Orqaga
Stalin biografiyasi, hayoti. Stalinning hokimiyat tepasiga kelishi.

639 marta koʻrilgan

1878–1953

Stalin

XX asrda dunyoga tanilgan mashhur shaxslaridan biri, oʻz zamonasida “xalqlar otasi” deya ulugʻlangan, fashistlar ustidan gʻalaba qozongan Stalinning toʻliq ism-sharifi Iosif Jugashvili Vissarionovich boʻlib, 1878-yil 18-dekabr kuni Gruziyaning Gori shahrida tavallud topadi. Stalinning otasi Vissarion Jugashvili poyabzal tikuvchi usta boʻlib, kelib chiqishi osetinlardan edi. Oila ancha kambagʻallikda kun kechirgan. Stalinning otasi juda koʻp ichar, uyga kelganida esa oʻgʻlini ayamay doʻpposlardi. Aynan shu kaltaklar yosh Stalinning ruhida shafqatsizlik hissi paydo boʻlishiga, shuningdek, diydasi qattiqlashishiga sabab boʻladi. Iqtisodiy jihatdan qiynalgan oila oʻgʻilni bepul cherkov maktabiga oʻqishga beradi.

Shu tariqa Stalin diniy bilim yurtida oʻqiy boshlaydi va 1894-yilda maktabni tamomlaganidan soʻng poytaxt — Tbilisidagi diniy seminariyaga oʻqishga kiradi. Seminariyada oʻqib yurgan chogʻlarida jahon sotsialistik gʻoyalari asoschisi — Karl Marks kitoblari bilan tanishadi, sotsial-demokratiyaga qiziqib qoladi. Shundan soʻng yosh Stalin Kavkazdagi sotsial-demokratlar harakati boʻlmish “Maseme-dasi”ga qoʻshiladi. Sotsializm targʻibotchisiga aylangan Stalin temiryoʻlchilarning inqilobiy guruhiga rahbarlik qila boshlaydi. Biroq ushbu inqilobiy faoliyati uchun 1899-yil seminariyadan haydaladi. Shundan soʻng Tbilisi rasadxonasiga ishga kiradi va oʻlkadagi siyosiy jarayonlar hamda namoyishlarda faol qatnasha boshlaydi.

Hokimiyat tepasiga kelishi

1903-yili Rossiya sotsial-demokratlari ikki guruhga: menshevik va bolsheviklarga boʻlinib ketadi. Stalin esa shu davrdan boshlab bolsheviklar guruhiga qoʻshiladi. U “Pravda” va “Zvezda” gazetalarini tashkil etishda qatnashadi hamda “Pravda”da biroz muddat muharrirlik qiladi. “Marksizm va milliy masalalar” maqolasi gazetada chop etilganidan soʻng xalq orasida milliy masalalar boʻyicha mutaxassis sifatida obroʻ qozonadi. Gazetada ishlab yurgan paytlarida Stalin Lenin va Trotskiy bilan tanishib qoladi.

Bolsheviklar rahbari Lenin koʻrsatmasi bilan Kavkazdagi namoyish va mitinglarda qatnashishni toʻxtatmagan Stalin 1902—1913-yillarda yetti marta qamoq va bir necha marta surgun bilan jazolanadi. U 4 marta qamoq va surgundan qochadi. 1917-yil fevral inqilobi yuz bergan paytda Stalin surgunda edi. Biroz muddatdan soʻng ozodlikka chiqqan Stalin hokimiyatni kuch bilan tortib olish gʻoyasiga xayrixohlik bildiradi va 1917-yil oktabr inqilobini amalga oshirishda ishtirok etadi. Inqilobdan soʻng oliy hokimiyat Lenin, Stalin va Lev Trotskiy qoʻliga oʻtadi. Fuqarolar urushi davomida harbiy harakatlarda qatnashgan Stalin bir vaqtning oʻzida millatlar masalalari boʻyicha komissar (vazir) sifatida ham faoliyat yuritadi.

