2
Ulashish
625 marta koʻrilgan
XV asr
Temurning Anqaraga yurishi
Anqara yoki Angora jangi 1402-yil 20-iyul kuni Anqara shahri yaqinidagi Chubuk mavzeyida Usmoniylar sultoni — Boyazid I hamda Temuriylar imperiyasi amiri — Amir Temur qoʻshini oʻrtasida boʻlib oʻtadi. Jang Temurga yirik gʻalaba olib keldi, Usmoniylar hukmronligida esa “katta tanaffus” davri (taxtning boʻsh boʻlgan payti) vujudga keldi.
Tarixi
Movarounnahrlik (hozirgi Oʻzbekiston) turkiy-moʻgʻul boʻlmish Temur bir qancha yil davomida Markaziy Osiyoda imperiya barpo etgan edi. U Chingizxon davridan beri Markaziy Osiyoning eng qudratli hukmdoriga aylanadi. Temurning maqsadi yana bir bora buyuk Moʻgʻul imperiyasini qurish edi. 1380–1390-yillarda Temur Forsning bir qismi (Armaniston, Ozarbayjon va Yuqori Mesopotamiya) ni bosib oladi, Rossiya va Ukrainani vayron qiladi (1395–1396-yillar) va Dehlini talon-taroj etadi (1398-yil).
Usmoniylar va moʻgʻullar oʻrtasida keskinlik boʻlganiga qaramay, urush uchun sabab yoʻq edi. Ammo Boyazid Temurning sodiq amiridan oʻlpon talab qilgach, sabab ham paydo boʻladi. 1400–1401-yillarda Temur Usmoniylardan Sivas shahrini (hozirgi Turkiyada joylashgan), Mamluklardan Suriyaning bir qismini tortib oladi va keyin esa Anatoliya tomonga yuzlanadi. Usmoniylar esa oʻsha vaqtda, yaʼni 1402-yilda Yevropaga yurish qilayotgandi. 1402-yilning yozida Temur qoʻshinini yana bir bor janubi-sharqqa koʻchirganidan soʻng Boyazid Konstantinopol qamalini buzib, Anqaraga yurish boshlaydi.
Qoʻshin haqida
Temuriylar qoʻshinida 140 000 nafar otliq askar hamda 32 ta jangovar fil boʻlgani taxmin qilinadi. Tarixiy manbalar qoʻshinni haqiqatga mos kelmaydigan darajada oshirib yuborganini koʻrish mumkin. Masalan, Ahmad ibn Arabshoh Temur qoʻshinida 800 000 askar boʻlganini taʼkidlagan boʻlsa, nemis guvohlari Temuriylar safida 1,6 mln askar ishtirok etganini aytib oʻtadi. Usmoniylar qoʻshini Boyazidning qoʻli ostidagi gʻoziy, yanichar, anatoliyalik musulmon vassallar, shuningdek, turli yevropalik vassalar (bolqonlik nasroniylar) dan iborat boʻlgan. Serbiyalik xizmatchilar orasida Stefan Lazarevich (Stefan Lazarevich – shahzoda va serb hukmdori) ham bor edi. Usmoniylar qoʻshinining chorak qismi yaqinda bosib olingan tatarlardan tashkil topgan edi.
Jangovar joylashuv
Boyazid oʻz askarlarini Konstantinopoldan istar-istamay chiqarib olib, yoz jaziramasida yurishga majbur qiladi. Qoʻshin horgʻin hamda chanqab manzilga yetib keladi, ammo dam olish, kuch yigʻib olishga vaqt berilmaydi. Lashkarboshilar Boyazidga mudofaa pozitsiyasini egallashni maslahat beradi. Reja boʻyicha, agar Temur qoʻshini Usmoniylarni chekinishga majbur qilsa, ular togʻ ortiga chekinishi va natijada Temur safni buzib, jaziramada Usmoniylarni tutishga urinishi kerak edi. Ammo Boyazid hujumkor pozitsiyani tanlab, Sharq tomon yurish qiladi. Ilgarilab ketgan Usmoniy razvedkachilari Temuriylarning izini topolmaydi. Chunki Temur qoʻshini sirli tarzda janubi-gʻarbga yurib, dam olib, soʻng esa Usmoniylar qoʻshinining ortiga joylashgan edi. Temur askarlari sal avval Usmoniylar egallagan manzillarga qoʻnadi va ular tashlab ketgan chodir va suv manbalaridan foydalanadi.
