4
Ulashish
997 marta koʻrilgan
1729–1796
Yekaterina II
Uning haqiqiy ismi Sofiya Frederika Avgusta An-galt-Serbstskaya boʻlgan. 1743-yilda u imperatorning ayoli Anna Ioannovna Pyotr Golshteyn-Gottorpskayaning jiyani, boʻlajak qirol Pyotr IIʼning rafiqasi boʻlish uchun Shtettindan Rossiyaga keladi. 1745-yil 21-avgustda ularning nikohi boʻlib oʻtadi va u buyuk knyaginya Yekaterinaga aylanadi.
Pyotr III 1762-yil 5-yanvarda taxtga oʻtiradi. U Prussiya qiroli Fridrix IIʼning ashaddiy muxlisi boʻlgan va qirol boʻlishi bilanoq Prussiya bilan hamkorlik qilish uchun Rossiyani Avstriya va Fransiya bilan bogʻlab turadigan barcha kelishuvlarni bekor qilgan. U atrofiga nemis maslahatchilarini yigʻgan. Ular orasida Minix surgunidan qaytgan sobiq general-feldmarshal ham bor edi. Pyotr III protestant va pravoslav cherkovlari huquqlarini tenglashtirganini eʼlon qiladi va cherkov yerlarini ijtimoiy boshqaruvga oʻtkazishga qaror qiladi. Bundan tashqari, u Daniya bilan urushda qatnashishi uchun rus harbiylarini Fridrix II ixtiyoriga beradi. Bularning bari ruslarning keskin noroziligiga sabab boʻladi, qirolning qiliqlaridan eng koʻp gvardiya achchiqlanadi.
1762-yil 28-iyunda davlat toʻntarishi amalga oshiriladi. Imperatorning adolatparvar rafiqasi Yekaterina gvardiya ofitserlari yordamida Pyotr IIIʼni taxtdan agʻdaradi. Yekaterina maʼrifatli hukmdor boʻlishni xohlardi. U Monteskyu asarlarini oʻqirdi, Didro va Volter bilan yozishmalar olib borardi hamda davlatni ularning falsafasiga asoslangan holda boshqarishni moʻljallardi. Yekaterina bir qator muhim islohotlarni amalga oshirgandi. Uning qarori bilan yangi qonun loyihasini ishlab chiqish uchun qonunchilik komissiyasi tashkil qilingandi. Uning tarkibiga aholining turli mulkchilik va guruhlariga mansub kishilar kirgan. Yekaterina tadbirkorlarni davlat homiyligidan ozod qilib, ularga toʻliq erkinlik bergan. Bu ishlab chiqarishning gurkirab rivojlanishiga sabab boʻlgan. Lekin Yekaterina IIʼning siyosati qarama qarshiliklarga toʻla edi. Islohotlarga boʻlgan intilish va ilgʻor gʻoyalar eski qadriyatlarni buzmaslik ishtiyoqi bilan bogʻlanib ketgandi. Aslida esa u Yelizaveta Petrovnaning siyosatini davom ettirayotgandi. Dvoryanlar homiyligini saqlab qolish maqsadida ularga yanada koʻproq imtiyozlar bergan edi. Yekaterina II imzolagan “Dvoryanlarga shikoyat yorligʻi” unga dehqonlar ustidan chegarasiz hukmronlik huquqini berdi. Shunday qilib, Yekaterina II davrida dehqonlar huquqlari yanada toptalib, norozilik keltirib chiqargan va oqibatda Yemelyan Pugachyev boshchiligidagi dehqonlar qoʻzgʻoloniga sabab boʻlgan. Dehqonlar isyoni katta hududlarni egallab olgan va uni faqatgina armiya yordami bilan toʻxtatib qolishgan. Shundan soʻng yanada qattiqroq repressiv tartiblar oʻrnatilgan.
1775-yilda dehqonlar huquqlari butun Ukrainaga tarqalib, kazaklar soʻnggi imtiyozlaridan ham ayriladi, Zaporojye sechi esa tarqatib yuboriladi. Yekaterina IIʼning Rossiyada oʻtkazishni moʻljallangan liberal siyosati boshlanmasdanoq tugatilgandi. Bunga ichki qarama-qarshiliklar, shuningdek, fransuz inqilobining Rossiyada tarqashi mumkin boʻlgan gʻoyalari oldidagi qoʻrquv sabab boʻlgandi. Yekaterina II tashqi siyosatda ham shunday qatʼiyat bilan harakat qilgandi. Nikita Panin tomonidan Rossiya Prussiya va Angliya bilan birga Fransiya va Turkiyaga qarshi turadigan Shimoliy ittifoq loyihasi taqdim qilingandi. Bu Yekaterina IIʼga Polshaning uch qismida harakatlanishni va Litva hamda Belorussiyani Rossiyaga qoʻshib olish imkonini berdi.
Yekaterina II davrida Rossiya ikki marta Turkiya bilan jang qildi va natijada Dneprning quyi oqimi va Qrim hududlari Rossiyaga oʻtdi. Yangi Rossiya yerlariga Yekaterinaning sevimli knyazi — Potemkin oʻrinbosar qilib tayinlandi. Yekaterina umrining oxirigacha ikki tilagi: oʻz liberal qarashlari hamda islohotlari bilan dunyoga tanilish va Rossiyada hech qanday erkinlikka yoʻl qoʻymaslikni birlashtirolmadi. Bu qarama-qarshilik oʻqimishli insonlar bilan boʻlgan munosabatlarda yaqqol namoyon boʻlardi. U oʻsha davrdagi oʻqimishli ayollardan biri boʻlgan Yekaterina Dashkovaga Rossiya Fanlar akademiyasi loyihasini tuzishni topshirib, dunyoviy taʼlimni qoʻllab-quvvatlagandi. Shu bilan birga, aynan uning hukmronligida shundoq ham ayovsiz boʻlgan senzura oʻrnatilgandi. U biroz boʻlsa ham hurfikrlilikdan qoʻrqardi va A.Radishyevni “Peterburgdan Moskvaga sayohat” kitobida bayon qilingan mavjud qoidalarning tanqidi uchun shafqatsizlarcha jazolaydi. Unga qoʻshib, bu kitobni nashr qilishga jurʼat qilgan N.Novikov ham jazodan bebahra qolmaydi.
Hukmronligining oxirida Yekaterina barcha mason yolgʻonlarini ochiqlashni buyurgandi. Novikov hibsga olinib, Shlisselburg qasriga mahkum qilingan, knyaz Trubetskoy esa surgun qilingandi. Shunga qaramay, Yekaterina II ajoyib va yorqin shaxs, oʻtkir publitsist va adabiyotshunos edi. U turli xil mavzularda yozar, oʻzidan keyin shaxsiy “Qaydlar” va koʻplab maktublarni qoldirib ketgan. Uning Didro va Volter bilan yozishmalari alohida ahamiyatli. U asosan fransuz tilida yozardi, chunki rus tili u uchun maishiy muloqot tili boʻlib qolgan edi. Yekaterina II 1796-yil 6-noyabrda vafot etadi.
Muqova surat: wikipedia.org