Bolsheviklar 1922-yilda SSRIga birlashgan RSFSR, Ukraina va Belorussiya SSR hududlarida deyarli yagona legitim (qonuniy) partiyaga aylanadi. Partiya boshqaruvini toʻgʻri tashkil qilish uchun tez orada Rossiya kommunistik partiyasi markaziy plenumida Siyosiy byuro va Markaziy qoʻmita aʼzosi boʻlmish Stalin Markaziy qoʻmita bosh kotibligiga saylanadi. Shu tariqa Iosif Stalinning hokimiyat tepasiga kelishi taʼminlanadi. Bu lavozim oʻsha paytda faqatgina partiya rahbarligini belgilardi. Xalq komissarlari soveti raisi Lenin amalda butun hokimiyat egasi, hukumat va partiya rahbari hisoblanardi. 1920-yillarning yakuniga qadar butun hokimiyat Stalin qoʻlida yigʻiladi. Bu esa jamoat tomonidan bosh kotib lavozimi partiya tuzilmasidagi eng yuqori lavozim deya talqin qilinadigan holga keladi. Lenin vafotidan soʻng kurashda gʻolib chiqqan Stalin SSSRning yangi rahbariga aylanadi. Stalin hokimiyat yoʻlidagi asosiy raqibi Trotskiyni yoʻldan olib tashlaydi. Trotskiy mamlakatdan quvgʻin qilinadi va 1940-yil Meksikada Stalin buyrugʻi bilan oʻldiriladi.

Faoliyati

Hokimiyat tepasiga kelgan Stalin boshqaruvda bir qancha oʻzgarishlar joriy qildi. Birinchi oʻrinda Lenin amalga tatbiq etgan Yangi iqtisodiy reja (NEP)ni bekor qilib, oʻrniga SSSRda kolxozlashtirish va sanoatlashtirish inqilobini amalga oshirdi. 1928–1932-yillarda SSSRda xususiy mulk tugatilib, dehqonlar majburiy tarzda kollektivlashtirildi. Dehqonlar qoʻlidagi barcha narsa: yer, suv, chorva mollari, dehqonchilik asboblari yangi tuzilgan jamoa xoʻjaliklar uchun tortib olindi. Boylar va oʻrtahollar yoppasiga “boy-quloq” sifatida qamaldi yoki kimsasiz hududlarga surgun qilindi. Shu tariqa yigirma besh millionga yaqin dehqon xoʻjaliklari sovxoz va kolxozlarga birlashtirildi.

Shuningdek, Stalin davlatni rivojlantirish uchun besh yillik reja ishlab chiqdi. 1928–1932-yillarga moʻljallangan birinchi besh yillik sovet rejali iqtisodiyotini boshlab berdi. Besh yillikning asosiy vazifasi SSSRni agrar mamlakatdan sanoati rivojlangan va kuchli harbiy davlatga aylantirish edi. Bu davr mobaynida sovet ogʻir sanoatining asoslari yaratildi, 1500 ta yirik sanoat korxonalari qurildi. Shu bilan bir qatorda taʼlim tizimi toʻliq isloh qilinib, 1930-yili majburiy boshlangʻich taʼlim joriy qilindi. 1933–1937-yillarni qamrab olgan ikkinchi besh yillikda SSSR sanoat koʻrsatkichlari boʻyicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi oʻringa chiqib oldi. 1938-yili boshlangan uchinchi besh yillikda asosan harbiy sanoat korxonalarini qurish rejalashtirildi. Tashqi siyosatda yangi davlatning xalqaro miqyosda tan olinishiga erishish asosiy maqsad deb belgilandi.

Germaniya va Sovet ittifoqi oʻrtasida 1922-yilda Rapallo shartnomasi imzolandi. 1939-yil 23-avgustda ikki davlat oʻrtasida oʻzaro hujum qilmaslik toʻgʻrisida shartnomaga qoʻl qoʻyildi. Biroq bu shartnoma Ikkinchi jahon urushi paytida davlat xavfsizligini taʼminlay olmadi.

Stalin qatag‘onlari

Stalin rahbarligi davomida juda koʻp qatagʻonlar uyushtirgan. Ularning sanogʻiga yetish mushkul boʻlib, quyida qatagʻonlar haqida qisqacha yoritib oʻtamiz. Stalinning ilk qatagʻonlari 1925-yillardan boshlangan. 1927-yilda Stalin buyrugʻi asosida “chet el intervensiyasi” bahonasi bilan yoppasiga qama-qamalar boshlanib ketadi. Xorijdan mamlakatga qaytgan sobiq muhojirlar qamoqqa olinadi, sobiq pomeshchik, savdogar, pop va “quloq”lar qamaladi.

