3
Ulashish
1161 marta koʻrilgan
1749–1832
Iogann Gyote
Imperator maslahatchisi, patritsiyning oʻgʻli Iogann Volgang Gyote juda ajoyib uy taʼlimini olgan. Undan soʻng Leypsigdagi, keyin Strasburgdagi universitetlarda huquqni oʻrgangan. Koʻp mutolaa qilgan, maʼruzalar eshitgan, turli tadqiqotlar bilan shugʻullangan.
Sheʼr yozishni erta boshlagan. Zamondoshlarining xotirlashicha, 25 yoshida Gyote sochi boshidan oyogʻigacha daho, kuch-qudratga, his-tuygʻularga va burgutqanot shijoatga ega, yosh yigit boʻlgan. Ijodiy, boʻysunmas va ilhomga toʻla tabiatga ega boʻlgan Gyote “Boʻron va hujum” goʻyaviy harakatiga qoʻshiladi (harakatning nomi Klingerning “Boʻronlar va hujum” dramasidan olingan). Bu harakat ilgʻor ziyolilarni birlashtirgan boʻlib, umummilliy manfaatlarni ifodalab, siyosat, ijtimoiy hayot va sanʼatdagi absolyutizmga qarshi chiqardi. Ular oʻzini “yosh daholar” deb atab, shaxsning ozodlik huquqini, ijodiy erkinlikni himoya qilib, nemis adabiyotining yangilanish dasturini ilgari surardi. Ular inson zakovatiga katta umid bogʻlagan. Gyote umummilliy adabiyot yaratish haqida zalvorli maqolalar yozadi, Shekspirning buyuk tajribasiga tayanib, uning asarlaridagi qahramonlarning hayotiyligini yuqori baholaydi.
24 yoshida u “Gyots fon Berlixingen” dramasini yozadi va bu uni nemis adabiyotining choʻqqisiga olib chiqadi. Dramadagi hamma narsa novatorlik ruhi bilan edi. Birinchi oʻrinda bosh qahramon — kichik yerli ritsar knyaz, amaldor, pop va imperator qoʻshiniga qarshi chiqadi. Gyots imperator va ritsar oʻrtasida eski, patriarxal aloqalarning tiklanishi tarafdori boʻladi. Adolat ham u tomonda. U makkorlik, yolgʻon bilan kuchli boʻlgan dunyoga qarshi kurashadi. U qoʻzgʻolon koʻtargan dehqonlarni qoʻllab-quvvatlaydi, lekin ularning talablari xavflilashgach, ulardan ajraladi va yolgʻiz qoladi. Uning rafiqasiga qarata aytilgan soʻnggi soʻzlari gʻamga toʻla: “Men seni vayron boʻlgan dunyoda qoldiryapman. Yolgʻonning davri kelganda, unga toʻla erkinlik beriladi. Yovuzlar makkorlik bilan boshqaradi, halol kishilar esa uning tuzogʻiga tushadi”.
Doʻstlari Gyoteni “halol Gyots” deb atardi. Yosh Gyotening lirikasi kuchli mahorat namunasi hisoblanadi. “Yovvoyi atirgul”, “Boʻron sayohatchilari qoʻshigʻi”, “Koʻlda” va boshqa sheʼrlari nemis sheʼr metrikasida haqiqiy inqilobni amalga oshirdi. “Boʻron va hujum” harakatining kayfiyati Gyotega olamshumul mashhurlik keltirgan “Yosh Verterning iztiroblari” (1774) romanida koʻrishimiz mumkin. Asarda na boʻron, na hujum boʻlmasa-da, odamlarning mehrini qozondi. Romandagi voqealar yuz bergan vaqt 1771—1772-yillar Gyote qachondir muhabbat tufayli oʻz joniga qasd qilishga uringan davrga mos kelgan. Rahmdil, taʼsirchan yigit Verter shuhratparastlik va hasad hukm suradigan elchixonadagi ishini tashlab, shahardan ketadi va insonlar tabiat qoʻynida, sodda va samimiy hayot kechiradigan qishloqqa keladi. Gyote oqsuyaklarning hissizligi va shaharliklarning hayosizligiga qarama-qarshi qilib, oddiy odamlarni qoʻyadi.
