3
Ulashish
631 marta koʻrilgan
1870–1924
Lenin
Dunyoga tanilgan mashhur rus dohiysi Leninning toʻliq ism-sharifi Vladimir Ilich Ulyanov boʻlib, 1870-yil 22-aprelda Simbirsk (hozirgi Ulyanovsk) shahrida dunyoga kelgan. Uning otasi Ilya Nikolayevich Ulyanov (1831–1886) viloyat davlat maktablari inspeksiyasining direktori boʻlib ishlar edi. Onasi Mariya Aleksandrovna (1835–1916) Vladimirdan tashqari yana 3 oʻgʻil va 3 qizni tarbiyalash bilan shugʻullangan. Ulyanov maktabda aʼlo baholarga oʻqigan, qobiliyati, kuchli xotirasi, tartib-intizomi va qiziquvchanligi bilan boshqa oʻquvchilardan ajralib turgan. Shuning uchun yosh Lenin 9 yoshidayoq gimnaziya (umumiy oʻrta taʼlim maktabi) ga oʻqishga yuboriladi.
1887-yilda Vladimir oʻrta maktabni oltin medal bilan tugatadi va Qozon universitetining huquq fakultetiga oʻqishga kiradi. Vladimirning xatti-harakatlarida dastavval hokimiyatdan norozilik yoki inqilobiy istaklar koʻzga tashlanmagan. Atrofdagilar uning otasi izidan borib, yuqori davlat lavozimlarida ishlashini taxmin qilardi. Biroq u oʻzgacha yoʻldan ketdi. Vladimir Ulyanovdan yirik inqilobchi, markschi (K.Marks va F.Engels asos solgan falsafiy, iqtisodiy va siyosiy taʼlimot, kommunizmga ergashuvchi) olim, bolsheviklar partiyasi yetakchisi va tarixdagi birinchi sotsialistik davlat bunyodkori yetishib chiqdi. Lenin oʻta talabchan, sinchkov, tartibli, shuningdek, avtoritar va ayyor hamda juda kuchli notiq boʻlgan. Uning dabdabadan qochib, oddiy yashash tarzi odamlarga juda ham yoqqan, bunday yashash tarzi leninchilarning hozir ham asosiy argumentlaridan biri hisoblanadi. 30 yil ilgari SSSR davrlarida maktab oʻquvchilari Leninning tugʻilgan kunida — 22-aprelda Vladimirni ulugʻlab sheʼr aytar va tadbirlar uyushtirardi.
Vladimir maktabni bitirayotgan yil, yaʼni 1877-yilda katta akasi Aleksandr podsho hukumatiga qarshi boʻlgan “Xalq irodasi” noqonuniy tashkilotiga aralashgani uchun hibsga olinadi. Onasi Mariya Aleksandrovna afv soʻrab, podshohga xat yozadi, ammo akasi afv soʻrashdan bosh tortadi. Koʻp oʻtmay u osib oʻldiriladi, oila esa motam tutadi. Ulyanovlar oilasi bilan qoʻshnilari aloqani uzadi. Bu hodisalar 17 yoshli Lenining xotirasida chuqur iz qoldiradi va dunyoqarashi oʻzgarib ketishiga sabab boʻladi. Biroq u tushkunlikka tushib qolmaydi va asosiy eʼtiborini oʻqishga qaratadi. Shundan soʻng yosh Lenin Marks, Engels, Plexanov kabi olimlarning asarlarini jiddiy oʻrganishga kirishadi. Qozonda oʻqishni boshlagandan soʻng Lenin qonun taqiqlagan “Xalq irodasi” toʻgaragiga qoʻshiladi.
Oradan 3 oy oʻtgach, talabalar namoyishida qatnashgani uchun universitetdan haydaladi. Uning dunyoqarashiga rus yozuvchisi va inqilobchisi Nikolay Chernishevskiy qattiq taʼsir koʻrsatdi. Chernishevskiyning asarlarida dehqonlarning inqilob orqali hokimiyatni agʻdarishi mumkinligi haqidagi gʻoya va sotsializm haqidagi fikrlar yoritilgan boʻlib, shu tariqa Lenin sotsial-demokratiyaga qiziqib qoladi. 1895-yilda Lenin Yevropaga borib, “Mehnat guruhini ozod etish” xalqaro ishchilar harakati yetakchilari bilan koʻrishadi va u yerdan qaytgach, bir guruh hamfikrlari bilan “Ishchilar sinfini ozod qilish uchun kurash ittifoqi” ni tuzadi. Bu ishi uchun Yenisey guberniyasiga surgun qilinadi. Surgun paytida 1899-yil “Rossiyada kapitalizmning taraqqiyi” kitobini yozib tugatadi. 1900-yilda surgun muddati tugaydi va u Pskovga kelib, “Zarya” va “Iskra” nomli gazetalar chiqarishga bosh-qosh boʻladi.
