2
Ulashish
942 marta koʻrilgan
1820–1892
Afanasiy Fet
Afanasiy Afanasyevich Fetni shunchaki shoir emas, balki musiqachi shoir deb atashgan. Darhaqiqat, uning sheʼrlariga koʻplab qoʻshiqlar yozilgan boʻlib, ular tezda shuhrat qozongan va hozirgacha eng yaxshi qoʻshiqchilar tomonidan ijro etilmoqda. Shoirning hamisha xotirjamlik va qandaydir oʻzgacha osoyishtalik kayfiyati hukm suradigan sheʼrlarini oʻqib, hayoti ham xuddi shunday ravon va begʻubor boʻlgan deb taxmin qilish mumkin. Aslida esa bu haqiqatdan ancha uzoq. Fetning hayot yoʻli qiyin sinovlar bilan boshlandi.
Uning onasi Karolina Sharlotta Fet sobiq erini va oilasini tashlab, rus zodagoni A.Shenshin bilan birga Rossiyaga joʻnab ketadi. U tez orada turmushga chiqib, oʻgʻil farzand koʻradi. Buning uchun u pravoslavlik (xristian dini yoʻnalishlaridan biri)ni qabul qilishga majbur boʻldi va amalda bir vaqtning oʻzida ikki kishining rafiqasi boʻlib qoldi. Sharlottaning otasi Shenshinga qizidan voz kechganini va bolaning haqiqiy otasi Darmshtadt (Germaniya) sudida ishlovchi advokat Iogann Fet ekanligini aytib, gʻazablangan holda xat yozdi. Shunga qaramay, A.Shenshin bola tugʻilgandan soʻng darhol uni asrab oldi. Boʻlajak shoir 15 yoshga toʻlganda haqiqiy fojia sodir boʻldi. 1835-yil yanvar oyida Orlov ruhiy konsistoriyasi (cherkov ishlari boʻyicha muassasa) Fetning asrab olinganini bekor qildi va bolaga nemis familiyasini berdi. Shunday qilib, 15 yoshida Afanasiy Gessen-Darmshtadt vassaliga aylandi. U boʻlgan voqeadan qattiq xafa boʻldi va umrining koʻp qismini ruscha nomini tiklashga sarfladi.
Ammo faqat 1873-yildagina imperator Aleksandr IIʼning maxsus farmoni bilan unga vorislik huquqiga ega rus zodagonlari huquqi va Shenshin familiyasi berildi. Biroq u adabiyotda allaqachon Fet familiyasi bilan tanilgani sababli sheʼrlariga shu familiya bilan imzo chekishda davom etdi. Boʻlajak shoir aʼlo taʼlim oldi. Avvaliga otasi uni Estoniyaning Verro (Viru) shahridagi Kryummer nemis pansioniga berdi. Fet u yerda tez orada eng yaxshi talabalardan biriga aylandi, bundan tashqari, klassik filologiyaga qiziqib, sheʼr yoza boshladi. Fet 2 yil oʻtgach pansionni faxriy yorliq bilan tugatib, Moskva universitetining ogʻzaki boʻlimiga oʻqishga kirdi. U yerda mashhur professorlar bilan tanishdi, uning sevimli oʻqituvchisi esa taniqli tanqidchi, “Moskvityanin” jurnalining muharriri S. Shevirev edi.
Taniqli tarixchi va tarixiy asarlar muallifi N.Pogodin ham Fetni yoqtirardi Afanasiy hatto bir yil davomida shu ustozining uyida yashadi. Ammo Fet hammadan ham oʻsha paytdagi yosh tanqidchi A.Grigoryev bilan yaqin edi. Uning taʼsiri ostida yosh shoir sheʼr mashqlarini davom ettirdi va 1840-yil noyabr oyida “Lirik panteon” nomli birinchi toʻplamini chiqardi. Fetning sheʼrlari muntazam ravishda “Moskvityanin”, “Vatan haqida eslatmalar ” jurnallarida nashr etildi, ular V. Belinskiy va N. Gogol tomonidan iliq qarshilandi. Uning oldida buyuk adabiyotga yoʻl ochilayotgandek edi. Biroq 1844-yilda Moskva universitetini tugatgach, u oʻz taqdirini keskin oʻzgartirdi va kirasirsk polki armiyasida unter-ofitser (kichik komandir darajasi) sifatida xizmat qilishni boshladi. Bu qaror yosh shoir atrofidagilar uchun kutilmagan hodisa boʻlsa-da, uning uchun bu tasodifiy emas edi. Harbiy karyera unga rus nomi va zodagonligini qaytarib olishning yagona yoʻli edi. Dastlab Fet Xerson (Ukraina)da xizmat qildi va majburan kichik shaharchada qolish unga ogʻirlik qildi.
