomiy“ nomi bilan ataladi. 1970-yil Samarqand shahrida Navoiy bilan Jomiy haykali oʻrnatilgan.



Manbalar: wikipedia.org / oliymahad.uz / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi
Muqova suratlar: arboblar.uz / lib.jbnuu.uz