Shundan soʻng 1928-yilda Donbasda “shaxta ishi” boʻlib oʻtadi va unda koʻmir, ruda konlarini oʻzlashtirish uchun xorijdan chaqirilgan mutaxassislar chet el josusi deb ayblanadi. Soʻng shaxtada ishlaydigan SSSR fuqarolari bilan birgalikda bitta ham qolmasdan qamoqqa tiqiladi. “Shaxta ishi”dan soʻng 1927-yil noyabr oyidan 1928-yil yanvar oyigacha SSSRda “partiyaviy tozalash” ishlari olib borildi, sobiq menshiviklar qatl qilindi. 1932-yilda SSSRda gʻalla hosili juda past boʻldi va jamoa xoʻjaliklari belgilangan rejani zoʻrgʻa 15–20 foizga bajara oldi. Shu sababdan gʻalla yetishtirishga masʼul boʻlganlar va dehqonlar jazolandi. 1934-yildan boshlab Stalinning siyosiy qatagʻonlari boshlangan va birinchi partiya saflarida tozalash ishlari olib borildi.

Keyin esa Leningradda “Kirov ishi” boshlandi. Xalq orasida mashhur boʻlgan Leningrad obkomining rahbari Kirov shaxsan Stalinning buyrugʻi bilan otib oʻldiriladi.

Uning oʻlimida va yashirin tashkilotlarda qatnashganlikda ayblanib bir necha odamlar otuvga hukm qilinadi. Shunday qilib Stalin oʻz hokimiyatini mustahkamlash maqsadida juda koʻp qatagʻonlarni amalga oshirdi. Tarixchilar tomonidan “Pulkovo ishi”, “katta terror”, “yahudiylar ishi”, “vrachlar ishi” deya atalgan qirgʻinlar, urush davridagi sodir etilgan qatagʻonlar Stalinning shaxsiyati naqadar shafqatsiz boʻlganini koʻrsatadi.

Qatagʻonlar oqibatida

Qatag‘onlar natijasida 1937–1938-yillarda umumiy hisobda 1 mln 575 ming 259 nafar kishi qamaldi. Ulardan 681 ming 692 nafari tergovdan so‘ng otuvga hukm qilindi. Markaziy Osiyo respublikalaridan qamalganlar va otib tashlanganlar asosan “pankturkist”, “millatchi”, “diniy reaksioner”, Rossiya taraflarda “troitskiychi”, “menshevik”, Ukrainada esa “banderachilar” deb ayblanib qatag‘on qilindi.

Oktabr to‘ntarishi paytida o‘zini ko‘rsatgan va keyinchalik marshal unvoniga ega bo‘lgan Mixail Tuxachevskiy ham vatanga xiyonat qilishda ayblanib 1937-yilda qamaldi.Tuxachevskiydan keyin SSSR mudofa vazirligining bir qator yuqori lavozimli harbiylari qamoqqa olinib, otuvga hukm qilindi. O‘shanda 4 yil ichida 11 000 nafar turli yuqori lavozimdagi harbiylar qamaladi yoki otuvga hukm qilinadi. 1943-yil 12-oktabrda Qorachoy avtonom viloyatida yashovchi qorachoylarni Qozog‘iston va Qirg‘izistonga badarg‘a qilish haqida qaror e’lon qilinadi.

1943-yil 27-dekabrda qalmiqlar, 1944-yil 29-yanvarda chechen-ingushlar, 24-fevralda bolqorlar, 10-mayda qrim-tatarlar, 24-iyulda mesxeti turklar o‘z uyidan quvg‘in qilinib, mamlakatning boshqa hududlariga badarg‘a qilinadi. Xalqaro “Memorial” tashkiloti hisobotlariga ko‘ra, Stalin qatag‘onlari tufayli 10–12 milliondan 38–39 million nafargacha odam halok bo‘lgan. 4,5–4,8 million nafar odam siyosiy ayblar bilan qamalgan va ulardan 1,1 million nafari otuvga hukm qilingan. 6,5 million kishi deportatsiya qilingan. 4 milliondan oshiq odam saylov huquqidan mahrum qilingan. 6–7 million kishi turli yillarda ro‘y bergan ocharchilik tufayli halok bo‘lgan. 17 ming 961 nafar kishi majburiy mehnat natijasida halok bo‘lgan.

