2
Ulashish
997 marta koʻrilgan
1817–1875
Tolstoy Konstantinovich
Aleksey Konstantinovich Tolstoy “sof sanʼat” namoyandasi, koʻpchilik uni oʻz davrining gʻalayon va ehtiroslaridan yiroqda boʻlgan deb biladi. Aslida esa u anchagina murosasizligi bilan ajralib turardi, uning butun hayoti esa hokimiyat bilan toʻqnashuvda oʻtgan. Boʻlajak shoir onasi tomondan Yekaterina II davrining mashhur zodagoni, graf Aleksey Razumovskiyning nevarasi, otasi tomondan esa Pyotr Iʼning ittifoqdoshi, graf Pyotr Tolstoydan kelib chiqqan. Shoirning otasi mashhur haykaltarosh va rassom-medalchi Fyodor Tolstoyning ukasi edi.
Aleksey tugʻilgandan keyin ota-onasi tezda ajrashgani uchun uning asosiy tarbiyachisi onasi edi. Uning bolaligi Ukrainada onasining oilaviy mulkida oʻtgan. Boʻlajak shoirning birinchi ustozi togʻasi Aleksey Perovskiy edi, u Antoni Pogorelskiy taxallusi bilan ijod qilardi.
Bolaning adabiy qobiliyatini payqab qolgan va u bilan muntazam ravishda shugʻullanishni boshlagan ham Perovskiy edi. Aleksey birinchi marta 10 yoshida chet elga chiqib, onasi va togʻasi bilan Germaniyaga sayohat qildi. Shu bilan birgalikda, ular Veymarda nemis shoiri — Iogann Gyote uyida bir necha kun mehmon boʻldi. Yosh boʻlishiga qaramay, Aleksey oʻzining barcha taassurotlarini kundaligiga yozib qoʻyardi, keyinchalik u mazkur kundaligini koʻp yillar davomida toʻldirib borgan.
Onasini Peterburgda qoldirib, Rossiyaga qaytgan Aleksey boʻlajak imperator Aleksandr IIʼning doʻstlaridan biriga aylandi. 1834-yilda Tolstoy Tashqi ishlar vazirligining Moskva arxivi xodimiga aylandi. Bir vaqtning oʻzida u Moskva universitetida maʼruzalarda qatnashdi va 1835-yilda butun oʻqish kursi uchun imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirdi. Shundan soʻng Tolstoy yana bir muddat arxivda xizmat qildi. Keyin “Frankfurt-na-Mayn” (Germaniya) dagi nemis seymi (Germaniya ittifoqining oliy organi) ga rus missiyasi uchun tayinlandi.
Germaniyaga kelgan Tolstoy koʻp vaqtini xizmatga emas, balki mamlakat boʻylab sayohat va muzeylardagi mashgʻulotga bagʻishladi. U sanʼat tarixi bilan jiddiy shugʻullandi, shuningdek, 1-sheʼrini yozishga harakat qildi. Aleksey 1840-yil dekabr oyida xizmat safari tufayli Peterburgga koʻchib bordi va u yerda zodagonlarga xos hayot kechirdi. 1836-yilda Tolstoyning togʻasi Vasiliy Jukovskiyga uning sheʼrlarini koʻrsatdi. Aleksandr Pushkin esa ularni oʻlimidan biroz oldin maʼqullagani haqida ham maʼlumotlar bor.
Tolstoyning bosma nashrlarda 1-chiqishi 1841-yilga toʻgʻri keladi, oʻshanda “Vampir” fantastik hikoyasi alohida kitob sifatida nashr etildi. Shunisi eʼtiborga loyiqki, asar taxallus ostida nashr etilgan va faqat rus adabiyoti tanqidchisi — Vissarion Belinskiy uni ijobiy sharhlagandan keyingina Tolstoy muallifligini oshkor qildi.
1840-yillarda u muntazam ravishda ijod qilishiga qaramay, bironta asarini nashr etmagan. 10 yil ichida u bor-yoʻgʻi bir sheʼr va bir nechta ocherkni chiqardi xolos. 1843-yilda Tolstoy oʻzining 1-martabasi — kamer-yunkerlik (kichik sud unvoni) ni oldi. Peterburgda yashab, u imperator janoblarining shaxsiy kansleriyasining 2-boʻlimida, shuningdek, dindorlar ishi boʻyicha qoʻmitada ishladi. Zodagonlardan boʻlgan Tolstoy koʻpincha bal va saroy oʻyin-kulgilariga tashrif buyurar, shu bilan birga, oʻz uyida mehmonlarni kutishni xush koʻrardi. Doʻstlari bilan toʻplanganda ularga oʻz sheʼrlarini, jumladan, “Kumush shahzoda” romanidan parchalarni bajonidil oʻqib berardi.