1905—1907-yillarda samoderjaviye (Rossiyada hukmdorning cheklanmagan hokimiyati) ga qarshi boʻlib oʻtgan birinchi rus inqilobi omadsiz yakunlanib, tashkilotchilari qamalgach, partiyani Lenin boshqara boshlaydi. Faoliyati davomida “Pravda” gazetasini chiqaradi va unda tinimsiz publitsistik materiallar berib boradi. Ikki yilda “Pravda” gazetasida Leninning bolshevizmni targʻib qilgan 270 ga yaqin maqolasi chop etiladi. Oʻsha paytlar Stalin (bolshevik, KPSS MK Bosh Kotibi) gazeta muharriri edi, ular shu tufayli tanishib qoladi va keyingi hayoti davomida bir yoʻldan boradi. 1917-yil 24—26-oktyabr kunlari boʻlib oʻtgan Oktyabr inqilobi tufayli Rossiyada Muvaqqat hukumat agʻdariladi va hokimiyat tepasiga Lenin boshchiligidagi bolsheviklar partiyasi keladi.
Hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklar tizimni butunlay yangidan qura boshlaydi. Bolsheviklar Yevropa sotsial-demokratlaridan keskin islohotchiligi bilan ajralib turardi va kapitalizm (xususiy mulkka asoslangan jamiyat) bilan kelishmasdi. 1918-yil yanvar oyida Lenin Qizil armiyani tashkil etish toʻgʻrisida farmonni, shuningdek, “Mehnatkashlar va ekspluatatsiya qilingan xalqlarning huquqlari deklaratsiyasi” ni imzoladi. Shuningdek, boshqaruvi davomida yuz bergan Birinchi jahon urushidan gʻalaba bilan chiqishga harakat qildi. Shu sababdan Sovet hukumatini Petrograddan xavfsiz Moskva shahriga koʻchirdi. Leninning boshqaruvi paytida amalga oshirgan islohotlaridan biri sifatida yana bir qancha narsalarni yodga olish lozim. Xususan, 1919-yil yanvar oyida davlat va dinni bir-biridan ajratish maqsadida “Cherkov va davlatni ajratish toʻgʻrisida” dekret eʼlon qildi. Leninni dunyoga mashhur qilgan eng asosiy ishi bu 1922-yil 30-dekabr kuni Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqi (SSSR) ga asos solganidir.
Asos solgan ulkan mamlakatida Lenin sanoat korxonalari va turarjoylarni toʻliq elektrlashtirish yoʻlidan bordi. Shu bilan bir qatorda, Lenin oʻz siyosiy faoliyatida Turkistonga bolshevizm gʻoyalarini tarqatish, mintaqani sovetlashtirishga katta eʼtibor qaratdi. Uning tashabbusi bilan Turkkomissiya (1919), Turkbyuro (1920), RKP MK Oʻrta Osiyo byurosi (1922) kabi markazning nazorat qiluvchi organlari tuzildi va Toshkentga yuborildi. 1919-yili Lenin tomonidan Turkiston fronti tashkil qilinib, oʻlkadagi sovet rejimiga qarshi qurolli harakatni tugatish uchun 200 000 ga yaqin qizil askar Turkistonga joʻnatildi. Markaz yuborgan bolshevistik komissarlarga qarshi chiqqan mahalliy rahbarlar “oʻng ogʻmachilik” (davlatga xiyonat) da ayblandi.
