Orqaga
Fors istilosi. Temurning fors istilosi. Forsning bosib olinishi. Fors davlati istilosi. Isfahonning bosib olinishi. Sherozning egallab olinishi.

631 marta koʻrilgan

XIV asr

Temurning Fors (Persiya) hududiga yurishlari

1335-yilda Ilxoniylarning soʻnggi hukmdori — Abu Saidning vafotidan soʻng Forsiya (Persiya) hududi siyosiy nazoratsizlik ichida qoladi. Oqibatda, Forsiya davlati Muzaffariylar, Kurtlar, Eretna bekligi, Chobaniylar, Injuiylar, Jaloyiriylar va Sarbadorlar oʻrtasida parchalanib ketadi.

Temur 1381-yili Sarbadorlar sulolasi hukmdori — Xoja Masʼud taslim boʻlganidan soʻng Forsiya davlatidagi Xuroson shahrini boshqarib kelayotgan edi. 1383-yilga kelib esa Temur butun Forsiyani egallash uchun uzoq muddatli harbiy istilochilik yurishlarini boshlaydi. Uning yurishi Kurtlar sulolasining poytaxti Hirot shahridan boshlanadi. Hirot aholisi taslim boʻlmagach, Temur shaharni vayronaga aylantirib, aholining katta qismini qirib tashlaydi. Shundan soʻng Hirot shahri 1415-yili Temurning 4-oʻgʻli Shohrux Mirzoning buyrugʻi bilan qayta tiklanmagunicha vayronalar ichida qolib ketadi.

Hirot bosqinidan keyin Temur isyonchi Qandahor shahriga sarkarda joʻnatadi. Hirot egallanganidan soʻng Kurtlar podsholigi taslim boʻlib, Temurning vassallariga – xizmatchilariga aylanadi. Oradan 10 yil ham oʻtmay, Temurning 3-oʻgʻli Mironshoh Mirzo Qandahorni butunlay qoʻshib oladi. Temur endi Mozandaron viloyatidan oʻtib, Zagros togʻlarini (hozirgi Eron hududida) bosib olish maqsadida Gʻarb tomon yurish boshlagan edi. Shimoliy Forsiya (Persiya, hozirgi Eron) boʻylab safari davomida Tehron shahrini egallab oladi. Tehron aholisi taslim boʻlgani uchun ham Temur qoʻshini ularga shafqat koʻrsatgan edi.

1384-yilda Temur Hulokuiylar sulolasi poytaxti boʻlmish Sultoniya shahrini qamal qiladi. Keyingi yili Mihroboniylar sulolasining nazorati ostidagi Siston podsholigi ham vayron qilinadi, uning poytaxti Zaranj shahrining kuli koʻkka sovriladi. Shundan soʻng Temur gurjilar (gruzinlar) ustiga yurish hamda Oltin Oʻrda bosqinini rejalashtirish maqsadida Temuriylar davlati poytaxti Samarqandga qaytadi.

Temur 1386-yili ham Mozandaron shahri ustidan oʻtadi. U avvalgi yurishida bosib olingan Sultoniya shahri yaqiniga keladi, ammo shaharga kirmay, shimolga yoʻl oladi va deyarli qarshiliksiz Tabriz va Marogʻa shaharlarini (hozirgi Eronda joylashgan) bosib oladi. Temur bosib olingan shaharlar aholisiga ogʻir soliq soladi, bu ishga Odil Oqo bosh-qosh boʻladi. Odil Oqo, shuningdek, Sultoniya shahri ustidan ham nazoratga ega edi. Temur keyinchalik Odil Oqoni poraxoʻrlikda gumonlab, qatl etadi. Temur Forsiya davlatini keng miqyosda bosib olishni ortga surib, shimolga — Gurjiston (Gruziya) va Oltin Oʻrdaga yurish boshlaydi. Safardan qaytguniga qadar Temuriy sarkardalar Forsiyaning egallangan shahar va hududini yaxshi himoya qilishayotgan edi. Koʻplar isyon koʻtaradi, Temurning muvaqqat (vaqtinchalik) hukmdor boʻlgan oʻgʻli Mironshoh Mirzo esa qoʻzgʻolon koʻtargan vassal sulolalarni qoʻshib olishga majbur boʻladi.