1850-yil boshida Tolstoy qisqa muddatga Peterburgni tark etib, Kalugaga shaharni tekshirishga yordam berish uchun yoʻl oldi. Kalugada yozuvchi Nikolay Gogolning uyida mehmon boʻlib, Aleksandra Smirnova (Rosset taxallusi bilan ham mashhur) bilan tanishgan. Shunday kechalarning birida hatto Gogolning “Oʻlik ruhlar” asarini yozuvchining oʻzidan tinglashga muyassar boʻlgan.
Gogol Tolstoyning “Kumush shahzoda” romanini yuqori baholagan va unga ijod qilishda davom etib, asarni tugallashni maslahat bergan. Biroq oʻsha paytda yozuvchi Kozma Prutkov obrazini yaratishga koʻproq ishtiyoq bildirgandi. Amakivachchalari Aleksey va Vladimir Jemchujnikovlar bilan birgalikda u tor fikrli, takabbur shoir obrazini yaratdi va hatto unga tarjimayi hol ham oʻylab topdi. Koʻp oʻtmay, Tolstoy Kozma Prutkov asarlari toʻplamini nashr etdi. Aleksey Jemchujnikov ushbu nashr uchun hech qachon mavjud boʻlmagan shaxs portretini chizdi. Kitobning muvaffaqiyati kutgandan ham aʼlo boʻldi. Kozma Prutkovning eng koʻp keltiriladigan aforizmlari quyidagilar: “Agar chiroyli boʻlishni istasang, gusarlarga (yengil qurollangan otliq) qoʻshil”, “Hushyor boʻl!”, “Maqtan!”, “Agar senda favvora boʻlsa, uni oʻchir!” Tolstoy yoshligida bir necha bor sevib qolgan.
1850-yil qish kunida ballardan birida u ot gvardiyasi polkovnigining rafiqasi, baxmetyevalik Sofya Millerni koʻrib qolib, uni bir koʻrishda sevib qoladi. Sofya Miller ham uni tanlaydi, ammo ular rasmiy ravishda turmush qurishni ortga suradi. Biroq bunday munosabat 10 yildan ortiq davom etdi. Atrofdagilar Tolstoyning bu xatti-harakatini ijobiy qabul qilmadi, hatto onasi ham uning uchun eshiklarini yopdi. Umuman olganda, u oʻgʻlining barcha sevimli mashgʻulotlariga, xoh u sheʼriyat boʻlsin, xoh ayollar — juda rashk bilan qarardi. Anna Alekseyevnani oʻglining malika Yelena Mesherskaya, grafinya Klari va boshqa ayollar bilan munosabatlari ranjitardi.
Onasi “uning Alyoshasi” da har qanday jiddiy his-tuygʻuning namoyon boʻlayotganini his qilishi bilan darhol kasal boʻlib qolardi va oʻgʻlidan chet elda davolanish uchun unga hamroh boʻlishni talab qilardi, buning uchun unga davlat ahamiyatiga ega boʻlgan xizmat safarlarini soʻrab olardi. Biroq u Miller bilan munosabatlariga aralasha olmadi. 1863-yilda nikoh rasmiylashtirilganda Anna Alekseyevna bu dunyoni allaqachon tark etgan edi.
Koʻp yillar davomida Miller Tolstoyning ilhom parisiga aylandi, uning deyarli barcha lirikasi Millerga bagʻishlangan. Shuningdek, Tolstoy rafiqasiga atab lirik sheʼr yozdi, keyinchalik bu “Shovqinli bal oʻrtasida, tasodifan…” romaniga asos boʻldi. Yozuvchining rafiqasi oʻqimishli ayol boʻlib, darhol erining ishlashi uchun zarur sharoitni yaratib berishga harakat qilgan. Tolstoy saroy aʼzosi va hatto imperatorning mulozimlari qatorida boʻlganligi sababli davlat vazifalari uning koʻp vaqtini olardi. Shuning uchun uning boʻsh vaqti kam boʻlib, undan maksimal darajada samarali foydalanishi kerak edi.