Uning kundaligidagi 15-may sanasidan qaydlar “Shaharchadagi oddiy odamlar, asosan bolalar allaqachon meni taniydi va yaxshi koʻradi. Men bir narsani tushunib qoldim… Ancha avval kuzatgan narsalarim qanchalik haqiqatga yaqin boʻlgan ekan: muayyan darajaga ega kishilar doim oddiy xalqdan, xuddi ularga yaqinlik bilan oʻzini yerga uradigandek qochar ekan, yana shunday yengiltabiat va yovuz kishilar ham boʻlarkanki, oddiy kishilarning oldida koʻproq maqtanish uchun ham ularni kamsitarkan. Oʻz obroʻsini yoʻqotishdan qoʻrqib, qora xalqdan uzoqroq yurish kerak deb oʻylaydiganlar, magʻlubiyatdan qoʻrqqani uchun dushmanidan yashirinadigan qoʻrqoqlar kabi orsiz kishilardir”. Lekin kulbalardagi hayot illyuziya edi. Bu yerda ham qochib boʻlmas qiyinchiliklar va hatto jinoyatlar bor edi.
Verter tabiatning ovoziga ziyrak quloq tutuvchi rassom, iqtidorli yozuvchi edi. Oʻz doʻstining qayligʻi, Lottaga oshiq boʻlgan Verter iztiroblarini boshqara olmaydi. Yosh yigitning zaif qalbi bu baxtsiz hayotning azoblarini yengib oʻtishga kuch topa olmaydi va Veryer hayotini suiqasd bilan yakunlaydi. “Verter” — uning doʻstiga yozgan xati, hissiyotlarga boy monologi. U “Qimmatli doʻstim, inson yuragi oʻzi nima?” degan soʻzlar bilan boshlanadi. Bu zamonaviy hayotning joʻshqin qalbga bagʻishlangan mahzun asari, yosh yigit sevgisining tarixi edi. Roman shakli muallifga qahramon hislarini bor boʻyi bilan ifodalash va bu orqali jamiyatning qarama-qarshi nuqtayi nazarini koʻrsatishga imkon bergan. Verterning fojiasi undan koʻra mulohazakorroq boʻlgan Albertni tanlagan Lottani yoʻqotganida emas, balki oʻsha davrdagi Germaniyada unga oʻxshaganlarga joy yoʻqligida edi. Roman kutilmagan mashhurlikka erishdi. Napaleon uni oʻzi bilan Misr yurishiga olib bordi. Baʼzi taʼsirchan kitobxonlar uchun esa asar qaygʻuli oqibatlarga sabab boʻldi.
“Bezovta oshiq”ning iztiroblaridan taʼsirlangan va unda oʻz dardlarining aksini koʻrganlar ham oʻz joniga qasd qildi. Shu sababli Leypsigda romanni qayta nashr qilishni taqiqlashdi. Asarda “Gyots fon Berlixingen”dagi kabi isyonkor qahramon boʻlmasa-da, asar pafosi hissiyotga boy va ishonarli edi. Gyote zamonasining ruhini, jonli hayotini koʻrsata olgan edi. Byugercha hayot tarziga qarshi turish istagi, shunday qahramonlar hayoti ikki dramaning qoralamasi — “Magomet” va “Prometey”da aksini topgan.
1775-yilda Gyote sakson-veymar gersogi, Karl Avgust taklifi bilan Veymarga, gersoglikdagi teatr va rassomchilik sanʼatini boshqarish uchun koʻchib oʻtadi. Davlat kichikroq, yuz ming atrofida aholisi bor edi. Ishonchli shaxs va maxfiy maslahatchi lavozimi, keyinchalik gersogning vaziri unvoni Gyotega keng faoliyat olib borish imkonini bergandi. Lekin uning temperamenti bu yerdagi anʼanalar bilan toʻqnash keladi. Gyote Veymarni tark etib, ikki yil Italiyada boʻladi. Qaytganidan soʻng gulchilik ustaxonasidagi ishchi qiz, Kristiana Vulpius bilan turmush quradi. Jamiyat esa uni gersog tomonidan berilgan dvoryan unvoniga zid harakat qildi deb muhokama qiladi.