Lenin 1920-yilda Buxoro amirligi va Xiva xonligini qizil armiya tomonidan bosib olinishining tashabbuskori hisoblanadi. Uning 1920-yil 13-iyundagi koʻrsatmasiga muvofiq, yaxlit Turkiston mintaqasini parchalab tashlash jarayoni boshlandi va u 1925-yil boshlarida tugallandi. Shuningdek, Afgʻoniston, Hindiston, Xitoy, qisman Eron va Turkiya kabi Sharq davlatlarida sotsializm qurish haqidagi rejasi uchun Turkistondan tayanch sifatida foydalanishni moʻljallagan edi. Leninning “kommunistik gʻoyaʼʼ si shafqatsizlik va terrorga asoslangani uchun XX asr oxirida butunlay tanazzulga uchradi. Lenin podsho hukumatini agʻdarib xalq hokimiyati oʻrnatgan, oddiy odamlar hayotini yaxshilagan, savodsizlikni tugatib, barchaga bepul taʼlim huquqini bergan. Shuningdek, ishchi-dehqonlarga erkinlik va huquq berib, ijtimoiy tenglikni taʼminlagan.
Vladimir Ilich Ulyanov siyosiy faoliyatdan boʻsh vaqtlarida bir qator asarlar yozdi. Xususan, 1899-yil “Rossiyada kapitalizmning taraqqiyi”, 1902-yili “Nima qilmoq kerak?”, 1908-yili “Materializm va empiriokrititsizm”, 1916-yili “Imperializm kapitalizmning yuqori bosqichi”, 1917-yili “Davlat va revolyutsiya” asarlarini yozib tugatgan.
Oilasi
Vladimir Ilich Ulyanov 1867-yilda revolyutsioner, partiya aʼzosi Nadejda Konstantinovna Krupskaya bilan tanishib qoladi. Biroz muddat oʻtgach dunyoqarashi va fikrlashi bir-biriga mos tushgan ikki yosh turmush quradi. Biroq ular umrboʻyi farzandsiz oʻtishiga qaramay, ajralib ketmaydi.
Vafoti
Odatdagi juma kunlari boʻlib oʻtadigan mitinglardan birida Leninga suiqasd uyushtiriladi. 1918-yil Moskvadagi Mixelzon zavodiga mitingga kelgan Lenin anarxist ayol Fanni Yefimovna Kaplan tomonidan otiladi, uning ahvoli ogʻirlashadi, biroq tirik qoladi. Soʻroqqa tutilgan Kaplan bu ishini Leninni inqilob xoini sifatida koʻrishi bilan izohlaydi. Shundan soʻng proletariat dohiysining salomatligi yomonlashadi va toʻrt yildan soʻng faol siyosatdan asta-sekin chekina boshlaydi.
1923-yilda sogʻligʻidan butunlay ajralib, nogironlar aravachasiga oʻtirib qolgan Lenin bir yildan soʻng miyasiga qon quyilishi tufayli 1924-yil 21-yanvarda vafot etadi. Dafn marosimi 1924-yil 27-yanvarda Moskvada Qizil maydonda boʻlib oʻtadi. Lenin uchun Qizil maydonda maqbara qurilgan boʻlib, unda uning balzamlangan jasadi hanuzgacha joylashgan. Jasadni maqbaradan olib chiqish va keyinchalik dafn etish masalasi hamon bahs mavzusi boʻlib qolmoqda. Lenin maqbarasi seshanbadan yakshanbagacha soat 10:00 dan 13:00 gacha ochiq va kirish bepul. Ziyoratchilar maqbaraga kirishdan oldin qurolli politsiya yoki harbiy soqchilar tomonidan tintuv qilinadi. Ziyoratchilar maqbara ichida suratga olish va suratga tushish, suhbatlashish, chekish, qoʻllarni choʻntagiga solib yurish yoki (ayollardan tashqari) bosh kiyim kiyish taqiqlanadi.
Xotira
Vladimir Ilich Ulyanov sharafiga 1930-yil 6-aprelda SSSR Markaziy ijroiya qoʻmitasi Prezidiumi qarori bilan Lenin ordeni taʼsis etiladi. Ushbu orden bilan Sovet Ittifoqi Qahramonlari va Sotsialistik Mehnat Qahramonlari taqdirlanadi, ularning soni SSSRda 431 418 kishiga yetgan. Shuningdek, V.I.Lenin haykali ― 1967-yilda Moskvada Pavlovskaya koʻchasidagi bogʻda ham qad rostlagan. Yodgorlik mualliflari haykaltarosh V. B. Topuridze va meʼmor K. T. Topuridze hisoblanadi.
Manbalar: histrf.ru / daryo.uz / wikipedia.org Muqova suratlar: biblioclub.ru / expert-ural.com