4
Ulashish
983 marta koʻrilgan
1694–1778
Volter
1769-yil Parij pochtasiga noodatiy manzil koʻrsatilgan pochta keladi: “Shoirlar qiroli, millat faylasufi, vatan notigʻi, sanʼat ‘Merkuriy’ siga”. Pochta xodimlari darhol bu xatni Ferney qalʼasiga joʻnatadi. Bu vaqtda u yerda Volter yashardi. Viktor Gyugo u haqda: “Volter — nafaqat odam, balki butun boshli asr ham”, — degan edi.
Volter 84 yil umr koʻrdi, bu uzoq umri tinimsiz mehnat va oʻz qarashlari uchun kurashdan iborat edi. Volter kelib chiqishiga koʻra dvoryan emasdi. Uning otasi Arue kamtar notarius boʻlgan. Fransuaning yoshligidan adabiyotga kuchli ishtiyoqi boʻlsa-da, otasining qistovi bilan yurist boʻlishga tayyorgarlik koʻradi.
Lezuit kollejidagi tahsili vaqtida “yengil poeziya” uslubida sheʼrlar yoza boshlagandi. Bu sheʼrlari hayotdan zavqlanishga chorlar, bundan tashqari, qirollik saroyiga qarshi fikr ham uchrab turardi. Bu sezilmay qolmasdi va yosh shoir Bastiliya qamoqxonasida tutqunlikda saqlana boshlaydi. Qamoqdan chiqqach, Volter zamonaviy shoirlar qatoriga kiradi, lekin nufuzli dvoryan — graf Rogan Shabo bilan boʻlgan janjal sabab yana qamaladi, keyin Fransiyadan Angliyaga surgun qilinadi.
Bu surgun 3 yil davom etadi va bu vaqtni shoir adabiyot, tarix va falsafani oʻrganishga sarflaydi. Fransiyaga qaytgach, Volter “Angliya haqida xat” kitobini nashr ettiradi. Kitobda ingliz hukumatining diniy bagʻrikengligini ulugʻlaydi va fransuzlarga birinchilardan boʻlib Nyuton falsafasi haqida maʼlumot beradi. Kitob nashr qilingach, fransuz parlamenti kitobni yoqishga hukm qiladi va bu qarorini muallif protestantlarni himoyalayotgani bilan xaspoʻshlaydi.
Volter yana mamlakatdan qochishiga toʻgʻri keladi va Sira shahridagi markiza Emili dyu Shatlening mulkiga borib panoh topadi. U yerda ham faoliyatini bir lahzaga toʻxtatmaydi. Uning qalami ostidan falsafiy kitob, tragediyalar chiqadi. Ulardan birida islom dini asoschisi — Muhammad (s.a.v) ni xolis tasvirlab beradi.
Katolik cherkovi oʻziga qaratilgan shamani darhol tushunadi va tragediyani sahnalashtirish taqiqlanadi. Markiza dyu Shatle vafotidan keyin Volter bir necha yil Prussiya qiroli — Fridrix II saroyida yashaydi. Lekin u yerda ham oʻz qarashlariga sodiq qoladi va shu sababli tez orada bu mamlakatni ham tark etishiga toʻgʻri keladi. Shundan soʻng Volter Shveytsariyaga yoʻl oladi va oʻzining Delis mulkiga joylashadi, keyinroq Ferney qalʼasiga koʻchib, umrining soʻnggi 20 yilini oʻsha yerda oʻtkazadi.
U yashash joyini kamdan kam tark etar, lekin faol yozishmalarni olib borar va shu sababdan ham Yevropa hodisalarining markazida turardi. Volter qalami ostidagi yozishmalar adabiy janrga aylanadi. U bilan koʻplab qirollik oilasi aʼzolari, jumladan, rus ayol imperatori — Yekaterina II ham xat almashib turardi. Yekaterina ham Prussiya qiroli kabi oʻzini Volter gʻoyalari izdoshi deb eʼlon qilgan edi. Faylasufning Rossiyadagi mashhurligi XVII asr oxiri XIX asr boshida erkin fikrlovchilarning hammasini “volterchilar” deb atalishiga olib keldi.
Volter adabiyotni ham tashlab qoʻymagandi. U Ferneyda “Kandid” va “Soddadil” romanlari, shuningdek, tragediya, komediya, pamflet va poemalarni yaratadi. Yorqin publitsist — Volter surunkali ravishda katolik cherkoviga “hujum” uyushtirib turardi. 1762-yilda u cherkov Mark Kalasni oʻz oʻgʻlining oʻlimida nohaq ayblagan vaqtda uning aybsizligini isbotlab beradi. Keyinroq u yana bir necha kishini cherkovning nohaq jazosidan qutqarib qolishga erishadi. Oʻlimidan biroz avval yozuvchi Parijga keladi, uni shahar aholisidan iborat olomon kutib oladi. Bu haqda oʻsha paytda Parijda boʻlgan rus yozuvchisi — Denis Fonvizin yozib qoldiradi.
Yozuvchining oʻzi ogʻir xasta boʻladi va bu triumf (shon-shuhrat, shov-shuv) dan 2 oy oʻtgach vafot etadi. Volterning ommaviy dafn etilishi kutilmagan manifest (ommaviy koʻcha yurishi) ga sabab boʻlishi mumkinligi tufayli hukumat uning tanasini imi-jimida Fransiyadan olib ketadi va Selyer abbatida dafn qiladi. Volterning ulkan kutubxonasi rus hukumati tomonidan qoʻlga kiritilib, Peterburgga olib kelinadi. Aynan Rossiyada Volterning toʻliq asarlari toʻplami nashr qilinadi. Bularning hammasi yozuvchi oʻlimidan bor-yoʻgʻi 9 yil oʻtgach amalga oshiriladi.
Muqova suratlar: wikimedia.org / interesnyefakty.org