Toj kiyish kunida imperator Aleksandr II Tolstoyni oʻzining fligel-adyutanti (podshoh mulozimlari safiga kirgan ofitser) etib tayinladi, bu esa saroyda muntazam navbatchilik qilish majburiyatini anglatardi. Shoir bir necha bor isteʼfoga chiqishni soʻradi, lekin har doim rad javobini olgan. U oʻz bayonotlaridan birida ham: “Xizmat va sanʼat bir-biriga mos kelmaydi”, — deb yozgan edi. Toʻgʻri, baʼzan yuqori qatlamga yaqinlik asqatib ham turardi.
1850-yilning oʻrtalarida Tolstoyning aralashuvi Taras Shevchenkoni surgundan qaytarishga yordam berdi. Keyinchalik u “Kun” gazetasini tahrir qilish taqiqlangan Ivan Aksakovga, keyin esa rus yozuvchisi — Gersen bilan aloqadorlikda ayblangan Ivan Turgenevga yordam berishga majbur boʻlgan. Biroq Tolstoy rus adabiyoti tanqidchisi — Chernishevskiyni himoya qilgandan soʻng, u bilan imperator oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Muhrlash ishlari boʻyicha qoʻmitani tashkil etishda imperator Tolstoyning nomzodini rad etib, unga ishonib boʻlmaydi dedi. Nihoyat, 1859-yildagina yozuvchi isteʼfoga chiqishga erishdi.
U darhol Peterburgni tark etib, oʻzining “Pustinka” mulkiga joʻnab ketdi. Biroq u tez orada poytaxtdan yana ham uzoqqa, onasi vafotidan keyin meros boʻlib qolgan Ukrainadagi “Qizil shox” mulkiga koʻchib oʻtadi. Tolstoy endi deyarli hamma vaqtini adabiyotga bagʻishlay boshladi. 1860-yillarning 2-yarmida u “Kumush shahzoda” romanini yozib tugatdi, dramatik trilogiya yozdi, sheʼrlar toʻplamini nashr ettirdi. Xoʻjalik ishlariga kuchi qolmagani sababli Tolstoy oʻz mulklari masalasi bilan deyarli shugʻullanmagan.
Tolstoyning oldiga kelgan rus shoiri — Afanasiy Fet shoirning oʻz boyliklariga nisbatan mutlaqo befarqligidan hayratda qoldi. Shu holatda ham Tolstoy erkin yashardi. U ov qilish, doʻstlarini taklif qilishni yaxshi koʻrardi va vaqti-vaqti bilan Peterburgga borib turardi. Afsuski, hayotining soʻnggi yillari ogʻir kasallik soyasida oʻtdi. U astma xuruji hamda bosh ogʻrigʻidan qattiq azob cheka boshladi. Har yili chet elga davolanish uchun ketardi, ammo bu ham qisqa vaqtgagina yordam berardi. Tolstoy 1875-yil 28-sentabrda oʻzining “Qizil shox” mulkida morfinning dozasi oshirib yuborilishi tufayli vafot etgan. Aleksey Konstantinovich buyuk rus yozuvchilari qatoriga kirmasa ham, uning adabiyotga katta taʼsirini inkor etib boʻlmaydi. Tolstoy ijodiga Valeriy Bryusov va Aleksandr Blok qiziqardi, Velimir Xlebnikov uning sheʼrlarini yoddan bilardi, Vladimir Mayakovskiy esa ularni ovoz chiqarib oʻqishni yaxshi koʻrardi. Madaniyat tarixida “Tolstoy va musiqa” mavzusi alohida oʻrin tutadi. Tolstoy sheʼrlarining oʻzgacha nafisligi, ichki ohangi bastakorlar eʼtiborini tortib kelgan. Eng mashhur rus kompozitorlari: N.A.Rimskiy-Korsakov, M.P.Musorgskiy, M.A.Balakiryev, S.V.Rahmaninov va P.I.Chaykovskiylar Tolstoy sheʼrlariga romanlar yozgan. Hozirgi kunda Aleksey Tolstoyning deyarli barcha sheʼriga musiqa bastalangan.
Muqova suratlar: wikipedia.org / rus.team