Ammo kelajakdagi muvaffaqiyatga umid va familiyasini tezda qaytarib olish istagi unga barcha qiyinchiliklarni yengishga yordam berdi. Uning oʻsha yillardagi kechinmalarini A.Grigoryev bilan yozishmalaridan bilib olsa boʻladi. Fet A.Grigoryevning “Kelajak odami” qissasidagi qahramon prototipiga aylandi. Uning shiori shoirning maktublaridan birida yozilgandi: “Oʻtmishga nafrat va kelajakka muhabbat bilan yashayman”. Koʻzlangan maqsadga yetish Fetdan yana bir qurbonlikni talab qildi: 1848-yilning kuzida u Mariya Lazichni qattiq sevib qoldi. Lekin Mariyaning sepi yoʻq edi, Fet ham pul yetishmovchiligidan qiynalgani uchun toʻy qilishning imkoni boʻlmadi. Sevgilisidan ajralishga chiday olmay Mariya tez orada vafot etdi. Koʻp yillar oʻtgach, boy yer egasiga aylangan Fet Mariyaga boʻlgan sevgisi tufayli unga bir qator lirik sheʼrlarini, shuningdek, “Poruchik Losevning orzusi” nomli yagona poemasini (nazmiy hikoya) bagʻishladi.
Qizigʻi shundaki, ogʻir armiya hayoti Fet sheʼriyatida deyarli aks etmadi. Muallif goʻyo tabiat olamiga, yuksak tuygʻularga ongli ravishda oʻtib olardi. Darvoqe, uning lirikasida Vatan haqidagi sheʼrlar ham deyarli yoʻq. 1853-yilda Fet Peterburgdagi ulan polki (rus imperator armiyasining otliq qoʻshinlari tarkibi)ga oʻtishga erishdi. Poytaxtga koʻchib oʻtgach, shoir darrov adabiy dunyoga kirib bordi. Turgenev va Nekrasov bilan tanishdi va tez orada “Sovremennik” jurnalining doimiy muallifiga aylandi. U asosan tabiatning lirik tasvirlariga bagʻishlangan ikkita sheʼriy toʻplamini nashr etdi. Ayni paytda u F. Tyutchev (shoir) bilan tanishib, tez orada uning yaqin doʻstiga aylandi.
Fet E. Denisyeva bilan muloqot qilish uchun oilasini tark etgan Tyutchevni qoʻllab-quvvatlaganlardan biri boʻldi. 1858-yilda Fet katta meros sohibiga aylandi, bu unga nafaqaga chiqish imkonini berdi. Msensk (Rossiya) yaqinidagi Stepanovka kichik mulkini sotib oldi va bir necha yil xoʻjalik bilan shugʻullandi. Bu vaqtda u adabiyot namoyondalari bilan deyarli barcha aloqalarni uzdi, lekin sheʼr yozishni toʻxtatmadi. 1857-yilda shoir taniqli shifokorning singlisi M.Botkina bilan turmush qurdi. Botkina nafaqat Fet farzandlarining onasi, balki uning ilhom parisiga aylandi. U mashhur “Kechki chiroqlar” toʻplamiga kiritilgan sheʼrlarida aynan unga murojaat qildi.
Fetning xoʻjalik faoliyati juda muvaffaqiyatli boʻldi. U oʻz xoʻjaligini rivojlantirdi va kengaytirdi hamda 1877-yilda Kursk guberniyasining Shigrovskiy uyezdida ulkan Vorobyovka mulkini sotib oldi. Fet u yerda deyarli hech qayerga ketmasdan 1881-yilgacha yashadi. Keyinchalik Moskvadan uy sotib olib, faqat bahor va yozdagina Vorobyovkaga boradigan boʻldi. Uning sheʼrlari eng mashhur “Rossiya xabarchisi”, “Zarya” adabiy jurnallarida muntazam ravishda chop etildi. U butun Rossiyaning mashhur yozuvchisiga aylandi. Sheʼriyat bilan bir vaqtda Fet nasriy “Qishloqdan” va “Erkin mehnat haqida eslatmalar” ocherklarining 2 siklini ham yozdi.
U oʻzining “Xotiralar”ida hayot va uchrashgan odamlari haqidagi yorqin kuzatishlarini aks ettirdi. Ulardan maʼlum boʻlishicha, Fet adabiy tahririyatda uchratgan I. Turgenevning maslahati bilan nasr yozishni boshlagan va Turgenev hatto u yozgan asarlarni tahrir qilgan. Fet umrining soʻnggi 10 yilida tarjimalar bilan ham faol shugʻullandi. Gyote, Geyne, Bayron, Mitskevich lirikasi bilan bir qatorda katta shakldagi asarlarga ham murojaat qildi. Xususan, bir qancha yillar Gyotening “Faust” asari tarjimasi ustida ishladi. Bundan tashqari u Faustni ruhiy hamkasbi sifatida qabul qildi.
Muqova suratlar: wikipedia.org / cand-orel.livejournal.com