Ammo shuncha qiyinchilikka qaramay, uning mulki saqlanib qoldi. Shundan soʻng u Forsiyaning qolgan qismini, ayniqsa, janubdagi ikki yirik shahar — Isfahon va Sherozni (hozirgi Eron hududida) ham bosib olishga kirishadi. Temurning qoʻshini 1387-yilda Isfahonga kirib keladi. Shahar aholisi darhol taslim boʻlgani uchun Temur bu shaharga rahm-shafqat koʻrsatadi. Aslini olganda, Temur taslim boʻlgan shaharlarga doimo shu kabi munosabatda boʻlgan (Hirotning taslim boʻlmagani va kuli koʻkka sovrilgani yuqoriroqda keltirilgan). Ammo Isfahon aholisi Temur solgan soliqlardan norozi boʻlib, qoʻzgʻolon koʻtaradi, soliqchilar, shuningdek, Temurning bir qancha askarlarini oʻldiradi. Shundan soʻng Temur shahar aholisini qirgʻinbarot qilishga buyruq beradi. Qurbonlar soni 100 000–200 000 nafar boʻlgani taxmin qilinadi. Bu qirgʻinda har biri 1 500 ga yaqin inson boshidan qurilgan 28 dan ortiq minora yasalgani manbalarda keltirib oʻtilgan.

Voqea “terrordan shaharlarga qarshi tizimli foydalanish” deb tasvirlanadi. Bunday terror usuli Temur qoʻllagan strategiyaning asosiy unsurlaridan biri edi. U qarshilikni toʻxtatib, qon toʻkilishini oldini olishni koʻzda tutgan edi. Temur butunboshli aholini qirib yubormay, sanʼatkor va ziyoli kishilarni omon qoldiradi. Bu harakat keyinchalik Forsiyaning keyingi buyuk hukmdorlaridan biri — Nodirshohning strategiyasiga ham taʼsir koʻrsatgan edi.

1392-yilda Temur gʻarbga yurish qilib, besh yillik urushni boshlaydi va Forsiya Kurdistoniga hujum qiladi. 1393-yilda Sheroz taslim boʻlganidan soʻng bu shahar ham Temuriylar davlatiga qoʻshib olinadi va Muzaffariylar Temurning vassaliga aylanadi. Shahzoda Shoh Mansur koʻtargan qoʻzgʻolon tor-mor qilinganidan keyin esa Muzaffariylar hududi toʻligʻicha qoʻshib olinadi. Oradan koʻp oʻtmay, Gurjiston ham vayron qilinadi, sababi Oltin Oʻrda bu davlat orqali shimoliy Eronga xavf tugʻdirishi mumkin edi.

Oʻsha yilning avgust oyida Temur Sheroz shahridan atigi 8 kunlik yurish qilib, hayratlanarli tarzda Bagʻdodni egallab oladi. Sulton Ahmad Jaloyir esa Suriyaga — hukmdor Mamluk Sulton Barquq yoniga qochib ketadi. Barquq uni himoya qiladi va Temurning elchilarini oʻldiradi. Temur Sarbadorlar shahzodasi — Xoja Masʼudni Bagʻdod hukmronligiga qoldiradi, ammo Ahmad Jaloyir qaytganida Xoja Masʼud haydab yuboriladi. Ahmad unchalik taniqli boʻlmasa-da, turkmanlarning qoraqoʻyunli qabilasi hukmdori Qora Yusufdan yordam oladi. 1399-yili u yana bir marta, endi Usmoniylar yurtiga qochib ketadi.



Manbalar: wikipedia.org / britannica.com
Muqova surat: midjourney.com