Temuriylar qoʻshinida Temurning oʻzi markazni, oʻgʻillari Mironshoh hamda Shohrux esa oʻz navbatida chap va oʻng qanotni, nevaralari esa avangard¹ qismni boshqargan. Usmoniylar qoʻshinida esa Boyazid yanicharlar bilan markaziy qismga, oʻgʻli Sulaymon eng yaxshi askarlar bilan chap qanotga qoʻmondonlik qilgan. Stefan Lazarevich boshchiligidagi bolqonlik askarlar oʻng qanotda saf tortgan boʻlsa, Boyazidning oʻgʻli Mehmed boshchiligidagi askarlar qoʻshin ortini egalladi.
Jang
Jang Usmoniylarning keng koʻlamli hujumi bilan boshlandi. Ularga Temuriylarning otliq kamonchilari qarshilik koʻrsatdi. Jangda bir necha ming kishi oʻlim topdi, koʻpchilik askarlar Temurga taslim boʻldi. Stefan Lazarevich va uning otliqlari Temuriylar hujumiga muvaffaqiyatli qarshilik koʻrsata oldi va moʻgʻullar safini 3 marotaba kesib oʻtishga erishdi. Moʻgʻullar safini har gal yorib oʻtganida Stefan Boyazidga u bilan jang qilishni maslahat bersa-da, Boyazid uning maslahatini rad etadi. Ziddiyatga qaramay, serb askarlari Boyazidning oʻgʻillaridan birini hamda gʻaznani moʻgʻullardan qutqarib qolib, Konstantinopolga yoʻl oladi. Serb askarlari ogʻir qora plastinkali zirh libos kiygan edi. Bunday zirh liboslar Temuriylar otgan nayzadan yaxshigina himoya qilar edi.
Temurning oʻzi serb askarlarini “sher kabi jang qilishadi”, deya eʼtirof etadi. Urush vaqtida Temur ikkala qoʻshinning ham asosiy suv manbai boʻlmish Chubuk irmogʻini Chubuk shahri yaqinidagi suv omboriga burib yuboradi. Natijada Usmoniylar qoʻshini suvsiz qoladi. Hal qiluvchi jang Chubuk vodiysidagi qulay joy — Chatal tepaligida boʻlib oʻtadi. Chanqagan, charchagan Usmoniylar qoʻshini magʻlub etiladi, ammo Boyazid bir necha yuz otliq askarlar bilan yaqin atrofdagi togʻlar ortiga qochishga muvaffaq boʻladi. Temur Boyazidning askarlaridan ancha koʻp qoʻshin bilan togʻni oʻrab olib, Boyazidni qoʻlga tushiradi. U 3 oydan soʻng asirlikda vafot etadi. Qora tatarlar va Anatoliya bekliklaridagi sipohiylar Boyazidni tark etib, Temur askarlariga qoʻshiladi. Shu tufayli son jihatidan ancha kamayib qolgan Usmoniylar qoʻshini yanada zaiflashib qoladi.
Jang oqibatlari
Jangdan soʻng Temur gʻarbiy Anatoliya boʻylab Egey dengizi sohillariga yurish qiladi, nasroniy otliqlar gospitalining tayanchi — Izmir shahrini qamal qilib, egallab oladi. Jang Usmoniylar uchun halokatli kechadi. Anqara jangi imperiya qoldiqlarini parchalab, davlatni deyarli toʻliq qulatadi. Natijada Boyazid oʻgʻillari oʻrtasida fuqarolar urushi kelib chiqadi. Usmoniylar davlatidagi fuqarolar urushi Anqara jangidan keyin yana 11 yil (1413-yilgacha) davom etadi.
[1] Harbiy yurishlarda asosiy kuchlarni qoʻriqlash uchun oldinda boruvchi askariy boʻlim
Manbalar: wikipedia.org / britannica.com Muqova surat: warfarehistorynetwork.com