Italiya Gyote sheʼriyatiga qanot bagʻishladi. U antik sanʼatga, uning goʻzalligi va buyukligiga oshiq boʻldi. Klassikaning taʼsiri uning lirikasi (“Antik shaklga yaqinlashuv” sheʼrlar turkumi) va “Egmont”, “Tavriddagi Ifigeniya” va “Torkvato Tasso” dramalarida oʻz aksini topdi. Gyote “boʻron va hujum” harakati kayfiyatidan uzoqlasha boshlaydi, endi uni dunyoni oʻzgartirishning sokin usullari, garmonik shaxsga aylanish qiziqtirardi. U Germaniya hali xuddi Fransiyadagi kabi kataklizmlar uchun tayyor emas deb hisoblaydi. Gyote yevropadagi inqiloblarga “Oʻzingni angla va dunyoda tinchlik bilan yasha” shiori bilan javob qaytaradi. U nemis armiyasi Valmida fransuz dehqonlarining inqilobiy armiyasi bilan toʻqnashib, magʻlub boʻlganida oʻz monarxini kuzatib borgan edi. Oʻsha payt “Dunyo tarixidagi yangi davr shu yerda va hozir boshlanadi” degan buyuk soʻzlarni aytgan edi. Gyote fransuz inqilobining tarixiy zaruriyat ekanini tushunardi. Lekin yakobinlar terrori uni ortga surdi. U bir qator asarlarida qaynoq vulqonga nemislarning tinch hayotini qarama-qarshi qoʻydi (“Janob general”, “German va Doroteya”).
Shoir Fransiyaga borish taklifini rad etadi, ammo Napoleonning kuchayib ketgan fransuz inqilobi toʻlqinini pasaytirishga olib kelgan boshqaruv uslubini olqishlaydi. Gyote ijodini oʻrgangan barcha yirik tadqiqotchilar u bir tomondan oʻz davridagi nemis jamiyatiga qarshi chiqib, oʻzining barcha noroziliklarini toʻkib solganini, boshqa tomondan esa jamiyatni qabul qilib, unga yopirilayotgan tarixiy zarbalardan himoyalashga uringanini qayd etadi. Gyote bir tomondan norozi daho, boshqa tomondan ehtiyotkor murosa tarafdori edi. Gyote tobora yaratuvchanlik gʻoyasiga yaqinlashib borardi. “Vilgelm Mesterning sargardonlikdagi yillar” (uch kitobdan iborat, 1821—1829-yillar) romanida Gyote yashashning maʼnosini foydali mehnat qilishda deb biladi. Jarrohga aylangan sobiq aktyor Meyster hayotni oʻrganish, uni ongli ravishda yashash uchun sayohatga otlanadi. Bu kitob jamiyat baxti uchun oʻz xudbinligini yoʻqotish haqida. Gyote tarixiy hodisalarning murakkab, dialektik tabiatini oʻrganishga chuqur kirishadi. Gyotening dunyoni barcha adolatsizliklar, iflos va yaramas narsalardan tozalash va insonparvarlikka boʻlgan kuchli ishtiyoqi sabab uning realizmi zamondoshlarining ruhida inqilob yasab, ruhiy yetuklik uchun kuchli tasir bera oldi.
Shoir lirikasining choʻqqisi “Gʻarb-u Sharq devoni” (1822) hisoblanadi. Barcha izlanish va kashfiyotlarning natijasi Gyotening oltmish yillik mehnat mahsuli – “Faust” tragediyasi boʻldi. “Boʻron va hujum” davrida ham u oʻrta asrlardagi olim, doktor Faust haqidagi afsonaga murojaat qilib, “Grafaust” asarini yozgandi. Haqiqatan ham mavjud boʻlgan bu doktor notabiiy oʻlim bilan vafot etgan boʻlib, shu narsa uning shayton bilan doʻstligi va bilim hamda lazzat uchun oʻz ruhini iblisga sotgani haqida afsonalar kelib chiqishiga sabab boʻlgan edi. Ularning kelishuv muddati tugaganda iblis uni yerosti dunyosiga olib ketgandi. Bu afsonadan koʻplab yozuvchilar foydalangan, ammo faqatgina Gyotening qalami ostida u ulkan falsafiy mazmunga ega, dohiyona asarga aylandi. “Faust” “Arshi aʼlodagi debocha” bilan boshlanadi. Xudo magistr, doktor, olam sirlarini anglash uchun azoblanayotgan Faustni kuzatib boradi. U haqiqatni anglashga ojizligi uchun ruhlardan butun olamning ichki aloqasiga yetishish uchun, yordam soʻrash bilan sehrga yengilmoqchi boʻladi. Bu bilimni u qirollik taxtiga ham almashmasligini bildiradi. Faust insonlar Xudolarga boʻysunmasligini isbotlash uchun hayotidan ayrilishga ham tayyor edi. Inkor, ishonchsizlik, shubha ruhi boʻlgan Mefistofel Faustni zerikarli xonadan olib chiqishni uddalaydi. Skeptik tabiatli Mefistofel uchun inson shunchaki zarracha ham qari yoʻq, baxtsiz mavjudot edi. U Faustni dunyo boʻylab olib yurib, shuni unga isbotlamoqchi edi. Mefistofel inson qalbi va yuksak intilishlari hayot lazzati oldida hech nima emasligini isbotlagunicha doktorning xizmatkori boʻlishga tayyor edi va uni hamma narsa yorqin rangdagi dunyoga jalb qiladi. Mefistofel Faust gunohkor odamning quvonchlaridan totib koʻrishi bilan oʻz azoblarini unutishiga ishonar edi. U Faustning qalbini egallashga harakat qiladi va kelishuvlarini qon bilan imzolashga majburlaydi. Faust “O, lazzatli dam, davom et, toʻxta!” desa Mefistofel gʻalaba qilgan boʻlardi hamda Faustning ruhi uning mulkiga aylanardi. Ulugʻvorlik, joʻshqinlik, lirika va kinoya aralashmasi bilan yozilgan sahna hamda dialoglar bular xuddi yosh Gyotening yozganlaridek jasorat va yoshlik shijoatini aks ettiradi. Lekin bu boy mazmun rassom muallifning yetuk tafakkuridan oziqlangandi.