1954-yil KPSS Markaziy komiteti Birinchi kotibi Xrushchyov nomiga tayyorlangan ma’lumotnomaga ko‘ra, 1921-yildan 1954-yilgacha NKVD va harbiy tribunal tomonidan 3 mln 777 ming 380 nafar odamga hukm e’lon qilingan. Ulardan 642 ming 980 nafari otuvga hukm qilingan, 2 mln 369 ming 220 nafar odam 25-yilgacha qamalgan va 765 ming 180 nafari surgun qilingan. SSSR IIV qoshidagi 1-maxsus bo‘linma ma’lumotlariga ko‘ra, 1921-yildan 1954-yilgacha SSSR bo‘ylab 4 mln 60 ming 306 nafar odam sudlangan boʻlib, ulardan 799 ming 455 nafari otuvga hukm qilingan, 2 mln 631 ming 397 nafari qamoqxonalarda saqlangan va 413 ming 512 nafari surgun qilingan 215 ming 942 nafariga esa yengil jazo qo‘llangan.

Asarlari

Stalin oʻz siyosiy qarashlarini ifodalagan bir necha asarlar yozgan. 1912-yil “Marksizm va milliy masala”, 1924-yil “Oktyabr revolyutsiyasi va rus kommunistlarining taktikasi” va “Leninizm asoslari toʻgʻrisida”, 1929-yil “Buyuk burilish yili”, 1938-yil “Dialektik va tarixiy materializm toʻgʻrisida” hamda 1950-yil “Marksizm va tilshunoslik masalalari” asarlari nashrdan chiqdi. SSSRda 1922-yildan 1953-yilgacha, jami 31 yil hukmronlik qilgan Stalin tiriklik chogʻida xalq tomonidan nihoyatda ulugʻlandi, uning shaxsiga sig‘inish yuqori darajaga chiqdi. Keyinchalik KPSSning 1956-yilda boʻlib oʻtgan 20-syezdida KPSS MK 1-kotibi N.S.Xrushchyov Stalin shaxsiga sigʻinishni va uning faoliyatini keskin qoralagan.

Oilasi

Stalin hayoti davomida 2 marotaba uylangan va bir necha farzandlar koʻrgan. Stalin 1906-yil 15-iyuldan 16-iyulga oʻtar kechasi Tiflisdagi Avliyo Dovud cherkovida tabiatan muloyim ayol Yekaterina Svanidze bilan nikohdan oʻtadi. Oilada 1907-yilning mart oyida birinchi farzand Yakov Jugashvili dunyoga keladi. Biroq koʻp oʻtmay Yekaterina sil kasaliga chalinadi va 1907-yil 22-noyabrda oʻtkir ichak qon ketishi tufayli 26 yoshida erining qoʻlida jon beradi. Keyinchalik Stalin Nadejda ismli boshqa ayolga koʻngil qoʻyadi. Stalin va Nadejda Alliluyeva 1919-yil 24-martda turmush quradi va bu baxtli oilada 1921-yilning 21-mart kuni Vasiliy Stalin tugʻiladi. Shuningdek, 1926-yilda ular qiz farzand ham koʻradi va unga Svetlana deb ism berishadi. Bundan tashqari, oilada Аrtyom laqabi bilan taniqli boʻlgan inqilobchi Fyodor Sergeyevning oʻgʻli Аrtyom Sergeyev ham tarbiyalangan. Аrtyom Sergeyevni otasining oʻlimidan keyin Stalin asrab olgan.

Vafoti

Chorizm va Sovet imperiyasi davrining ashaddiy inqilobchisi Iosif Vissarionovich Jugashvili Stalin 1953-yil 5-mart kuni miyaga qon quyulishi oqibatida vafot etadi. Bu haqdagi xabar ertasi kuni suxandon Yuriy Levitan tomonidan radioda xalqqa e’lon qilinadi. Odamlar “xalqlar otasi”ni so‘nggi yo‘lga kuzatish maqsadida poytaxt tomon oqib kela boshlaydi. Dohiyning dafn marosimi 9-mart tongiga rejalashtiriladi, uni so‘nggi bor ko‘rish istagida marosimga yig‘ilganlar soni 2 mlndan oshadi.



Manbalar: kun.uz / wikipedia.org / 10-sinf jahon tarixi
Muqova suratlar: assets.editorial.aetnd.com / theguardian.com