Makkor Mefistofelning zukkolik va yovuz kinoyaga toʻla hayotiy obrazi jahon adabiyotidagi shu kabi obrazlarning eng yaxshisi hisoblanadi. Mefistofelning shubhakorligi ijobiy jihatlarga ham ega edi, u hodisalarga tanidiy qarashga, ulardagi dialektik qarama-qarshilikni koʻrishga va olamni yaxshiroq anglashga yordam berardi. Asardagi koʻplab ajoyib jumlalar aynan unga tegishli edi. U Faustning shogirdiga murojaat bilan “Atrofdagi nazariyotning bari quruq, ammo hayot daraxti doimo yashil” deydi. Yangicha qullikka olib borayotgan burjuaziya taraqqiyotining ikkilangan qiyofasini u zaharli bir formula haklida beradi: qaroqchilik, savdo va urush. Baribir emasmi? Maqsadlari bir! Aslida uning oʻzi ham shu formulaga asoslanib harakat qiladi.
Mefistofel olimning qalbini oʻldira olmaydi. Faust boshidan kechirgan muhabbat fojiasi uning bilishga, oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqini kuchaytiradi. Tragediyadagi barcha harakatlar bilan Gyote mavjudlik harakatlanishdadir degan xulosaga olib keladi. Umidsizlik va iztiroblarni boshdan kechirgan Faust hayot idealini anglaydi. Bu ideal inson erkin yerda, erkin mehnat qilishi boʻlib, harakatdagi inson kelajakda uni qoʻlga kiritishi mumkin edi. Mefistofel sharmanda boʻladi. Yovuzlik odamlar uchun oʻzidan kechish bilan haqiqatni topgan Faustning ruhini egallab ololmaydi. Malaklar Faustning ruhini jannatga kiritadi.
Gyote oʻz dahosining bor kuchini, hayotni anglash bilan olingan bor donoligini “Faust”da ifodalaydi. U insonning haqiqatga, kamolotga tomon yoʻli yoʻqotish, xato va illyuziyalardan iboratligini koʻrsatadi. U haqiqatni anglash chegarasiz tushuncha ekanini koʻrsatadi. Shoir anglash jarayonini inson taqdiri bilan bogʻlaydi. U insonning yerdagi buyuk maqomini belgilab, inson aqli va koʻngliga madhiya bagʻishlaydi. Tragediyaning ikkinchi qismi 1831-yilda, Gyote vafotidan keyin nashr qilingan. Buyuk yozuvchi figurasi Yevropa adabiyoti rivojidagi bir davrni yakunlab bergan. Gyote ulkan meros qoldirgan: veymar akademik nashri 143 kitobdan iborat.
“Yosh Verterning qaygʻulari”ning birinchi nashri (chapda) va Gyotening “Faust” asari (oʻngda), 1876-yil / wikipedia.org
Gyote obrazlari koʻplab rassom va bastakorlarni ilhomlantirgan. L.Betxoven “Egmont” mavzusida ajoyib kuy, Sh.Guno “Faust” operasini yaratadi. E.Delakurning “Faust”ga bagʻishlangan rasmlari mashhur. “Faust”ni Choʻlpon, Oybek, Maqsud Shayxzodalar qisman tarjima qilgan. Asarning ilk toʻliq tarjimasi Erkin Vohidov tomonidan 1972—1975-yillar davomida amalga oshirilgan.
Qoʻshimcha manba: Иоганн Вольфганг Гёте
Muqova surat: wikipedia.org